O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-martdagi PF-5368-son Farmoniga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida ommaviy sportning inson hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma’naviy sog‘lomlikning asosi ekanligini targ‘ib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun ushbu tashkilotlar rahbarlarini rag‘batlantirish maqsadida har yili tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun ushbu tashkilotlar rahbarlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
tanlov g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining budjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga bir oy muddatda:
tanlovning o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilash;
tanlov g‘oliblariga topshiriladigan sertifikat namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifalari yuklansin.
5. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga tanlovning mazmun va mohiyati, shuningdek, uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-yanvar,
6-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-yanvardagi 6-son qaroriga
ILOVA
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun ushbu tashkilotlar rahbarlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining (keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb ataladi) xodimlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun ushbu tashkilotlar rahbarlarini rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
2. Tashkilotlarning xodimlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun rag‘batlantirish tanlov o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
3. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun tanlov o‘tkazish mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Tanlov har yili tashkilotlarning xodimlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilganligi va sog‘lom turmush tarzini yaxshilashga qo‘shgan hissasini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladi.
5. Tanlovning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va ommaviy sport ishlarini tashkil etish;
tashkilotlarda ishlovchi xodimlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini olib borishga ko‘maklashish;
tashkilotlarda jismoniy tarbiya va sportning nufuzini yanada oshirish va keng targ‘ib qilish;
tashkilotlarda ommaviy sportni targ‘ib qilish va xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish.
2-bob. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish
6. Tanlov ishtirokchilarining amalga oshirgan ishlarini baholash uchun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) 5 kishidan iborat bo‘lgan tashkilot rahbarlarining o‘z jamoasini jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilgani uchun rag‘batlantirish tanlovini baholash ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tuziladi.
7. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqish;
tanlov g‘olibligiga munosib nomzodlarni tanlashni ta’minlash;
tanlov shartlarini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash;
tanlov ishtirokchilari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarni ko‘rib chiqish;
tanlovga tavsiya etilgan nomzodlarning ma’lumotlarini hamda ularning faoliyat ko‘rsatayotgan sohada erishgan yutuqlarini o‘rganish;
tanlovga oid masalalar yuzasidan axborot-tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash;
tanlovga oid masalalar bo‘yicha xulosalarni tayyorlash va vakolat doirasida tanlov bilan bog‘liq tegishli hujjatlarga izoh berish;
tanlovga oid bo‘lgan masalalar bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish va uslubiy yordam ko‘rsatish;
tanlov shartlari va uni o‘tkazish tartibiga oid masalalar bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish, shuningdek, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.
8. Ishchi guruh qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
9. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan tashkilotlar har yili 1-avgustgacha Vazirlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tanlov ishtirokchilari tomonidan oxirgi yilning har chorak yakuni bo‘yicha ushbu Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimnoma orqali ma’lumot, video- va fotolavhalar;
har bir tanlov ishtirokchilari tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar (amalga oshirilgan ishlarning boshlanish muddati, davomiyligi, erishilgan natijalar va boshqalar) yuzasidan ishtirokchining yozma axboroti.
10. Vazirlik har yili 20-avgustga qadar tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni umumlashtiradi va Ishchi guruhga taqdim etadi.
11. Ishchi guruh:
taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va har bir nominatsiyada har yili 10-sentabrga qadar g‘oliblarni aniqlaydi;
g‘oliblarga sertifikat, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar hamda “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonini har yili 20-sentabrga qadar topshiradi.
12. Ishchi guruh taqdim etilgan hujjatlarni har yili 10-sentabrga qadar o‘rganib chiqadi va ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq “100” ballik mezon asosida baholab, tanlov g‘oliblarini aniqlaydi.
3-bob. Tanlov g‘olibini aniqlash va baholash mezonlari
13. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
tashkilotlarning barcha bo‘linmalari miqyosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi uchun;
aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun.
14. Tanlov g‘oliblarini aniqlash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) “Tashkilotlarning barcha bo‘linmalari miqyosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi” nominatsiyasida:
xodimlarning ish vaqti davomida 3 mahal ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shug‘ullanishi — 30 ballgacha;
tashkilotlar tizimidagi muassasalar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalari tashkil etilganligi — 30 ballgacha;
aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etganligi — 20 ballgacha;
tashkilotlarda ommaviy sportni targ‘ib qilish va xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlariga shart-sharoitlar yaratish maqsadida tegishli hujjatlar ishlab chiqilganligi — 10 ballgacha;
tashkilotlarning Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi roliklar joylashtirilganligi — 20 ballgacha;
tashkilotlarda xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun maxsus sport komplekslarini (trenajyor, fitnes zallar va boshqalar) tashkil etilganligi — 10 ballgacha;
b) “Aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasida:
aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etganligi — 25 ballgacha;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etganligi — 15 ballgacha;
havaskorlik jismoniy tarbiya va sport harakatini rivojlantirish uchun fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida shart-sharoitlar yaratilganligi — 20 ballgacha;
yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va tizimli yo‘lga quyganligi — 15 ballgacha.
Shuningdek, tanlov g‘oliblarini aniqlashda tashkilot rahbarlarining mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish yo‘lidagi amalga oshirilgan ishlari ham inobatga olinadi.
4-bob. Tanlov g‘olibini rag‘batlantirish tartibi
15. Tanlov yakunlari Ishchi guruh bayonnomasi bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Har yili 20-sentabrga qadar Vazirlik tomonidan tanlov g‘oliblari (2 nafar) nominatsiyalar bo‘yicha sertifikat va bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining budjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
18. Mazkur Nizom yuzasidan kelib chiqadigan nizoli masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun ushbu tashkilotlar rahbarlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomga
ILOVA
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun tanlov o‘tkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Mas’ullar

Tadbirlar nomi

Bajarish muddatlari


1-bosqich

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan tashkilotlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ma’lumotlarni ilova qilgan holda kiritadi

har yili
1-avgustga qadar


2-bosqich

Jismoniy tarbiya
va sport vazirligi

Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlarni umumlashtiradi va tanlovni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhga taqdim e�adi

har yili
20-avgustga qadar


3-bosqich

Tanlovni o‘tkazish

bo‘yicha ishchi guruh

Taqdim etilgan hujjatlarini ko‘rib chiqadi va har bir nominatsiyada g‘oliblarni aniqlaydi

har yili

10-sentabrga qadar


4-bosqich

Tanlovni o‘tkazish

bo‘yicha ishchi guruh

G‘oliblarga sertifikat, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni hamda “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonini topshiradi

har yili

20-sentabrga qadar

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.01.2019-y., 09/19/6/2429-son, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)