Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish toʻgʻrisida
Maktabgacha taʼlim xizmatlari nodavlat sektorini yanada rivojlantirish, bolalarning maktabgacha taʼlim tizimiga kengroq qamrab olinishini taʼminlash hamda maktabgacha taʼlim sohasidagi davlat-xususiy sherikchiligi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda “Little Tots” MChJning (keyingi oʻrinlarda xususiy sherik deb ataladi) Toshkent shahar Yunusobod tumani 13-mavzeda joylashgan Yunusobod tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli binoni (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi), uning negizida xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan, istisno tariqasida, tanlov oʻtkazmasdan “nol” xarid qiymati boʻyicha sotish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi oʻn kun muddatda belgilangan tartibda xususiy sherik bilan obyekt negizida zamonaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha davlat-xususiy sherikchilik toʻgʻrisida bitim tuzilishini taʼminlasin. Bitimda xususiy sherikka jumladan quyidagi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar yuklanishi nazarda tutilsin:
ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar tarbiyalanuvchilarini va maktabgacha taʼlim tuman (shahar) boʻlimi tomonidan yuboriladigan muayyan miqdordagi tarbiyalanuvchilarni oʻqitish, ular uchun ota-onalar toʻlovini imtiyozli shartlarda (hududdagi davlat maktabgacha taʼlim muassasalari uchun belgilangan miqdordan ortiq boʻlmagan hajmda) oʻrnatish;
obyektni rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun kamida 6 mlrd. soʻm miqdorda investitsiya kiritish;
kamida 45 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Yunusobod tumani xalq taʼlimi boʻlimini boshqa binoga joylashtirish chorasini koʻrsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-avgust,
681-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/681/1793-son)