Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.03.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlari oʻquvchilarining bilimini baholash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 9-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3117]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 1-martdagi 4-mh-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3351, 02.03.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 858-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida oʻqishni tashkil qilish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlari oʻquvchilarining bilimini baholash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-yanvar,
9-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 9-yanvardagi 9-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlari oʻquvchilarining bilimini baholash toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 858-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida oʻqishni tashkil qilish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida (keyingi oʻrinlarda yuridik kollej deb yuritiladi) oʻquvchilar bilimini baholashning reyting nazorat tizimini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yuridik kollej oʻquvchilari (keyingi oʻrinlarda oʻquvchilar deb yuritiladi) bilimini baholashning reyting nazorat tizimi maqsadi — oʻquvchilarning nazariy va amaliy bilimlarni oʻzlashtirishining haqiqiy darajasini aniqlash imkonini beruvchi tizimni joriy etishdan iborat.
2. Oʻquvchilarning bilimi, koʻnikmasi va malakalarini baholashning asosiy vazifalari:
davlatning tuzilishi, uning ijtimoiy va siyosiy rivojlanishi, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida egallagan bilimini toʻgʻri baholash;
nazariy va amaliy bilimi, koʻnikma va malakalarini toʻgʻri baholash va ragʻbatlantirish orqali yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni qoʻllash, axborot-resurs manbalaridan samarali foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish;
oʻquv materialining oʻquvchilar tomonidan tizimli ravishda va belgilangan muddatlarda oʻzlashtirilishini tashkil etish va tahlil qilish;
mustaqil va ijodiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish, protsessual hujjatlar loyihalarini tuzish, fikrlarini yozma va ogʻzaki, jumladan xorijiy tilda ravon bayon etish;
oʻquvchilar bilimini xolis va adolatli baholash hamda uning natijalarini oʻz vaqtida maʼlum qilish.
3. Oʻquv-metodik boʻlim yuridik kollejning oʻquv jarayonini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmasi hisoblanib, har bir fan boʻyicha oʻquv materialni shakllantirish, barcha turdagi nazorat savollarini umumlashtirish hamda oʻquvchilarni reyting koʻrsatkichlarini shakllantirishga masʼul hisoblanadi.
2-bob. Oʻquvchilar bilimini nazorat qilish turlari
4. Oʻquvchilarning bilim saviyasi va oʻzlashtirish darajasini davlat taʼlim standartlariga muvofiqligini taʼminlash uchun yuridik kollejda joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari oʻtkaziladi.
Yuridik kollejning oʻquvchisi har bir nazorat turini topshirishi shart.
5. Fan boʻyicha nazorat turlari va shakllari hamda baholash mezonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar pedagog xodim tomonidan oʻquvchilarga eʼlon qilinadi.
Oraliq va yakuniy nazorat oʻtkazish muddatlari haqidagi maʼlumotlar Oʻquv-metodik boʻlim hamda mutaxassislik va kasblar boʻyicha dekanatlar tomonidan oʻquvchilar eʼtiboriga yetkazilishi taʼminlanadi.
3-bob. Joriy nazoratni oʻtkazish
6. Joriy nazorat oʻquvchining fan mavzulari boʻyicha oʻzlashtirish darajasini muntazam ravishda aniqlash va baholash usuli hisoblanadi. Joriy nazorat fan mavzusi doirasida oʻzlashtirgan bilimlarini ogʻzaki va yozma bayon etish, pedagog xodimning topshiriqlari asosida bahs-munozaraga kirishish, normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), jamoada ishlash, mustaqil ishlar tayyorlash (taqdimotlar) va boshqalarni baholashga qaratiladi.
7. Fanning mazmunidan kelib chiqqan holda oʻquvchilarning har bir fan mavzular bloki boʻyicha oʻzlashtirishi baholab boriladi.
Joriy nazorat seminar va amaliy mashgʻulot shakllarida oʻtkaziladi.
8. Fan mazmunidan kelib chiqib, bir semestrda oʻqitiladigan bir-biriga bogʻliq mavzular bloklarga ajratiladi. Fanning har bir mavzular bloki oʻqitiladigan oxirgi kuni pedagog xodim blokli joriy nazoratni yakunlaydi va ushbu reyting nazorati turi boʻyicha oʻquvchilarning ballarini qoʻyadi. Bunda har bir fan mavzulari bloki uchun ajratiladigan maksimal ball, joriy nazorat uchun ajratilgan maksimal reyting ballini fan mavzulari bloki soniga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
Joriy nazorat boʻyicha oʻquvchining toʻplagan balli fan boʻyicha masʼul boʻlgan pedagog xodim tomonidan reyting qaydnomasiga kiritiladi.
Joriy nazorat natijalarini oʻz vaqtida rasmiylashtirmagan fan boʻyicha masʼul boʻlgan pedagog xodimlarga nisbatan direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari bildirgisiga asosan yuridik kollej direktori tomonidan intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin.
Joriy nazorat boʻyicha oʻzining umumiy reyting ballini koʻtarishni xohlagan oʻquvchiga keyingi blokli joriy nazorat oʻtkazilgunga qadar topshirish uchun muddat beriladi, oxirgi blokli joriy nazorat uchun esa yakuniy nazorat boshlanishiga qadar topshirish huquqi beriladi. Qayta topshirishning aniq muddatlari tegishli kafedra tomonidan belgilanadi.
Oʻquvchi qayta topshirish joriy nazorat reyting natijasidan norozi boʻlganda uning arizasiga muvofiq joriy nazorat natijasi yuridik kollej direktori tomonidan tuziladigan komissiyada qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Bunda oʻquvchining ilgari qoʻyilgan reyting ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Pedagog xodim oʻquv mashgʻulotlarida faol ishtirok etgan oʻquvchiga tegishli blokli joriy nazorat doirasida olgan ballarini koʻtarish yoki unga maksimal ballni qoʻygan holda ushbu blok boʻyicha joriy nazoratni topshirishdan ozod qilishi mumkin.
10. Har bir blok boʻyicha joriy nazorat oʻtkazish muddatlari kafedra tomonidan belgilanadi.
4-bob. Oraliq nazoratni oʻtkazish
11. Oraliq nazorat oʻquvchi tomonidan fan dasturining oʻzlashtirish darajasi, oʻquvchining adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash, protsessual hujjatlarni tuzish boʻyicha amaliy koʻnikmalari, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), oʻz fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini baholashga qaratilgan.
Oraliq nazorat semestr davomida oʻquvchining bilim va amaliy koʻnikma darajasini aniqlash va baholash maqsadida bir marotaba oʻtkaziladi.
Oraliq nazoratning shakli va oʻtkazish vaqti davomiyligi Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi oʻrinlarda TDYU deb yuritiladi) Kengashi qarori bilan belgilanadi.
12. Oraliq nazorat savollari kafedraning tegishli fan boʻyicha masʼul pedagogi tomonidan tuziladi. Savollar oʻquvchilarning fan dasturi doirasida oʻzlashtirgan bilimlarini ifoda etish, muammoli vaziyatlar boʻyicha munozaraga kirishish, huquqiy manbalar asosida oʻz pozitsiyasini asoslash va protsessual hujjatlarni tuzish koʻnikmalari shakllanganligini aniqlashga qaratilgan boʻlishi lozim.
13. Kafedra mudiri semestr boshlanishidan oldin oraliq nazorat savollarini sifatli tayyorlanishi va Oʻquv-metodik boʻlimga taqdim qilinishini taʼminlaydi.
Oʻquv-metodik boʻlim fanlar boʻyicha tayyorlangan oraliq nazorat savollarini ekspertizadan oʻtkazishi mumkin. Bunda, oraliq nazorat uchun tayyorlangan savollar boshqa kafedra pedagog xodimlari yoki amaliyotchi xodimlar tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi.
14. Oraliq nazorat natijalari reyting qaydnomasiga pedagog xodim tomonidan kiritish orqali rasmiylashtiriladi hamda Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan oʻquvchilar eʼtiboriga yetkaziladi. Qoʻyilgan ballar boʻyicha har qanday tuzatishlar direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari imzosi bilan tasdiqlanishi shart.
15. Yozma ish shaklida oʻtkazilgan oraliq nazorat auditoriyada mustaqil ravishda oʻquvchi tomonidan yoziladi va tegishli fan boʻyicha pedagog xodimga topshiriladi. Topshirilgan yozma ishni almashtirish yoki qoʻshimcha yozma ish topshirish taqiqlanadi. Topshirilgan yozma ish oʻquvchiga qaytarilmaydi.
Yozma ish varaqlari tegishli fan boʻyicha pedagog xodim imzosi bilan tasdiqlanishi lozim.
Oʻquvchi uchun oraliq nazoratni boshqa shaxs yozib berish holati aniqlanganda, shuningdek tekshirish vaqtida ikki yoki undan ortiq yozma ishlar mazmunining uchdan ikki qismi oʻxshashligi oʻquvchilarning koʻchirganligi holatiga asos boʻladi va ularga nol ball qoʻyiladi.
Yozma ish shaklida oʻtkazilgan oraliq nazoratlarni tekshirilishi ushbu Nizomning 6-bobiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Yakuniy nazoratni oʻtkazish
16. Yakuniy nazorat fan dasturi doirasida oʻquvchining nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarni toʻliq oʻzlashtirganlik darajasini baholashning yakuniy bosqichi hisoblanadi.
Yakuniy nazorat oʻquvchining fan dasturida nazarda tutilgan mavzular doirasida qisqa vaqt mobaynida nazariy savollarga oʻz fikrini bildirish, muammoli vaziyatlarga yechim topish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash va protsessual hujjatlarni tuzish qobiliyatini aniqlashga qaratilgan.
17. Agar TDYU Kengashi qarorida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻquv rejada belgilangan fanlar boʻyicha yakuniy nazorat semestr yakunida auditoriyada yozma shaklda auditoriya kuzatuvchisi nazorati ostida oʻtkaziladi.
Yakuniy nazorat savollari nazariy savollar, muammoli vaziyat (kazus)lar va protsessual hujjatlarni tuzish kabi topshiriqlardan tashkil topadi. Yakuniy nazorat savollari kafedraning fan boʻyicha masʼul pedagogi tomonidan ishlab chiqiladi.
18. Kafedra mudiri fanlar boʻyicha yakuniy nazorat savollarini sifatli tayyorlanishi va Oʻquv-metodik boʻlimga taqdim qilinishini taʼminlaydi.
Oʻquv-metodik boʻlim fanlar boʻyicha tayyorlangan yakuniy nazorat savollarini ekspertizadan oʻtkazishi mumkin. Bunda, fanlar boʻyicha yakuniy nazorat uchun tayyorlangan savollar boshqa kafedra pedagog xodimlari yoki amaliyotchi xodimlar tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi.
Oʻquv-metodik boʻlim savollar bazasidan yakuniy nazorat variantlarini shakllantiradi.
19. Yakuniy nazoratni oʻtkazishda auditoriya kuzatuvchisi sifatida ishtirok etadigan pedagog xodimlar roʻyxati yuridik kollej direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Auditoriya kuzatuvchilarining tasdiqlangan roʻyxati yuridik kollej tarkibiy tuzilmalari eʼtiboriga yetkaziladi.
20. Yakuniy nazoratga auditoriya kuzatuvchisining uzrli sabablarsiz kelmasligi (yoki kechikib kelishi) ularga nisbatan intizomiy jazo choralarni qoʻllashga asos boʻladi.
21. Auditoriya kuzatuvchisi yakuniy nazoratni oʻtkazishda quyidagilarga majbur:
oʻquvchilarga yakuniy nazorat davomida foydalanish taqiqlangan barcha predmetlarni kuzatuvchiga oʻz ixtiyorlari bilan topshirishlarini taklif etish;
yakuniy nazorat oʻtkazilayotgan toʻliq vaqt davomida uni oʻtkazish tartibiga lozim darajada rioya qilinishini taʼminlash;
zarur boʻlganda oʻquvchilarga qayd etilgan noaniqliklar, texnik xatolar yoki topshiriqni bajarishga qoʻyiladigan talablar haqida maʼlumot berish;
yakuniy nazorat oʻtkazish qoidalarini buzgan oʻquvchilarni tegishli dalolatnoma tuzgan holda yakuniy nazoratdan chetlashtirish.
22. Yakuniy nazorat, qoida tariqasida, 2 soat (120 daqiqa) mobaynida oʻtkaziladi. Yakuniy nazoratning boshlanish va tugash vaqti auditoriya kuzatuvchisi tomonidan auditoriya doskasida aks ettirilishi zarur.
Yakuniy nazorat ishi oʻquvchi tomonidan mustaqil ravishda yozilishi shart.
Oʻquvchi uchun yakuniy nazoratni boshqa shaxs yozib berish holati aniqlanganda, shuningdek tekshirish vaqtida ikki yoki undan ortiq yozma ishlar mazmunining uchdan ikki qismi oʻxshashligi oʻquvchilarning koʻchirganligi holatiga asos boʻladi va ularga nol ball qoʻyiladi.
23. Yakuniy nazorat oʻtkazish jarayonida oʻquvchilarning auditoriyadan chiqishi, bir-biri bilan gaplashishi, boshqa oʻquvchilarga oʻz yozma ish varaqalarini berishi, oʻzi bilan darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar va boshqa adabiyotlar, konspektlar, elektron va qogʻoz shakldagi shpargalkalar, kalkulyatorlar, aloqa vositalari (shu jumladan uyali aloqa vositasi), audio-, foto- va video-yozuv qurilmalari va boshqalarni olib kirishi va ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Shaxsiy buyumlar auditoriyadagi alohida stolga qoʻyilishi kerak.
Fanning xususiyatidan kelib chiqib, tegishli fan boʻyicha masʼul pedagog tomonidan yakuniy nazorat oʻtkazishda kalkulyatordan foydalanishga nisbatan istisnolar belgilanishi mumkin.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan talablarni buzgan oʻquvchilar auditoriyadan chetlashtiriladi va oʻquvchilarning yakuniy nazorat ishi bekor qilinib, unga nol reyting balli qoʻyiladi.
24. Yakuniy nazorat uchun ajratilgan vaqt tugaganidan soʻng, oʻquvchi oʻz yozma ishini auditoriya kuzatuvchisiga topshiradi. Yakuniy nazorat mobaynida yozilgan yozma ishlar soni auditoriya kuzatuvchisi tomonidan qayta sanaladi, yozma ish varaqlari uning imzosi bilan tasdiqlanadi va yakuniy nazoratda qatnashgan oʻquvchilar soniga mutanosib ravishda Oʻquv-metodik boʻlimga topshiriladi.
6-bob. Nazorat ishlarini tekshirish
25. Yozma ishlarni tekshirish muddatlari Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan belgilanadi va uning natijalari reyting qaydnomasiga kiritiladi hamda oʻquvchilarga eʼlon qilinadi.
26. Yozma ishlar kafedraning tegishli fan pedagog xodimlari tomonidan tekshiriladi.
Yozma ishlarni tekshirish muddatlarini buzgan pedagog xodimlarga nisbatan direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari bildirgisiga asosan yuridik kollej direktori tomonidan intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin.
27. Oraliq va yakuniy nazorat yozma ishlarini tekshirish pedagog xodimlar tomonidan yuridik kollej binosining ichki qismida maxsus ajratilgan xonada amalga oshiriladi. Yozma ishni maxsus ajratilgan xona tashqarisiga olib chiqish taqiqlanadi. Maxsus ajratilgan xona ichkarisiga yuridik kollej direktori, direktorning oʻrinbosarlari, Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi va tekshiruvchi pedagog xodimlardan tashqari uchinchi shaxslarning kirishi man qilinadi.
Pedagog xodim tomonidan oraliq va yakuniy nazorat yozma ishining birinchi varagʻi ustiga ball qoʻyiladi. Ball aniq ifodalangan shaklda pedagog xodimning imzosi bilan tasdiqlangan holda qoʻyilishi kerak.
Pedagog xodim tomonidan har bir tekshirilgan yozma ishga taqriz beriladi hamda unda yozma ish mazmunining ijobiy jihatlari va yoʻl qoʻyilgan xatoliklar aks ettirilishi lozim.
28. Oraliq va yakuniy nazorat yozma ishlarning ayrimlari TDYU tomonidan tanlab qayta tekshirilishi mumkin. Bunda yozma ishlar TDYU xodimlari tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda qayta tekshiriladi yoki yozma ishlar tegishli soʻrovga koʻra TDYUga yuboriladi.
Tanlangan ishni qayta tekshirish natijasida unga qoʻyilgan ball oʻzgartirilishi mumkin.
Qayta tekshirish natijasida tegishli nazorat ishiga qoʻyilgan ball asossiz yuqori yoki past qoʻyilgan boʻlsa, bu holda ushbu pedagog xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi koʻrish boʻyicha TDYU tomonidan yuridik kollej direktoriga taqdimnoma kiritiladi.
29. Joriy nazorat reyting qaydnomalari kafedra mudiri imzosi bilan Oʻquv-metodik boʻlimga taqdim qilinadi.
Oraliq va yakuniy nazorat ballari tegishli yozma ishlarni tekshirgan pedagog xodim tomonidan reyting qaydnomalariga kiritiladi va Oʻquv-metodik boʻlimga topshiriladi.
Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan oraliq va yakuniy nazorat natijalari tekshiruv yakunlanganidan soʻng shu kunning oʻzida oʻquvchilar eʼtiboriga yetkaziladi.
30. Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan joriy, oraliq va yakuniy nazorat reyting qaydnomalari asosida jamlovchi reyting qaydnomasi tuziladi.
Jamlovchi reyting qaydnomasini Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi va masʼul xodim imzolaydi hamda direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tasdiqlaydi.
Joriy, oraliq va yakuniy nazorat reyting qaydnomalari hamda jamlovchi reyting qaydnomalarining shakllari TDYU tomonidan tasdiqlangan namuna boʻyicha tuziladi.
31. Natijalar eʼlon qilingandan soʻng oʻquvchilarga bir haftalik muddatda tekshirilgan yozma ishlar bilan tanishish imkoniyati beriladi.
Oʻquvchi oraliq va yakuniy nazoratga qoʻyilgan balldan norozi boʻlsa, oʻz ishi bilan tanishgandan soʻng bir ish kuni davomida Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi nomiga apellatsiya shikoyati berishi mumkin. Mazkur holatda Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi bildirgisiga asosan direktor buyrugʻi bilan kamida 5 kishidan iborat apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellatsiya komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Oʻquvchining arizasi apellatsiya komissiyasida zarurat boʻlganda ushbu nazorat turi boʻyicha ball qoʻygan pedagog xodim ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Arizani koʻrib chiqishda apellatsiya komissiyasi nazorat ishlarini har tomonlama oʻrganadi.
Oʻquvchining arizasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha apellatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
qoʻyilgan ballarni oʻzgarishsiz qoldirish;
qoʻyilgan ballarni oʻzgartirish.
Oʻquvchining apellatsiya shikoyatini koʻrishda uning ilgari olgan reyting ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Tekshirilgan yozma ishlar olti oy mobaynida saqlanadi. Muddati oʻtgan ishlar yoʻq qilinadi.
7-bob. Baholash tartibi va mezonlari
33. Oʻquvchining har bir fan boʻyicha oʻzlashtirish darajasi ularning bilim, malaka va koʻnikmalarini baholashning reyting tizimi asosida ballarda aks ettiriladi.
34. Oʻquvchining semestr mobaynidagi har bir fan boʻyicha oʻzlashtirishi 100 ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi.
100 ball nazorat turlari boʻyicha quyidagicha taqsimlanadi:
joriy nazorat — 30 ball;
oraliq nazorat — 30 ball;
yakuniy nazorat — 40 ball.
35. Oʻquvchilar reytingini hisobga olishda amaliyot va yakuniy davlat attestatsiyasi boʻyicha oʻzlashtirish 100 ballik tizimda baholanadi.
36. Har bir nazorat turi umumiy maksimal ballning 100 foizidan kelib chiqqan holda baholanadi.
Oʻquvchining fanni oʻzlashtirishi boʻyicha barcha nazorat turlari yuzasidan baholash quyidagi namunaviy mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) 86 — 100 foiz olish uchun oʻquvchi:
mustaqil va ijodiy fikrlashi, qaror qabul qilishi hamda mushohada yuritishi, fikrlarini ravon bayon etishi, nazariy bilimini amalda qoʻllay olishi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunishi, bilishi, seminar va amaliy mashgʻulotlarda ijodiy va faol qatnashishi hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlishi lozim;
b) 71 — 85 foiz olish uchun oʻquvchi:
mustaqil fikrlashi, oʻz fikrlarini bayon etishi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunishi, bilishi, nazariy bilimini amalda qoʻllay olishi, seminar va amaliy mashgʻulotlarda ijodiy va faol qatnashishi hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlishi lozim;
v) 55 — 70 foiz olish uchun oʻquvchi:
olgan bilimini amalda qoʻllay olishi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunishi, bilishi hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlishi lozim;
g) oʻquvchining bilim darajasi 0 — 54 gacha baholanadi, agar:
fan dasturini oʻzlashtirmagan boʻlsa, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunmasa hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlmasa.
37. Fanlar boʻyicha semestr uchun oʻquvchi reytingi quyidagicha aniqlanadi:

R semestr = JN+ON+YaN

Agar fan ikki semestrda davom etsa umumiy ballarining arifmetik oʻrtachasi olinadi.

R yillik = R 1-semestr + R 2-semestr

2

Har bir fan boʻyicha umumiy reyting balli yillar boʻyicha toʻplangan ballarning oʻrtacha arifmetik qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi.
8-bob. Nazorat va qayta topshirishlarni oʻtkazish muddatlari
38. Fanlar boʻyicha oraliq va yakuniy nazorat turlaridan oʻquvchilar bilimlarini baholash direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadigan oraliq va yakuniy nazoratlarni oʻtkazish jadvallari asosida amalga oshiriladi.
39. Oʻquvchi semestr mobaynida tegishli fanning joriy, oraliq va yakuniy nazorat uchun ajratilgan umumiy ballining 55 foizidan kam ballni toʻplagan yoki amaliyotni oʻtamagan (amaliyot imtihonidan oʻtmagan) holatlarda akademik qarzdor hisoblanadi.
40. Oʻquvchining fanlar boʻyicha akademik qarzdorligi mavjud emasligi keyingi semestr (kurs)ga oʻtishi uchun asos boʻladi.
41. Oʻquv mashgʻulotlarida hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sabablar (turli kasalliklar bilan betobligi, yoʻl-transport hodisasi va yaqin qarindoshining vafoti) tufayli ishtirok etmagan va shu sababli nazorat turlarini belgilangan muddatda topshirmagan oʻquvchiga direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari qayta oʻzlashtirish uchun akademik qarzdorlarga ikki hafta muddatda nazorat turlarini topshirishga ruxsat beradi.
Akademik qarzdor oʻquvchilarga semestr tugaganidan keyin qayta oʻzlashtirish, yaʼni tegishli nazorat turini qayta topshirish orqali akademik qarzdorlikni bartaraf qilish uchun 1 oy muddat beriladi (ikkinchi semestr natijalari boʻyicha oʻquvchilarning yozgi taʼtili hamda pedagog xodimlarning mehnat taʼtilidan soʻng). Shu muddat davomida fanni oʻzlashtira olmagan oʻquvchi Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻining tavsiyasiga koʻra, belgilangan tartibda yuridik kollej kengashi qaroriga asosan yuridik kollej direktorining buyrugʻi bilan kursda qoldiriladi.
Akademik qarzdor oʻquvchilar uchun qayta topshirishning aniq muddatlari Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan jadval asosida belgilanadi.
Akademik qarzdor oʻquvchi toʻplagan ballaridan kelib chiqib nazoratning tegishli turlarini qayta topshirishi talab qilinadi. Topshirilishi kerak boʻlgan nazorat turlari oʻquvchining reyting oʻzlashtirish koʻrsatkichi natijalaridan kelib chiqqan holda Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan aniqlanadi va eʼlon qilinadi.
Oʻquvchining joriy nazorat boʻyicha qayta topshirishi tegishli kafedra mudiri raisligidagi komissiya tomonidan qabul qilinadi. Komissiya kafedra pedagog xodimlaridan iborat tarkibda kafedra mudiri tomonidan shakllantiriladi.
Qayta topshirish natijalari alohida qaydnoma tarzida qayta oʻzlashtirish uchun beriladigan bir oylik muddatda Oʻquv-metodik boʻlimga topshirilishi shart.
42. Akademik qarzdor oʻquvchiga qayta topshirishda joriy, oraliq va yakuniy nazorat uchun ajratilgan maksimal ballning 56 foizidan ortiq ball qoʻyilishi mumkin emas.
43. Belgilangan muddatlarda akademik qarzdorlikni bartaraf etmagan oʻquvchi yuridik kollej kengashi qaroriga asosan yuridik kollej direktorining buyrugʻi bilan kursda qoldiriladi.
Akademik qarzdorligi tufayli kursda qoldirilgan oʻquvchi oʻqishini quyi kursdagi oʻquv semestri boshidan boshlaydi va faqat oʻzlashtira olmagan fanlarini takroran oʻqiydi.
9-bob. Reyting natijalarini rasmiylashtirish va tahlil qilish
44. Oʻquvchining fan boʻyicha toʻplagan ballari semestr yakunida jamlovchi reyting qaydnomasiga butun son koʻrinishida kiritiladi.
45. Oʻquvchining reytingi uning bilimlari, malakasi va koʻnikmalari darajasini belgilab beradi.
46. Oʻquvchilarning umumiy reytingi har bir semestr va oʻquv yili yakunidan soʻng eʼlon qilinadi.
47. Agar fan bir necha semestr davomida oʻtilgan boʻlsa, oʻquvchi diplomining ilovasi yoki akademik maʼlumotnoma tuzilayotgan vaqtda reytinglar yigʻindisi hisobga olinadi.
48. Oʻquvchining nazorat turlari boʻyicha erishgan natijalari Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan tizimli ravishda tahlil qilinadi va yuridik kollej kengashida muhokama qilish uchun kiritiladi.
49. Oʻquv yilining yakuni boʻyicha reyting nazorati natijalariga koʻra oʻquvchilarni belgilangan tartibda keyingi kursga oʻtkazish toʻgʻrisida direktorning buyrugʻi rasmiylashtiriladi.
10-bob. Yakuniy qoida
50. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi bilan kelishilgan.
Kasb-hunar taʼlimi markazi direktori M. XOLMUXAMEDOV
2019-yil 8-yanvar
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 10/19/3117/2445-son)