|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.02.2023
|
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining
buyrug‘i
Eksternat to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 12-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2670-1]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2022-yil 17-noyabrdagi 8-mh-sonli ““Eksternat to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga o‘zgartirishlar va qo‘shimchani o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2670-2, 28.11.2022-y.) asosan 2023-yil 1-fevraldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi PF-5313-son “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-oktabrdagi 789-son “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2015-yil 13-apreldagi 9-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2670, 2015-yil 11-may) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 19-son, 236-modda) bilan tasdiqlangan Eksternat to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. ShERMATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-noyabr,
13-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2018-yil 15-noyabrdagi 13-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Eksternat to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. Muqaddimadagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13-maydagi 203-sonli “O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Attestatsiyada umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standarti asosida 9-sinf doirasida mustaqil o‘zlashtirgan va tegishli yilda 16 yoshga to‘ladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar, umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standarti asosida 11-sinf doirasida mustaqil o‘zlashtirgan va tegishli yilda 18 yoshga to‘ladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar qatnashishi mumkin.”.
3. Quyidagi mazmundagi 51-band bilan to‘ldirilsin:
“51. Umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risida shahodatnomaga ega fuqarolar 11-sinf doirasida attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Ekstern bir vaqtning o‘zida 9-sinf va 11-sinf doirasida attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.”.
4. 8-bandning beshinchi xatboshisidan “eksternning yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
5. 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Ekstern 9 va 11-sinflardagi baholar (o‘zlashtirish) tabeliga asosan attestatsiya o‘tkazilmaydigan fanlardan ijobiy baholangan bo‘lsa, ushbu fanlardan attestatsiyadan ozod etiladi.”.
6. 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Eksternning 9 va 11-sinflardagi baholar (o‘zlashtirish) tabeli bo‘lmasa, 9 va 11-sinfda o‘qitiladigan fanlardan imtihon topshiradi, “Chizmachilik”, “Tasviriy san’at”, “Musiqa”, “Texnologiya”, “Jismoniy tarbiya” fanlari bundan mustasno.”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son)