O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda mustaqil fuqarolik institutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, ularning erkin faoliyati kafolatlarini ta’minlash, davlat organlarining fuqarolar bilan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ularning ochiq, shaffof va oshkora faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yuzasidan kompleks va izchil ishlar amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari faoliyati tashkil etildi, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Bunda davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sherikligini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari yaratildi, davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning huquqiy asoslari shakllantirildi, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan isloh qilindi, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarining qonunchilik asoslari yaratildi, shuningdek, “Elektron hukumat” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda va ro‘yobga chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili, shuningdek, fuqarolar bilan tashkil etilayotgan uchrashuvlar natijalari davlat va jamiyat o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan:
birinchidan, muloqotni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida bog‘lab turuvchi “ko‘prik”ning yo‘qligi davlat organlari faoliyatidagi muammolarni aniqlash hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
ikkinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish masalalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashish, jumladan fuqarolarning qonun hujjatlarini takomillashtirishga va jamiyatdagi muammolarni hal qilishga doir takliflariga beparvo munosabatda bo‘lish holatlari davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga hamda davlat va xalq o‘rtasida “muloqot maydoni”ni shakllantirishga to‘sqinlik qilmoqda;
uchinchidan, fuqarolarda davlat organlari faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatining yo‘qligi, ko‘pchilik hollarda ularga bunday axborotni taqdim etish asossiz ravishda rad etilayotganligi xalqning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda;
to‘rtinchidan, davlat organlari faoliyatida sog‘lom ishchanlik muhitini va qonuniylikni joriy etishga, xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarning lozim darajada amalga oshirilmasligi ular tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari ko‘payishi, fuqarolarning huquqlari buzilishi, davlat organlari xodimlari xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar sonining ortishi va aholining davlat organlari faoliyatidan noroziligi kuchayishi uchun shart-sharoitlar yaratmoqda;
beshinchidan, xodimlarning xizmat va uy-joy shart-sharoitlarini yaxshilashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi, shuningdek, bu sohada mavjud muammolar hal etilishi ustidan jamoatchilik nazoratining kutilayotgan natijalarni bermayotganligi ular faoliyatining samaradorligini pasaytirishga olib kelmoqda.
Mazkur muammolarni hal qilish davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlariga bo‘lgan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqishni, jumladan aholi bilan ochiq va manzilli muloqot olib borishning yangi samarali vositalari va mexanizmlarini joriy etishni talab qilmoqda.
Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat va jamiyat o‘rtasida ta’sirchan hamda samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning mustahkam mexanizmlarini rivojlantirish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari va keng jamoatchilikning har bir davlat organi, jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi;
jamoatchilik kengashi davlat organi rahbarining qarori bilan tashkil etiladi;
jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va davlat organi rahbarining qarori bilan tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiradi;
jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, davlat organida namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va uning hududiy bo‘linmalarining faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-apreldagi PF-49-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2023-y., 06/23/49/0210-son)
4. Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, davlat organi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha davlat organi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
birgalikda muloqot qilish, davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun davlat organini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat boshqaruvi organlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni umumlashtirish va baholash;
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PF-5733-sonli Farmoniga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son)
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan davlat organining faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
davlat organi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
davlat organi faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat organining rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlash;
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-sonli Farmoniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son)
davlat organi faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
davlat organi faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.
5. Jamoatchilik kengashiga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat organi tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;
davlat organining, jumladan uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlarining binolari (xonalari) va boshqa obyektlarini davlat organi tomonidan belgilangan tartibda borib ko‘rish;
davlat organi, uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlari rahbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;
davlat organi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan davlat organining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat boshqaruvi organlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni ko‘rib chiqish;
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PF-5733-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son)
davlat organining qonun ijodkorligi faoliyatida, davlat organi tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga davlat organi tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;
davlat organi xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;
jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish.
6. Davlat organlari bir oy muddatda:
jamoatchilik kengashlarining tarkiblarini tasdiqlasin va ularning faoliyatini tashkil etishga doir masalalar hal etilishini ta’minlasin;
davlat organiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizom asosida jamoatchilik kengashlari haqidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutiga davlat organlari bilan birgalikda ikki oy muddatda jamoatchilik kengashlari faoliyatini axborot-tahliliy va uslubiy ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilishda ularga ko‘maklashish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi mazkur qarorning mazmuni va ahamiyati keng yoritilishini hamda aholiga yetkazilishini tashkil etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov va davlat organlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-iyul,
PQ-3837-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi PQ-3837-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb yuritiladi) davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinlarda — jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.
3. Jamoatchilik kengashi davlat organining markaziy apparati huzurida tashkil etiladi va uning faoliyati mazkur davlat organining barcha hududiy bo‘linmalari hamda tasarrufidagi tashkilotlariga tatbiq etiladi.
4. Jamoatchilik kengashi davlat organi rahbarining qarori bilan tashkil etiladi.
5. Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
6. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
7. Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom va unga kiritiladigan o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar davlat organi rahbarining qarori bilan tasdiqlanadi.
2-bob. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari
8. Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, davlat organi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha davlat organi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
birgalikda muloqot qilish, davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun davlat organini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat boshqaruvi organlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni umumlashtirish va baholash;
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PF-5733-sonli Farmoniga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son)
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan davlat organining faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
davlat organi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
davlat organi faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat organining rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlash;
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-sonli Farmoniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son)
davlat organi faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
davlat organi faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.
9. Jamoatchilik kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
davlat organining faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat organiga tegishli takliflar kiritadi;
davlat organining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
davlat organi faoliyatiga taalluqli uning normativ-huquqiy hujjatlari va qarorlarini takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni mazkur davlat organi xodimlari o‘rtasida muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;
davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini va davlat organi faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat boshqaruvi organlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni ko‘rib chiqadi;
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PF-5733-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son)
davlat organi rahbarlari va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazadi;
davlat organi xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish muammolarini hal etishda ko‘maklashadi;
xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari bo‘yicha davlat organi xodimlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi;
davlat organida, uning hududiy bo‘linmalarida va tasarrufidagi tashkilotlarida sog‘lom ishchanlik muhitini rivojlantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta’minlash, xodimlarda Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish, ularni ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va ma’naviy-ma’rifiy kamol toptirish, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-ma’rifiy va o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni davlat organi faoliyatini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni ta’minlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
davlat organi faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;
davlat organi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.
10. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:
davlat organi tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;
davlat organining, jumladan uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlarining binolari (xonalari) va boshqa obyektlarini davlat organi tomonidan belgilangan tartibda borib ko‘rish;
davlat organi, uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlari rahbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;
davlat organi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan davlat organining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;
davlat organining qonun ijodkorligi faoliyatida, davlat organi tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga davlat organi tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;
davlat organi xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;
jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.
Jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda:
jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;
davlat organi faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;
davlat organi va uning mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;
davlat organi va uning mansabdor shaxslari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmasligi;
fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.
Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
3-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi
12. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari kiradi.
13. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, davlat organida namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.
Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni cheklanmagan.
14. Jamoatchilik kengashining tarkibi davlat organi rahbarining qarori bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.
15. Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:
ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;
jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;
ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va ularga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son)
17. Jamoatchilik kengashining raisi:
jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;
jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;
jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;
jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;
jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;
davlat organining rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni davlat organi rahbari bilan kelishadi;
jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan davlat organi rahbari bilan hamkorlik qiladi;
jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
18. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.
19. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:
rais yo‘qligida jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;
jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
jamoatchilik kengashining samarali ishlarini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
20. Jamoatchilik kengashining kotibi:
jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;
jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, davlat organi xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;
kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;
jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;
jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;
jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;
jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
21. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.
Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.
Jamoatchilik kengashining a’zolari:
o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun davlat organi tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;
jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;
davlat organi faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;
davlat organi xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni jamoatchilik kengashiga kiritadi;
jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;
jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
22. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.
Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son)
23. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.
24. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.
25. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.
Jamoatchilik kengashining majlisida davlat organi rahbari, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.
26. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.
27. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
28. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.
29. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda davlat organiga, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
30. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.
Davlat organi jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.
31. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash davlat organi tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
33. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ekanligi davlat organining rahbari tomonidan nazorat qilinadi.
34. Jamoatchilik kengashining va davlat organi rahbarining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.07.2018-y., 07/18/3837/1454-son; 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son; 13.04.2023-y., 06/23/49/0210-son)