Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamgʻarmalarini tashkil etish, uning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 25-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3043]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PF-5467-son “Obod mahalla” dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamgʻarmalarini tashkil etish, uning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-iyul,
24-son
Moliya vaziri D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-iyul,
112-son
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 2018-yil 10-iyuldagi 24, 112-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamgʻarmalarini tashkil etish, uning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PF-5467-son “Obod mahalla” dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamgʻarmalarini tashkil etish, uning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PF-5467-son “Obod mahalla” dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan “Obod mahalla” dasturi doirasida bajariladigan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida shaharlar va tumanlar uchun “Obod mahalla” jamgʻarmalari (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etiladi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida (bundan buyon matnda hisobvaraq deb yuritiladi) jamlanadi va ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan transfertlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari va ularning qoʻshimcha mablagʻlari;
“Mahalla” xayriya jamoat fondi, hasharlar va xayriya tadbirlarini oʻtkazish hisobidan tushadigan mablagʻlar, tashkilotlarning homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 6-maydagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3831, 06.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 10/26/3831/0463-son)
xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy davlatlar grant mablagʻlari;
tashabbuskor tadbirkorlar mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarmaning mablagʻlari:
mahalla aholisini ishonchli tarzda ichimlik suvi va oqova suvi taʼminotini, issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, maishiy chiqindilarni toʻplash va chiqarishning zaruriy infrastrukturasini yaratish;
sugʻorish uchun mavjud suv resurslaridan kelib chiqib ariq-irrigatsiya tizimini moslashtirish, kollektor va drenaj tizimlarini modernizatsiya qilish, sizot suvlari sathini pasaytirish;
mahalla ichki yoʻllarini va piyodalar yoʻlaklarini qurish hamda taʼmirlash, yoʻl boʻylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, tashqi yoritish tizimlarini barpo etish;
Oldingi tahrirga qarang.
mahalla hududidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini, umumtaʼlim maktablarini, tibbiyot, madaniyat va jismoniy tarbiya hamda sport tashkilotlari bino va inshootlarini ustuvor ravishda qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2021-yil 12-noyabrdagi 42-son, Moliya vazirligining 2021-yil 5-noyabrdagi 72-sonli qarori (roʻyxat raqami 3043-1, 22.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2021-y., 10/21/3043-1/1083-son)
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalarga ularning uy-joylarini taʼmirlashda moddiy va moliyaviy yordam koʻrsatish hamda aholini qurilish materiallari bilan imtiyozli tarzda taʼminlash;
mahalla guzarini, tibbiyot maskanlari negizida qulay va arzon dorixonalarni, zaruriy maishiy xizmat va servis shoxobchalarini hamda bolalar maydonchasini, kichik istirohat bogʻini qamrab oladigan “mahalla markazini” barpo etish;
“Obod mahalla” dasturini amalga oshirish uchun qoʻshimcha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
5. Jamgʻarma mablagʻlarini mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilmagan maqsadlarga yoʻnaltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. “Obod mahalla” dasturlari doirasida bajariladigan taʼmirlash ishlari (kapital qurilishdan tashqari) va obodonlashtirish tadbirlari ularni loyihalashtirish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mustaqil ravishda tasdiqlanadigan manzilli roʻyxat asosida moliyalashtiriladi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
7. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari raislik qiluvchi Kengash tomonidan amalga oshiriladi.
8. Kengash tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanadi. Bunda Kengash tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hududiy sektor rahbarlari, shahar va tuman hokimlari hamda vazirlik va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari rahbarlari kiritiladi.
9. Kengash majlisi aʼzolarining yarimidan koʻpi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi.
Qaror qabul qilishda ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Kengash raisi tomonidan hal qiluvchi qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
10. Kengash majlisi har chorakda kamida bir marotaba chaqiriladi.
11. Kengash:
Jamgʻarmaga kelib tushgan mablagʻlar doirasida daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
zarur hollarda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
Jamgʻarmaning chorak yakuni boʻyicha daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining buxgalteriya xizmati Jamgʻarmaning ishchi organi (bundan buyon matnda Ishchi organ deb yuritiladi) hisoblanadi.
13. Ishchi organ:
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasini tayyorlaydi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari hamda asosiy xarajatlar yoʻnalishlari boʻyicha hisobini yuritadi;
har chorakda Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi va Kengashga taqdim etadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan hisobot va nazorat
14. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisob va hisobotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarning budjetdan tashqari boshqa mablagʻlaridan alohida yuritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi (choraklar, daromadlar manbalari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha) va Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
16. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablagʻlari keyingi yilga oʻtadi va boshqa maqsadlar uchun olib qoʻyilmaydi.
17. Homiylar tomonidan natura shaklida berilgan (koʻrsatilgan) mahsulotlarning (ishlarning) hisobi alohida yuritiladi.
18. Ishchi organ Jamgʻarma mablagʻlarining qonuniyligi va maqsadli yoʻnaltirilishi, shuningdek Jamgʻarma faoliyati boʻyicha buxgalteriya hisobi va hisobotlari tashkil etilishi uchun javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetalarining ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 13-martdagi 9-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3788, 16.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2026-y., 10/26/3788/0242-son)
5-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
20. Jamgʻarma qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 –– 57-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312 –– 315-moddalari.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2018-y., 10/18/3043/1572-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 22.11.2021-y., 10/21/3043-1/1083-son; 01.08.2023-y., 10/23/3450/0546-son; 16.03.2026-y., 10/26/3788/0242-son; 07.05.2026-y., 10/26/3831/0463-son)