Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.09.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF-173-sonli “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yil 10-iyundagi “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasiga tayanib, a’zo-davlatlarni 2020-yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturi doirasida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishga taalluqli xalqaro va hududiy tavsiyalarni inobatga olgan holda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishni qat’iy da’vat etadi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin ta’sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2020-yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturini ko‘llab-quvvatlashini e’tiborga olgan holda, shuningdek, aholi sonining aniq hisoblab chiqilishini ta’minlash, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, hayot darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilsin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi 3-ilovaga muvofiq tarkibda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etilsin, ularning namunaviy tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
a) O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib kuyidagilar belgilansin:
aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga vakolatli organ hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish;
aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini nazorat qilish;
aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, materiallarni qayta ishlashni tashkil etish va yakuniy natijalarni e’lon qilish masalalari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning mehnatiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish;
tashkilotlarni ularning mulkchilik shaklidan qat’i nazar aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarga, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish va hamkorlik samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqish;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni aniq chora-tadbirlar va mas’ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda tashkil etish;
hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ hududiy bo‘linmalarini va bu jarayonga jalb qilingan boshqa tashkilotlarni moddiy-texnik ta’minlanganligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks ishlar bajarilishini nazorat qilish;
hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish hamda ishtirok etganlarni rag‘batlantirish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning maqsadlari, tartibi, davri va muddatlari;
ilg‘or xorijiy amaliyotda qabul qilingan zamonaviy texnologiya va uslubiyotlar asosida aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish;
aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ishtiroki, ularning vazifalari, funksiyalari hamda javobgarligini ko‘rsatish;
aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda jismoniy hamda yuridik shaxslarning ishtiroki, ular mehnatiga haq to‘lashning aniq mexanizmlari va manbalarini belgilash;
aholini ro‘yxatga olish yakunlarini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar.
6. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar va mavzuga oid ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.
7. Vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli komissiyalar rahbarlari mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgarligi belgilab qo‘yilsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-fevral,
PF-5655-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PF-5655-son Farmoniga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish
konsepsiyasi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning maqsadi, asosiy vazifalari, bosqichlarini belgilaydi.
2. Aholini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonini o‘z ichiga olib, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10 — 30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi. U aholi sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulini ishga solgan holda rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.
3. Aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish:
respublika darajasida;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida;
tumanlar va shaharlar darajasida amalga oshiriladi.
2-bob. Aholini ro‘yxatga olishning maqsadi va asosiy vazifalari
4. O‘zbekiston Respublikasi hududida yaxlit va xar bir ma’muriy-hududiy birlik bo‘yicha aniq bir vaqtda yashovchi shaxslarning turli tavsiflari to‘g‘risida xalqaro taqqoslana oladigan ishonchli, xolis va yaxlit ma’lumotlarni yagona statistik uslublar asosida yig‘ish aholini ro‘yxatga olishning maqsadi hisoblanadi.
5. Quyidagilar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi tarkibidagi global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish;
aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish;
milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va uning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazish;
aholini ro‘yxatga olish davrlari oralig‘ida aholi soni va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazani yaratish;
ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
3-bob. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bosqichlari
6. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlari uch bosqichni o‘z ichiga olib, ularning doirasida tadbirlar ham bosqichma-bosqich, ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi mumkin:
Birinchi bosqichda (3 yilga yaqin davrda) quyidagilar amalga oshiriladi:
aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
aholini ro‘yxatga olish dasturini, ro‘yxatga olish varaqalari blanklarini, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish;
sinov asosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish va uning asosida metodologik hujjatlarni takomillashtirish;
xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejalarini tuzish;
zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish;
axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish;
ro‘yxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni chop etish;
moddiy-texnika ta’minoti vositalarini tayyorlash va (yoki) xarid qilish, shuningdek, ularni ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkazish;
ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash;
ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitish;
aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar.
Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrda) bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davrda) quyidagilar amalga oshiriladi:
aholini ro‘yxatga olishga doir birlamchi materiallarni ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olish;
aholini ro‘yxatga olish materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlash;
birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlash, nazorat va tahrir qilish;
aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki natijalarni olish;
aholini ro‘yxatga olish natijalarini e’lon qilish va tarqatish.
4-bob. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish ishtirokchilari
7. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, ro‘yxatga olish ishlarining o‘tkazilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, ro‘yxatga olish natijalarini tahlil qilish O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tuzilib, ular normativ-huquqiy va uslubiy hujjatlar asosida aniq chora-tadbirlar va mas’ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda tayyorlov tadbirlarini tashkil etish va aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.
8. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat statistika qo‘mitasi deb yuritiladi) Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
9. Davlat statistika qo‘mitasi:
a) muhim ilmiy va oliy ta’lim muassasalari ishtirokida aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha ilmiy-uslubiy va qo‘llanma materiallar tayyorlaydi;
b) har bir aholi punktida aholini ro‘yxatga olishni muvofiqlashtiruvchi ro‘yxatga olish uchastkalari mudirlarini, davlat statistika organlari xodimlari orasidan supervayzerlar (nazoratchi instruktorlarning) tayinlanishini ta’minlaydi;
v) tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda joylarda ro‘yxatga oluvchi xodimlarni o‘qitishni, shuningdek, ro‘yxatga olish varaqalarini sinov ko‘rinishida to‘ldirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etadi, keyinchalik xatoliklarni tahlil qiladi va yuzaga kelgan qiyinchiliklarni tushuntiradi (o‘qitish o‘rganilgan material to‘g‘ri o‘zlashtirganligini va o‘rganuvchilarning ishga tayyorlik darajasini nazorat qilish bilan yakunlanadi);
g) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
moddiy-texnik vositalarni sotib olish, ro‘yxatga olish natijalarini qayta ishlash tuzilmalarini mashina o‘qiydigan ro‘yxatga olish varaqalarini avtomatik tarzda qayta ishlash uchun server uskunalari, skanerlar va boshqa ofis texnikalari bilan ta’minlash uchun tenderlar tashkil etilishini va o‘tkazilishini;
aholini ro‘yxatga olish varaqalarini kiritish va qayta ishlash bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yaratilishini;
avtomatlashtirilgan tizimning shaxslar haqida axborot (STIR, pasport tizimi va hokazolar) olish uchun davlat organlari axborot resurslari bilan integratsiyasini;
aholini ro‘yxatga olish natijalarini olish bo‘yicha dasturiy vositalar tayyorlanishini ta’minlaydi;
d) O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish haqida aholini (shu jumladan SMS-xabarnoma orqali) xabardor qilish ishlarini muvofiqlashtiradi (aholini ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, shiorlar chiqarish va boshqa shu kabi tadbirlarni amalga oshirish).
10. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi oldindan va Davlat statistika qo‘mitasining talabnomalari bo‘yicha bosqichma-bosqich ravishda belgilangan tartibda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari, ma’muriy tumanlar xaritalari) tayyorlanishini ta’minlaydi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholining maxsus qatlamlarini ro‘yxatga olinishini ta’minlaydi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi aholini ro‘yxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni saqlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishning yig‘ma hujjatlari qayta ishlanganidan so‘ng ularni doimiy saqlab turadi.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari:
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan shaxslarning o‘qishi va ishlashi uchun yaroqli bo‘lgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik binolar ajratilishini;
aholini ro‘yxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlarni vaqtinchalik saqlash uchun qo‘riqlanadigan binolar ajratilishini;
zarur transport va aloqa vositalari taqdim etilishini;
davlat kadastri va davlat statistika organlari bilan birgalikda doimiy yashovchi aholi sonini ko‘rsatgan holda aholi punktlarining to‘liq ro‘yxati tuzilishini ta’minlaydi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan shaxslarning xavfsizligini va ro‘yxatga olish materiallarining saqlanishini;
aholini ro‘yxatga olish davrida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazuvchi organlarning binolari va yuklari qo‘riqlanishini ta’minlaydi;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazuvchi organlar bilan birgalikda zarur ma’lumotlarni berishdan bosh tortgan yoki ro‘yxatga oluvchilarning aholini ro‘yxatga olish uchun korxona va tashkilotlar hududiga kirishiga to‘sqinlik qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy ta’sir choralarini ko‘radi.
15. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha alohida ishlar tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish uchun belgilangan tartibda o‘tkazilgan savdolar asosida tanlab olingan jalb etilgan pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi, ularga quyidagilar kiradi:
aholi o‘rtasida axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish;
kartografik materiallarni chop etish;
ro‘yxatga olish hujjatlarini chop etish;
moddiy-texnik ta’minlash;
ro‘yxatga olish materiallarini tashish;
texnologik-loyiha ishlarini o‘tkazish va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish;
ro‘yxatga olish varaqalari ma’lumotlarini kiritish va avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash.
16. Zarur xollarda, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasidagi ayrim ishlar va tadbirlarni bajarishga ko‘maklashish uchun boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlar qo‘shimcha ravishda jalb etilishi mumkin.
5-bob. Aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar toifalari
17. Respublika miqyosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari ishtirok etadi, hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni e’lon qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika bo‘limlari xodimlari jalb etiladi.
Alohida davrlarda normativ-huquqiy hujjatlar, qo‘llanma va ma’lumotnoma hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, aholini ro‘yxatga olishni moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlashda hisob-kitoblarni tayyorlash uchun qo‘shimcha ravishda shartnoma asosida shtatda bo‘lmagan yuqori malakali mutaxassislar vaqtinchalik jalb etiladi.
18. Tuman va shahar miqyosida ro‘yxatga olish, instruktorlik, hisob va statsionar uchastkalarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun to‘lov-shartnoma asosida xodimlar jalb etilishi mumkin.
19. Registratorlar shahar va qishloq aholi punktlaridagi uylarning tayyorgarlik bosqichida avval tuzilgan ro‘yxatlarini va kartografik materiallarni aniqlash (aniq hududdagi uylarning haqiqatda mavjudligini tekshirish) uchun to‘lov-shartnoma asosida jalb etiladi.
Registratorlarni davlat statistikasi organlari va uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlari orasidan tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda tashkil etiladi.
20. Davlat statistikasi organlari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va yuqori kurs talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘qituvchilari orasidan ro‘yxatga olish uchastkalari mudirlari, instruktorlar va ro‘yxatga oluvchilarni tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda shartnoma asosida tashkil etiladi, zarur hollarda, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular aholi ro‘yxatini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va/yoki uni o‘tkazishda ishtirok etishga rozi bo‘lgan taqdirda, bu jarayonga jalb qilinishi mumkin.
Vaqtinchalik jalb etiladigan xodimlarga ismlari yozilgan nishonlar (guvohnomalar) beriladi.
Bunda xodimning yashash joyi tekshirilayotgan aholi punktiga qatnash uchun qulay bo‘lishi kerak.
6-bob. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini avtomatlashtirish
21. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning alohida bosqichlarini, uning materiallarini qayta ishlash va natijalarini e’lon qilishning to‘liq davrini avtomatlashtirish maqsadida, zarur bo‘lganda, tashqi pudratchini jalb etgan holda, milliy va xorijiy tajribani inobatga olib, eng yangi texnologik yechimlar bazasida kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratiladi.
22. Ro‘yxatga olish varaqalaridagi aholi to‘g‘risidagi shaxsiy ma’lumotlar foydalanilishi cheklangan maxfiy axborot hisoblanadi, tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi va faqat statistik maqsadlarda qayta ishlanadi.
23. Avtomatlashtirilgan axborot tizimi:
ro‘yxatga olish varaqalaridagi ma’lumotlarni kiritish, to‘plash va saqlashni;
ma’lumotlarni qayta ishlash, almashish jarayonlarini va ushbu jarayonni uslubiy qo‘llab-quvvatlashni monitoring qilishni;
manzillar, ma’lumotnomalar va tasniflagichlar reyestrida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni aktual holatda saqlashni;
registratorlar uchun kartografik materiallarni shakllantirishni;
aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha tashkiliy reja tuzishni avtomatlashtirishni;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning shaxsiy ma’lumotlarini avtomatik qayta ishlashni;
shaxsiy ma’lumotlarni ruxsatsiz kirish, o‘g‘irlash, buzish yoki yo‘qotishlardan himoya qilishni;
ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash sharti bilan qo‘shimcha so‘rovlarni shakllantirish uchun shaxsiy bo‘lmagan ma’lumotlar bazasiga ayrim tadqiqotchilarning belgilangan tartibda kirishini;
aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridan foydalanishni boshqarishni ta’minlaydi.
7-bob. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish xarajatlarini moliyaviy ta’minlash
24. Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun ko‘zda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi.
25. Moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar hajmi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va boshqa mas’ul idoralar hisob-kitoblari asosida, shuningdek tender savdolarini o‘tkazish va tender hujjatlarini rasmiylashtirish natijalari bo‘yicha aniqlanadi.
26. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga, uning materiallarini qayta ishlashga, natijalarini olish va e’lon qilishga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi.
8-bob. Aholini ro‘yxatga olish yakunlari
27. Aholini ro‘yxatga olish yakunlari bosqichma-bosqich shakllantiriladi, shu jumladan:
shahar va qishloqda ro‘yxatga olingan aholi (shu jumladan erkaklar va ayollar) soni bo‘yicha dastlabki natijalar ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yig‘ma ro‘yxatlar natijalari asosida shahar va qishloq aholisiga ajratilgan holda tuziladi;
yakuniy natijalar Aholini ro‘yxatga olish natijalarini e’lon qilish dasturiga asosan mavzuli navbat bo‘yicha birlamchi ma’lumotlar bazasidan maxsus grafik bo‘yicha shakllantiriladi;
qo‘shimcha natijalar e’lon qilingan ma’lumotlar miqdoridan ortiq hajmdagi foydalanuvchilarning so‘rovlari bo‘yicha (so‘rovlar kelib tushishiga ko‘ra) ma’lumotlar bazasi asosida shakllantiriladi.
28. Aholini ro‘yxatga olish natijalari rasmiy bosma mavzuli nashrlar ko‘rinishida, shuningdek, elektron manbalarda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida), foydalanuvchilarning keng ommasi uchun ommabop nashrlarda (risolalar, press-relizlar, atlaslar, taqdimot materiallarida) e’lon qilinadi.
29. Qayta ishlangan qog‘oz ko‘rinishidagi aholini ro‘yxatga olish varaqalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda markazlashgan tarzda saqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonuni.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PF-5655-son Farmoniga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Bajarish muddatlari

Mas’ul ijrochilar

I. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy tadbirlar

1.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish:

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning maqsadlari, tartibi, davri va muddatlari;

ilg‘or xorij amaliyotida qabul qilingan zamonaviy texnologiya va uslubiyotlar asosida aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish;

aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ishtiroki, ularning vazifalari, funksiyalari hamda javobgarligini ko‘rsatish;

aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda jismoniy hamda yuridik shaxslarning ishtiroki, ular mehnatiga haq to‘lashning aniq mexanizmlari va manbalarini belgilash;

aholini ro‘yxatga olishning yakuniy natijalarini amalga oshirish uchun tashkiliy-amaliy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar.

2019-yil 1-iyulga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev), Moliya vazirligi (A. Haydarov), IIV (P. Bobojonov), Adliya vazirligi (R. Davletov), vazirlik va idoralar

2.

Aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish.

2022-yil 1-oktabrga qadar

O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi), Davlat statistika qo‘mitasi

(B. Begalov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev), IIV (D. Nazarmuhamedov), Adliya vazirligi (M. Istamov), Moliya vazirligi (A. Haydarov), vazirlik va idoralar

3.

Aholini ro‘yxatga olish dasturlarini, ro‘yxatga olish varaqalari blanklarini, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish uslubiyatini ishlab chiqish.

2022-yil 1-oktabrga qadar

Respublika komissiyasi, Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), Moliya vazirligi (A. Haydarov),

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev),

vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar

4.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Davlat statistika qo‘mitasi) shtatdan tashqari xodimlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan vaqtinchalik xodimlar mehnatiga haq to‘lash shartlari to‘g‘risidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish.

2022-yil 1-oktabrga qadar

Respublika komissiyasi, Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (Sh. Kudbiyev), Moliya vazirligi (A. Haydarov)

II. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish

5.

Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari uchun aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganish yuzasidan xorijiy mamlakatlarga, shu jumladan ushbu masalalar yuzasidan tajribaga ega bo‘lgan MDH davlatlariga xizmat safarlarini tashkil etish.

2022-yil 1-sentabrga qadar

Respublika Komissiyasi, Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), TIV (A. Kamilov), BMT Aholishunoslik jamg‘armasining Toshkentdagi vakolatxonasi, xalqaro tashkilotlar

6.

Ma’muriy-hududiy birliklar ro‘yxati va chegaralarini aniqlashtirish, shahar va qishloq aholi punktlari nomlari, ko‘chalar nomlari, xonadon va uylar raqamlari ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlarning mavjudligini ta’minlash.

2021-yil 1-aprelga qadar

Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi (A. Abdullayev), tuman va shahar hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari

7.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ishtirokchilarni kartografik materiallar (sxematik reja va xarita) bilan ta’minlash.

2022-yil 1-iyulga qadar

Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi (A. Abdullayev)

8.

Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish va materiallarni qayta ishlash, xususan:

sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun hududlarni tanlash;

sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun xodimlarni jalb qilish;

xodimlarni o‘qitish;

xodimlarni ro‘yxatga olish hujjatlari bilan ta’minlash;

sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish;

dasturiy ta’minotni ishlab chiqish;

sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish materiallarini qayta ishlash va tahlil qilish.

2021-yil 1-iyulga qadar

Respublika komissiyasi, Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari

9.

Registratorlarni davlat statistikasi organlari va uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlari orasidan jalb qilish, bino va uylar ro‘yxatini tuzish tartibini o‘qitish, shahar va qishloq aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish, registratorlar xavfsizligini ta’minlash.

2021-yil 1-dekabrga qadar

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (M. Soliyev), Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), IIV (D. Nazarmuhamedov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari

10.

O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar darajasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning tashkiliy rejalarini tuzish:

tumanlar kesimida ro‘yxatga olish (har bir aholi punktini ro‘yxatga olish, instruktorlik va hisob uchastka hududlariga bo‘lish);

har bir vaqtinchalik xodimlar toifalari bo‘yicha talabni hisob-kitob qilish;

vaqtinchalik xodimlarni tanlash va o‘qitish jadvalini ishlab chiqish;

ro‘yxatga olish va instruktorlik uchastkalarini joylashtirish uchun yetarli miqdordagi binolarni aniqlash.

2022-yil 1-iyunga qadar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari, Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari

11.

Quyidagilarni:

aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni o‘qitish;

vaqtinchalik jalb etilgan xodimlar bilan ishlash;

aholini ro‘yxatga olish materiallarini qayta ishlash;

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun ajratilgan moddiy-texnika vositalarini saqlash;

ro‘yxatga olish va boshqa hujjatlarni saqlash uchun binolar bilan ta’minlash.

2023-yil 1-mayga qadar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari

12.

Tumanlar (shaharlar) ro‘yxatga olish bo‘limlari, ro‘yxatga olish va instruktorlik uchastkalarini transport vositalari bilan ta’minlash.

2023-yil 1-mayga qadar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari

13.

Davlat statistika qo‘mitasi so‘roviga asosan tumanlar (shaharlar) ro‘yxatga olish bo‘limlari, ro‘yxatga olish va instruktorlik uchastkalarini belgilangan tartibda aloqa vositalari bilan ta’minlash.

2023-yil 1-mayga qadar

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari

14.

Ro‘yxatga olish hujjatlarini chop etish.

2022-yil 1-iyulga qadar

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

15.

Ro‘yxatga olish hujjatlarini tumanlar (shaharlar) ro‘yxatga olish bo‘limlari, ro‘yxatga olish va instruktorlik uchastkalariga yetkazib berish.

2022-yil 1-sentabrga qadar

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (A. Shukurov),

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK (U. Xusanov),

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari

16.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari bo‘yicha:

Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarini;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy statistika boshqarmalari xodimlarini;

tuman (shahar)lar statistika bo‘limlari xodimlarini o‘qitish.

2022-yil 1-sentabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

17.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha vaqtinchalik jalb etilgan xodimlarning soni va shaxsiy tarkibini tanlash va tarkibini tasdiqlash.

2022-yil 1-avgustga qadar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari

18.

Aholini ro‘yxatga olishga jalb etiladigan xodimlarni o‘qitishni tashkillashtirish.

2022-yil 1-noyabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

19.

Aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish, xususan respublika va hududiy ommaviy axborot vositalarida (televideniye, radio, bosma nashrlarda) reklama kompaniyalarini o‘tkazish, tashqi ijtimoiy reklamalarni joylashtirish, ko‘rgazmali tashviqot vositalarini, aholini ro‘yxatga olishning logotipi va shiorini, aholini ro‘yxatga olishning boshqa qismlarini tayyorlash.

2024-yil 1-dekabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A. Kuchimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev),

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

20.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyaviy ta’minlash, jumladan xarajatlar smetasini tayyorlash, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni sotib olishni amalga oshirish.

2024-yil 1-dekabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), Moliya vazirligi (A. Haydarov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev), vazirlik va idoralar

21.

Quyidagilarga imkon beruvchi “Aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish:

ro‘yxatga olish varaqalaridagi ma’lumotlarni kiritish, to‘plash va saqlash;

ma’lumotlarni qayta ishlash, almashish jarayonlarini va ushbu jarayonni uslubiy qo‘llab-quvvatlashni monitoring qilish;

manzillar, ma’lumotnomalar va tasniflagichlar reyestrida mavjud ma’lumotlarni aktual holatda saqlash;

registratorlar ishi uchun kartografik materiallarni shakllantirish;

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy reja tuzishni avtomatlashtirish;

aholini ro‘yxatga olishning shaxsiy ma’lumotlarini avtomatik qayta ishlashni;

shaxsiy ma’lumotlarni ruxsatsiz kirish, o‘g‘irlash, buzish yoki yo‘qotishlardan himoya qilishni ta’minlash;

ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash sharti bilan qo‘shimcha so‘rovlarni shakllantirish uchun shaxsiy bo‘lmagan ma’lumotlar bazasiga ayrim tadqiqotchilarning belgilangan tartibda kirishi;

aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridan foydalanishni boshqarish.

2024-yil 1-dekabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov)

22.

Ro‘yxatga oluvchilar tomonidan aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish va javoblarni ro‘yxatga olish varaqalarida qayd etish.

2022-yil noyabr-dekabr

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), IIV (P. Bobojonov), Mudofaa vazirligi (A. Azizov), DXX (I. Abdullayev), FVV (T. Xudaybergenov), Milliy gvardiya (B. Tashmatov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari

23.

Ro‘yxatga oluvchilarning xavfsizligini ta’minlash.

2022-yil noyabr-dekabr

IIV (P. Bobojonov)

III. Aholini ro‘yxatga olish yakuniy natijalarini chiqarish

24.

Tumanlar va shaharlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, butun respublika bo‘yicha aholini ro‘yxatga olishning dastlabki ma’lumotlarini tayyorlash.

2023-yil 1-martga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

25.

Ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan qayta ishlash uchun tayyorlash, aholini ro‘yxatga olish birlamchi ma’lumotlarini kodlash, kiritish, nazorat qilish va tahrirlash, aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlar bazasini shakllantirish.

2023-yil 1-dekabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

26.

Aholini ro‘yxatga olishning respublika va hududlar darajasida yakuniy natijalarini olish.

2024-yil 1-dekabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

27.

Aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan ta’minlash va e’lon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash.

2024-yil 1-dekabrga qadar

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

Izoh. Respublika komissiyasining qaroriga ko‘ra tadbirlarni amalga oshirish muddatlari ko‘rib chiqilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PF-5655-son Farmoniga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi
TARKIBI

A.N. Aripov

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Respublika komissiyasi raisi

A.J. Ramatov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri, Komissiya raisining o‘rinbosari

B.A. Begalov

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi, Komissiya raisining o‘rinbosari

J.A. Qo‘chqorov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri

T.K. Narbayeva

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi

I.B. Abdullayev

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi

B.X. Tashmatov

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni

A.A. Azizov

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri

P.R. Bobojonov

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri

T.A. Xudaybergenov

O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi

B.A. Xodjayev

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri

A.H. Kamilov

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri

R.K. Davletov

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri

Sh.M. Sadikov

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

A.K. Shadmanov

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri

Sh.M. Kudbiyev

O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

B.S. Sayfullayev

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

I.U. Madjidov

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri

Sh.X. Shermatov

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri

M.B. Azimov

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi

A.A. Abdullayev

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi

M.X. Saliyev

O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri

S.X. Bekenov

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalarva tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari

Sh.S. Javlonov

“Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi

B.I. Xakimov

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi

N.S. Turaxodjayev

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori

U.B. A’lamov

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori

A.K. Kuchimov

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori

lavozimi bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori

A.J. Xadjayev

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi

D.G. Tashmuxammedova

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori

D.Q. Axmedov

TDIU huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish muammolari va ilmiy asoslari” ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Izoh: Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PF-5655-son Farmoniga
4-ILOVA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarning
NAMUNAVIY TARKIBI

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Komissiya raisi

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, Komissiya raisining o‘rinbosari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari boshliqlari, Komissiya raisining o‘rinbosari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri, viloyatlar madaniyat boshqarmalari boshliqlari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi boshlig‘i

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari boshliqlari va Toshkent shahar uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasb-hunar ta’limi boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Mahalla” xayriya jamoat fondi raislari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy davlat arxivi boshlig‘i, viloyatlar va Toshkent shahar davlat arxivlari boshliqlari

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar teleradiokompaniyalari boshliqlari

Izoh: Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.02.2019-y., 06/19/5655/2575-son)