Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Kon-metallurgiya tarmogʻi korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada togʻ-kon va qayta ishlash korxonalari quvvatlarini oshirish maqsadida mineral-xom ashyo bazasidan foydalanish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, investitsiyalarni faol jalb etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalari — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK (keyingi oʻrinlarda — “Navoiy KMK” DK), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (keyingi oʻrinlarda — “Olmaliq KMK” AJ) va “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJda strategik turdagi mahsulotlar, jumladan oltin, kumush, mis, rux va poʻlat prokati kabi mahsulotlar, shuningdek 20 dan ortiq turdagi boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Soʻnggi ikki yil davomida kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalarini jadal rivojlantirish, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan uzoq muddatli dasturlar qabul qilindi. 2026-yilgacha “Navoiy KMK” DKda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 30 foizga, “Olmaliq KMK” AJga 2,9 mlrd. AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb etish va 2023-yilgacha mis ishlab chiqarish hajmini 28 foizga, rux ishlab chiqarish hajmini 75 foizga oshirish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalaridagi mavjud boshqaruv tuzilmasi, foydali qazilmalar zaxiralarining hisobini yuritish va baholash uslublari, moliyaviy hisobotlarning eskirgan shakllari ishlab chiqarishning oʻsishiga va investitsiyaviy jozibadorlikning oshishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalari raqobatbardoshligini oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish maqsadida investitsiyalarni jalb etishga qoʻshimcha sharoitlar yaratish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalari:
a) 2019-yil yakunidan boshlab:
moliyaviy hisobotlarni majburiy tartibda moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida tuzadi va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb etgan holda mustaqil tashqi auditni oʻtkazadi;
aktivlarni sotish rentabelligi, aktiv va majburiyatlarning aylanishi, shuningdek xalqaro fond birjalari va moliya institutlari talablariga asosan belgilanadigan boshqa koʻrsatkichlar darajasi boʻyicha minimal talablarni amaliyotga joriy qiladi;
b) 2020-yil yakunidan boshlab:
Hisob va hisobot boʻyicha xalqaro standartlar (ISAR) prinsiplari va talablari asosida korporativ oshkoralikni tatbiq etadi;
Global tashabbuskorlik hisobotiga (GRI) muvofiq hisobotlarni, shu jumladan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalar boʻyicha chop etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Navoiy KMK” DK negizida qimmatbaho metallar qazib chiqarish va qayta ishlash boʻyicha aksiyadorlik jamiyatini, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etilmagan va asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan aktivlardan samarali va oqilona foydalanish uchun davlat muassasasini tashkil qilish, keyinchalik “Navoiy KMK” DKni uran va noyob metallar qazib chiqarish va qayta ishlash boʻyicha davlat korxonasi etib oʻzgartirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2020-y., 07/20/4629/0258-son)
3. Kon-metallurgiya tarmogʻini isloh qilish boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Respublika komissiyasining (A.N. Aripov) asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) 2019-yil 1-martga qadar “Navoiy KMK” DKni qayta tashkil etish va korporativ boshqarishning zamonaviy usullarini tatbiq etish, shuningdek mazkur qarorda nazarda tutilgan talablarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash;
b) kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirishning uzoq muddatli dasturlarini jadal amalga oshirish boʻyicha vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
v) 2019-yil 1-mayga qadar kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalariga berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qayta koʻrib chiqish va unifikatsiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
g) 2019-yil 1-iyulga qadar xalqaro moliya institutlari va konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda quyidagilarning aksiyalarini mahalliy va xalqaro fond bozorlarida ommaviy ravishda birlamchi va ikkilamchi joylashtirish orqali investorlarni jalb etishni nazarda tutuvchi Kon-metallurgiya tarmogʻining yirik korxonalarini isloh qilish va rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish:
“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ — 2022-yilda;
“Olmaliq KMK” AJ — 2023-yilda;
Oldingi tahrirga qarang.
“Navoiy KMK” DK negizida tashkil qilinayotgan qimmatbaho metallarni qazib chiqarish va qayta ishlash boʻyicha aksiyadorlik jamiyati — 2023-yilda.
(3-band “g” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2020-y., 07/20/4629/0258-son)
d) 2019-yil 1-dekabrga qadar “Navoiy KMK” DKni qayta tashkil etish bilan bogʻliq jarayonlarni yakunlash hamda yangi tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushini professional boshqaruv kompaniyalariga tanlov asosida ishonchli boshqaruvga berish boʻyicha taklif kiritish.
Respublika komissiyasi aʼzolariga mazkur qarorda belgilangan tadbirlarning samarali bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. “Navoiy KMK” DK Kuzatuv kengashi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) bilan birgalikda:
bir oy muddatda xalqaro maslahatchi va ekspertlarni jalb etgan holda “Navoiy KMK” DK mulklarini inventarizatsiya qilish boʻyicha komissiya va “Navoiy KMK” DK tizimiga kiruvchi alohida tarkibiy boʻlinmalar boʻyicha ishchi guruhlarni shakllantirsin, ularning vazifalari sifatida “Navoiy KMK” DKning barcha aktiv va majburiyatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish, shuningdek “Navoiy KMK” DK Kuzatuv kengashiga va Agentlikka 2019-yil 1-mayga qadar muddatda ishchi guruhlarning oraliq hisobotlarini hamda 2019-yil 1-iyulga qadar ishchi guruhlar va komissiyaning yakuniy hisobotini taqdim etishni belgilasin;
inventarizatsiya yakunlari boʻyicha ikki oy muddatda xalqaro amaliyotda umumeʼtirof etilgan uslublar asosida “Navoiy KMK” DKning ishlab chiqarish va boshqa aktivlari qiymatini baholash, shuningdek “Navoiy KMK” DK mehnat jamoasi yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilishini va ularga xizmat koʻrsatilishini taʼminlagan holda ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etmaydigan infratuzilma, ijtimoiy va boshqa ixtisoslashmagan obyektlarni xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish va ixtisoslashgan davlat tashkilotlariga topshirish orqali ulardan samarali foydalanish boʻyicha takliflar kiritsin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-martga qadar xalqaro maslahatchi va ekspertlarni jalb qilgan holda “Navoiy KMK” DKning balansida boʻlgan va zaxiralari Qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisoboti Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq qayta baholanadigan konlar roʻyxatini tasdiqlasin;
v) 2019-yil 1-mayga qadar “Navoiy KMK” DKning Kuzatuv kengashi tarkibiga yetarli tajriba va malakaga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda kon-metallurgiya tarmogʻi yirik korxonalarining rejim-maxfiy boʻlimlari xodimlarining shtat birliklarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi ishlab chiqariladigan va sotiladigan oltin hajmlari koʻrsatkichlari bilan bogʻliq maxfiylik rejimini bekor qilish choralarini koʻrsin.
6. Belgilansinki, kon-metallurgiya tarmogʻi yirik korxonalarining oddiy aksiyalari boʻyicha dividendlarni hisoblash Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan miqdorlarda har chorakda amalga oshiriladi.
7. Agentlik:
a) zarur boʻlganda, mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, kon-metallurgiya sohasidagi yirik korxonalarning davlat ulushini ishonchli boshqarish boʻyicha investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar bilan avval tuzilgan shartnomalarning qayta koʻrib chiqilishini hamda qayta rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga portlovchi moddalarni hamda ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va asbob-uskunalarni ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanadigan davlat korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish imkoniyatini koʻzda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni;
2019-yil 30-avgustga qadar xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini kiritsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-yanvar,
PQ-4124-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PQ-4124-son qaroriga
ILOVA
Kon-metallurgiya tarmogʻini isloh qilish boʻyicha Respublika komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

A.N. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Komissiya raisi

J.A. Qoʻchqorov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri, Komissiya raisining oʻrinbosari

B.M. Mavlonov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari

G.K. Saidova

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari

B.A. Xodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri

B.F. Islamov

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi

B.A. Musayev

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi

A.X. Abdullayev

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi

M.Sh. Istamov

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi oʻrinbosari

N.S. Joʻrayev

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori

Sh.A. Vafayev

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori

K.S. Sanakulov

“Navoiy KMK” DK bosh direktori

A. Xursanov

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi

T.T. Azamatov

“Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi v.b.

B.B. Sidikov

Vazirlar Mahkamasi axborot-tahlil departamenti mudiri, Komissiya masʼul kotibi

Izoh. Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2019-y., 07/19/4124/2499-son; 06.03.2020-y., 07/20/4629/0258-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)