Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Xalqaro-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish tendensiyalari va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligining oshib borishini hisobga olgan holda, bojxona organlari kadrlarini kasbiy tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-apreldagi PF-5414-son Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona institutini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) etib qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Institut bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tayanch oliy harbiylashtirilgan taʼlim hamda ilmiy-metodik muassasa hisoblanadi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Institut yuridik shaxs boʻlib, alohida mol-mulk, mustaqil balansga ega, oʻz majburiyatlari boʻyicha tasarrufidagi pul mablagʻlari va mol-mulki bilan javobgar hisoblanadi;
Institutning ilmiy — taʼlim faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;
Institut Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasiga kiradi.
2. Institutni yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
bojxona organlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini, shuningdek, vazifa va funksiyalarni samarali va oqilona amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yuksak kasbiy mahoratini rivojlantirish va takomillashtirishni taʼminlovchi bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish;
kursantlarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni amaliyotda qoʻllash koʻnikmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan, asosan mutaxassislik fanlaridan tashkil topgan zamonaviy taʼlim standartlarini va sifat jihatidan yangicha oʻqitish tizimini joriy etish;
oʻqitishning zamonaviy innovatsion shakl va usullari, pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida oʻquv jarayonini tashkil etish, nazariy tayyorgarlik va bojxona organlarining amaliy faoliyati bilan bogʻliqlikni taʼminlovchi amaliyot oʻtash tartibini takomillashtirish;
zamonaviy talablar va standartlarga javob beradigan oʻquv adabiyotlari, oʻquv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish va chop etish, oʻquv, ilmiy va boshqa adabiyotlar fondini, oʻqitishning texnik vositalari, shuningdek, global axborot-huquqiy va taʼlim resurslarini muntazam yangilab borish hamda ulardan kursantlar va oʻqituvchilarning foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
professor-oʻqituvchilar tarkibini yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan, amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislar bilan mustahkamlash;
ilmiy ishlanmalar natijalarini oʻquv jarayoniga va bojxona organlari faoliyatiga joriy etishni nazarda tutgan holda bojxona faoliyatini huquqiy va axborot-texnik taʼminlash, bojxona nazoratini takomillashtirishga doir mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, kadrlar tayyorlash, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish sohasida tajriba almashish;
kursantlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, jangovar va jismoniy tayyorgarligi, huquqiy madaniyatini va huquqiy ongini oshirish boʻyicha samarali tizimni yaratish, ularda yuksak maʼnaviy, axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarni shakllantirish hamda rivojlantirish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutidagi taʼlim mutaxassisliklari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha Kompleks chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisiga:
Institut tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
Institutdagi taʼlim mutaxassisliklari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
Belgilansinki, Institutni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan boshliq boshqaradi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Institut bojxona organlari uchun kadrlarni bazaviy va amaliy professional tayyorlash, shuningdek, oʻrnatilgan tartibda stipendiya toʻlash va moddiy taʼminot belgilashni taʼminlagan holda taʼlim muddati toʻrt yil boʻlgan bakalavrlarni va taʼlim muddati bir yil boʻlgan magistrlarni tayyorlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Institutda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim asosida ilmiy darajaga ega ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)
bojxona organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish va mustahkamlashni nazarda tutuvchi bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun oʻqish muddati 3 oydan iborat boʻlgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari joriy etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Institutda oʻqish davri bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi, shuningdek, Oʻzbekistoni Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirlik va idoralardagi xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi, birinchi kursda taʼlim muddatini yakunlagan kursantlar esa muddatli harbiy xizmatni oʻtagan hisoblanadilar va ularga Institut joylashgan manzildagi mudofaa ishlari boʻyicha hududiy boʻlim tomonidan harbiy guvohnoma beriladi;
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Institut kursantlari bilan oʻqishni tugatgandan soʻng bojxona organlarida besh yil davomida majburiy xizmatni oʻtash toʻgʻrisida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi;
Oldingi tahrirga qarang.
kamida uch yil ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega shaxslar Institutning professor-oʻqituvchilar (ofitser va serjantlar) tarkibi lavozimlariga bir yillik shartnoma asosida ishga qabul qilinishi mumkin.
(4-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Institutning ofitserlar va serjantlar tarkibiga, kursantlariga, shuningdek, doktorantlariga (doktorantlarning oxirgi egallab turgan lavozimi saqlangan holda) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi xodimlarining tegishli toifalari uchun koʻzda tutilgan pul taʼminoti, imtiyozlar, buyumlar va oziq-ovqat taʼminoti hamda boshqa zarur normalar, shuningdek, xizmatni oʻtash tartibi tatbiq etiladi.
(4-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Institut bitiruvchilariga oliy taʼlimning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplom hamda belgilangan namunadagi koʻkrak nishoni beriladi;
Institut oʻz grifi asosida oʻquv adabiyotlarni yaratish va nashr etish, ilmiy, taʼlim, noshirlik, matbaa va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻninchi — oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
5. Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) tegishli fanlar va predmetlar boʻyicha yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlashning kompleks dasturi ishlab chiqilishini taʼminlasin;
b) bitiruvchilarga nisbatan malaka talablari, bojxona organlari uchun mutaxassislar tayyorlash oʻquv rejalari va dasturlarini quyidagilarni nazarda tutgan holda tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin:
ilgʻor xalqaro tajribani, kursantlarda til tayyorgarligini, tahlil qilish qobiliyatini, tizimli tahlil va bojxona faoliyatining tegishli sohalarida boshqarish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari asosida oʻquv jarayonini tashkil etish;
maxsus fanlar boʻyicha oʻquv yuklamasi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan trenajer-imitatsion va dasturiy komplekslarni qoʻllash hisobiga amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish;
bojxona organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish taʼlim jarayonini tashkil etish va amalga oshirilishini tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
bir oylik muddatda Institut Ustavini tasdiqlasin;
mutaxassislik fanlari oʻqituvchilarining rotatsiyasini (1 yilgacha boʻlgan muddatga) amalga oshirib borsin;
har yili kadrlarga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish asosida Institutga qabul kvotalarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
Institut oʻqituvchilarini respublikaning yetakchi taʼlim muassasalari, tadqiqot markazlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlarida, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda stajirovka oʻtash dasturlarini har yili ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda yetakchi xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislarini Institutda maʼruza oʻqish va “mahorat darslari”ni, shu jumladan, masofaviy tarzda, oʻtkazish uchun jalb etishga doimiy ravishda koʻmaklashsin;
bojxona ishining dolzarb muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini chop etish uchun Institut huzurida “Oʻzbekiston bojxona axborotnomasi” davriy ilmiy jurnalini taʼsis etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Institut boshligʻiga quyidagi huquqlar berilsin:
professor-oʻqituvchilar tarkibining faoliyat turlari boʻyicha vaqt meʼyorlarini belgilash;
kamida uch yil ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega shaxslarni Institutning professor-oʻqituvchilar (ofitser va serjantlar) tarkibi lavozimlariga bir yillik shartnoma asosida maxsus unvoniga ega boʻlmagan shaxslarni ishga qabul qilish;
yuqori ilmiy-pedagogik mahoratga yoki amaliy tajribaga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy mutaxassislarni oʻquv jarayoniga soatbay tarzda va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida jalb etish, shuningdek, Institutning rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ularning mehnatiga qoʻshimcha haq toʻlash;
Institutning taʼlim jarayoniga soatbay haq toʻlash shartlarida jalb etiladigan bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirlik va idoralar xodimlariga Institutning rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan qoʻshimcha haq toʻlash, bunda ularning asosiy ish joyi boʻyicha pul va oziq-ovqat taʼminoti toʻliq saqlanadi;
yetakchi xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqotlar olib borish sohasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri memorandum hamda bitimlarni tuzish;
bojxona organlari xodimlariga belgilangan pul taʼminotini toʻliq saqlab qolgan holda mehnatga soatbay haq toʻlash shartlari asosida Bojxona instituti va boshqa taʼlim muassasalarida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish;
Bojxona institutning rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan:
Bojxona instituti xodimlari uchun lavozim maoshining 200 foizi miqdorida shaxsiy ustamalar belgilash;
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish boʻyicha jami xarajatlarning oʻrni toʻldirilgandan keyin qolgan mablagʻlarning 100 foizgacha miqdorda mablagʻlari xodimlarga ustama toʻlash, ularning ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish tadbirlarga yoʻnaltirish;
professor-oʻqituvchi, kursant va xodimlarning malaka oshirish kurslari (shu jumladan, chet el taʼlim muassasalarida) bilan bogʻliq;
Institutga tashrif buyurgan mehmonlar uchun suvenir va esdalik sovgʻalar sotib olish hamda ovqatlantirish;
kursantlarga turli olimpiada, taʼlim va bayramga atalgan musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni egallaganlari uchun qimmatbaho sovgʻa, suvenir va pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish;
oʻtkaziladigan turli ilmiy tadbirlarga kanselyariya buyumlari va esdalik sovgʻalari uchun xarajatlarni qoplash.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
oʻquv jarayoniga jalb qilinadigan ilmiy-pedagogik kadrlar va tajribali amaliyotchi-mutaxassislarga Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan mehnatga soatbay haq toʻlashni nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlasin;
Institutni oziq-ovqat, oʻquv anjomlari, mebel va kazarma jihozlari, oziq-ovqat xizmatini mol-mulk bilan taʼminlashning zarur normalarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
9. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Maxsus jamgʻarma mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyati boʻyicha va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Institut taʼminoti uchun zarur budjet mablagʻlarining belgilangan tartibda ajratilishini nazarda tutsin.
Belgilansinki, Institut binolari, inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, shuningdek, uning axborot-resurs va moddiy-texnika taʼminoti Maxsus jamgʻarma mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlar mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Institut xodimlariga (mutaxassislar, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining 70 foizi miqdorida oylik ustama belgilansin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son — 2022-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
11. Institut:
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari majburiy (bir nusxada) yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nazorat nusxalarini (bir nusxada) oladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladigan roʻyxatga kiritilsin.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
12. Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-noyabr,
PQ-3995-son
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti
TUZILMASI

Boshliq

Institut kengashi

Boshliqning oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari

Tarbiyaviy ishlar va harbiy tayyorgarlik boʻyicha boshliq oʻrinbosari

Moliya-iqtisod va xoʻjalik ishlari boʻyicha boshliq oʻrinbosari

 

Kadrlar boʻlimi

3

Axborot texnologiyalari va modellashtirish markazi

3

Ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash boʻlimi

2

Maʼnaviyat va yoshlar tarbiyasi markazi

4

Moliya-iqtisod boʻlimi

4

Harbiy safarbarlik, jangovar tayyorgarlik va qoʻriqlash boʻlimi

4

Moddiy-texnik taʼminot va kapital taʼmirlash boʻlimi

7

Harbiy orkestr

1

Oʻquv-uslubiy boʻlim

5

Axborot-resurs markazi

1

Tashkiliy nazorat, xizmat faoliyatini tahlil qilish va baholash boʻlimi

3

Ashula va raqs ansambli

1

Tibbiy xizmat

4

Bojxona ishi fakulteti

3

Oʻquv batalyoni

9

Tahririy-nashriyot xizmati

1

Shaxsiy xavfsizlik boʻlimi

1

Kafedralar:

Ixtisoslashtirilgan

Bojxona nazorati

Bojxona tartibga solinishi va bojxona toʻlovlari

Maxsus-huquqiy fanlar

Bojxona ekspertizasi
va tovarlarni tasniflash

Umumhuquqiy fanlar

Umumtaʼlim

Axborot texnologiyalari va matematika

Oʻzbek va xorijiy tillar

Harbiy va jismoniy tayyorgarlik

Iqtisodiy va ijtimoiy fanlar

 

Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakulteti

2

Bosmaxona

Bosh yuriskonsult

1

Birinchi boʻlim

1

Maxsus fanlar kafedrasi

Xalqaro aloqalar xizmati

1

Psixologik tayyorgarlikni rivojlantirish markazi

 

 

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni (mutaxassis, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni hisobga olmagan holda) — 132 nafar, shu jumladan professor-oʻqituvchilar tarkibi — 69 nafar.
Izoh: Institutning mutaxassis, xizmat koʻrsatuvchi va yordamchi (texnik) lavozimlarining meʼyorlari, ularni kiritish shartlari, mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlari oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarni inobatga olgan holda Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2022-y., 06/22/122/0396-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutidagi taʼlim mutaxassisliklari
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Mutaxassislik shifri

Mutaxassislik nomi

Beriladigan malaka

Taʼlim shakli

Taʼlim muddati

Bakalavriat

1.

60410300

Bojxona ishi

iqtisodchi

kunduzgi

4 yil

2.

60420100

Yurisprudensiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy taʼminlash)

yurist

kunduzgi

4 yil

Magistratura

1.

70410301

Bojxona ishi
(faoliyat turlari boʻyicha)

iqtisodiyot magistri

kunduzgi

1 yil

2.

70420107

Soliq va bojxona huquqi

huquq magistri

kunduzgi

1 yil

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha
KOMPLEKS CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tadbirlar nomi

Ijro muddati

Amalga oshirish mexanizmi

Masʼul ijrochilar

I. Normativ-huquqiy baza va tashkiliy asoslarni takomillashtirish

1.

Quyidagilarni ishlab chiqish va tasdiqlash:

davlat roʻyxatidan oʻtkazgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) Ustavi;

Institut tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlar;

Institut ichki-tartib qoidalari.

2018-yil 1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov)

2.

Institutning 2019 — 2021-yillarda istiqbolli rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil 15-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov)

3.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qoshida Muvofiqlashtiruvchi ilmiy-metodik kengash tashkil etish, uning nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil 1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov)

4.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Kadrlar boshqarmasi tarkibida shtat birligi doirasida DBQ taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish, shu jumladan, taʼlim sifatini monitoring va nazorat qilish uchun masʼul boʻlinmani tuzish.

2018-yil

1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov)

5.

Quyidagilarni ishlab chiqish va tasdiqlash:

Bakalavriat va magistratura bosqichlarida oʻquv jarayonini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom;

Bojxona organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom.

2018-yil

1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov), Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov)

6.

Institut professor-oʻqituvchilari tarkibining mehnatini normalashtirish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil

1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov), Bandlik vamehnat munosabatlari vazirligi (Sh. Kudbiyev) Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov)

7.

Oʻquv jarayoniga jalb qilinadigan ilmiy-pedagogik kadrlar va tajribali amaliyotchi-mutaxassislar mehnatiga soatbay haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil

1-dekabrga qadar

Normativ-huquqiy hujjat

DBQ (M. Azimov), Moliya vazirligi (J. Kuchkarov), Adliya vazirligi (R. Davletov)

8.

Institut kursantlari bilimini baholash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil

1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov), Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov)

9.

Davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash boʻyicha shartnoma tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil

1-dekabrga qadar

Normativ-huquqiy hujjat

DBQ (M. Azimov), Moliya vazirligi (J. Kuchkarov), Adliya vazirligi (R. Davletov)

10.

Quyidagilarni ishlab chiqish va tasdiqlash:

Institut kursantlari tomonidan oʻquv amaliyoti va stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

Institut bitiruvchilarini lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi nizom;

Institut mutaxassislik fanlar oʻqituvchilarini rotatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

2019-yil

1-yanvarga

qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov)

11.

Institutga kursantlarni tanlash va qabul qilish Tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil

1-yanvarga qadar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori

DBQ (M. Azimov), DTM (M. Karimov),

Adliya vazirligi (R. Davletov)

12.

“Oʻzbekiston bojxona axborotnomasi” ilmiy jurnali toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil

1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov), Oʻzbekiston Matbuot

va axborot agentligi (A. Yunusov)

121.

Institutda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2021-yil 1-dekabr

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

DBQ (M. Azimov),

Innovatsion rivojlanish vazirligi

(A. Ibroximov),

Moliya vazirligi

(T. Ishmetov)

II. Oʻquv-metodik jarayonni takomillashtirish

13.

Mutaxassislar tayyorlash boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarni quyidagilarni nazarda tutgan holda tanqidiy qayta koʻrib chiqish:

kursantlarda xorijiy til tayyorgarligi, tahlil etish qobiliyati, tizimli tahlil, bojxona faoliyatining tegishli sohalarida boshqaruv koʻnikmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan ilgʻor xalqaro tajriba va talablarni inobatga olgan holda tayyorlangan taʼlim dasturlari asosida oʻquv jarayonini tashkil etish;

2018-2019 oʻquv yilidan nomutaxassislik fanlarning hajmini kamaytirish va mutaxassislik fanlari hajmini oshirish hisobidan uch yillik nazariy kurs hamda hududiy bojxona boshqarmalarida bir yillik stajirovka oʻtashdan iborat oʻqitish tizimiga oʻtish;

kursantlarning bojxona faoliyati sohasidagi bilimlarni chuqur oʻzlashtirishlari va amaliy koʻnikmalarini oshirishlarini inobatga olib, mutaxassislik fanlar boʻyicha oʻquv yuklamalarini oshirish;

ixtisoslashtirilgan trenajer-imitatsion va dasturiy majmualarni qoʻllash hisobidan kursantlarning nazariy va amaliy tayyorgarligini tashkil etishning zamonaviy shakl va metodlaridan foydalangan holda amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish;

kursantlarning bilimini baholashda xolislik va shaffoflikni taʼminlash uchun baholashning yangi mezon va usullarini joriy etish;

xalqaro amaliyotda ehtiyoj yuqori boʻlgan xorijiy tillarni ilgʻor oʻrganish usullaridan foydalangan holda til oʻrgatishning zamonaviy tizimini joriy etish.

2018-yil

1-dekabrga qadar

Malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlari

DBQ (M. Azimov), Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov)

14.

Institut oʻquv jarayonida AKTdan foydalanish hamda samarali boshqaruv tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi Kompleks chora-tadbirlar dasturini quyidagilarni nazarda tutgan holda ishlab chiqish va tasdiqlash:

trenajer-imitatsion komplekslar va moslashuvchan avtomatlashtirilgan trenajerlarni joriy etish hisobiga kursantlarni nazariy va amaliy tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish;

oʻquv videofilmlar va elektron oʻquv modullari hisobiga taʼlim resurslari bazasini kengaytirish;

Institutning “Elektron taʼlim” milliy tarmogʻiga begʻaraz asosda ulanishini, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlariga kirishini taʼminlash;

professor-oʻqituvchilar tarkibi faoliyatini, kursantlar bilimini monitoring qilish va baholashning zamonaviy elektron tizimini joriy etish (e-monitoring, e-dekanat, e-kafedra);

Institut oʻquv jarayonini axborot materiallari bilan taʼminlash va unda kompyuter planshetlaridan foydalanish amaliyotini joriy etish uchun (Wi-Fi simsiz aloqaga ulanish tizimini joriy etgan holda) Internet tarmogʻiga ulanish tizimini takomillashtirish va tezligini oshirish.

2018-yil

1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov),

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi (A. Abduazizov)

15.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetini takomillashtirishga qaratilgan dasturni quyidagilarni nazarda tutgan holda ishlab chiqish va tasdiqlash:

tinglovchilarda bojxona qonunchiligi tizimidagi oʻzgarishlarni bir xilda talqin qilish koʻnikmasi va amaliyotda qoʻllash malakasini shakllantirishga qaratilgan taʼlim jarayonini tashkil qilish;

xodimlarning malakasini oshirishning yangi shakllarini, jumladan, taʼlimning aralash (masofaviy va kunduzgi taʼlim shakllari birlashgan) shaklini ishlab chiqish va joriy qilish;

bojxona organlarining kasbiy faoliyatini istiqbolli tajribasini oʻrganish, tizimlashtirish va tarqatish;

oʻquv jarayonining amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashni nazarda tutuvchi Institut oʻqituvchilarining malaka oshirish kurslarini tashkil etish va joriy qilish.

2018-yil

1-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov), Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov)

16.

Iqtisodiy va yuridik fanlarning zamonaviy yutuqlarini inobatga olgan holda tegishli fanlar va predmetlar boʻyicha yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlash boʻyicha kompleks dasturni ishlab chiqish va belgilangan muddatlarda amalga oshirish.

2018-yil 15-dekabrga qadar

DBQ raisi buyrugʻi

DBQ (M. Azimov), Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov)

17.

Institut Axborot-resurs markazi fondini doimiy asosda zamonaviy oʻquv, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan, shu jumladan, muntazam ravishda mahalliy hamda xorijiy huquqiy va iqtisodiy nashrlarining obunasini taʼminlash, shuningdek, bojxona ishi sohasidagi ilgʻor xorijiy tajriba va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish uchun zarur boʻladigan dasturiy mahsulotlarni (maʼlumotlar bazasi) xarid qilish va yangilab borish.

doimiy asosda

Chora-tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov)

III. Ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

18.

Bojxona ishi va iqtisodiy xavfsizlik sohasida amaliy va innovatsion tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish va tasdiqlash.

2018-yil

1-dekabrga qadar

Chora-tadbirlar dasturi

DBQ (M. Azimov)

19.

Institutning xalqaro aloqalarini rivojlantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish:

yetakchi ilmiy-tadqiqot, taʼlim, axborot-tahlil, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik kelishuvlari, memorandumlarini tuzish va qoʻshma dasturlarni amalga oshirish;

kadrlarni tayyorlash, professor-oʻqituvchilar tarkibining malakasini oshirish va stajirovka oʻtashini tashkil etish, hamkorlikda tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, maʼruza oʻqish va “mahorat darslari” mashgʻulotlarini, shu jumladan, masofaviy tarzda oʻtishni tashkil qilish maqsadida yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish;

rivojlangan davlatlar (AQSH, Germaniya, XXR, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Rossiya va boshqalar)ning bojxona kadrlarini tayyorlash sohasidagi taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribalarini oʻrganish boʻyicha xorijiy safarlarni tashkil qilish;

Umumjahon bojxona tashkiloti dasturlari (PICARD va boshqalar) doirasida ilmiy tadqiqotlar va bojxona ishini rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;

Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan va roʻyxatga olingan xalqaro va xorijiy tashkilotlar (BMTTD, Jahon banki, YEXHT va boshqalar) ishtirokida bojxona sohasidagi loyiha va dasturlarni hamkorlikda amalga oshirish.

2018-yil
1-dekabrga qadar

Chora-tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Tashqi ishlar vazirligi

(A. Kamilov), Moliya vazirligi (J. Kuchkarov)

20.

Iqtisodiy xavfsizlik va bojxona ishi sohasidagi eng dolzarb muammolar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida yetakchi qoʻshma taʼlim va ilmiy muassasalarning xodimlari, shuningdek, tajribali amaliyotchi-mutaxassislar ishtirokida ijodiy guruhlar tuzish va faoliyatini tashkil qilish.

doimiy asosda

Chora-tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov),

Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), boshqa ilmiy va taʼlim muassasalari

21.

Yetakchi xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalarida Institut oʻqituvchilari uchun maqsadli doktoranturani tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlash va kiritish.

2018-yil 1-dekabrga qadar

Chora-tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov)

IV. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish

22.

Kursantlarda Vatan himoyasi uchun axloqiy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlikni, konstitutsiyaviy va xizmat burchiga sodiqlikni, yuksak fuqarolik masʼuliyatini shakllantirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

har yil

Qoʻshma tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev), Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi (A. Kadirov)

23.

Kursantlarni milliy va jahon klassik adabiyotini oʻrganishga yoʻnaltirish, yozuvchilar, shoirlar ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlar tashkil qilish, kursantlar orasida turli mavzudagi tanlovlar oʻtkazishga qaratilgan qoʻshma tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

har yil

Qoʻshma tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (M. Axmedov)

24.

Institut kursantlari va professor-oʻqituvchilar tarkibi uchun madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil qilish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

har yil

Qoʻshma tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev)

25.

Kursantlarning ota-onalari, bojxona xizmati veteranlari ishtirokida Institut professor-oʻqituvchilar tarkibi va kursantlari oʻrtasida korrupsiya profilaktikasi va uning oldini olish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

har yil

Qoʻshma tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Bosh prokuratura (E. Yoʻldoshev)

V. Moddiy-texnika taʼminotini takomillashtirish

26.

Institut shaxsiy tarkibini oziq-ovqat bilan taʼminlashni tashkil qilish boʻyicha autsorsing xizmatlarini joriy qilish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil

1-dekabrga qadar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori

DBQ (M. Azimov), Moliya vazirligi (J. Kuchkarov)

27.

Institutda zamonaviy oʻquv, moddiy-texnik baza va axborot-resurs taʼminotini yaratish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutgan takliflarni tayyorlash va kiritish:

Axborot-resurs markazi va qoʻshimcha maʼruza auditoriyalari uchun alohida kompleks qurish;

elektron oʻquv materiallarini yaratishga moʻljallangan multimedia studiyasini tashkil etish va jihozlash.

2018-yil

15-dekabrga

qadar

Chora-tadbirlar rejasi

DBQ (M. Azimov), Moliya vazirligi (J. Kuchkarov), Qurilish vazirligi (A. Tuxtayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov)

28.

Oʻquv, ilmiy adabiyotlar va boshqa bosma mahsulotlarni nashr etish uchun kichik bosmaxona tashkil etish va jihozlash.

2019-yil

1-yanvarga qadar

Tadbirlar dasturi

DBQ (M. Azimov), Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi (A. Yunusov)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2018-y., 07/18/3995/2155-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son; 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son, 27.04.2022-y., 06/22/122/0396-son; 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son; 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)