1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.10.00.00 Majburiyat huquqi / 03.10.05.00 Shartnoma. Shartnomalarni tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 145-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 421-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi T.K. Narbayeva zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-oktabr,
808-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 808-son qaroriga ILOVA
Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek voyaga yetmagan bolalar, er (xotin), sobiq xotin (sobiq er) va boshqa mehnatga layoqatsiz shaxslar ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov shartnomasini tuzish tartibini belgilaydi.
2. Davlat ijrochilari ish yurituvida bo‘lmagan ijro hujjatlari bo‘yicha aliment to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘layotgan jismoniy shaxslar muayyan davr uchun alimentni oldindan to‘lash yoki aliment oluvchi bilan kelishilgan holda aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzishga haqli.
3. Davlat ijrochisi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov taqdim etish uchun qarorlarni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 19-bobi.
4. Davlat ijrochisi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjati bo‘yicha qarzdor tomonidan undiruvchiga alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyo taqdim etilishi mumkin.
5. Alimentlar summasini oldindan to‘lash yoki alimentlar to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov taqdim etish faqat qarzdorning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda amalga oshiriladi.
6. Aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasining tuzilishi alimentlarni to‘lamaganlik uchun qonun bilan belgilangan ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 474-moddasi.
7. Alimentlarni oldindan to‘lash oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan bo‘lsa, oldindan to‘langan alimentlar uchun keyingi davrlarda aliment to‘lovchining oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadi ko‘payishi natijasida vujudga keladigan qo‘shimcha aliment to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilmaydi.
8. Alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasining tuzilishi davlat ijrochisi yoki sud tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ilgari belgilangan O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanadi.
2-bob. Alimentlarni oldindan to‘lash tartibi
9. Alimentlarni oldindan to‘lash bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun, biroq ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda besh yildan kam bo‘lmagan muddatga amalga oshiriladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash vaqtida agar bolalar voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.
Sud ajrimiga asosan oldindan to‘lanishi shart bo‘lgan alimentlarning to‘liq miqdorini to‘lash, shuningdek, alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga undiruvchiga topshirilishi shart bo‘lgan mol-mulkni topshirish o‘n ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiriladi.
10. Alimentlarni to‘lash to‘g‘risidagi ijro hujjati (keyingi o‘rinlarda ijro hujjati deb ataladi) bo‘yicha alimentlarni muayyan davr uchun oldindan to‘lash yo‘li bilan ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish masalasida, qarzdor ijro hujjatini bergan sudga ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.
Alimentlarni undirish alimentlar to‘lash to‘g‘risidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvga asosan bo‘lsa, ariza ijro hujjati ish yurituvi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi o‘rinlarda Byuro deb ataladi) tuman (shahar) bo‘limi joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi.
11. Ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizada, qarzdor aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarish uchun to‘sqinlik qiluvchi obyektiv holatlarni ko‘rsatadi (boshqa mamlakatga tashrif buyurish to‘g‘risida taklifnoma, boshqa mamlakatda ishga tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruq va h.k.).
Arizaga Byuroning tuman (shahar) bo‘limi tomonidan berilgan aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, shuningdek, davlat ijrochisining oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash to‘g‘risidagi qarori ilova qilinishi shart.
Zarurat bo‘lganda, arizaga aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarish uchun to‘sqinlik qiluvchi obyektiv holatlar to‘g‘risidagi hujjatlar ilova qilinadi.
Ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan hollarda, arizaga qo‘shimcha ravishda baholash tashkilotining alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga undiruvchiga o‘tkazib berilishi lozim bo‘lgan mol-mulkni baholash xulosasi, shuningdek qarzdorning mazkur mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari ilova qilinadi.
12. Aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va davlat ijrochisining oldindan to‘lanadigan aliment summasini hisob-kitob qilish to‘g‘risidagi qarori, qarzdorning ijro ish yuritishni amalga oshirayotgan Byuroning tuman (shahar) bo‘limiga kiritgan arizasiga (shu jumladan, elektron pochta orqali kiritgan arizasiga) asosan beriladi.
Arizada qarzdor tomonidan alimentlarni oldindan to‘lamoqchi bo‘lgan davri ko‘rsatiladi. Arizaga avvalgi davrlar uchun to‘langan (ushlab qolingan) aliment summalari, shuningdek, oylik ish haqi va boshqa daromadlari, shu jumladan chet elda olingan daromadlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
13. Qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va davlat ijrochisining oldindan to‘lash belgilangan alimentlar miqdorini hisoblash to‘g‘risidagi qarorini berish to‘g‘risidagi ariza yetti ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Hujjatlarni qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda ariza o‘n besh ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Qarzdor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar haqqoniyligiga shubha tug‘ilganda va ularni boshqa tashkilotlarga so‘rovnoma yuborish orqali tekshirish zarur bo‘lganda, arizani ko‘rib chiqish muddati bir oy muddatga uzaytirilishi mumkin. Arizani ko‘rib chiqish muddatini uzaytirish Byuroning tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i tomonidan arizani ko‘rib chiqayotgan davlat ijrochisining asoslantirilgan bildirgisiga asosan amalga oshiriladi. Arizani ko‘rib chiqish muddati uzaytarilganligi to‘g‘risida arizachi xabardor qilinadi.
14. Oldindan to‘lash belgilangan alimentlar miqdorini hisoblash to‘g‘risidagi qaror ijro hujjati yurituvida bo‘lgan davlat ijrochisi tomonidan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 86-moddasiga muvofiq qabul qilinadi.
Bunda, oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash ushbu Nizomning 15 — 18-bandlarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab bir oy muddat davomida amal qiladi, bu haqda qarorda ko‘rsatiladi.
15. Oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblashda, kelgusi davrlar uchun to‘lanadigan alimentlar summasiga, to‘lov vaqtidagi har yilgi alimentlar summasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalash stavkasiga kapitalizatsiya koeffitsiyenti qo‘llaniladi.
Bunda, oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash, quyidagi formula bo‘yicha belgilanadi:
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
S — oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasi;
A — ushbu Nizom 16-bandida belgilanadigan tartibga muvofiq alimentlar to‘lovining har oylik miqdori;
k — ushbu Nizomning 17-bandiga muvofiq belgilanadigan koeffitsiyent;
MF — alimentlarni oldindan to‘lash davrining birinchi oyi (masalan, yanvar — 1, fevral — 2, mart — 3 va h.k.);
ML — alimentlarni oldindan to‘lash davrining oxirgi oyi (masalan, yanvar — 1, fevral — 2, mart — 3 va h.k.);
g — mazkur Nizomning 18-bandiga muvofiq belgilanadigan alimentlarni oldindan to‘lash davrining yillar soni.
Byuro tomonidan rasmiy veb-sayt orqali oldindan to‘lanadigan alimentlar miqdorini hisoblash imkonini beruvchi interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatiladi (maxsus kalkulyator).
16. Har oylik alimentlar summasini hisoblash quyidagi tartibda belgilanadi:
a) agar ijro hujjatida aliment pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilangan bo‘lsa — ijro hujjatida ko‘rsatilgan summa har oylik alimentlar summasi sifatida belgilanadi;
b) agar ijro hujjatida alimentlar qarzdorning oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan bo‘lsa — oylik aliment summasi qarzdorning oxirgi oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadi ulushidan, biroq hisoblash vaqtida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblab chiqiladi. Bunda, qarzdor ishsiz bo‘lsa yoki oylik ish haqi va boshqa daromadi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilinmagan taqdirda, tegishli ulush hisoblash vaqtida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Har oylik alimentlar summasini hisoblashda, alimentlar summasi har bir bola uchun alimentni hisoblash vaqtida qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 26,50 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
(16-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
17. Oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblashda qo‘llanadigan koeffitsiyent hisoblash vaqtidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalash stavkasini inobatga olgan holda quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
st — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank tomonidan belgilangan qayta moliyalash stavkasi.
18. Alimentlarni oldindan to‘lashda yillar soni, alimentlarning oldindan to‘lanadigan oxirgi oyi belgilangan yildan oldindan to‘lanadigan birinchi oyi belgilangan yilni ayirish orqali aniqlanadi (masalan, alimentlarni oldindan to‘lash muddati 2018-yil noyabr oyidan 2025-yil yanvar oyiga qadar bo‘lsa, yillar soni 2025 — 2018=7 tarzidagi formula asosida amalga oshiriladi).
19. Davlat ijrochisining oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash to‘g‘risidagi qarori va aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olganidan so‘ng, qarzdor sudga ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini alimentlarni oldindan to‘lashga o‘zgartirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.
20. Qarzdorning ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini alimentlarni oldindan to‘lashga o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizasi sud tomonidan qarorlarni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish bo‘yicha fuqarolik protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
21. Ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini alimentlarni oldindan to‘lashga o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirishni rad etish asoslari:
a) ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan, arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar mavjud emasligi yoki ularning ushbu Nizom talablariga muvofiq emasligi;
b) ushbu Nizomning 14-bandi uchinchi xatboshida nazarda tutilgan alimentlarni oldindan to‘lash belgilangan aliment summasi to‘lovining amal qilish muddati o‘tib ketganligi;
v) alimentlar bo‘yicha to‘lanmagan qarzdorlikning mavjudligi;
g) alimentlarni oldindan to‘lash voyaga yetmagan bolalarning qonuniy huquq va manfaatlari jiddiy buzilishiga yoxud ta’minot sharoiti yomonlashuviga olib kelishi mumkin deb hisoblash uchun asoslar mavjudligi;
d) alimentlarni umumiy tartibda to‘lashga to‘sqinlik qiladigan obyektiv holatlarning mavjud emasligi;
e) qarzdor alimentlarni oldindan to‘lash imkoniyatidan, aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki umumiy tartibda to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment summasini kam to‘lash maqsadida foydalanayotgan deb hisoblash uchun asoslarning mavjudligi;
j) qonunchilikda belgilangan boshqa asoslar mavjudligi.
22. Arizani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha alimentlarni oldindan to‘lash yo‘li bilan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizani rad etish yoki qanoatlantirish to‘g‘risida ajrim qabul qilinadi.
Alimentlarni oldindan to‘lash yo‘li bilan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
oldindan to‘lanadigan aliment summasi;
oldindan to‘lanadigan alimentlar davri, ushbu davrning boshlanish va yakunlanishi oyi va yili;
alimentlar summasi to‘liq to‘lanishi lozim bo‘lgan muddat.
Agar qarzdor o‘z arizasida alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga undiruvchiga mol-mulk berish orqali ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirishni so‘ragan bo‘lsa, ajrimda shuningdek quyidagilar ko‘rsatiladi:
mol-mulkning nomi, joylashgan joyi, qiymati va mazkur mol-mulkni aniqlash imkonini beradigan boshqa ma’lumotlar;
mol-mulkni undiruvchiga o‘tkazib berilishi lozim bo‘lgan muddat.
23. Davlat ijrochisi ijro ishi yuritishida bo‘lgan ijro hujjati bo‘yicha qabul qilingan ajrimga, ijro hujjati berish talab etilmaydi.
24. Davlat ijrochisi alimentlarni muayyan davr uchun oldindan to‘lash yo‘li bilan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ajrimni qabul qilib olganda, shuningdek, mazkur ajrimda ko‘rsatilgan alimentlar summasi to‘liq to‘langandan so‘ng, qarzdor va uning mol-mulkiga belgilangan barcha cheklovlarni, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni bekor qiladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash uchun undiruvchiga muayyan mol-mulkni o‘tkazib berish yo‘li bilan qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish faqat mol-mulkni topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga asosan, shuningdek:
ko‘chmas mulkni o‘tkazishda — mulkka bo‘lgan egalik huquqi undiruvchi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasiga;
avtotransport vositasi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi (hisobga turishi) lozim bo‘lgan boshqa mulklarni o‘tkazishda — avtotransport vositasi yoki boshqa mulkni undiruvchi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tganligi (hisobga turganligi) to‘g‘risidagi hujjat nusxasiga;
qimmatli qog‘ozlar o‘tkazishda — qimmatli qog‘ozlar undiruvchi nomiga ro‘yxatdan (hisobiga) o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatga asosan amalga oshiriladi.
Agar qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash sud hujjatiga asosan qo‘yilgan bo‘lsa, cheklashni bekor qilish sud tomonidan amalga oshiriladi.
25. Alimentlarni oldindan to‘lash bolalar voyaga yetgunga qadar amalga oshirilgan taqdirda, mazkur ijro hujjati bo‘yicha ijro ishini yuritish tamomlanmaydi.
Mazkur holatda alimentlar oldindan to‘langan davr mobaynida ijro hujjati bo‘yicha majburiy ijro harakatlari amalga oshirilmaydi.
Alimentlar oldindan to‘langan davr yakunlanganda, shuningdek, sudning ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibi bekor bo‘lganda majburiy ijro choralari umumiy tartibda amalga oshiriladi.
Agar oldindan to‘lanishi lozim bo‘lgan alimentlar summasi sudning ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibi o‘zgartirish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatilgan muddatda to‘liq to‘lanmagan taqdirda majburiy ijro choralari umumiy tartibda amalga oshiriladi.
26. Agar qarzdorning ish haqi yoki boshqa daromadi oldindan to‘langan alimentlar summasiga nisbatan ko‘proq miqdorda to‘lash imkonini bersa, undiruvchi alimentlar oldindan to‘langan davr yakunlangunga qadar qarzdor uchun aliment majburiyatlarining umumiy tartibini belgilash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Mazkur ariza sud tomonidan sud qarorlarini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Aliment majburiyatlarini umumiy tartibda belgilash to‘g‘risidagi ariza qanoatlantirilganda, oldindan to‘langan aliment to‘lovlari qaytarilmaydi, umumiy tartibda to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment hisobiga o‘tkaziladi. Bunda davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro choralari umumiy tartibda qo‘llaniladi.
3-bob. Alimentlarni to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash tartibi
27. Alimentlarni to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash yo‘li bilan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza qarzdor tomonidan ijro hujjatini bergan sudga taqdim qilinadi.
Agar aliment undiruvi notarial tasdiqlangan kelishuv bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, ariza ijro ish yuritishni amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limi joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga beriladi.
28. Ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizada qarzdor aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarish uchun to‘sqinlik qiladigan obyektiv holatlarni ko‘rsatadi (boshqa mamlakatga tashrif buyurish to‘g‘risida taklifnoma, boshqa mamlakatda ishga tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruq va h.k.).
Arizaga mazkur Nizom talablariga rioya qilgan holda tuzilgan garov shartnomasi, shuningdek, Byuro tomonidan aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ilova qilinishi shart.
Zarurat bo‘lganda, arizaga qarzdor aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarishi uchun to‘sqinlik qiladigan obyektiv holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
29. Garov shartnomasi qarzdor va undiruvchi o‘rtasida aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash va aliment majburiyatlari ikki oydan ortiq muddat davomida bajarilmagan taqdirda undiruvchiga undiruvni garov predmetiga qaratish huquqini berish uchun tuziladi.
Bunda, garov shartnomasida qarzdorning (garovga qo‘yuvchining) amalga oshirgan aliment to‘lovlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda har oyda davlat ijrochisini xabardor qilish majburiyati ko‘rsatilishi shart.
Garov shartnomasi ushbu Nizomdagi ilovada keltirilgan namunaviy shaklga muvofiq tuziladi.
30. Har qanday mol-mulk, shu jumladan ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov predmeti bo‘lishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaxsi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan talablar, xususan, hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablar, alimentlar to‘g‘risidagi talablar hamda boshqa shaxsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 52-moddasiga asosan undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk garov predmeti bo‘la olmaydi.
31. Aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash to‘g‘risidagi garov shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanadi.
Garov huquqi shartnoma notarial tasdiqlangan paytdan boshlab, majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lsa — ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Agar garov predmeti qonun bo‘yicha yoki shartnomaga muvofiq garovga qo‘yuvchida saqlanishi lozim bo‘lsa, garov huquqi garov predmeti topshirilgan paytda vujudga keladi, agar topshirish shartnoma tuzishdan oldin amalga oshirilgan bo‘lsa — notarial tasdiqlangan (ro‘yxatdan o‘tkazilgan) paytdan boshlab vujudga keladi.
32. Aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlashda garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.
(32-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-noyabrdagi PF-196-sonli “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni.
Garov predmeti qiymati taraflar kelishuviga binoan aniqlanadi.
Taraflar kelishuviga asosan garov predmeti qiymatini baholash tegishli baholash tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
33. Aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garovga qo‘yilgan mol-mulkning, qayta garovga qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, mazkur masala garov shartnomasida aks ettiriladi.
34. Aliment to‘lovlaridan qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun qarzdor ijro ishi yuritishni amalga oshirayotgan Byuroning tuman (shahar) bo‘limiga ariza bilan (shu jumladan, elektron pochta orqali) murojaat qiladi.
Arizaga avvalgi davrlar uchun to‘langan (ushlab qolingan) aliment miqdorlari, shuningdek, oylik ish haqi va boshqa daromadlarni, shu jumladan chet elda olingan daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
35. Qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani berish to‘g‘risidagi ariza mazkur Nizomning 13-bandida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
36. Qarzdorning ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlashga o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizasi sud tomonidan qarorlarni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish bo‘yicha fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 19-bobi.
37. Ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlashga o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirishni rad etish asoslari quyidagilar hisoblanadi:
a) mazkur Nizomning 28-bandidagi arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarning yo‘qligi yoki ularning mazkur Nizom talablariga muvofiq emasligi;
b) aliment to‘lovlari bo‘yicha to‘lanmagan qarzdorlikning mavjudligi;
v) aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash voyaga yetmagan bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlari jiddiy buzilishiga yoxud ularning ta’minot sharoitlari yomonlashuviga olib kelishi mumkin deb hisoblash uchun asoslarning mavjudligi;
g) umumiy tartibda aliment to‘lashga to‘sqinlik qiladigan obyektiv holatlarning mavjud emasligi;
d) qarzdor aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash imkoniyatidan aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki umumiy tartibda to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment summasini kam to‘lash maqsadida foydalanayapti deb hisoblash uchun asoslar mavjudligi;
e) qonunchilikda belgilangan boshqa asoslarning mavjudligi.
38. Aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash bo‘yicha ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan uni rad etish yoki qanoatlantirish to‘g‘risida ajrim qabul qilinadi.
Aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash bo‘yicha ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlashga ruxsat berish, shuningdek aliment majburiyatlari ikki oydan ortiq muddat davomida bajarilmagan taqdirda garov predmetiga qaratish talabi;
garov tariqasida topshirilayotgan mol-mulkning nomi, alohida xususiyatlari, soni va qiymati, joylashgan joyi;
garov shartnomasida qarzdorning amalga oshirilgan aliment to‘lovlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda har oyda davlat ijrochisini xabardor qilish majburiyati;
aliment majburiyatlarini bajarishning boshqa shartlari.
39. Davlat ijrochisi ijro ishi yuritishida bo‘lgan ijro hujjati bo‘yicha qabul qilingan ajrimga ijro hujjati berish talab etilmaydi.
40. Davlat ijrochisi ijro hujjati ijrosi usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ajrimni olgandan so‘ng, qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan barcha cheklovlarni, shu jumladan qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni bekor qiladi.
41. Ijro hujjati ijrosi usuli va tartibini aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov bilan o‘zgartirish to‘g‘risidagi sudning ajrimiga asosan qarzdorga aliment to‘lovlarini ixtiyoriy to‘lash imkoniyati berilib, majburiy ijro choralari qo‘llanilmaydi.
42. Qarzdor tomonidan ketma-ket ikki oy davomida aliment to‘lovlari to‘lanmagan taqdirda, davlat ijrochisi undiruvni garov predmetiga qaratish choralarini ko‘radi. Shuningdek, aliment to‘lovlarini to‘liq to‘lamaslik ham to‘lanmagan aliment hisoblanadi.
Garov predmetini sotuvga chiqarishning boshlang‘ich bahosi ijro hujjati ijro usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi sudning ajrimida ko‘rsatilgan qiymat bilan belgilanadi.
43. Sudning ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibi o‘zgartirish to‘g‘risidagi ajrimi bekor qilingan taqdirda keyingi majburiy ijro choralari umumiy tartibda amalga oshiriladi.
Bunda garov shartnomasi taraflar kelishuvi yoki qonunchilikda belgilangan asoslarga ko‘ra sud qaroriga asosan tugatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonuni.
44. Undiruvni garov predmetiga qaratish natijasida kelib tushgan mablag‘lar, Byuroning tegishli tuman (shahar) bo‘limi depozit hisobraqamiga o‘tkaziladi, mazkur mablag‘ hisobidan oyma-oy aliment to‘lovlari amalga oshiriladi.
Farzandlar voyaga yetguniga qadar to‘langan aliment to‘lovlaridan ortgan qismi qarzdorga qaytariladi.
45. Garov predmeti sotilmaganda va garovga oluvchi qarz hisobiga garov predmetini o‘ziga olishni rad etganda garov shartnomasi tugatiladi.
Bunda davlat ijrochisi aliment bo‘yicha qarzdorlikni qarzdorga tegishli boshqa mol-mulki hisobidan undirish choralarini ko‘radi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
46. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 474-moddasi.
Alimentni oldindan to‘lash, shuningdek aliment to‘lovi majburiyatlarini ta’minlash uchun garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ILOVA
Garov predmetini garovga oluvchida qoldirgan holdagi garov to‘g‘risida
________________________________________________________________ Garovga qo‘yuvchi va Garovga
oluvchi __________________________________________________________________________________________
ikkinchi tomondan, ushbu shartnomani quyidagilar to‘g‘risida tuzdilar:
UMUMIY QOIDALAR
1. Garovga qo‘yuvchi garov sifatida Garovga oluvchiga garov sifatida:
______________________________________________________________________________________________________________________________________ (nomi, shaxsiy belgilari, soni va _____________________________________________________________________________________________________________________________________ garov sifatida berilayotgan transport vositalari va mahsulotlar narxi. ______________________________________________________________________________________________________________________________________ Agar ilovasi bo‘lsa ko‘rsatiladi.)
2. Garov predmeti Garovga qo‘yuvchining aliment to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlari bilan ta’minlanib ________________________________________________________________________________________________
(talab qilinadigan summa son va so‘zlarda yoziladi,
________________________________________________________________________________________________ garov bilan ta’minlangan)
4. Garov bilan ta’minlangan majburiyatlarning amal qilishi aliment pullari ikki oy davomida to‘lanmaganda, jumladan belgilangan tartibda aliment to‘lovlari to‘g‘risida davlat ijrochisi xabardor qilinmaganda tugaydi.
5. O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq garovning qonuniy topshirilishiga Garovga qo‘yuvchi javobgar hisoblanadi.
TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
6. Garovga qo‘yuvchi quyidagilarga majbur: a) garovga qo‘yilgan mol-mulkning yo‘qolishidan, yengib bo‘lmas kuch oqibatida yuz bergan xavf yoki ofat sababli yetishmasligi yoki shikastlanishidan, garovga qo‘yuvchining davlat organlari tomonidan xo‘jalik faoliyatini tugatish yoki to‘xtatish to‘g‘risidagi hujjatlar qabul qilinishidan yoki noqulay ta’sir qiluvchi (garov predmeti musodara qilinishi, garov predmeti rekvizitsiyasi)dan, shuningdek, bankrot deb hisoblash yoxud o‘zini to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilishdan garov predmetining to‘la qiymati bo‘yicha o‘z hisobidan sug‘urtalash; g) garov predmetini boshqa garov uchun o‘tkazmaslik; d) har oylik aliment to‘lovlari to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda davlat ijrochisini xabardor qilish; e) garov predmetini saqlash uchun zarur choralar ko‘rish; j) agar garov predmeti Garovga oluvchining aybi bo‘lmagani holda yo‘qolgan bo‘lsa, Garovga oluvchining roziligi bilan garov predmetini qiymati teng boshqa mol-mulkka almashtirish. 7. Garovga predmetining huquqlari: a) garov narsasi bilan ta’minlangan majburiyatlarini muddatidan oldin bajarish; b) garov majburiyatlari bo‘yicha u realizatsiya qilingunga qadar istalgan vaqtda sud qarori yoki notariusning ijro xatiga asosan garov predmetiga qaratilgan undiruvni tugatish. 8. Garovga oluvchining huquqlari: a) garov bilan ta’minlangan majburiyatlar muddatida bajarilmaganda garov predmetiga undiruvni qaratish; b) Garovga qo‘yuvchi ushbu shartnoma 6-bandining, “d”, “e” va “j” - kichik bandlarida ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarma olmagan taqdirda, muddatidan oldin garov predmetini undiruvga qaratish; v) garov predmeti hisobidan o‘z talablarini to‘la qanoatlantirish; g) Garovga qo‘yuvchining garov bilan ta’minlangan barcha majburiyatlari bo‘yicha boshlanishidan ijro bo‘lguniga qadar garovni saqlash; d) O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq undiruv qaratilgan garov predmetini realizatsiya qilish; e) garov predmeti realizatsiyasi orqali topshirilgan pullar bo‘yicha aliment to‘lovlarini qabul qilish; j) garov predmeti realizatsiyasi orqali topshirilgan pul miqdori uning talablarini to‘liq qondirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, yetmagan pul miqdorini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Garovga qo‘yuvchidan undirish; z) garov predmetini uning miqdori, holati va saqlash sharoitlarini hujjatlar orqali tekshirish; i) Garovga qo‘yuvchidan garov predmetini saqlash uchun zarur choralar ko‘rishni talab qilish; k) Garov predmeti yo‘qolishi yoki shikastlanishini xavfini bartaraf etishni talab qilish; l) agar garov predmeti garovga oluvchining aybi bo‘lmagani holda yo‘qolgan va garovga qo‘yuvchi uni tiklamagan yoki garovga oluvchining roziligi bilan qiymati teng boshqa mol-mulkka almashtirmagan bo‘lsa, garovga oluvchi garov bilan ta’minlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini talab qilish. 9. Ushbu shartnomadagi tomonlarning boshqa huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadi. 10. Ushbu shartnoma bilan tartibga solinmagan qoidalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonuni tatbiq etiladi.
TOMONLARNING MANZILI VA REKVIZITLARI
Garovga oluvchi:
Garovga qo‘yuvchi:
___________________________________
___________________________________
(Garovga oluvchining F.I.O.)
(Garovga qo‘yuvchining F.I.O.)
___________________________________
___________________________________
manzili _______________________________ _______________________________ _______________________________ __________________________________ (imzosi)
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.10.2018-y., 09/18/808/2015-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)