|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2004
|
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT QIMMATBAHO METALLAR QO‘MITASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 5-noyabrdagi 487-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan..
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat qimmatbaho metallar qo‘mitasi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-mart,
129-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat qimmatbaho metallar qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat qimmatbaho metallar qo‘mitasi oltin qazish va qayta ishlash korxonalari, zargarlik ishlab chiqarish korxonalari va o‘z tarkibiga kiruvchi boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi markaziy boshqaruv organi hisoblanadi.
2. Davlat qimmatbaho metallar qo‘mitasi (bundan keyin matnda qo‘mita deb ataladi) yuridik shaxs bo‘lib, bank muassasalarida schyotlarga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega bo‘ladi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga, respublika Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Qo‘mita tarkibiga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar mustaqillikni va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar va o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasining qonunlari asosida olib boradilar.
4. Davlat qimmatbaho metallar qo‘mitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iboratdir:
korxonalar va tashkilotlarga rangli va qimmatbaho metallarni, yuksak iste’mol qiymatiga ega bo‘lgan va narxi arzon xalq iste’moli mollarini yetkazib berish, shuningdek, ishlar va xizmatlarni bajarish yuzasidan davlat buyurtmalarini va shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarishga ko‘maklashish;
quyidagi masalalar bo‘yicha yagona siyosat o‘tkazishda o‘z tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning faoliyatlarini muvofiqlashtirish:
fan-texnika taraqqiyoti, xomashyo negizini kengaytirish va mineral resurslardan oqilona foydalanish;
bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitlarida korxonalar va tashkilotlarni istiqbolli rivojlantirish;
ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiyalash, yangi texnika bilan jihozlash, yangi korxonalar qurish va shu asosda qimmatbaho va rangli metallarni qazishni, qayta ishlashni, ishlab chiqarishni, xalq iste’moli mollarini tayyorlashni ko‘paytirish, zargarlik korxonalarini qurish va kengaytirish, yordamchi qishloq xo‘jalik va ijtimoiy obyektlarni rivojlantirish, tabiatni muhofaza qilish muammolarini va boshqa masalalarni hal qilish uchun bank mablag‘larini ishlatish, qo‘mitaga kiruvchi korxonalarning moliyaviy mablag‘larini va moddiy-texnika resurslarini to‘plash;
o‘zaro manfaatli tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, kengaytirish va qo‘shma korxonalar barpo etish;
tabiatni muhofaza qilishning zamonaviy usullarini joriy etish, foydalanish, foydalanilmaydigan kon xomashyosini va ishlab chiqarish chiqindilarini ishlab chiqarishga qayta jalb qilish.
5. Qo‘mita o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarga muvofiq:
respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi, qimmatbaho va rangli metallar hamda zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rivojlantirish haqida takliflar kiritadi;
bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitlarida ishlab chiqarishni tashkil etishning, mehnatga haq to‘lashning shakl va usullarini takomillashtirish, korxonalar, tashkilotlar xodimlarini va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalashni ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
mehnat sharoitlarini yaxshilash, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, tabiatni muhofaza etish, savdo xizmati ko‘rsatishni, umumiy ovqatlanishni takomillashtirish va mehnatkashlarga pulli xizmatlar ko‘rsatish tadbirlarini amalga oshirishda yordam beradi;
rahbar xodimlarni tanlaydi, joy-joyiga qo‘yadi va tayinlaydi;
ta’minotchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘rialoqa bog‘lashga, moddiy boyliklarni realizatsiya qilishga, o‘z vaqtida shartnomalar tuzishga va ikkilamchi resurslardan oqilona foydalanishga yordam beradi.
6. Qo‘mita o‘z faoliyatini xo‘jalik hisobi asosida amalga oshiradi va unga quyidagi huquqlar beriladi:
respublikaning o‘z tarkibiga kiruvchi oltin qazib olish va qayta ishlash korxonalari tomonidan mineral resurslardan kompleks foydalanish sohasida yagona texnika siyosatini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni mustaqil ravishda boshqarib borish va hal qilish, shuningdek, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash;
amaldagi qonunlar asosida xorijiy sheriklar bilan qo‘shma korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar, yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan xo‘jalik hisobidagi firmalar, markazlar va boshqa korxonalar, shuningdek, respublikada ham, chet ellarda ham joriy hisob-kitob schyotlari ochish huquqiga ega bo‘lgan filiallar, vakilliklar va boshqa alohida bo‘linmalarni tashkil etadi. Bu korxonalar va bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlarni qo‘mita tasdiqlaydi.
anjomlar, ehtiyot qismlar va madaniy-maishiy mollarni eksport va import qilish;
o‘ziga yuklatilgan barcha masalalar bo‘yicha respublikaning hamma davlat organlarida, shuningdek, uning tashqarisida respublikaning manfaatlarini ifodalash;
qo‘mita tarkibiga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar faoliyatining barcha turlari to‘g‘risida zarur ma’lumotlar va axborotlar olish.
7. Qo‘mitani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tayinlaydigan rais boshqaradi. Qo‘mita raisining o‘rinbosarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydi. O‘rinbosarlar o‘rtasidagi vazifalarni qo‘mita raisi taqsimlaydi.
8. Qo‘mitada rais (rais), raisning o‘rinbosarlari, qo‘mitaning boshqa rahbar xodimlari, shuningdek, o‘ziga qarashli ishlab chiqarish korxonalari rahbarlaridan iborat hay’at tuziladi. Qo‘mita raisining taqdimiga ko‘ra hay’at a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
Qo‘mita hay’ati o‘z majlislarida korxona va tashkilotlarni istiqbolli rivojlantirish, davlat buyurtmalari va boshqa topshiriqlarning bajarilishi, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va ulardan foydalanish, yuqori turuvchi organlarning va o‘zlarining qarorlarining ijrosini nazorat qilish masalalarini ko‘rib chiqadi, o‘ziga qarashli korxonalar rahbarlarining hisobotlarini, shuningdek, qo‘mitaning huquq doirasiga kiruvchi boshqa masalalarni eshitadi.
Hay’at qarorlari, odatda, raisning buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi. Rais va hay’at a’zolari o‘rtasida ixtilof tug‘ilganda, rais o‘z qarorini amalga oshiraveradi, ixtilof haqida Vazirlar Mahkamasiga xabar beradi, hay’at a’zolari ham o‘z navbatida o‘z fikrlarini shu joyga yetkazishlari mumkin.
9. Rais qo‘mita oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan mas’uldir. Rais o‘rinbosarlarining, bo‘limlar va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining javobgarlik darajalarini aniqlaydi.
Rais qo‘mitaning huquqi doirasida yo‘riqnoma va buyruqlar chiqaradi, o‘ziga qarashli korxonalarning bajarishi uchun majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi va ularning ijrosini tekshiradi, qo‘mita apparati tuzilishini, shtat jadvalini, xodimlar mehnatiga haq to‘lash haqidagi nizomni, shuningdek, belgilangan tartibda o‘ziga bevosita bo‘ysunuvchi tashkilotlarning ustavlari (nizomlari)ni tasdiqlaydi, bitim asosida qo‘mitaga tegishli korxonalar va tashkilotlarning (pudratda ishlayotgan korxonalardan tashqari) rahbarlarini, shuningdek, qo‘mita apparati xodimlarini ishga yollaydi (tayinlaydi).
10. Qo‘mitaning xarajatlari tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlarning tuzilgan shartnomalar asosida ajratadigan mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.
Zarur bo‘lgan hollarda qo‘mita raisi O‘zbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari va idoralari rahbarlari bilan birgalikda qonunlarga zid bo‘lmagan buyruq va yo‘riqnomalar chiqaradi.
11. Rangli va qimmatbaho metallarni qazib olish va qayta ishlash, O‘zbekiston Respublikasining oltin zaxiralarini ko‘paytirish, fan va texnikaning yangi yutuqlarini qo‘llash va joriy qilish bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqish bilan bog‘liq muhim istiqbolli yo‘nalishlarni va ish natijalarini ko‘rib chiqish uchun qo‘mitada o‘ziga qarashli korxona va muassasalarning yuqori malakali mutaxassislaridan iborat fan-texnika kengashi tashkil etiladi.
Fan-texnika kengashi tarkibini va uning haqidagi nizomni qo‘mita raisi tasdiqlaydi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat qimmatbaho metallar qo‘mitasi tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar, qo‘mita bilan kelishgan holda, shartnoma va o‘zaro manfaatdorlik asosida, respublikadagi hamda uning tashqarisidagi konsernlarga, konsorsiumlarga, aksionerlik jamiyatlariga va boshqa tashkilotlarga a’zo bo‘lishlari, ular bilan shartnoma munosabatlariga kirishishlari mumkin, ammo ular O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga ziyon yetkazmasligi kerak.