Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-dekabrdagi PF-5270-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik, idoralar va oliy taʼlim muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslar abituriyent sifatida hujjat topshirgan oliy taʼlim muassasalarida kirish imtihonlari oʻtkaziladigan va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻqiydigan bino va auditoriyalarda zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-iyun,
417-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi 417-son qaroriga
ILOVA
Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ikki foizli davlat granti kvotalarining (keyingi oʻrinlarda qoʻshimcha kvota deb ataladi) oliy taʼlim muassasalari kesimidagi taqsimoti tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan shakllantirilib, har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi tegishli qarori qabul qilinganidan soʻng ikki hafta muddatda Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) taqdim etiladi.
Oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha kvotalarning oliy taʼlim muassasalari kesimidagi taqsimoti ikki hafta muddatda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2022-y., 07/22/279/0530-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha kvota asosida oʻqishga qabul qilish toifasiga umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus taʼlim tashkiloti yoxud boshlangʻich professional taʼlim kasb-hunar maktabini tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda berilgan shakldagi maʼlumotnomaga ega I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, shuningdek nogironligi boʻlgan bolalar kiradi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
4. Oliy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari oʻtkaziladigan bino va auditoriyalarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
5. Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha kvota asosida oʻqishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ajratilgan qoʻshimcha kvotalar asosida qabul qilinmagan abituriyentlar toʻplagan ballari bilan mazkur taʼlim yoʻnalishida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oliy taʼlim muassasalariga koʻzi ojiz abituriyentlar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 8-bobi hamda Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 14-15-bandlarida belgilangan tartibga muvofiq qabul qilinadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilishni tashkil etish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Hujjatlarni qabul qilish va oʻrganish
9. Qabul jarayonida oliy taʼlim muassasasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi deb ataladi) hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda oliy taʼlim muassasasida nogironligi boʻlgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston nogironlar jamiyati vakili ham kiritilishi mumkin.
Quyidagilar nogironligi boʻlgan shaxslardan hujjatlarni qabul qilish komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
nogironligi boʻlgan shaxslar bilan kasbga yoʻnaltirish boʻyicha suhbatlar oʻtkazish;
nogironligi boʻlgan shaxslardan ariza va hujjatlarni qabul qilish.
10. Abituriyent oliy taʼlim muassasasining qabul komissiyasiga taqdim etishi lozim boʻlgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda nogironligi boʻlgan shaxslar nogironlikni tasdiqlovchi hujjatning aslini shaxsan (yoki ishonchli vakili tomonidan) koʻrsatgan holda, nusxasini taqdim etishi talab etiladi.
11. Barcha abituriyentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (keyingi oʻrinlarda Davlat test markazi deb ataladi) abituriyentlar bazasiga kiritiladi.
12. Davlat test markazi har yili 16-iyulga qadar nogironligi boʻlgan abituriyentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Sogʻliqni saqlash vazirligiga oʻrganib chiqish uchun taqdim etadi.
Oʻrganish natijalari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan har yili 20-iyulga qadar Davlat test markaziga maʼlum qilinadi.
Oʻrganish natijalariga koʻra nogironligi tasdiqlanmagan shaxslar oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha ikki foizli davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon)ga qoʻyilmaydi.
3-bob. Kirish imtihonlarini topshirish
13. Nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish boʻyicha belgilangan tartiblarga muvofiq topshiriladi.
Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan nogironligi boʻlgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, qoʻshimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
15. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 09/18/417/1311-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son; 16.06.2022-y., 07/22/279/0530-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)