O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida
Jahon axborot makoni globallashuvining kuchayishi ommaviy axborot vositalari sohasida dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga tez va mos ravishda munosabat bildirish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik qayta o‘zgarishlar haqida respublika aholisini, dunyo hamjamiyatini o‘z vaqtida va xolisona xabardor qilish tizimini takomillashtirish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda.
Ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, tahririyat-matbaa komplekslarining miqdor va sifat jihatidan o‘sishi, fuqarolik jamiyati institutlari, reklama agentliklari, axborot xizmatlari, media kommunikatsiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda.
Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil hisoblanadi. Bu borada chinakam milliy jurnalistika maktabini shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va Internet tarmog‘idagi tahliliy saytlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga egadir.
Bugungi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarur. Biroq, mamlakatimizda bunday keng ko‘lamli vazifani hal etadigan tayanch oliy ta’lim muassasasi mavjud emas.
Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ko‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash, shuningdek, hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini ta’minlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata’lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jurnalistika sohasini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakali jurnalist kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
mamlakatimizning ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika sohasida erishgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasi va hududlarda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli yo‘nalishlar hamda mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, shuningdek, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini va masofadan o‘qitish usullarini joriy etish;
jurnalistika sohasi ta’limini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
istiqbolli yosh bitiruvchilarni xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarining magistratura va doktoranturasida ta’lim olish uchun muntazam yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
respublika ommaviy axborot vositalari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-metodik bazasini shakllantirish va o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshirish.
4. Quyidagilar:
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
2018 — 2021-yillarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Universitet tuzilmasiga oliy ta’lim muassasasi uchun belgilangan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. 2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qayd etilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasi asosida Universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasb layoqatini aniqlashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, “Oliy jurnalistika kurslari” bo‘yicha qabul to‘xtatiladi hamda ushbu ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettiradilar;
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Universitetga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlarini o‘rganib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga Universitetning sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalarini shakllantirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritsin.
Qayd etilsinki, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari 2018/2019 o‘quv yilida Universitet bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan qabul kvotalarining o‘ttiz foizigacha bo‘lgan miqdorda belgilanadi.
7. Belgilansinki, Universitet uchun bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativi 1:6,0 nisbatda o‘rnatiladi va Universitet professor-o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga o‘ttiz foiz ustama qo‘shib hisoblanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
bir oy muddatda Universitet ustavini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi choralarini ko‘rsin;
2018-yil 15-iyunga qadar Universitetning bo‘limlari, fakultetlari va kafedralarini shakllantirishni, tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq professor-o‘qituvchilar tarkibini yuqori malakali, ta’lim tizimida zamonaviy bilimlarga, shuningdek, amaliy ish tajribasiga ega mutaxassislar bilan to‘ldirilishini, professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va darajasini uzluksiz oshirish uchun sharoitlar yaratilishini, o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar keng jalb etilishini ta’minlasin;
2018-yil 15-iyulga qadar jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlashga oid ilg‘or xorijiy tajriba asosida o‘quv rejalari va fan dasturlari, o‘quv-metodik materiallar va qo‘llanmalar ishlab chiqilishini va kafedralarga yetkazilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda talabalarning malakaviy amaliyotlarini belgilangan tartibda milliy, shuningdek, ilg‘or xorijiy ommaviy axborot vositalari bazasida tashkil etish choralarini ko‘rsin;
Universitetning boshlang‘ich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida uning bino va inshootlarini joriy ta’mirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari) uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalansin.
9. Universitet kadrlar buyurtmachilari ro‘yxati va ularga biriktiriladigan talabalar soni 4-ilovaga hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot o‘tash obyektlariga biriktirilishi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Quyidagilar Universitetda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
korxona va tashkilotlar obyektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va “ustoz-shogird” tizimi asosida o‘talishini ta’minlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi me’yoriy hujjatlari, zamonaviy axborot dasturiy ta’minot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;
ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qo‘shimcha ish haqlarini tayinlash;
manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni ta’lim jarayonida ishtirokini ta’minlash;
korxona va tashkilotlarda professor-o‘qituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish imkoniyatini yaratish.
Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan o‘qishni bitirganidan so‘ng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy to‘lov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda to‘lab berishi mumkinligi qayd etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Universitetning professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga malakasini oshirish va doktoranturaga yuborish, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini muntazam tashkil etsin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Universitetda jurnalistika sohasi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash ochish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
13. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnomalar asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
14. Toshkent shahar hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Markaz-5, 88-uyda joylashgan Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Universitetga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Universitet binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.
15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Universitetni onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan ta’minlash, shuningdek, Internet hamda elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash ishlarini 2019-yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilishi bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Universitetni saqlash xarajatlarini 2018-yilda ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida ajratishni, 2019-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin;
Universitetga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Vasiylik kengashining tarkibini tasdiqlasin;
Universitetning moddiy-texnika bazasini yaratish, shu jumladan, talabalar turar joyini qurish va jihozlash, kichik bosmaxona va o‘quv telestudiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V. Akmalov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-may,
PQ-3737-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PQ-3737-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining
TUZILMASI
Universitet (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy bo‘linmalar) xodimlarining umumiy cheklangan soni oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
* Budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan saqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PQ-3737-son qaroriga
2-ILOVA
2018 — 2021-yillarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini rivojlantirish
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Muddati

Moliyalashtirish manbai

Mas’ullar

I. Universitetda ta’lim sifatini oshirish, yuqori malakali hamda zamonaviy bilimlarga ega kadrlarni tayyorlash, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish

1.

Universitet ustavi, fakultetlar va kafedralarning tegishli hujjatlarini shakllantirish.

1. Universitet ustavini ishlab chiqish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

2. Yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan fakultet, bo‘lim va kafedralar hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil
iyun

-

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

2.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari talabalarining fanlardan nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarini davlat ta’lim standartlari, malaka talablari darajasida egallashi hamda chet tillarini mukammal bilishi uchun amaliy mashg‘ulotlar hamda malaka amaliyotlari tegishli tarmoqning muayyan tashkilotlarida o‘tkazilishini tashkil etish.

1. Ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari xususiyatidan kelib chiqib, ularda ta’lim olayotgan talabalar kontingentini tegishli tashkilotlarga biriktirish va shartnomalar tuzish.

2. Ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining malaka talablari, o‘quv rejasi, fan dasturlari hamda o‘quv adabiyotlarini sohaning nazariy va amaliy muammolaridan, ilg‘or xorijiy tajribalardan hamda ilmiy tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda yangilash.

3. Shartnoma asosida amaliy mashg‘ulotlar va malakaviy amaliyotni o‘quv jarayoni jadvali asosida tashkil etish, ushbu jarayonni nazorat qilish uchun universitet va tashkilot vakillarini biriktirish.

2018-yil dekabr

-

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti,

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi

3.

Universitet professor-o‘qituvchilarining zamonaviy talablar asosida bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ishlab chiqarish tashkilotlarida olib borilayotgan texnologik yangilanishlar, joriy etilayotgan innovatsion texnologiyalar to‘g‘risida ma’lumot olishlari uchun tashkilotlarda stajirovkalarini hamda tashkilot hisobidan xorijda malaka oshirish (stajirovka)larini tashkil etish.

1. Soha tashkilotlarida professor-o‘qituvchilar stajirovkalarini tashkil etish.

2. Stajirovka yakunida tashkilotlardagi yangi texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda muammolarni o‘rganish darajasini Universitet va tashkilot vakillaridan iborat komissiyada himoya qilish.

2018-yildan boshlab, doimiy

-

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi

4.

Respublika ommaviy axborot vositalari tarmoqlarining real ehtiyojlarini e’tiborga olgan holda Universitetda yangi ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash.

1. Ommaviy axborot vositalarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish va tahlil qilish.

2. Mavjud ehtiyoj asosida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash.

2018-yildan boshlab, doimiy

-

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti,
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi

5.

Ommaviy axborot vositalari tashkilotlari va ta’lim muassasalari, xususiy sektorning ilmiy-ijodiy muammolari asosida bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini yaratish hamda tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarining yakuniy davlat attestatsiyalarida ishtirok etishini ta’minlash.

1. Professor-o‘qituvchilarning hamkor tashkilotlardagi stajirovka natijalari asosida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish.

2. Ishlab chiqarish tashkilotlarining yetakchi mutaxassislarini tashkilot muammolarini hisobga olgan holda shakllantirilgan mavzular bo‘yicha bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlikka biriktirish.

3. Bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalari himoyasi yuzasidan Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari tarkibida ishlab chiqarish tashkilotlarining vakillari ishtirokini ta’minlash.

doimiy

-

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi

6.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari fanlarini zamonaviy darslik, o‘quv-uslubiy, ilmiy-metodik va elektron adabiyotlar bilan ta’minlash.

1. Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari o‘quv rejalari hamda fan dasturlarini tanqidiy tahlil qilish.

2. Xorijiy davlatlar yetakchi oliy ta’lim muassasalarining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘quv rejalari va fan dasturlaridagi ilg‘or tajribalarni joriy etish.

3. Sohaning yetakchi mutaxassislaridan iborat xorijiy adabiyotlar asosida o‘quv adabiyotlarini yaratuvchi mualliflar guruhini shakllantirish, zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish.

4. Ta’lim jarayoniga o‘qitishning ilg‘or texnologiyalari, modul va interaktiv o‘qitish usullarini keng joriy etish hamda talabalarning zamonaviy axborot resurslaridan erkin foydalanishi uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish.

2018-yildan boshlab, doimiy

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi

7.

Ta’lim jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini qo‘llagan holda sifatli tashkil etish maqsadida elektron ta’lim resurslarini shakllantirish.

1. Asosiy darslik va o‘quv qo‘llanmalarini elektron shaklga o‘tkazish.

2. Axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimiga elektron ta’lim resurslarini joylashtirish.

doimiy

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

8.

Ta’lim jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or ta’lim texnologiyalari va o‘qitish usullarini joriy etish.

1. Universitet professor-o‘qituvchilarini chet davlatlarning yetakchi o‘quv va ilmiy markazlariga malaka oshirish (stajirovka)ga yuborish.

2. Xorijda malaka oshirgan professor- o‘qituvchilarning mahorat darslarini tashkil etish, ta’lim jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalari va o‘qitish usullarini joriy etish.

3. Chet el mutaxassislarini jalb etgan holda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish.

2018-yildan boshlab, reja asosida

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi,
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi,
O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

9.

Mamlakatimizning yetakchi professor-o‘qituvchilari va olimlarini Universitet ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining fanlari bo‘yicha dars berishga jalb etish.

Yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlaridan malakali va salohiyatli professor-o‘qituvchilar hamda olimlarni Universitetning tegishli kafedralariga jalb qilish.

doimiy

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi

10.

Iqtidorli talabalarning ilmiy-ijodiy jamiyatini tashkil etish, press-klub ochish.

1. Universitetning faol va iqtidorli talabalarining qiziqishlarini e’tiborga olgan holda, ularni ilmiy-tadqiqot va ijodiy guruhlarga jalb qilish mexanizmini shakllantirish.

2. Universitet hududida “Buk-kafe”lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

doimiy

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

11.

Ijodiy mahorat maktablarini tashkil etish.

Professor-o‘qituvchilarni, olimlarni biriktirgan holda “ustoz-shogird” tizimini joriy etish.

doimiy

-

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

12.

Respublika ommaviy axborot vositalari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining axborot xizmatlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, turli jamg‘armalarda talabalarning amaliyot o‘tash tizimini yanada takomillashtirish, tajribali amaliyotchilar rahbarligidagi “mahorat maktab”lari faoliyatini kengaytirish.

1. O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarida Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun
3-4 haftalik malakaviy amaliyotlarni tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda kelishuvdan o‘tkazish.

2. Universitetdan har yili iqtidorli talabalarni mazkur diplomatik vakolatxonalarga amaliyot o‘tash uchun yuborish.

3. Respublikadagi yirik ommaviy axborot vositalari (O‘zMTRK, O‘zEOAVMA, O‘zA, “Dunyo” AA, “Xalq so‘zi”, “Ma’rifat”, “Uzbekistan Today”, “Hurriyat”, Xalqaro press-klub va b.) tahririyatlari hamda vazirlik va idoralar axborot xizmatlari bilan Universitet hamkorligini yanada mustahkamlash.

4. Tajribali amaliyotchi jurnalistlar rahbarligidagi “mahorat maktab”lari faoliyatini zamon talablari darajasiga ko‘tarish.

5. Universitet talabalarining mahoratini oshirish uchun ularni vazirlik va idoralarning axborot xizmatlariga jalb etish.

doimiy

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mablag‘lari

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi

II. Universitet ilmiy salohiyatni oshirish, ommaviy axborot vositalari sohalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish

13.

Oliy ta’lim — ilm-fan — ishlab chiqarish integratsiyasi asosida amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish.

1. Ommaviy axborot vositalariga qarashli tarmoq (soha) tashkilotlarining ilmiy-texnik rivojlantirish yo‘nalishlari muammolariga bag‘ishlangan mavzular bazasini shakllantirish.

2. Mavzular bazasidan foydalangan holda Universitetda xo‘jalik shartnomalari (grantlar loyihalari), bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini bajarish.

doimiy

-

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi

14.

Universitet professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilarini, talabalarni jurnalistika sohalarining ilmiy-texnik muammolariga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish.

1. Jurnalistika sohalarining ilmiy-texnik muammolari bazasini shakllantirish va doimiy yangilab borish.

2. Universitet professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilarini, talabalarni jurnalistika sohalarining ilmiy-texnik muammolariga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga biriktirish.

3. Olingan natijalar amaliyotga joriy etilishiga, ular asosida xorijiy va mahalliy ilmiy jurnallarda maqolalar chop etilishida amaliy yordam ko‘rsatish.

doimiy

Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida o‘tkazilgan tanlov natijalari bo‘yicha grantlarga ajratilgan mablag‘lar

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

15.

Bugungi kun talablaridan kelib chiqib, yuqori natijadorlikka erishishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlarni olib borish orqali Universitetning ilmiy salohiyatini oshirish.

1. Universitetning ilmiy salohiyatini oshirish uchun mutaxassislik yo‘nalishlaridan kelib chiqib, falsafa doktori (PhD) hamda fan doktor (DSc)larini yetakchi oliy ta’lim muassasalari va Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlarida maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.

2. Yetakchi oliy ta’lim muassasalari va Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlariga yosh o‘qituvchilarni biriktirish, professor-o‘qituvchilar va xodimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga faol jalb etish.

3. Universitet axborot-resurs markazini xorijiy davlatlarning ilmiy jurnallari, yetakchi davriy nashrlari bilan doimiy ta’minlash, shu bilan birga professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilarning xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlardagi ishtiroklarini rasmiy tartibda yo‘lga qo‘yish.

doimiy

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

III. Universitetda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda yoshlarga yuksak ma’naviyat g‘oyalarini chuqur singdirish ishlarida ularning ishtirokini kengaytirish

16.

Universitetda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yo‘lga qo‘yish, ularning samaradorligini oshirish va yanada takomillashtirish.

1. Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha boshqa oliy ta’lim muassasalaridagi ilg‘or ish tajribalarini o‘rganish va ularni ommalashtirish, aniq manzilli yillik ish rejalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishni ta’minlash.

2. Universitet axborot-resurs markazi, fakultetlari, kafedralarining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi uslubiy materiallar, ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy adabiyotlar, uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlanganlik darajasini aniqlab, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

3. Axborot-resurs markazida talabalar va professor-o‘qituvchilarning ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid adabiyotlardan foydalanish monitoringini olib borish hamda natijalarini Universitet (fakultet) Kengashida muhokama etib borish.

4. “Yangi kitoblar va uslubiy materiallar ko‘rgazmasi” tadbirlarini o‘tkazish.

5. Talabalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan tadbirlar, tanlovlar tizimli o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish.

doimiy

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

17.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tavsiya etilgan “Oliy ta’lim muassasalarining odob-axloq qoidalari” bo‘yicha professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish.

1. Ishchi guruhni tuzish, “Oliy ta’lim muassasalarining odob-axloq qoidalari” bo‘yicha professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish.

2. Ushbu qoidalarga rioya etish bo‘yicha monitoring ishlarini amalga oshirish, uning natijalarini muhokama etib, zarur choralar ko‘rib borish.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, reja asosida

har oyda bir marta

-

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti

18.

Ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan so‘rovlar o‘tkazish, so‘rovlar natijalarini Universitet (fakultet) Kengashida muhokama qilish asosida tegishli chora-tadbirlar belgilab borish.

1. Universitet ma’muriyatida talabalar muammolarini o‘z vaqtida qayd qilish va hal qilishga qaratilgan “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish.

2. Ta’lim-tarbiya jarayonlarining darajasi va sifati haqida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda natijalari bo‘yicha aniq vazifalar belgilash.

har oyda bir marta

har chorakda bir marta

-

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti, Universitet kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkiloti

19.

Talabalar turar joylarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish va ularning samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish.

1. Talabalar turar joylarida yashovchi talabalar bilan amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish.

2. Talabalar turar joylarini ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi targ‘ibot vositalari bilan jihozlash, axborot-resurs markazi (kutubxonalar), dam olish, sport-sog‘lomlashtirish, kompyuter xonalari va maishiy xizmat shoxobchalarida zarur shart-sharoitlar yaratish.

3. Talabalar turar joylarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda talabalarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimidan keng foydalanish.

4. To‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularda talabalar qamrovini kengaytirish.

5. “Eng yaxshi talabalar turar joyi” tanlovining oliy ta’lim muassasasi bosqichini o‘tkazish va tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish.

doimiy

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

20.

Ijarada yashovchi talabalar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish.

1. Ijarada yashovchi talabalarning ro‘yxati va yashash manzillarini shakllantirish, ular bilan ishlash bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasini tuzish va amalga oshirish.

2. Xonadonlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, talabalarning yashash sharoiti, dars tayyorlashi, dam olishi kabi holatlarni o‘rganib borish.

3. Ijarada yashovchi talabalarning yashash sharoitlarini nazorat qilish maqsadida profilaktika inspektori, mahalla oqsoqoli, ijarachi (uy egasi), dekan, talaba o‘rtasida hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish.

doimiy

-

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti,
Toshkent shahar
ichki ishlar bosh boshqarmasi

21.

Professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda jamoatchilik bilan hamkorlikdagi faoliyatni yanada rivojlantirish, profilaktika chora-tadbirlarini samarali amalga oshirish.

1. Professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda jamoatchilik bilan hamkorlikdagi faoliyatni amalga oshirish.

2. Belgilangan muddatlarda professor-o‘qituvchilar va talabalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida davra suhbatlarini o‘tkazish.

doimiy

-

Toshkent shahar prokuraturasi, Toshkent shahar
ichki ishlar bosh boshqarmasi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti

22.

Talabalar davomatini onlayn nazorat qilish tizimini joriy etish.

Universitetda tahsil olayotgan talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun shaxsni identifikatsiyalash (ID) kartasini joriy etish.

2018-yil sentabr

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

23.

Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun “Yoshlar ijodiyot klubi” faoliyatini samarali tashkil etish.

Universitetning “Yoshlar ijodiyot klubi” bazasida ijtimoiy hududlarni yaratish, jumladan:

- media markaz;

- bufet;

- Wi-Fi zona;

- musiqa va ovoz yozish studiyasi;

- talabalar teatr studiyasi;

- press-klub.

2018 — 2020-yillar davomida

O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy komunikatsiyalar universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

IV. Universitetda amalga oshiriladigan qurilish, mukammal ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari

24.

Universitetning o‘quv binolari va inshootlarida qurilish-ta’mirlash va hududini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish.

1. Bosh bino va ustaxonada qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish.

2. Ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatidan kelib chiqqan holda, o‘quv binolarida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish va auditoriyalarni jihozlash.

3. Talabalar turar joyini qurish va jihozlash ishlarini bajarish.

4. Ustaxona binosida Axborot-resurs markazi hamda Yoshlar ijodiyot klubini joylashtirish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish, zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlash.

5. Universitet sport inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish va zamon talablari darajasida jihozlash.

6. Universitet oshxonasida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish.

7. Universitet hududini zamonaviy landshaft dizayni asosida obodonlashtirish.

2019 — 2021-yillar davomida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi,
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi,
Qurilish vazirligi

25.

Universitetning o‘quv binolarini zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlash.

Ta’lim va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida universitetda yangi ochiladigan o‘quv laboratoriyalari, mini tele-radio va fotostudiyalarni zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash.

2018 — 2021-yillar davomida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi,
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi,
O‘zbekiston jurnalistika
va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PQ-3737-son qaroriga
3-ILOVA
2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo‘yicha
QABUL KVOTALARI

Shifr

Ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) nomi

2018/2019 o‘quv yili qabul rejasi

Jami

shu jumladan:

grant

kontrakt

Bakalavriat

Jami

100

31

69

5220100

Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)

60

19

41

Bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi

15

5

10

Teleradio jurnalistikasi

15

5

10

Internet jurnalistika

10

3

7

Xalqaro jurnalistika

10

3

7

Sport jurnalistikasi

10

3

7

raqamsiz

Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar

20

6

14

raqamsiz

Mediadizayn

10

3

7

raqamsiz

Mediamarketing va reklama

10

3

7

Magistratura

Jami

30

8

22

5A220101

Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)

9

3

6

Bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi

3

1

2

Siyosiy-huquqiy jurnalistika

3

1

2

Internet jurnalistika

3

1

2

5A220101

Oliy jurnalistika kurslari

6

-

6

5A220102

Xalqaro jurnalistika

3

1

2

5A220104

Noshirlik ishi va muharrirlik

3

1

2

5A220105

Axborot xizmatlari texnologiyalari

3

1

2

5A220103

Televideniye va radio eshittirish

3

1

2

raqamsiz

Mediamenedjment

3

1

2

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PQ-3737-son qaroriga
4-ILOVA
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining kadrlar buyurtmachilari ro‘yxati va ularga biriktiriladigan talabalar soni

T/r

Kadrlar buyurtmachilari nomi

Talabalar soni

Bakalavriat

100

1.

Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari

28

2.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi

22

3.

Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari

20

4.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

16

5.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

14

Magistratura

30

1.

Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari

6

2.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

5

3.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

5

4.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi

5

5.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

5

6.

Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari

4

Jami

130

Izoh:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan kadrlar buyurtmachilari ro‘yxati va ularga biriktiriladigan talabalar soniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PQ-3737-son qaroriga
5-ILOVA
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot o‘tash obyektlariga biriktirilishi

T/r

Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari nomi

Amaliyot turlari (bakalavriat/magistratura) va o‘tkazish obyektlari

O‘quv-tanishuv
amaliyoti obyekti

O‘quv amaliyoti obyekti

Ishlab chiqarish amaliyoti/

ilmiy amaliyot (stajirovka) obyekti

1.

Jurnalistika
(faoliyat turlari bo‘yicha)

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

3. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

2. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

3. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

4. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

5. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

2. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

3. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

4. “Dunyo” axborot agentligi va axborot agentliklarining xalqaro bo‘limlari.

5. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

6. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

2.

Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar

1. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

2. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

1. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

2. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

1. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

2. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

3.

Mediadizayn

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

3. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

3. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

3. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

4.

Mediamarketing va reklama

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

3. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

2. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

3. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

4. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

5. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

2. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

3. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

4. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

5. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha

1.

Jurnalistika
(faoliyat turlari bo‘yicha)

-

-

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

3. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

4. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

2.

Oliy jurnalistika kurslari

-

-

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

3. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

4. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

5. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

3.

Xalqaro jurnalistika

-

-

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

3. “Dunyo” axborot agentligi va axborot agentliklarining xalqaro bo‘limlari.

4. Respublika, viloyat, shahar ommaviy axborot vositalarining xalqaro bo‘limlari.

4.

Noshirlik ishi va muharrirlik

-

-

1. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

2. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

5.

Axborot xizmatlari texnologiyalari

-

-

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. Vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari.

3. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

6.

Televideniye va radio eshittirish

-

-

1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

2. “O‘zbekkino” Milliy agentligi.

7.

Mediamenedjment

-

-

1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

2. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.

3. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.

4. Respublika, viloyat, tuman, shahar ommaviy axborot vositalari.

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 07/18/3737/1271-son; 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)