Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-dekabrdagi 589-son qarori bilan tasdiqlangan Yosh avlodni sogʻlomlashtirish toʻgʻrisidagi dasturiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasida, har bir viloyatda va Toshkent shahrida koʻchma ijtimoiy-tibbiy yordamni tashkil etish uchun jamgʻarma mablagʻlari hisobidan “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlariga hamda tibbiy-ijtimoiy markazga 15 ta ixtisoslashtirilgan avtoambulanslar ajratish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ijtimoiy taʼminot vazirligi va “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi tibbiy-ijtimoiy yordam koʻchma brigadalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlasinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tibbiy-ijtimoiy patronaj boʻyicha davlat va jamoat tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va kuchaytirish uchun joylarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining oʻrinbosarlari raisligida komissiyalar tuzsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Ijtimoiy taʼminot vazirligi, “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi bilan birgalikda tibbiy-ijtimoiy patronaj xodimlarini tayyorlashni tashkil etsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bir oid muddatda Ishchilar kasabalari va xizmatchilar lavozimlari respublika klassifikatoriga yangi “tibbiy-ijtimoiy xodim” ixtisosini belgilangan tartibda kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S. S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 22-fevral,
71-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
22-fevraldagi 71-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Tibbiy-ijtimoiy patronaj, ayniqsa qishloq joylarida har bir oilani oʻrganishning ijtimoiy, demografik, iqtisodiy va tibbiy jihatlarini oʻz ichiga oluvchi ijtimoiy sohada faoliyat koʻrsatadigan turli idoralar, tashkilotlar va muassasalarning sayʼ-harakatlarini birlashtiradi.
2. Tibbiy-ijtimoiy patronaj oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasida yashaydigan xalqlarning asriy anʼanalariga, mamlakatimiz hamda jahon ilm-yutuqlariga asoslanadi va Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkazilayotgan samarali ijtimoiy siyosiy prinsiplarini har bir oilaga yetkazishga daʼvat etilgan.
3. Tibbiy-ijtimoiy patronaj oʻz funksiyalariga koʻra har bir oilaning tibbiy-ijtimoiy ahvolini doimiy va rejali oʻrganib borishni (monitoringni) amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Tibbiy-ijtimoiy patronaj ishlari brigada tamoyili boʻyicha amalga oshiriladi.
Brigada tarkibiga sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi organlari, Qizil Yarim oy jamiyati, “Sogʻlom avlod uchun”, “Mahalla” fondlari va boshqa nodavlat va notijorat tashkilotlari vakillari kiradi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Ayniqsa qishloq joylarda oilalar, shaxslar guruhlari va alohida shaxslarning tibbiy-ijtimoiy yordamga ehtiyoji qondirilishini doimiy va rejali oʻrganish koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari maqsadlariga muvofiq ularga quyidagi vazifalar yuklanadi:
turmush sharoitlarini baholash va tibbiy-ijtimoiy muammolarni aniqlash;
fertil yoshdagi ayollarni va bolalarni tibbiy koʻriklardan muntazam oʻtkazish;
ayniqsa qishloq joylarda yashaydigan kam taʼminlangan oilalarga tibbiy-ijtimoiy va muruvvat yordami koʻrsatish;
sogʻlom oilani shakllantirish, sogʻlom bolalar tugʻilishi va ularni tarbiyalash masalalari boʻyicha tushuntirish ishlari olib borish.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tibbiy-ijtimoiy patronaj ishlari quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:
“Sogʻlom avlod uchun” fondining tibbiy-ijtimoiy markazi;
“Sogʻlom avlod uchun” fondining hududiy koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi;
sogʻliqni saqlash birinchi boʻgʻin patronaj tibbiy hamshiralari va akusherkalari;
Qizil Yarim oy Jamiyati hamshiralari.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tibbiy-ijtimoiy patronaj boʻyicha faoliyatni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari raisligida tibbiy-patronaj boʻyicha komissiyalar boshqaradilar.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
Tibbiy-ijtimoiy patronaj boʻyicha komissiyalar, tekshirishlar natijalarini hisobga olgan holda, oilalar ahvolini yaxshilash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqishadi va qabul qilishadi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tibbiy-ijtimoiy patronaj xodimlarining vazifalari, hisobot va ularning faoliyatini nazorat qilish tizimi belgilangan tartibda Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Sogʻlom avlod uchun” fondi tomonidan tasdiqlanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Har bir koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasining tarkibi quyidagilardan iborat boʻladi:
a) 6,5 nafardan iborat boʻlgan tibbiyot xodimlari, ulardan:
4 nafar — vrach-mutaxassislar;
2 nafar — oʻrta tibbiyot xodimi;
0,5 nafar — kichik tibbiyot xodimi;
b) 1,5 shtat birligidan iborat boʻlgan yordamchi xodimlar, ulardan:
1 nafar — haydovchi;
0,5 nafar — buxgalter.
11. Har bir koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasida vrachdan bittasiga koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasiga mudirlik qilish yuklanadi.
12. Tibbiy-ijtimoiy patronajni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy xarajatlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
grantlar va xayriya ehsonlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari tibbiy-ijtimoiy patronajni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan quyidagi xarajatlarga ajratiladi:
ish haqi va bir martalik ijtimoiy toʻlov;
xizmat safarlari xarajatlari;
transport vositalari taʼminoti va ularni joriy taʼmirlash xarajatlari;
yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallari sotib olish (har bir brigada uchun bir oyda 300 litr hisobidan).
14. Koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalarining tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qaroriga muvofiq ambulatoriya-poliklinika muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash kabi amalga oshiriladi.
(10 — 14-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 5-son, 60-modda)