Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.04.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO ShARTNOMALAR LOYIHALARINI TAYYORLASh VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XALQARO ShARTNOMALAR BOʻYIChA MAJBURIYATLARINI BAJARISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 331-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida” 2019-yil 6-fevraldagi OʻRQ-518-son Qonuni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari loyihalarini sifatli tayyorlash va ular boʻyicha majburiyatlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini bajarish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari ushbu Tartibni ijro uchun qabul qilsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Tashqi ishlar vaziri A.H. Komilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 12-dekabr,
473-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-dekabrdagi 473-son qaroriga
ILOVA
Xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini bajarish
TARTIBI
Mazkur Tartib “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb ataladi)ga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tuzish toʻgʻrisida takliflar kiritilgunga qadar tayyorlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini, agar amaldagi qonun hujjatlarida boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, bajarish tartibotini tartibga soladi.
I. XALQARO ShARTNOMA LOYIHASINI TAYYORLASh
1. Vazirliklar va idoralar oʻz vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda yoki u bilan kelishgan holda, Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa mustaqil ravishda, ayni bir vaqtda Tashqi ishlar vazirligini xabardor qilib, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi loyihasini ekspertlar darajasida ishlab chiqishni boshlash toʻgʻrisida yoki koʻp tomonlama xalqaro shartnomani (konvensiyani) imzolash, ratifikatsiya qilish, unga qoʻshilish yoki uni maʼqullashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻz takliflarini kiritishlari mumkin.
2. Xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlashni boshlash toʻgʻrisidagi tashabbus taklifiga shartnomaning dastlabki loyihasi, shuningdek uni tuzishning maqsadga muvofiqligini asoslash hamda zarurat boʻlganda, shartnomani tuzishdan kelib chiqadigan moliyaviy-iqtisodiy oqibatlar baholanishi ilova qilinadi.
Xorijiy davlatning yoki xalqaro tashkilotning xalqaro shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi tashabbus taklifi shartnomaning tegishli loyihasi bilan birga Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
Xalqaro koʻp tomonlama shartnoma (konvensiya)ni imzolash, ratifikatsiya qilish, unga qoʻshilish yoki uni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan maʼqullashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani ishlab chiqishni boshlash toʻgʻrisidagi tashabbus taklifiga shunday shartnomaning toʻliq matni va unga taalluqli hujjatlar davlat tilida ilova qilinadi va zarurat boʻlganda uning boshqa tillarga tarjimasi taʼminlanadi, shuningdek imzolash, ratifikatsiya qilish, unga qoʻshilish yoki uni maʼqullashning maqsadga muvofiqligini asoslash, shu jumladan undan kelib chiqadigan moliyaviy-iqtisodiy oqibatlar baholanishi ilova qilinadi.
3. Vazirlar Mahkamasi xalqaro shartnoma loyihasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish toʻgʻrisida yoki koʻp tomonlama xalqaro shartnoma (konvensiya)ni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolash, ratifikatsiya qilish, unga qoʻshilish yoki uni maʼqullashning maqsadga muvofiqligi haqidagi masala toʻgʻrisida tegishli qaror (topshiriq) qabul qiladi.
Ekspertlar darajasida ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa Tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan albatta kelishilgan holda amalga oshiriladi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-avgustdagi 651-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 893-modda)
Zarur hollarda ushbu maqsadlar uchun xalqaro shartnoma loyihasini tuzish va koʻrib chiqish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralarning vakillari, mutaxassislar va xolis ekspertlardan iborat komissiya tuzilishi mumkin.
4. Barcha takliflarni umumlashtirish va xalqaro shartnoma loyihasini yoki koʻp tomonlama xalqaro shartnoma (konvensiya)ni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolash, ratifikatsiya qilish, unga qoʻshilish yoki uni maʼqullashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani puxtalashtirish mazkur Tartibga ilovaga muvofiq ushbu shartnoma bilan boshqariladigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlaydigan vazirliklar yoki idoralar zimmasiga yuklanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining puxtalashtirilgan loyihasi, shartnoma loyihasi boʻyicha umumlashtirilgan takliflar va mulohazalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan, ayrim hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgandan va xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilot bilan ishlab chiqishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng loyihani xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilot bilan ishlashni davom ettirish uchun Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining loyihasi xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilot bilan uzil-kesil kelishilgandan soʻng xalqaro shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi taklif Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirliklar yoki idoralar tomonidan Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda yoki u bilan kelishilgan holda, Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, mustaqil ravishda, ayni bir vaqtda Tashqi ishlar vazirligini xabardor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Koʻp tomonlama xalqaro shartnoma (konvensiya)ni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolash, ratifikatsiya qilish, unga qoʻshilish yoki uni maʼqullashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masala boʻyicha takliflar, shuningdek manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan unga izoh va bayonlar matnlari Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
II. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XALQARO ShARTNOMALAR BOʻYIChA MAJBURIYATLARINING BAJARILIShINI TAʼMINLASh
7. Vazirlar Mahkamasi hamda vakolatli vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini tegishli chora-tadbirlar koʻrish yoʻli bilan taʼminlaydi.
8. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini amalga oshirish, agar majburiyatlarni amalga oshirishga masʼul (markaziy, vakolatli) vazirliklar va idoralar xalqaro shartnoma matnida koʻrsatilmagan boʻlsa, mazkur Tartibga ilovaga muvofiq Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tegishli vazirliklar va idoralarga yoxud tegishli xalqaro shartnomaning qoidalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarori bilan tayinlangan milliy ijro etuvchi organga yuklanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini amalga oshirish uchun masʼul vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan xalqaro shartnomaning kuchga kiritilgan sanasi toʻgʻrisida bildirishnoma olgandan soʻng bir oy muddatda, u vaqtinchalik qoʻllangan taqdirda esa u imzolangandan soʻng, zarur hollarda uni bajarish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqadilar va ularni tasdiqlash (koʻrib chiqish) uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadilar.
10. Koʻp tomonlama xalqaro shartnoma (konvensiya) boʻyicha majburiyatlarning amalga oshirilishi uchun masʼul vazirliklar va idoralar, ularning Oʻzbekiston Respublikasi uchun kuchga kiritilgan sanasi toʻgʻrisida bildirishnoma olingandan soʻng ikki oy muddatda, ular vaqtinchalik qoʻllangan taqdirda esa bunday qaror qabul qilingandan soʻng, belgilangan tartibda ular boʻyicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqadilar va zarur hollarda ularni tasdiqlash (koʻrib chiqish) uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadilar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining kuchga kiritilishi yoki koʻp tomonlama xalqaro shartnomalar (konvensiyalar)ning imzolanishi, ratifikatsiya qilinishi, ularga qoʻshilish va ularning maʼqullanishi munosabati bilan qabul qilinishi zarur boʻlgan meʼyoriy hujjatlarni tayyorlash, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda manfaatdor vazirliklar yoki idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
12. Masʼul vazirliklar va idoralar, milliy ijro etuvchi organlar xalqaro shartnomalar boʻyicha ishlab chiqilgan tadbirlarga muvofiq majburiyatlar bajarilishining borishi va natijalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradilar.
13. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini kuzatib borish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha majburiyatlar uning boshqa qatnashchilari tomonidan buzilgan taqdirda Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda, xalqaro huquq normalariga muvofiq zarur chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etadilar.
15. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini bajarish tartibiga
ILOVA
Xalqaro shartnomalar loyihalarini ekspertlar darajasida ishlab chiqish va xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash zimmasiga yuklangan Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari
ROʻYXATI

Xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar ‎

Masʼul vazirlik, idora‎

Huquqiy yordam koʻrsatish va Qonunni buzganlarni berish (ekstraditsiya) masalalari boʻyicha ‎

Adliya vazirligi, Prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi‎

Jinoyatchilikka va terrorizmga qarshi kurashish masalalari boʻyicha ‎

Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi

Tashqi iqtisodiy faoliyat, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish hamda texnik yordam koʻrsatish ma�alalari boʻyicha‎

Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi

Investitsiya va valyuta-moliya hamkorligi masalalari boʻyicha‎

Moliya vazirligi,

Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligi

Davlat soliq qoʻmitasi‎

Soliq solish va soliq qonunchiligiga rioya qilishdagi hamkorlik masalalari boʻyicha‎

Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi‎, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi

Davlat mulkini begonalashtirish va ulardan foydalanish, huquqlarni eʼtirof etish va mulkiy munosabatlarni tartibga solish masalalari boʻyicha‎

Davlat raqobat qoʻmitasi, Adliya vazirligi‎

Ilmiy-texnikaviy hamkorlik, shuningdek huquqiy muhofaza va intellektual mulk obyektlaridan foydalanish shartlari masalalari boʻyicha‎

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi,Adliya vazirligi

Havo transportida tashishlarni tashkil etish masalalari boʻyicha ‎

Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi

Pochta va telekommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha‎

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi‎

Temir yoʻl transportida tashishlarni tashkil etish masalalari boʻyicha‎

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi, Tashqi savdo vazirligi‎, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi

Avtomobil va daryo transportida tashishlarni tashkil etish masalalari boʻyicha‎

Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Tashqi savdo vazirligi‎, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi

Turizm va turistik faoliyat sohasidagi masalalar boʻyicha‎

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Tashqi savdo vazirligi‎, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi

Qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha‎

Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi‎

Badiiy jamoalar, guruhlar, alohida ijrochilar konsert faoliyati, shuningdek madaniy qadriyatlarni respublikadan olib chiqib ketish; chet ellarda tasviriy va dekorativ-amaliy sanʼat koʻrgazmalarini tashkil etish; tarixiy-madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish, loyihalash, taʼmirlash va konservatsiya qilish masalalari boʻyicha‎

Madaniyat ishlari vazirligi‎

Tabiatni muhofaza qilish va tabiat resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha‎

Davlat ekologiya qoʻmitasi

Sogʻliqni saqlash va tibbiyot sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha‎

Sogʻliqni saqlash vazirligi‎

Standartlash, metrologiya, sertifikatsiya va mahsulot sifatini boshqarish masalalari boʻyicha‎

“Oʻzstandart” agentligi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi

Taʼlim, ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha‎

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi‎

Siyosiy masalalar boʻyicha‎

Tashqi ishlar vazirligi‎

Chegara masalalari boʻyicha‎

Tashqi ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi‎

Mudofaa masalalari boʻyicha‎

Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi‎

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 11-son, 175-modda; 2005-y., 34-36-son, 264-modda; 2006-y., 40-son, 396-modda; 2015-y., 10-son, 117-modda, 26-son, 338-modda; 2017-y., 15-son, 257-modda, 29-son, 693-modda, 34-son, 893-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)