Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
RESPUBLIKADA TADBIRKORLIK FAOLIYATINI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq va bozor infrastrukturasini jadal shakllantirish, davlatga qarashli bo‘lmagan korxonalarni va fuqarolarni xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga faol jalb etish, respublika bozorini iste’mol mollari bilan to‘ldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlari tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishini, eng avvalo, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish sohasida, har tomonlama rag‘batlantirsinlar, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, kichik korxonalar tuzilishiga amaliy yordam ko‘rsatsinlar, O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasi va uning tashkilotlariga o‘z ustav vazifalarini bajarishda ko‘maklashsinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (o‘rtoq Boqiboyev) 1992-yil 28-fevralgacha tegishli bankka tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasining hisob-kitob schyotiga Vazirlar Mahkamasining rezerv fondidan 2 mln. so‘m o‘tkazsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tadbirkorlar uyushmasi tomonidan kiritilgan O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, mulkchilik, shaklidan qat’i nazar, kichik korxonalar, ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etish bo‘yicha moliyaviy tadbirlarni ta’minlash uchun mahalliy budjetlardan ajratiladigan mablag‘lar, davlat, jamoat korxonalari va boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning ixtiyoriy badallari hisobidan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mintaqa jamg‘armalari tashkil etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 27-iyundagi 276-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 12-son, 83-modda)
4. Tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning boshqa suveren davlatlarga va chet elga yetkazib berilishi bilan bog‘liq tovar ayirboshlash (barter) operatsiyalarini amalga oshirishda talab katta bo‘lgan, vatanimizda ishlab chiqarilgan za import mahsulotlarni muqobil xarid qilishda va ular bilan respublika bozorini to‘ldirishda tadbirkorlarning faol ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
a) O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 7-martdagi 97-son qarori (17-band “v” kichik bandining 2-xatboshi)ning, 1989-yil 10-maydagi 162-son qarori (8-bandining “g” kichik bandi va “d” kichik bandining 4-xatboshi)ning, 1990-yil 15-yanvardagi 33-son qarori (1-ilovaning 26-bandi)ning xalq iste’moli mollarini import qilishni cheklash to‘g‘risidagi qismining amal qilishi 1992-1993-yillarda to‘xtatib qo‘yilsin;
b) bir hafta muddat ichida:
O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (o‘rtoq Sultonov) tashqi iqtisodiy tovar ayirboshlash (barter) operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha cheklashlarni olib tashlashga doir takliflarni taqdim etsinlar;
O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi (o‘rtoq Jo‘rayev) xalq iste’moli mollarini respublikaga import qilish bo‘yicha boj imtiyozlarini belgilash yuzasidan takliflar kiritsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Savdo vazirligi (o‘rtoq Usmonov), O‘zbekbirlashuv (o‘rtoq Volkov), mahalliy boshqaruv organlari Tadbirkorlar uyushmasi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan va barter bo‘yicha xarid qilingan xalq iste’moli mollarini shartnoma narxlarida sotish uchun ularga savdo binolarini ijaraga (paychilarning roziligi bilan matlubot kooperatsiyasi tizimida) bersinlar.
O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga uning korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan xalq iste’moli mollarini, odatdagicha, respublika aholisiga sotish, bunda savdo tashkilotlari bilan o‘zaro foydali shartnomalar tuzish tavsiya qilinsin.
6. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi:
1992-yildan boshlab O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga qiruvchi korxonalarda kelishilgan hajmlarda va ro‘yxat bo‘yicha majburiy yetkazib beriladigan mahsulotlar (ishlar va xizmatlarni joylashtirishni nazarda tutsin. Tadbirkorlar uyushmasi har yili belgilangan muddatlarda o‘z takliflarini kiritsin;
Moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasi (o‘rtoq Sharipov), “O‘zboshyengilta’minotsotish” (o‘rtoq Gataulin), “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” (o‘rtoq Husanov), O‘zbekiston Respublikasi Neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat qo‘mitasi (o‘rtoq Muminov) bilan birgalikda ro‘yxat bo‘yicha birkitilgan korxonalarga, Tadbirkorlar uyushmasi a’zolariga belgilangan majburiy mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika resurslarini belgilangan tartibda ajratishni nazarda tutsin.
7. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining quyidagi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
“Kooperativlar faoliyatini tartibga solishga doir takliflarni ishlab chiquvchi Respublika komissiyasining nomini o‘zgartirish va O‘zbekiston SSRni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirishda uning hissasini oshirish to‘g‘risida” 1989-yil 27-sentabrdagi 315-son qaror;
“Kooperativlar faoliyatini va mehnatni tashkil etishning yakka tartibdagi shakllarini tartibga solishga doir takliflarni ishlab chiquvchi Respublika komissiyasi sostaviga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” 1990-yil 24-yanvardagi 51-son qaror;
“Kooperativlar va mehnatni tashkil qilishning yakka tartibdagi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish hamda respublikaning suveren huquqlarini, o‘zini o‘zi boshqarishni va o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlashni kengaytirish asosida iqtisodiy islohotni amalga oshirish yuzasidan respublika komissiyalarining vakolatlarini kengaytirish to‘g‘risida” 1990-yil 16-martdagi 140-son qaror.
8. Adliya vazirligi (o‘rtoq Malikov) Tadbirkorlar uyushmasi, O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi (o‘rtoq Sultonov), O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (o‘rtoq Boqiboyev), Davlat banki (o‘rtoq Mullajonov) va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 10 kun muddat ichida o‘z kuchini yo‘qotgan normalarni bekor qilish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishning huquqiy asoslarini ta’minlash uchun soliq solish, bank va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida respublika qonunchiligi va Hukumat qarorlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Umumiqtisodiyot kompleksi (o‘rtoq Hamidov) 5 kun muddat ichida ushbu takliflarni ko‘rib chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga kiritsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlari, manfaatdor vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar:
tadbirkorlik faoliyatiga asoslangan ishlab chiqarish kooperativlari, korxonalarning buyurtmalari bo‘yicha mehnat daftarchalari va ular uchun suqma varaqlar tayyorlashni ta’minlasinlar;
mehnat daftarchalari yuritishni amalga oshiruvchi davlatga qarashli bo‘lmagan korxonalar xodimlariga zarur bo‘ladigan amaldagi qonunchilik materiallarini yetkazsinlar;
davlatga qarashli bo‘lmagan korxonalar tomonidan mehnat daftarchalari va ular uchun suqma varaqlarni hisobga olish, saqlash, berish va to‘ldirishning belgilangan qoidalariga rioya etilishi yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rsinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi XXYuK direksiyasi (o‘rtoq Lukovskiy) Tadbirkorlar uyushmasiga ko‘rgazmalar, yarmarkalar, birja savdolari va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun pavilonlardan birini imtiyozli shartlar bo‘yicha ijaraga bersin.
11. Toshkent shahar hokimligi (o‘rtoq Fozilbekov) bir oy muddat ichida O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga uning tarkibiy bo‘linmalarini joylashtirish uchun 3000 kv metr maydonli binolar ajratilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekistonning Moskva shahridagi doimiy vakolatxonasi (o‘rtoq Saidov) O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasining vakolatxonasini joylashtirish uchun tegishli binoni aniqlasin va Uyushmaga ijaraga bersin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi (o‘rtoq Rahimov) O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasi va uning tarkibiy bo‘linmalarini belgilangan tartibda zarur telefon, teleks va faksimil aloqa bilan ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (o‘rtoq Abdullayev), Xalq ta’limi vazirligi (o‘rtoq Yo‘ldoshev) tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etishda O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasiga ko‘maklashsinlar.
O‘zbekiston Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi (o‘rtoq Xayitboyev) teleradioeshittirishlar dasturlarida tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitishga bag‘ishlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar, o‘quv dasturlarini nazarda tutsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi, Aloqa vazirligi Tadbirkorlar uyushmasiga belgilangan tartibda noshirlik huquqi bergan holda Uyushmaning davriy nashrlarini, tadbirkorlik faoliyatini targ‘ib etish, reklama qilish va rivojlantirish bilan bog‘liq bosma mahsulotlarini chiqarish va tarqatish uchun zarur matbaachilik quvvatlari ajratilishini ta’minlasinlar.
O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi 1992-yildan boshlab O‘zbekiston Tadbirkorlar uyushmasining buyurtmasiga muvofiq (ro‘znoma va kitobbop) qog‘ozga fondlar ajratilishini nazarda tutsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 26-fevral,
85-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 26-fevraldagi 85-son qaroriga
1-ILOVA
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TADBIRKORLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLASh JAMG‘ARMASI TO‘G‘RISIDA
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Bundan keyin Jamg‘arma deb ataladigan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi xususiylashtirish jarayonlariga ko‘maklashish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tovar bozorlarini rivojlantirish, Tadbirkorlarga amaliy, moddiy va moliyaviy yordam berish, O‘zbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida tuziladi.
2. Jamg‘arma O‘zbekiston tadbirkorlari Uyushmasi huzurida kafolot jamg‘armasi sifatida tuziladi. O‘zbekiston tadbirkorlari Uyushmasi Jamg‘arma majburiyatlari bo‘yicha javob beradi. Jamg‘arma mulk va vositalarga O‘zbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va ta’sis etuvchilar Kengashi tomonidan belgilangan doirada egalik qiladi.
3. Jamg‘arma o‘zining alohida balansiga ega bo‘lib, tadbirkorlar Uyushmasi va boshqa ta’sis etuvchilar bilan birga o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida boshqa korxonalar va tashkilotlar bilan, ularning mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, huquqiy munosabatlarda bo‘ladi.
4. Jamg‘armaning manzilgohi: Toshkent shahri.
II. Jamg‘armaning maqsadi va vazifalari
5. Jamg‘armaning asosiy maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:
respublikada tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda, kichik, ijara va qo‘shma korxonalar, kooperativlar, ayrim fuqarolarning istiqbolli, ustuvor faoliyat turlarini yaratishga qaratilgan ishlariga amaliy, moddiy va moliyaviy yordam berish;
O‘zbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va uning hududiy tuzilmalarining ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlari uchun imtiyozli kreditlar berish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
tashkil etilayotgan tadbirkorlik tuzilmalarini axborot, moddiy-texnika, moliyaviy, huquqiy jihatdan ta’minlash, respublika iqtisodiyotining turli sohalari va tarmoqlarida tadbirkorlik faoliyatini umumlashtirish va ilg‘or tajribani, uning usul va turlarini keng yoyish;
Jamg‘arma ta’sischilarining, aksioner-a’zolarining hamda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa korxonalar va tashkilotlarning bo‘sh turgan pul mablag‘lari va moddiy resurslarini ixtiyoriy va shartnoma asosida safarbar qilish, tavakkalchilik kreditini sug‘urta qilish;
Jamg‘arma mablag‘laridan faol foydalanishga yordam beruvchi kredit berish, lizing operatsiyalari va ijaraning turli shakllarini amalga oshirishni ta’minlash;
Jamg‘armaning pul mablag‘lari aylanishini jadallashtirishni ta’minlash.
6. Ushbu maqsad va vazifalarning bajarilishiga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda Jamg‘arma quyidagi huquqlarga ega:
o‘z huquqlari doirasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan mustaqil ravishda yuridik aktlar tuzish;
aksiyalar va boshqa qimmatdor qog‘ozlarni chiqarish va berish;
qimmatdor qog‘ozlar operatsiyasini o‘tkazish;
faol operatsiyalar o‘tkazayotganda qo‘shimcha xizmatlar uchun mustaqil ravishda foiz stavkalari va to‘lovlar miqdorini belgilash;
korxonalardan, kooperativlardan hamda Jamg‘arma tomonidan kredit beriladigan va xizmat ko‘rsatiladigan Jamg‘armaning boshqa a’zolaridan, amaldagi tartibga muvofiq, buxgalteriya hisoblari, balanslari va boshqa hujjatlarni olish va Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishni nazorat qilish maqsadida tekshirish o‘tkazish;
yangi korxonalar ta’sis etish.
III. Jamg‘armaning ta’sischilari
7. O‘zbekiston tadbirkorlari Uyushmasi va uning xo‘jalik hisobidagi tuzilmalari, birjalar, banklar, har qanday korxonalar, tashkilotlar, aksionerlik jamiyatlari va uyushmalari, shuningdek, xohlovchi fuqarolar, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar, jamoat tashkilotlari va jamg‘armalar Jamg‘armaning ta’sischilari va qatnashchilari hisoblanadilar.
IV. Jamg‘armani boshqarish
8. Jamg‘arma ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi Jamg‘armaning yuqori organi hisoblanadi.
9. Jamg‘arma direksiyasi Jamg‘armaning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
10. Jamg‘arma direktori Jamg‘arma ta’sischilari umumiy yig‘ilishining qarori bilan tayinlanadi.
11. Ta’sischilar umumiy yig‘ilishining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
Jamg‘armaning nizomi (ustavi)ni qabul qilish va o‘zgartirish;
Jamg‘arma faoliyatining yillik natijalarini, foydani taqsimlash tartibini tasdiqlash, zararlarni qoplash tartibini belgilash;
Jamg‘armaning aybdor mansabdor shaxslarini mulkiy javobgarlikka tortish haqida qarorlar chiqarish;
Jamg‘arma faoliyatining qoidalarini tasdiqlash;
o‘z aksiyalarini chiqarish haqidagi masalani hal etish;
Jamg‘armani tugatish haqida qaror qabul qilish.
12. Moliya va xo‘jalik faoliyatini nazorat qilib borish tadbirkorlar Uyushmasi — Jamg‘armaning kafolatchisi va boshqa davlat organlari tomonidan qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Joriy rahbarlik Jamg‘arma direktori va direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Jamg‘arma direktori ishonchnomasiz Jamg‘arma nomidan ish yuritadi, boshqa yuridik shaxslar bilan munosabatda uning nomidan vakillik qiladi.
15. Direktor Jamg‘armaning faoliyati uchun to‘liq javob beradi, o‘z huquqlari doirasida buyruqlar chiqaradi, mehnat qonunchiligiga muvofiq xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi, belgilangan tartibda Jamg‘arma mablag‘larini ishlatadi.
16. Jamg‘arma direktorining o‘rinbosarlari va bosh buxgalter lavozimga shartnoma bo‘yicha yollanadilar va Jamg‘arma direktori tomonidan lavozimidan ozod etiladilar.
V. Jamg‘armaning Ustav kapitali
17. Jamg‘armaning Ustav kapitali ta’sis badallari (omonatlari) hisobiga shakllantiriladi va 5 mln. so‘mga teng bo‘ladi.
VI. Jamg‘armaning mulki
18. Ta’sischilarning va jamg‘arma qatnashchilarining asosiy mablag‘lari va pul omonatlari Jamg‘armaning mulki hisoblanadi.
19. Quyidagilar Jamg‘arma moliyaviy mablag‘larining manbalaridir:
Jamg‘arma ta’sischilari va qatnashchilarining pul badallari;
qimmatdor qog‘ozlarni sotishdan tushgan daromadlar;
korxonalar, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning qaytarilmaydigan badallari;
Jamg‘arma faoliyatidan tushgan daromad;
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
VII. Foydani taqsimlash
20. Jamg‘armaning xo‘jalik, tijorat faoliyatidan tushgan foyda (daromad), qimmatdor qog‘ozlarni sotishdan tushgan daromadlarning 40 foizi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan keyin ta’sischilarga taqsimlanadi va 60 foizi jamg‘armani to‘ldirishga yo‘naltiriladi. Reinvestiratsiyalash vaqtida imtiyozlar umumiy yig‘ilish tomonidan belgilanadi.
VIII. Jamg‘armani ro‘yxatga olish
21. Jamg‘armani ro‘yxatga olish Jamg‘armaning joylashgan o‘rnida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
IX. Jamg‘arma faoliyatini to‘xtatish
22. Jamg‘armaning faoliyati Jamg‘arma umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra yoki qonunchilikda belgilangan hollarda to‘xtatiladi.
23. Tugatilgan Jamg‘armaning mulki, xodimlarning ish haqi hisob-kitob qilingandan keyin, Jamg‘arma ta’sischilari o‘rtasida ularning qo‘shgan ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlash uchun yo‘naltiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 27-iyundagi 276-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 14-fevraldagi 55-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)