Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.03.2020
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-martdagi 148-sonli ““Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida” 2018-yil 18-sentabrdagi PF-5540-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda “Surkhan Global Trade” MChJning:
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasiga (keyingi o‘rinlarda “Termiz” EIZ deb ataladi) kiruvchi hududlar chegaralarini ilovaga* muvofiq belgilash;
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasining (keyingi o‘rinlarda Direksiya deb ataladi) tashkiliy-huquqiy tuzilmasini qonunchilikda belgilangan tartibda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “Termiz” EIZning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
“Termiz” EIZni rivojlantirish davlat dasturlarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
“Termiz” EIZ hududida alohida huquqiy rejimga rioya etilishini ta’minlash;
Surxondaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma’muriy kengashi (keyingi o‘rinlarda Ma’muriy kengash deb ataladi) tomonidan qabul qilingan qarorlarga asosan “Termiz” EIZ qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning reyestrini yuritish, ularga tegishli guvohnomalar berish;
investorlar bilan investitsiyalar kiritish to‘g‘risida bitimlar tuzish;
“Termiz” EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni qidirish va ular bilan ishlash;
belgilangan tartibda tanlab olingan investorlar tomonidan o‘z zimmalariga qabul qilingan majburiyatlarning zarur tarzda bajarilishini tizimli nazorat qilish, keyinchalik natijalarni Ma’muriy kengashga taqdim etish;
“Termiz” EIZ qatnashchilariga, shu jumladan davlat organlarida ularning manfaatlarini ifodalash yo‘li bilan xizmatlar ko‘rsatish;
“Termiz” EIZ hududida infratuzilma obyektlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritish jarayonlarini muvofiqlashtirish;
“Termiz” EIZ hududidagi yer maydonlarini va ko‘chmas mulk obyektlarini boshqarish.
3. Belgilansinki, “Surkhan Global Trade” MChJ:
Direksiyaning yagona ta’sischisi hisoblanadi;
“Termiz” EIZ hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi faol investitsiya siyosatini amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan Direksiyaga, kelgusi yillarda o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish sharti bilan, 2019 — 2021-yillar davrida saqlash xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
5. Surxondaryo viloyati hokimligi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda “Termiz” EIZ hududida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini joylashtirish va tashkil etish dasturini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Direksiyaning o‘z binolari qurilgunga qadar Direksiyani Surxondaryo viloyati Termiz tuman hokimligining binosidan tekin foydalanish huquqi bilan xizmat xonalari bilan ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda har yili O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda belgilangan tartibda ularga “Termiz” EIZning muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha loyihalar kiritilishini nazarda tutsin.
7. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda “Termiz” EIZ hududida logistik markazi va bojxona punkti tashkil etish bo‘yicha uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-yanvar,
44-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.01.2019-y., 09/19/44/2507-son)