O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 9-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1920-1]
O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi O‘RQ-497-son “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2009-yil 14-martdagi 68-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1920, 2009-yil 14-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 12-son, 133-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy xizmat ko‘rsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilinishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-yanvar,
10-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 9-yanvardagi 10-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 2-banddagi “advokatlar hamda Adliya vazirligi xodimlaridan teng miqdorda” degan so‘zlar “hamkasblari orasida hurmatga sazovor advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. 3-band “O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomga” degan so‘zlardan keyin “(ro‘yxat raqami 1921, 2009-yil 14-mart) Advokatlarning kasb etikasi qoidalariga” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
3. 6-band quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“litsenziyaning amal qilishini tugatish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida malaka komissiyalarining murojaatlari bo‘yicha xulosalar beradi;
advokatlarga malaka darajalari berish to‘g‘risida malaka komissiyalari qarorlari bo‘yicha xulosalar beradi;”;
yettinchi va sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda to‘qqizinchi va o‘ninchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Oliy malaka komissiyasining tarkibi Advokatlar palatasi va Adliya vazirligining qo‘shma qarorlari bilan advokatlar hamda huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan 9 kishidan iborat tarkibda ikki yil muddatga tasdiqlanadi. Bunda komissiya a’zolarining kamida 5 nafari advokat bo‘lishi lozim. Oliy malaka komissiyasi tarkibiga kelishuv asosida sud, adliya organlari hamda boshqa tashkilotlarning huquq sohasidagi tajribali xodimlari jalb etiladi.
Oliy malaka komissiyasi raisi va o‘rinbosari komissiyaning birinchi yig‘ilishida to‘liq tarkibda ishtirok etgan a’zolar umumiy sonining oddiy ko‘pchilik ochiq ovoz berishi orqali malaka komissiyasi a’zolari orasidan saylanadi. Oliy malaka komissiyasi raisligi va o‘rinbosarligiga nomzodlar ovoz berishda qatnashmaydilar.
Oliy malaka komissiyasi raisining o‘rinbosari Oliy malaka komissiyasining majlisida rais hozir bo‘lmagan hollarda raislik qiladi.
Oliy malaka komissiyasi a’zoligiga advokatlarning nomzodlari advokatlik faoliyati bo‘yicha kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan advokatlar orasidan taqdim etiladi.
Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari, ularning yaqin qarindoshlari Oliy malaka komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.”.
5. Quyidagi mazmundagi 81-band bilan to‘ldirilsin:
“81. Quyidagi holatlarda Oliy malaka komissiyasi a’zosi komissiya tarkibidan chiqariladi:
o‘z arizasiga binoan;
advokat maqomi to‘xtatilgan yoki tugatilganda;
komissiya a’zosi bo‘lgan sud, adliya organlari va boshqa tashkilotlar xodimining ish joyi o‘zgarganda yoki xodim ishdan bo‘shatilganda;
komissiya a’zosi tomonidan mazkur Nizom talablari qo‘pol ravishda buzilganda;
komissiya a’zosi sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra vazifalarini bajarish imkoni bo‘lmaganda;
komissiya a’zosi komissiya yig‘ilishlarida surunkali 3-marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda.
Ushbu bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha Oliy malaka komissiyasi a’zosini komissiya tarkibidan chiqarish masalasi komissiya raisi tomonidan kiritiladi.
Komissiya a’zosini komissiya tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror komissiya a’zolarining uchdan ikki qismi ovozlari bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror haqida komissiya tarkibidan chiqarilgan komissiya a’zosiga yozma ravishda ma’lum qilinadi.
Komissiya a’zosini komissiya tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror ustidan sudga shikoyat keltirilishi mumkin.
Malaka komissiyasi a’zosini ushbu bandda nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha komissiya tarkibidan chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Komissiya tarkibidan chiqarilgan a’zo o‘rniga mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda komissiya tasdiqlangan muddat doirasida yangi komissiya a’zosi kiritiladi.”.
6. 9 va 10-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oliy malaka komissiyasining a’zosi bo‘lgan advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish ko‘rib chiqilishi yoki Oliy malaka komissiyasi a’zosining malaka imtihonini topshirishi natijalari bo‘yicha shikoyat ko‘rib chiqilgan hollarda, ular Oliy malaka komissiyasi majlisida qatnashishga haqli emas.
Komissiya a’zosi, agar u:
komissiya majlisi ko‘rilayotgan masalalar bo‘yicha talabgor, advokat va boshqa manfaatdor shaxs malaka komissiyasi a’zosining yaqin qarindoshi bo‘lsa;
komissiya majlisining natijasidan va unda qabul qilinadigan qarordan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa yoxud uning beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa, komissiya majlisida ishtirok etishi mumkin emas va u rad etilishi kerak.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, komissiya a’zosi o‘zini o‘zi rad etishi shart. Agar u bunday qilmasa, ayni shu asoslar bo‘yicha komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan, shuningdek masalasi ko‘rilayotgan talabgorlar, advokatlar va boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan rad etilishi mumkin.
Rad etish haqidagi bayonot asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Rad etish bildirilgan komissiya a’zosi rad etish to‘g‘risidagi masala ko‘rilishidan oldin o‘z tushuntirishlarini berishga haqli.
Rad etish to‘g‘risidagi masala rad qilinayotgan shaxsning yo‘qligida komissiyaning qolgan a’zolari tomonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan hal etiladi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, komissiya a’zosi rad etilgan hisoblanadi.
Oliy malaka komissiyasining majlisi, agar unda Oliy malaka komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, komissiya vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
Kvorum bo‘lmagan holda, Oliy malaka komissiyasining majlisiga hozir bo‘lgan a’zolari tomonidan majlisni keyinga qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, majlis o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida qo‘shimcha ravishda xabar qilinadi.
10. Oliy malaka komissiyasining majlislari zaruratga qarab, lekin ikki oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Oliy malaka komissiyasi raisi Oliy malaka komissiyasi majlisi o‘tkazilishidan kamida o‘n kun oldin majlisning kun tartibi, sanasi, vaqti va joyini belgilaydi.”.
7. 14-banddagi “barcha a’zolari, shuningdek, mas’ul kotib” degan so‘zlar “raislik etuvchi va mas’ul kotib” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
8. 18-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Shikoyatlarni ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.”.
9. 22-band “a’zolaridan birining” degan so‘zlardan keyin “yoki tegishli hududiy boshqarmaning” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
10. 25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Oliy malaka komissiyasining advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida malaka komissiyasining murojaati bo‘yicha xulosasi u tuzilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yozma shaklda Adliya vazirligiga yetkaziladi.
Adliya vazirligi mazkur xulosa kelib tushgan kundan yetti kun ichida litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida tegishli ma’muriy sudga murojaat qiladi.”.
11. Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Kelishilgan:
Advokatlar palatasi raisi A. ERNAZAROV
2019-yil 7-yanvar
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 10/19/1920-1/2446-son)