1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.78.00 (Кучини йукотган) Taʼlimning boshqa turlari. Qoʻshimcha (maktabdan tashqari) taʼlim]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Jismoniy tarbiya va sport]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 355-sonli “Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-martdagi PF-5368-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga berilganligi, Nukus, Samarqand va Fargʻona shaharlarida uning filiallari (keyingi oʻrinlarda filiallar deb ataladi) tashkil qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 28 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Nukus, Samarqand va Fargʻona filiallarining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi toʻgʻrisida nizom 3-ilovaga muvofiq;
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziriga, zarurat boʻlganda, Markaz va uning filiallari tuzilmalariga xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat maktabgacha taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya instruktorlari, umumtaʼlim maktablari va akademik litseylarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, professional taʼlim va oliy taʼlim muassasalarining kafedra mudirlari hamda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat, sport faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha rahbar va pedagog kadrlarni, olimpiya zaxiralari kollejlari, davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, sport maktablarining rahbar kadrlarini, instruktor-metodistlari va trenerlarini hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni (keyingi oʻrinlarda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar deb ataladi) qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
davlat taʼlim standartlari hamda kasbga doir bilim va koʻnikmalarga qoʻyilgan talablar asosida mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda, kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan sport taʼlim muassasalari xodimlari uchun qoʻshimcha ixtisoslik boʻyicha pulli asosda qayta tayyorlash va qisqa muddatli maxsus kurslarni tashkil etish;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 32-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/32/2481-son)
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni kasbiy, maʼnaviy-axloqiy saviyasini oshirish, sport taʼlim tizimini ilmiy-metodik taʼminlash, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
oʻquv-mashgʻulot jarayoniga, xususan, sport taʼlim muassasalari amaliyotiga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
sport taʼlim muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish, filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish;
xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish orqali jismoniy tarbiya va sport sohasida mamlakatimiz yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish, xorijiy sport taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, sportchilarni tayyorlashning barcha darajalarida oʻquv-mashgʻulot jarayonini ilmiy-metodik taʼminlashni, jismoniy tarbiya va sport faoliyati boʻyicha pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan ilmiy-metodik va taʼlim muassasasi hisoblanadi;
filiallar Markazning yuridik shaxs maqomidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi;
Markaz va filiallar faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, xoʻjalik faoliyatidan va shartnomalar asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar har yili 15-noyabrga qadar taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning egallab turgan lavozimiga koʻra malaka oshirish kurslaridan oʻtishi boʻyicha belgilangan davriylikni inobatga olgan holda keyingi kalendar yilda malaka oshirish kurslariga oʻqishga yuboriladigan tinglovchilar kontingentini shakllantirib Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga taqdim etib borsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlim markazi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hokimliklari hamda Kasb-hunar taʼlimi tizimini yanada takomillashtirishni muvofiqlashtirish respublika komissiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda kelgusida faoliyati tugatilishi rejalashtirilayotgan kasb-hunar kollejlarining bino va inshootlari, moddiy-texnik vositalari, oʻquv uskunalari va boshqa mulklari bilan birga operativ boshqarish huquqi bilan Markazning Nukus, Samarqand va Fargʻona shaharlari filiallariga bepul berilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ikki oy muddatda:
filiallarning ustavlari tasdiqlanishi hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
tanlov asosida Markaz va filiallarni yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Markaz va filiallarda taʼlim jarayonini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, professor-oʻqituvchilarga pedagogik yuklama hajmini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2018-yil uchun tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Markaz va filiallar faoliyati hamda ularga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarning “Taʼlim” sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtirilishini taʼminlasin, 2019-yildan boshlab esa ushbu xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin;
Markazga 3 ta, shu jumladan 1 ta xizmat, 1 ta navbatchi va 1 ta maxsus avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniya tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda Markaz va filiallarning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash hamda jihozlash ishlarini 2019-yil va keyingi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilishi boʻyicha asoslangan takliflar ishlab chiqsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-avgust,
658-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 658-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar va professor-oʻqituvchilar tarkibidan tashqari) — 28 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 15 nafar.
* Markaz xoʻjalik boʻlimining texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari hamda kafedralarining oʻquv-yordamchi xodimlari soni qonun hujjatlarida oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 658-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Nukus, Samarqand va Fargʻona filiallarining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar va professor-oʻqituvchilar tarkibidan tashqari) — 13 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 9 nafar.
Nukus, Samarqand va Fargʻona filiallari xodimlarning cheklangan umumiy soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar va professor-oʻqituvchilar tarkibidan tashqari) — 39 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 27 nafar.
* Markaz filiali xoʻjalik boʻlimining texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari hamda kafedralarining oʻquv-yordamchi xodimlari soni qonun hujjatlarida oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 658-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) maqomini, asosiy vazifalari va funksiyalarini, huquqlarini tartibga soladi, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi hamda davlat maktabgacha taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya instruktorlarini, umumtaʼlim maktablari va akademik litseylarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini, professional taʼlim va oliy taʼlim muassasalarining kafedra mudirlarini hamda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat, sport faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha rahbar va pedagog kadrlarni, olimpiya zaxiralari kollejlari, davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, sport maktablarining rahbar kadrlari, instruktor-metodistlari va trenerlarini hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni (keyingi oʻrinlarda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar deb ataladi) qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi, yangi ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etadi, jismoniy tarbiya va sport tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalarida uzluksiz metodik xizmat koʻrsatadi shuningdek, trenerlarni attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularga ruxsatnoma berish.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
3. Markazning rasmiy nomi:
a) davlat tilida — Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi;
b) rus tilida — Sentr nauchno-metodicheskogo obespecheniya, perepodgotovki i povisheniya kvalifikatsii spetsialistov po fizicheskoy kulture i sportu;
v) ingliz tilida — The Center of scientifically–methodical providing for retraining and professional development of specialists in physical culture and sport;
4. Markaz tinglovchilari kunduzgi oʻqish, masofaviy oʻqitish shakllari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda oʻqitiladi.
5. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi hamda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ushbu yoʻnalishda oʻquv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy va tashkiliy-metodik ishlarni amalga oshirish faoliyati bilan shugʻullanadi.
7. Markazning joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Koʻkcha Darvoza koʻchasi, 27-uy.
2-bob. Markazning vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish shuningdek, trenerlarni attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularga ruxsatnoma berish;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-noyabrdagi 918-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son)
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni kasbiy, maʼnaviy-axloqiy saviyasini oshirish, sport taʼlim tizimini ilmiy-metodik taʼminlash, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
oʻquv-mashgʻulot jarayoniga, xususan sport taʼlim muassasalari amaliyotiga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
sport taʼlim muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish, filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish;
xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish orqali jismoniy tarbiya va sport sohasida mamlakatimiz yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish, xorijiy sport taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish.
9. Markaz unga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish yoʻnalishida:
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, yuqori malakali pedagog mutaxassislarni tayyorlash;
davlat taʼlim standartlari hamda kasbga doir bilim va koʻnikmalarga qoʻyilgan talablar asosida mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan sport taʼlim muassasalari xodimlari uchun qoʻshimcha ixtisoslik boʻyicha qayta tayyorlash va qisqa muddatli maxsus kurslarni tashkil etish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni rivojlantirish istiqbollarini prognozlashtirish, davlat dasturlarini ishlab chiqishda qatnashish;
mutaxassislik boʻyicha va sport taʼlimini boshqarish sohasida rahbarlar va mutaxassislarning bilimlarini oshirish;
ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish maqsadida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar malakasini muntazam ravishda oshirib borish uchun qisqa muddatli va maqsadga yoʻnaltirilgan kurslarni tashkil etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv rejalari va dasturlari tizimli ravishda takomillashtirilishini taʼminlash;
b) jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni kasbiy, maʼnaviy-axloqiy saviyasini oshirish, sport taʼlim tizimini ilmiy-metodik taʼminlash, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish yoʻnalishida:
oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarni joriy etish;
oʻquv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda oʻquv rejalari va dasturlari tizimli ravishda takomillashtirilishini taʼminlash;
ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash mazmuni va sifatini takomillashtirishga, kasbiy, maʼnaviy-axloqiy saviyasini oshirish, sport taʼlim tizimini metodik taʼminlash, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda Vazirlikka kiritish;
v) oʻquv-mashgʻulot jarayoniga, xususan, sport taʼlim muassasalari amaliyotiga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakllari va usullarini joriy etish yoʻnalishida:
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlarining ilmiy muammolariga yoʻnaltirilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanishlar olib borilishini muvofiqlashtirish;
taʼlim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini hisobga olgan holda ijodiy tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan oʻqitishning interaktiv usullaridan foydalanish orqali jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarni, oʻquv-metodik va normativ hujjatlarni ishlab chiqish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha xalqaro tajribani, shuningdek, jahonning eng yaxshi sport taʼlim muassasalari yutuqlarini umumlashtirish asosida ilmiy asoslangan innovatsiyalarni joriy etish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashning barcha bosqichlarida sport mahoratidan saboq berishning innovatsion metodikalarini ishlab chiqish va joriy etishga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish hamda ilmiy-amaliy va tadqiqot ishlari uchun xorijiy mutaxassislarini jalb etish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishda taʼlim jarayonining yuqori darajasini taʼminlash, ilmiy tadqiqotlarga intilish, mustaqil fikrlash koʻnikmalari va ijodiy mahoratni rivojlantirish;
g) sport taʼlim muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish, filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish yoʻnalishida:
oʻqitishning zamonaviy shakllarini, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda oʻquv-mashgʻulot jarayonini tashkil etishda sport taʼlim muassasalariga metodik yordam koʻrsatish;
oʻquv-mashgʻulot jarayoni sifatini oshirishga, sportchilar qobiliyatlarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga qaratilgan tadbirlar (konferensiyalar, sport musobaqalari, seminar-treninglar, tanlovlar) tashkil etish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning oʻz sohasini bilishini rivojlantirish va oshirishda oʻqitishning interaktiv va zamonaviy usullarini, metodik materiallar, yordam koʻrsatishning samarali shakllarini ishlab chiqish, sinab koʻrish va oʻquv-mashgʻulot jarayoniga joriy etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning samarali shakllarini (toʻgʻridan-toʻgʻri malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot muassasasida tajriba orttirish, xorijda tajribaga ega boʻlish, mustaqil oʻqib bilim olish, masofaviy taʼlim, va boshqa shakllarini) joriy etishning ilmiy va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqish;
turli xil metodik materiallar tayyorlash, pedagogik va ilmiy-metodik axborotni umumlashtirish va tarqatish, jurnallar, gazetalar, toʻplamlar, tavsiyanomalar va qoʻllanmalar nashr etish;
milliy va xalqaro ilgʻor tajribadan foydalangan holda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar mahoratini oshirish dasturlari, metodik tavsiyanomalar, qoʻllanma hamda ilmiy-metodik ishlanmalar bilan taʼminlash;
davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari, darsliklar va oʻquv-metodik materiallarni oʻrganish hamda muhokama qilish, takliflar kiritish va Markazning ilmiy-metodik kengashida xulosalar qabul qilish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarining oʻquv-metodik bazasini shakllantirish hamda filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish, natijadorligini muntazam oʻrganib borish va tegishli takliflar ishlab chiqish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha filiallar rahbarlarining hisobotlari muhokamasini tashkil etish, muhokama natijalari yuzasidan filiallarni rivojlantirish choralarini koʻrish;
d) xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish orqali jismoniy tarbiya va sport sohasida mamlakatimiz yutuqlarini xalqaro maydonda keng yoritish, xorijiy sport taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish yoʻnalishida:
sohadagi xalqaro tajribalarni jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayoniga tatbiq etish;
xorijiy va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaxassislari, trenerlarini taʼlim jarayoniga jalb etgan holda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar hamda filiallarda dars beradigan professor-oʻqituvchilar tarkibining kasbiy tayyorgarligini uzluksiz rivojlantirib borish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni samarali oʻzlashtirishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish;
xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etuvchi iqtidorli yosh professional sportchilar tayyorlash uchun ularning koʻnikma va bilimlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻqitish dasturlari va uslublarini joriy etish;
xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, sport taʼlim sohasida mamlakatimiz yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish;
konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish, xorijiy sport taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan belgilangan tartibda sheriklik faoliyatini yuritish.
e) trenerlarni attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularga ruxsatnoma berish yoʻnalishida:
trenerlarning sport turi boʻyicha kasbiy bilim, koʻnikma va malakasi, metodologik madaniyati, shaxsiy, kasbiy oʻsishini, amaliy koʻnikmalariga ega boʻlishi, shuningdek ularning zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishni bilish darajasini aniqlash;
sport turi boʻyicha malakasi, sport mashgʻulotini oʻtkazish mahorati, mehnat samaradorligi va ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirgan pedagog kadrlarni ragʻbatlantirish.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-noyabrdagi 918-sonli qaroriga asosan “e” kichik band toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son)
3-bob. Markazning huquqlari
10. Markaz oʻziga yuklatilgan funksiyalar va vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka taʼlim mazmunini takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha dasturlar, oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy asarlar toʻplamlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar materiallari, metodik koʻrsatmalar hamda qoʻllanmalar tayyorlash va nashr etish;
aholiga, turli tashkilotlarga pullik taʼlim xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan va asosiy faoliyatga zid boʻlmagan faoliyatning barcha turlarini amalga oshirish;
kafedralar va boʻlimlarni oʻzgartirish, yangilarini tashkil etish, mavjud kafedra va boʻlimlarni tugatish, tasdiqlangan shtat jadvali doirasida shtat birliklarini bir boʻlinmadan boshqa boʻlinmaga oʻtkazish boʻyicha Vazirlikka takliflar kiritish;
professor-oʻqituvchilar tarkibiga, boshqa xodimlarga belgilangan tartibda ragʻbatlantiruvchi ustamalar tayinlash;
yuqori mehnat koʻrsatkichlari uchun Markaz xodimlarini davlat va idoraviy mukofotlar bilan mukofotlash toʻgʻrisida Vazirlikka takliflar kiritish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha faoliyat sifati va samaradorligini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrish;
hamkorlik doirasida mualliflik ishlarini ishlab chiqishga tajribali mutaxassislar, pedagoglar va xodimlarni jalb qilish (zarur boʻlsa shartnomalar asosida);
qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlarga muvofiq oʻquv dasturlariga tuzatishlar kiritish;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
xorijlik tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish maqsadida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar malakasini muntazam oshirish uchun qisqa muddatli va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan kurslarni tashkil etish;
xodimlarni oʻqitish, seminarlar va konferensiyalarda qatnashish uchun xorijga tajriba almashish va innovatsion pedagogika texnologiyalarini va ilgʻor metodikalarni oʻrganish boʻyicha tajriba orttirishga yuborish;
oʻz faoliyatini ommaviy axborot, shu jumladan Internet tarmoqlarida keng yoritish.
trenerlarni attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularga ruxsatnoma berish;
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-noyabrdagi 918-sonli qaroriga asosan oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son)
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
11. Markaz oʻz faoliyatida bevosita Vazirlikka boʻysunadi va unga hisobot beradi.
12. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
13. Quyidagilar Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi direktorining (keyingi oʻrinlarda Markaz direktori deb ataladi) asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;
Markaz faoliyatiga, oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samarali tashkil etilishiga umumiy rahbarlik qilish;
tashkilotlar bilan Markaz nomidan xoʻjalik shartnomalari tuzish, Vazirlikda Markaz manfaatlarini ifodalash, shuningdek, oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etish;
Markaz Ilmiy-metodik kengashi tavsiyalari asosida oʻquv-mavzu rejalari, dasturlar va ilmiy-metodik ishlar rejalarini tasdiqlash;
oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar chiqarish va ishonchnomalar berish;
xodimlarni ragʻbatlantirish, intizomiy jazo qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
qayta tayyorlash va malaka oshirishga qoʻyilgan davlat taʼlim talablari, oʻquv rejalari va dasturlar, boshqa oʻquv-metodik hujjatlarning oʻquv jarayoniga joriy etilishini taʼminlash;
(13-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Markazda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik ishlarni muvofiqlashtirish;
tinglovchilarga maishiy xizmat koʻrsatish, Markazning oʻquv-metodik va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha ishlarni tashkil etish;
Markaz ichki tartib qoidalarini tasdiqlash hamda ushbu qoidalar xodimlar va tinglovchlar tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
jamoada sogʻlom maʼnaviy va ijodiy muhitni shakllantirish chora-tadbirlarini koʻrish.
Markaz direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarga ham ega boʻlishi mumkin.
14. Markazda oʻquv-metodik ishlarga direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, ilmiy-metodik ishlarga direktorning ilmiy-metodik ishlar boʻyicha oʻrinbosari rahbarlik qiladi.
Markaz direktori oʻrinbosarlari, filiallar direktorlari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri bilan kelishilgan holda Markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
15. Faoliyatning asosiy masalalarini koʻrib chiqish uchun Markazda direktor raisligida Ilmiy-metodik kengash tashkil etiladi.
Ilmiy-metodik kengash tarkibi Markaz direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Ilmiy-metodik kengash tarkibiga direktor oʻrinbosarlari, kafedralar va boʻlimlar rahbarlari, shuningdek, yetakchi professorlar va oʻqituvchilar, sport federatsiyalari vakillari kiritilishi mumkin.
Ilmiy-metodik kengash qarorlari Markaz direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
Ilmiy-metodik kengash raisi va kotibi kengash qarorlari bajarilishining muntazam ravishda monitoringini olib boradi va qabul qilingan qarorlar ijrosi toʻgʻrisida kengash aʼzolariga hisobot beradi.
Ilmiy-metodik kengash aʼzolari kengash majlisida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlar toʻgʻri va aniq bajarilishi uchun javob beradi.
Ilmiy-metodik kengashning ish tartibi Markazning yillik ish rejasiga muvofiq tashkil etiladi.
16. Quyidagilar Ilmiy-metodik kengashning vazifalari hisoblanadi:
Markaz, uning kafedralari va boʻlimlari rejalari va hisobotlarini koʻrib chiqish, Markaz faoliyatini takomillashtirish boʻyicha oʻquv ish rejalari va kurslar dasturlarini, tavsiyalarni muhokama qilish;
Markaz ilmiy-metodik va tashkiliy ishlarining asosiy yoʻnalishlarini taʼminlash va belgilash, samarali qayta tayyorlash va malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tahlil qilish va muvofiqlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni takomillashtirish;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning davlat taʼlim talablari, oʻquv rejalari va dasturlar bajarilishini koʻrib chiqish;
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Markaz kafedralari va boʻlimlarini ochish, ularning faoliyatini oʻzgartirish va tugatish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish;
darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy, oʻquv-metodik adabiyotlarni eʼlon qilish masalalarini koʻrib chiqish;
Markazni rivojlantirishning joriy (yillik) va istiqbolli rejalarini tasdiqlash.
5-bob. Markazni moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish
17. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
18. Markaz xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalardan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat boʻladi.
19. Markaz xodimlari lavozim maoshlariga har oyda qoʻshiladigan ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boʻlgan ustamalar va qoʻshimcha haqlar Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq toʻlanadi.
20. Mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi, Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Markaz xodimlariga ish haqi toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish manbalari hisoblanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
21. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 658-son qaroriga 4-ILOVA
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat maktabgacha taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya instruktorlarini, umumtaʼlim maktablari va akademik litseylarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini, professional taʼlim va oliy taʼlim muassasalarining kafedra mudirlarini hamda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat, sport faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha rahbar va pedagog kadrlarni, olimpiya zaxiralari kollejlari, davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, sport maktablarining rahbar kadrlari, instruktor-metodistlari va trenerlarini hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni (keyingi oʻrinlarda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar deb ataladi) qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
2. Oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 20-avgustdagi 242-son qarori asosida amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
pedagogik qayta tayyorlash — oliy va oʻrta maxsus maʼlumotga ega pedagog boʻlmagan mutaxassislarning bazaviy kasbiy maʼlumotini taʼlimning tegishli turi malaka talablari bilan belgilanadigan oʻquv-tarbiya jarayonining talab etiladigan sifatini taʼminlovchi darajada pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli boʻlgan tayyorgarlikka muvofiqlashtirish maqsadida mutaxassislarni qayta tayyorlash;
kasbiy qayta tayyorlash — oliy va oʻrta maxsus pedagogik maʼlumotga ega mutaxassislar tomonidan taʼlimning tegishli turi malaka talablari bilan belgilanadigan, oʻqitishning talab etiladigan sifatini taʼminlaydigan darajada oʻquv fani yoki kurs boʻyicha pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur hajmda yangi kasbiy bilimlar, malaka va koʻnikmalarni oʻqitish;
maxsus oʻquv kurslarida oʻqitish — sport faoliyatini yakunlagan sportchilarning trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishlari, pedagogik faoliyatni yuritish, zarur va yetarli hajmda yangi bilim, malaka va koʻnikmalarni oʻrgatish;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 32-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/32/2481-son)
toʻgʻridan-toʻgʻri malaka oshirish — taʼlim dasturlari va mehnat bozorining takliflari asosida, taʼlimning tegishli turi oʻquv-tarbiya jarayonining monitoringi natijalari va mutaxassislar tayyorlash sifatini hisobga olgan holda davlat taʼlim talablariga muvofiq ishlab chiqilgan modullar boʻyicha maqsadli kasbiy taʼlim dasturlarini oʻzlashtirish;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
ilmiy-tadqiqot muassasalarida tajriba orttirish — Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, markazlar, laboratoriyalar va boshqa muassasalarda mutaxassislarni fanning zamonaviy yutuqlari, tegishli mutaxassisliklar boʻyicha rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, ilmiy tadqiqot uslublarini oʻrganish;
xorijda tajriba orttirish — Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan mamlakatimiz taʼlim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga koʻmaklashish uchun ajratilgan grantlarga muvofiq, shuningdek, taʼlimni boshqarish organlari bilan taʼlim va sport taʼlimi muassasalari hamda sport tashkilotlari tajribalarini oʻrganish;
mustaqil oʻqib bilim orttirish — taʼlim darajasi va sifatiga qoʻyiladigan davlat taʼlim talablariga muvofiq oʻqitiladigan modullar boʻyicha yangi bilimlar, malaka va koʻnikmalarni mustaqil oʻzlashtirish;
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
masofaviy taʼlim — onlayn (videomaʼruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida oʻtkazish) va offlayn (masofaviy taʼlim tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) shaklida amalga oshiriladigan taʼlim turi.
4. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) tomonidan tasdiqlanadi.
5. Xorijiy davlatlarda taʼlim muassasalarini tamomlagan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ularning bazaviy maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatini belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan oʻtkazgandan keyin amalga oshiriladi.
6. Vazirliklar va idoralar tasarrufidagi taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) va uning filiallarida vazirlik tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, nodavlat taʼlim muassasalarining xodimlari va jismoniy shaxslar esa ular bilan tuzilgan shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtadilar.
7. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash, maxsus oʻquv va malaka oshirish kurslari ushbu Nizomning 1 — 4-ilovalariga muvofiq tashkil etiladi.
2-bob. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning maqsad va vazifalari
8. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni egallab turgan lavozimlari, mutaxassisligi yoki dars beradigan modullari (fanlari) boʻyicha kasbiy va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirib borish, ularning ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni materiallar va ilmiy-oʻquv adabiyotlar bilan taʼminlash, oʻqitishning innovatsion usullari boʻyicha kasbiy bilimlari, malaka va koʻnikmalarini muntazam ravishda yangilab borish ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning maqsadi hisoblanadi.
9. Quyidagilar jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning vazifalari hisoblanadi:
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning kasbiy bilimi, koʻnikmasi va mahoratini oshirish, zamon talablariga muvofiq taʼlim sifatini taʼminlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarligini rivojlantirish;
ilmiy-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash;
mustaqil fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish, pedagogik yangilikka intilishni rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning oʻquv mashgʻulotlari, oʻquv-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda ilgʻor taʼlim texnologiyalari va xalqaro tajribadan foydalanish, ilmiy va oʻquv-metodik tadqiqotlar olib borish hamda amaliyotga joriy etish koʻnikmalarini mustahkamlash.
3-bob. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish mazmuni hamda sifatiga qoʻyiladigan umumiy talablar
10. Quyidagilar qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha taʼlim dasturlari mazmuniga qoʻyiladigan umumiy talablar hisoblanadi:
kasblar va lavozimlarga boʻlgan malaka talablariga muvofiqlik;
taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini, taʼlim turlari va bosqichlari boʻyicha davlat taʼlim talablarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlashga, tinglovchilarning bilimlarini yangilash va chuqurlashtirishga, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olishga, kasbiy malaka va koʻnikmalarni hosil qilishga, taʼlimning samarali usullari hamda texnologiyalarini egallash va takomillashtirishga qaratilganlik;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
davlat taʼlim talablari hajmi va mazmunining qayta tayyorlash va malaka oshirish muddatlariga muvofiqligi.
(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
11. Qayta tayyorlash va malaka oshirish sifati jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar tayyorgarligining zarur va yetarli darajasi, bilim, amaliy va kasbiy mahoratning mazkur mutaxassislarga qoʻyiladigan talablariga muvofiqligi bilan belgilanadi.
12. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridagi oʻquv jarayoni oʻquv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi hamda uning mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablar tegishli taʼlim dasturlari bilan belgilanadi.
4-bob. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash shakllari
13. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash oʻqitish sifatiga qoʻyiladigan talablarni oshirishni va mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari boʻyicha yangi kasb bilimlari, malaka va koʻnikmalarni oʻzlashtirish orqali amalga oshiriladi.
14. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
pedagogik qayta tayyorlash;
kasbiy qayta tayyorlash;
maxsus oʻquv kurslarda oʻqitish.
15. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash kurslari yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalari yoki mehnat bozorining talablari bilan belgilanadigan ayrim pedagoglarning qayta ixtisoslashuvi yoki yangi mutaxassislikka ega boʻlishi munosabati bilan Markaz tashabbusiga koʻra shartnoma asosida tashkil etiladi.
5-bob. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirishning shakllari
16. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish toʻgʻridan-toʻgʻri (taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish) tashkil etiladi.
17. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
toʻgʻridan-toʻgʻri malaka oshirish (taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish);
ilmiy-tadqiqot muassasasida tajriba orttirish;
xorijda tajriba orttirish;
mustaqil oʻqib bilim orttirish;
masofaviy taʼlim.
6-bob. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kursining davomiyligi hamda oʻquv yuklamasining hajmi
18. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish davomiyligi uni tashkil etish shakllariga hamda kasbiy malaka darajasi va individual kasbiy ehtiyoji tasarrufida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislari mavjud boʻlgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda buyurtmachi deb ataladi) talablarini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar besh yilda kamida bir marta malaka oshirishlari shart.
Malaka oshirish toʻgʻridan-toʻgʻri shakllarining umumiy davomiyligi kamida 4 hafta (144 soat) etib belgilanadi.
Malaka oshirishning toʻgʻridan-toʻgʻri shakllari uchun auditoriya mashgʻulotlari va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
Ayrim hollarda malaka oshirishning toʻgʻridan-toʻgʻri shakllari umumiy davom etish muddati, asosiy ishdan ajralgan holda oʻqitishda, kamida 3 hafta (144 soat), auditoriya mashgʻulotlarining va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 48 soat etib belgilanishi mumkin.
19. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash davomiyligi va oʻquv yuklamasining hajmi:
pedagogik qayta tayyorlash — kamida 4 oy (576 soat);
kasbiy qayta tayyorlash — kamida 4 oy, (576 soat);
maxsus oʻquv kurslarda oʻqitish — 3 oy (432 soat), 6 oy (864 soat), 10 oy (1440 soat) etib belgilanadi.
sport faoliyatini yakunlagan sportchilar trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun sport tibbiyoti, pedagogika va psixologiyasi boʻyicha 3 oylik (oliy maʼlumotli sportchilar uchun) va 6 oylik (oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotli sportchilar uchun) maxsus oʻquv kurslarida, shuningdek, sport hakamligiga tayyorlash (sportning futbol turidan tashqari) boʻyicha 3 oylik (oliy maʼlumotli sportchilar uchun) va 6 oylik (oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotli sportchilar uchun) maxsus oʻquv kurslarida pulli asosda oʻqitiladi.
(19-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 32-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/32/2481-son)
20. Auditoriya mashgʻulotlari va mustaqil ishlarning haftalik yuklamasi eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
21. Auditoriya mashgʻulotlarining barcha turlari 80 daqiqa davom etadi, oʻquv mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
7-bob. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash maxsus oʻquv va malaka oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish
22. Qayta tayyorlash, maxsus oʻquv va malaka oshirish kurslaridagi oʻquv jarayonlari 15 — 20 nafar tinglovchidan iborat akademik guruhlarda tashkil etiladi.
Istisno tariqasida, tinglovchilar kontingenti yetarli boʻlmagan yoʻnalishlarda, shu jumladan rus tilida dars olib boriladigan guruhlarda, tinglovchilar kontingenti guruh tarkibida yigʻilmaydigan kam sonli alohida sport turlarida oʻquv jarayonini tashkil etishda tinglovchilar soni kamida 5 nafar etib belgilanishi mumkin. Maxsus oʻquv kurslari uchun guruh talab etilgan tarkibda shakllanmagan taqdirda, tinglovchilar kontingentini oʻqitish qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslari boʻyicha guruhlar tarkibida amalga oshiriladi.
23. Kasbiy qayta tayyorlash oʻtkazilishi mumkin boʻlgan turdosh mutaxassisliklar roʻyxati vazirlik tomonidan belgilanadi.
24. Kurslarga tinglovchilarni qabul qilish tasdiqlangan rejaga muvofiq Markaz va filiallar rahbarining buyrugʻi bilan kurslar boshlanishi sanasidan boshlab 3 kun mobaynida rasmiylashtiriladi.
25. Qayta tayyorlash yoki malaka oshirishga yuborilgan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar Markaz va filiallar rahbarlarining buyrugʻi bilan tinglovchilar safiga qabul qilinadi. Tinglovchilar guruhini shakllantirishda, kursning oʻquv reja va dasturlarini tayyorlashda bazaviy maʼlumot, mutaxassislik, toifa va egallab turgan lavozimi, shuningdek, buyurtmachining talablari hisobga olinadi.
26. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari boshlangandan keyin uch kun mobaynida kelmagan tinglovchilar, sabablaridan qatʼi nazar, kurslarga qoʻyilmaydi.
27. Tinglovchilarning qayta tayyorlash, maxsus oʻquv va malaka oshirish kurslariga oʻz vaqtida kelmaganligining hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sabablari boʻlgan taqdirda ularga oʻqishning tegishli yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha navbatdagi kurslarda oʻqishga ruxsat beriladi.
28. Markaz va filiallar tinglovchilarining malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga oʻz vaqtida kelmaganligi holatlari toʻgʻrisida buyurtmachi va vazirlikka darhol xabar beradi.
29. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridagi oʻquv mashgʻulotlari maʼruza, amaliy mashgʻulot, seminar, trening, koʻchma mashgʻulot, mahorat saboqlari, interfaol va boshqa shakllarda olib boriladi.
30. Koʻchma, amaliy mashgʻulotlar ilgʻor taʼlim muassasalari, sport majmualari va boshqa tashkilotlar negizida tashkil etiladi.
31. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, ularni talab darajasida oʻtkazish, taʼlim samaradorligini taʼminlash uchun sharoitlar yaratish masʼuliyati Markaz va filiallarga yuklanadi.
32. Joriy yilda rejaga kiritilmagan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar Markaz va filiallar bilan tuzilgan shartnoma asosida malaka oshirish kurslaridan oʻtishlari mumkin.
33. Shartnoma asosida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni hamda kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan sport taʼlim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari buyurtmachi talabi va mehnat bozorining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Markazda tashkil etiladi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 32-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/32/2481-son)
34. Markaz va filiallar buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqib, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etadi.
35. Markazda 3, 6 va 10 oylik maxsus oʻquv kurslar murojaat etilgan yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.
36. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayoni tegishli yoʻnalishlar boʻyicha tasdiqlangan namunaviy oʻquv rejasi va dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan ishchi oʻquv rejasi va dasturlar asosida amalga oshiriladi hamda mashgʻulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
37. Namunaviy oʻquv rejasi va dasturlar sport, fan, texnika, texnologiyalar hamda sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari asosida takomillashtiriladi.
38. Markaz va filiallar xodimlariga oliy taʼlim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatiga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi. Bunda, bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan tinglovchilar nisbatining cheklangan normativlari oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan bir nafar oʻqituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi.
8-bob. Malaka oshirish kurslarining tinglovchilari
39. Vazirlik tomonidan tasdiqlangan rejaga kiritilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun oʻqishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi boʻyicha egallagan lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi, ularning oʻquv yuklamasi esa boshqa aʼzolar oʻrtasida taqsimlanadi.
40. Ishdan ajralgan holda Markaz va uning filiallarida malaka oshirishga yuborilgan tinglovchilar uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻqishga borish va undan qaytish boʻyicha bir martalik yoʻl haqi xarajatlari safarga yuboruvchi tashkilot hisobidan qoplanadi.
41. Tinglovchi quyidagi sabablarga koʻra kursdan chetlashtiriladi:
oʻz xohishiga binoan;
kasalligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida);
oʻquv intizomini va taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganligi uchun;
malaka oshirish kursida 18 akademik soatdan ortiq, qayta tayyorlashda 36 akademik soatdan ortiq oʻquv mashgʻulotlarini sababsiz qoldirgani uchun;
shartnoma asosida oʻqiyotgan tinglovchilar shartnoma bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarmagani uchun;
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi sababli;
vafot etganligi sababli.
42. Tinglovchilar malaka oshirish yoki qayta tayyorlash kursidan chetlatilganda sabablari koʻrsatilgan holda buyurtmachiga maʼlum qilinadi.
43. Malaka oshirish kursidan chetlatilgan yoki yakuniy nazoratdan oʻta olmagan tinglovchi malaka oshirish kursida bir yil mobaynida takroran oʻqiydi. Malaka oshirish kursida takroran oʻqish tinglovchining oʻz hisobidan shartnoma asosida amalga oshiriladi va bunda, buyurtmachi tashkilot tomonidan unga ish haqi saqlanmagan holda, taʼtil berish tartibida malaka oshirishga qayta yuboriladi.
Malaka oshirish kursiga qayta yuborilgan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar oʻqish yakunlari boʻyicha yakuniy attestatsiyadan takroran oʻtmagan boʻlsa, shartnoma boʻyicha toʻlangan toʻlov mablagʻlari qaytarilmaydi.
Malaka oshirish kurslarida oʻqish yakunlari boʻyicha attestatsiyadan takroran oʻtmagan yoki asosiy ish joyi boʻyicha belgilangan muddatda malaka oshirish kurslaridan takroran oʻtmagan taqdirda, ushbu xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilish muddatidan hamda boʻsh turgan pedagog lavozimini egallash tanlovi davrining tugagan muddatidan qatʼiy nazar, mehnat shartnomasi belgilangan tartibda ikki oy mobaynida bekor qilinadi. Ular oʻz faoliyatini boshqa taʼlim muassasalarida (oliy taʼlim muassasalaridan tashqari) davom ettirishi yoxud boshqa tashkilotlarda ishlashi hamda oʻzining kasbiy malakasini mustaqil ravishda oshirishi mumkin.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-noyabrdagi 918-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son)
9-bob. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi va uni boshqarish
44. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi;
buyurtmachi;
tasarrufida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislari mavjud vazirliklar, idoralar hamda boshqa tashkilotlar.
45. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
Markaz va filiallar tizimiga umumiy rahbarlik qiladi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
keyingi kalendar yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan malaka oshirish kurslari boʻyicha taqdim etilgan buyurtmalar asosida reja va jadvallarni tasdiqlaydi;
Markaz va uning filiallari tomonidan buyurtma va rejalar bajarilishi yuzasidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;
har yili 15-noyabrga qadar buyurtmachilarning buyurtmanomalari asosida hamda vazirlik tomonidan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish davriyligiga muvofiq keyingi kalendar yil uchun oylar va taʼlim yoʻnalishlari rejasi va roʻyxatini shakllantiradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish yillik rejasi hamda roʻyxatini har yili 5-dekabrga qadar tasdiqlaydi;
maxsus oʻquv kurslarda oʻqitish boʻyicha murojaatlarni qabul qiladi, oʻrganib chiqadi, kontingentini shakllantiradi hamda kurslarni tashkil etish muddatini belgilaydi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining namunaviy oʻquv reja va dasturlarini tasdiqlaydi;
Markaz va filiallar xodimlari hamda pedagoglar tarkibining xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalarida malakasini oshirish choralarini koʻradi.
46. Buyurtmachi:
navbatdagi kalendar yilga jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar haqida maʼlumotlarni ularning familiyasi, ismi va otasining ismi, qachon va qaysi taʼlim muassasasini bitirganligi, diplom boʻyicha mutaxassisligi, ish joyi va staji, lavozimi, oxirgi malaka oshirgan vaqti koʻrsatgan holda vazirlikka taqdim etadi;
tasdiqlangan reja va jadval asosida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni belgilangan muddatda Markaz va filiallarga oʻqishga yetib borishlarini taʼminlaydi.
47. Markaz va filiallar jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishga talabgorlarni attestatsiyadan oʻtkazish faoliyatini amalga oshiradi.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-noyabrdagi 918-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son)
10-bob. Qayta tayyorlash va maxsus oʻquv kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan oʻtkazish va baholash
48. Tinglovchilar qayta tayyorlash va maxsus oʻquv kurslari taʼlim dasturlarini oʻzlashtirib boʻlgandan soʻng, Markaz tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi. Attestatsiya yakuniy onlayn test sinovlari va bitiruv malakaviy ish himoyasi va suhbatdan iborat boʻladi.
49. Attestatsiya komissiyasi tarkibi kamida 5 kishidan iborat tarkibda Markaz tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
50. Attestatsiya komissiyasi tarkibiga Markaz, oliy taʼlim muassasalari, oliy sport mahorati maktablari, federatsiyalar, uyushmalar vakillari jalb qilinishi mumkin.
51. Attestatsiya komissiyasi tarkibining uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
52. Yakuniy onlayn test qayta tayyorlash oʻquv rejasidagi barcha modullar boʻyicha savollarni qamrab olgan holda tayyorlangan test savollari asosida oʻtkaziladi. Yakuniy onlayn test asosida tinglovchining bilim darajasi 80 daqiqa davomida 80 test savollari asosida 80 ballik baholash tizimi orqali aniqlanadi. Onlayn test natijasi test yakunlanishi bilan darhol ekranda aks ettiriladi. Ushbu test sinovlarini oʻtkazish Markazning serverida joylashtirilgan elektron tizimga filiallar kompyuterlarining ulanishi va test sinovlarini markazlashgan holda videokuzatuvini yozib borish orqali amalga oshiriladi.
53. Yakuniy onlayn test qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari uchun belgilangan umumiy 80 balldan kamida 44,8 ball (56 foiz) miqdorida toʻplagan tinglovchi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi va bitiruv malakaviy ishni himoya kilishga ruxsat beriladi.
Maxsus oʻquv kurslari tinglovchilari bitiruv malakaviy ishni himoya kiladi. Bitiruv malakaviy ishi jami 50 ball bilan baholanadi, umumiy balldan kamida 28 ball (56 foiz) miqdorida toʻplagan tinglovchi bitiruv malaka himoyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi va tinglovchiga yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbatiga kirishga ruxsat beriladi.
54. Qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari uchun bitiruv malakaviy ishining himoyasi umumiy 20 ball bilan baholanadi.
Maxsus oʻquv kurslari tinglovchilari uchun yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbati tasdiqlangan savol-javoblar va tinglovchining sportda erishgan natijalari hamda kasbiy bilimi maksimal 50 ball bilan baholanadi.
Kurs sinovlarida umumiy 100 balldan kamida 56 ball (56 foiz) miqdorida toʻplagan tinglovchi kurslarni va yakuniy attestatsiyasi sinovlarini muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi hamda tinglovchiga mazkur Nizomning 5 va 6-ilovalarda keltirilgan davlat namunasidagi diplom beriladi.
Sport hakamligiga tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursining bitiruv malaka himoyasidan va maxsus oʻquv kurslari tinglovchilari uchun yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbatidan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchiga mazkur Nizomga 8-ilovada keltirilgan sport hakamligi haqida davlat namunasidagi guvohnoma beriladi.
(54-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 32-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/32/2481-son)
Kurs sinovlarida 100 balldan 56 ball (56 foiz) miqdorida kam toʻplagan tinglovchi kurs sinovlaridan oʻtmagan hisoblanadi.
11-bob. Malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan oʻtkazish va baholash
55. Tinglovchilarning malaka oshirish kursi davomida olgan bilimlarini baholash maqsadida Markaz va filiallar tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi.
56. Attestatsiya yakuniy onlayn test sinovlari va suhbatdan iborat boʻladi.
57. Attestatsiyani oʻtkazish uchun Attestatsiya komissiyasi kamida 5 kishidan iborat tarkibda Markaz va filiallari tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
58. Attestatsiya komissiyasi tarkibiga Markaz va filiallari, oliy taʼlim muassasalari, oliy sport mahorati maktablari, federatsiyalar, uyushmalar vakillari jalb qilinishi mumkin.
59. Attestatsiya komissiyasi tarkibining uchdan ikki qismi ishtirok etsa vakolatli hisoblanadi.
60. Attestatsiya komissiyasi oʻz qarorini onlayn test sinovlari, tinglovchining yakuniy suhbat natijalarini hisobga olgan holda qabul qiladi.
61. Attestatsiya komissiyasining qarori malaka oshirish taʼlim muassasasi rahbarining kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikat berish toʻgʻrisidagi buyrugʻini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
62. Yakuniy onlayn test malaka oshirish oʻquv rejasidagi har bir modul boʻyicha savollarni qamrab olgan holda tayyorlangan test savollari asosida oʻtkaziladi. Yakuniy onlayn test asosida tinglovchining bilim darajasi 50 daqiqa davomida 50 ta test savollari asosida 50 ballik baholash tizimi orqali aniqlanadi. Onlayn test natijasi test yakunlanishi bilan darhol ekranda aks ettiriladi. Ushbu test sinovlarini oʻtkazish Markazning serverida joylashtirilgan elektron tizimga filiallar kompyuterlarining ulanishi va test sinovlarini markazlashgan holda videokuzatuvini yozib borish orqali amalga oshiriladi.
63. Yakuniy onlayn test uchun belgilangan umumiy 50 balldan kamida 28 ball (56 foiz) toʻplagan tinglovchi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi va yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbatiga kirishiga ruxsat beriladi.
64. Yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbati tasdiqlangan savol-javoblar, tinglovchining oxirgi 5 yillik faoliyati davomida hamda uning oʻquvchilari (shogirdlari) tomonidan erishilgan natijalar, shuningdek, sport va taʼlim sohalariga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlar boʻyicha va kasbiy bilim darajasi maksimal 50 balllik tizimda baholanadi. Yakuniy onlayn test va attestatsiya komissiyasi suhbati jami 100 balllik tizimda baholanadi.
65. Kurs sinovlarida umumiy 100 balldan kamida 56 ball (56 foiz) miqdorida toʻplagan tinglovchi kurslar va yakuniy attestatsiya sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi hamda unga mazkur Nizomning 7-ilovasida keltirilgan davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Yakuniy onlayn testga ajratilgan 50 balldan 28 ball (56 foiz) miqdoridan va kurs sinovlarida 56 balldan (100 ballning 56 foizi) kam toʻplagan tinglovchi kurs sinovlaridan oʻtmagan hisoblanadi.
66. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarning malaka toifalarini olishi (oʻzgartirishi) va egallab turgan lavozimlariga mosligi attestatsiyadan oʻtkazishda ular qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi toʻgʻrisida hujjatning (diplom, sertifikat) mavjudligi talab etiladi.
12-bob. Yakunlovchi qoida
67. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminotini tashkil etish
SXEMASI
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarga qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish
SXEMASI
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarga maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish
SXEMASI
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni malakasini oshirish kurslarini tashkil etish
SXEMASI
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Qayta tayyorlash haqida davlat namunasidagi
DIPLOM
(tavsifi)
Qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi diplom A4 formatli oq qogʻozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun – qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och pushti rangda bosib chiqariladi.
Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Davlat gerbi, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI. Qayta tayyorlash haqida DIPLOM” soʻzlari bosiladi. Diplom ikki lotin harfi — QT va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och pushti rang fonda bosib chiqariladi.
Diplom:
- bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
- yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
- naqshli rastr;
- har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;
- maxsus qogʻozlar;
- oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Maxsus oʻquv kursi haqida davlat namunasidagi
DIPLOM
(tavsifi)
Maxsus oʻquv kursi toʻgʻrisidagi diplom A4 formatli oq qogʻozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och pushti rangda bosib chiqariladi.
Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Davlat gerbi, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI. Maxsus oʼquv kursi haqida DIPLOM” soʻzlari bosiladi. Diplom ikki lotin harfi — MK va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och pushti rang fonda bosib chiqariladi.
Diplom:
- bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
- yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
- naqshli rastr;
- har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;
- maxsus qogʻozlar;
- oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)
_________________________________________________________________ qisqa muddatli
(Maxsus oʼquv kursining nomi)
kursda taʼlim olib, Yakuniy davlat attestatsiyasi xulosasiga koʼra____________________________
__________________________________________________________________ huquqi berildi
Muhr oʼrni
Direktor ___________
Sana ____________
Qayd raqami __________
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Malaka oshirish haqida davlat namunasidagi
SERTIFIKAT
(tavsifi)
Malaka oshirish toʻgʻrisidagi sertifikat A4 formatli oq qogʻozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och kul rangda bosib chiqariladi.
Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Davlat gerbi, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI. Malaka oshirish haqida SERTIFIKAT” soʻzlari bosiladi. Sertifikat ikki lotin harfi — MO va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och kul rang fonda bosib chiqariladi.
Sertifikat:
- bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
- yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
- naqshli rastr;
- har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;
- maxsus qogʻozlar;
- oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 8-ILOVA
Sport hakamligi haqida davlat namunasidagi GUVOHNOMA (tavsifi)
Sport hakamligi haqidagi guvohnoma A4 formatli oq qogʻozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och kul rangda bosib chiqariladi. Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Davlat gerbi, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan. Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI. Sport hakami haqida GUVONNOMA” soʻzlari bosiladi. Guvohnoma ikki lotin harfi — SN va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och kul rang fonda bosib chiqariladi. Guvohnoma: bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli; yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar; naqshli rastr; har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish; maxsus qogʻozlar; oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri) Sport hakami haqida GUVONNOMA SN № 000000 _________________________________________________________________________________________________ (Familiyasi, ismi, otasining ismi) _________________________________________________________________________________________________ (sport turi nomi) Asos_____________________________________________________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________
20____y. ________________ da berilgan. Muhr oʼrni Direktor ______________ Qayd raqami ________”.
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 32-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/32/2481-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 658-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-dekabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 347-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2014-y., 51-son, 609-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 288-son qarori ilovasining 26-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 20-son, 367-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 31-maydagi 329-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 22-son, 433-modda).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2018-y., 09/18/658/1705-son; 16.01.2019-y., 09/19/32/2481-son, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son; 13.08.2020-y., 09/20/480/1168-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)