1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.12.00 Geologiya;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.02.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat va boshqaruv. Foydali qazilmalarni qazib olish faoliyatini litsenziyalash]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha Davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 1-martdagi PQ-3578-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi haqidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2010-yil 24-dekabrdagi 310-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 12-son, 72-modda);
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-tamoyillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” 2012-yil 1-noyabrdagi 313-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 11-son, 79-modda) 1-ilovaning 106-bandi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultanov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-may,
388-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-maydagi 388-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisida
1. Ushbu Nizom yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallarni (yakuniy geologik hisobot) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasida (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) ekspertizadan oʻtkazib, natijada bayonnomani “Litsenziya” axborot tizimi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (keyingi oʻrinlarda YIDXP deb ataladi) berish tartibini, shuningdek, Davlat komissiyasining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
2. Davlat komissiyasi geologiya materiallarini davlat ekspertizasidan oʻtkazuvchi va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlovchi kollegial organ hisoblanadi.
3. Davlat komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Davlat komissiyasining oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlari yer osti boyliklarini geologik jihatdan oʻrganish, kon-qazib olish korxonalarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish, mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash hamda chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
2-bob. Davlat komissiyasining vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Davlat komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash hamda hisoblab chiqish, ularni geologiya-iqtisodiy jihatdan baholash va ularning sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni oʻtkazish;
geologik materiallarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish;
oqilona iqtisodiy va ekologik asosda konlar zaxiralarini eng toʻliq va kompleks qazib olish talablariga muvofiq boʻlgan yer osti boyliklaridagi foydali qazilmalar zaxiralarini ishonchli hisoblab chiqish uchun konditsiyalarni tasdiqlash;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
respublikaning mineral xom ashyo bazasini rivojlantirishni taʼminlovchi foydali qazilmalarning barcha turlari zaxiralarini tasdiqlash.
6. Davlat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash hamda hisoblab chiqish, ularni geologik-iqtisodiy jihatdan baholash va ularning sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni oʻtkazish sohasida:
foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash va hisoblab chiqishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bosqichlar boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, konlarning sanoatdagi ahamiyatini (kondinsiyalarning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishini, shu jumladan, neft va gaz kondensati qazib olishning cheklangan koeffitsiyentlarini, konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini) geologiya-iqtisodiy jihatdan baholash jarayonida metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
b) geologiya materiallarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish sohasida:
foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqqan holda geologiya materiallari ekspertizasini tashkil qiladi va foydali qazilmalarning hisoblab chiqilgan zaxiralarini tasdiqlaydi, ushbu zaxiralarning oʻrganilganlik va ishonchlilik darajasining foydali qazilmalar konlari zaxiralarining amaldagi tasniflariga muvofiqligini, ularning sanoatdagi ahamiyatini hamda konlarning (yoki ular qismlarining) sanoat yoʻli bilan oʻzlashtirishga tayyorligini belgilaydi. Foydali qazilmalar zaxiralari konni geologik oʻrganishning barcha bosqichlarida konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishi va zaxiralarni hisoblab chiqish boʻyicha taqdim etilgan materiallar zaxiralarning miqdori, sifati va sanoatdagi ahamiyati boʻyicha xolisona baholash imkonini bergan taqdirda tasdiqlanishi mumkin;
chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida qurilish va (yoki) yer osti inshootlaridan foydalanish uchun beriladigan yer qaʼri uchastkalari boʻyicha geologik materiallar va boshqa materiallar ekspertizasini tashkil qiladi, ushbu uchastkalarning belgilangan maqsadga muvofiq foydalanish uchun yaroqliligini aniqlaydi;
geologik materiallarning ekspertizasini tashkil qiladi va yer qaʼridan foydalanish huquqiga ruxsatnoma bergan organning, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining, yer qaʼridan foydalanuvchining taqdimnomasi boʻyicha, shuningdek, ruxsatnoma berilgan vaqtda foydali qazilmalarning yangi turlari yoki qoʻshimcha komponentlar mavjudligi, shuningdek, foydali qazilmalarning yangi xossalari yoki sifatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarini qayta tasdiqlaydi.
(6-bandning “b” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
v) oqilona iqtisodiy va ekologik asosda konlar zaxiralarini eng toʻliq va kompleks qazib olish talablariga muvofiq boʻlgan yer osti boyliklaridagi foydali qazilmalar zaxiralarini ishonchli hisoblab chiqish uchun konditsiyalarni tasdiqlash sohasida;
konditsiyalar loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishi ekspertizasini tashkil qiladi va har bir kon boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish uchun ushbu konditsiyalar parametrlarini (koʻrsatkichlarini) tasdiqlaydi;
neft va gaz kondensati zaxiralarini qazib olishning cheklangan koeffitsiyentlari texnik-iqtisodiy asoslanishi ekspertizasini tashkil qiladi va qazib olinadigan zaxiralarni hisoblab chiqish uchun ularni tasdiqlaydi;
g) respublikaning mineral xom ashyo bazasini rivojlantirishni taʼminlovchi foydali qazilmalar barcha turlarining zaxiralarini tasdiqlash sohasida:
texnik-iqtisodiy asoslash mavjud boʻlgan taqdirda yangi konditsiyalarni tasdiqlaydi va qoʻshimcha geologiya-qidiruv ishlari olib borilganda yoki konni (uning ayrim qismlari va uchastkalarini) qazib olishda dastlabki konditsiyalarda qabul qilinganlarga nisbatan geologik, kon-texnik, iqtisodiy va boshqa shartlar oʻzgargan taqdirda, ular asosida hisoblab chiqilgan foydali qazilmalar zaxiralarini qayta tasdiqlaydi;
sanoat uchun ahamiyatini yoʻqotgan yoxud keyingi geologiya-qidiruv ishlarida yoki konni qazib olishda tasdiqlanmagan foydali qazilmalar zaxiralarini yer qaʼridan foydalanuvchining balansidan belgilangan tartibda chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
3-bob. Davlat komissiyasining huquqlari va javobgarligi
7. Davlat komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
Davlat komissiyasiga taqdim etilgan konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini, neft va gaz kondensatini qazib olish koeffitsiyentlarini, foydali qazilmalar hisobini tekshirish uchun zarur boʻlgan geologiya axborotlari hamda boshqa maʼlumotlarni Davlat komissiyasining koʻrib chiqishi uchun konditsiyalar loyihalarini taqdim etishning yillik rejalari va jadvallarini, foydali qazilmalar zaxiralarining holati va harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan birga hisobotlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib boruvchi va foydali qazilmalarni qazib oluvchi tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
yigʻilishlar, seminarlar oʻtkazish, Davlat komissiyasining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xorijiy mamlakatlarning shunga oʻxshash organlari bilan ilmiy-texnik aloqalar oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda Davlat geologiya qoʻmitasi deb ataladi) keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun yer qaʼri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish.
8. Davlat komissiyasi mineral xom ashyoga konditsiyalar, neft va gaz kondensati qazib olish koeffitsiyentlari, tasdiqlanayotgan zaxiralar miqdori va sifati, sanoat maqsadida oʻzlashtirish uchun konlarning (yoki ular qismlarining) tayyorligini baholash yuzasidan qabul qilingan qarorlarning asoslanganligi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
4-bob. Davlat komissiyasi faoliyatini tashkil etish
9. Davlat komissiyasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
10. Davlat komissiyasining raisi:
Davlat komissiyasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
Davlat komissiyasi raisi oʻrinbosari va Davlat komissiyasi aʼzolarining ushbu Nizomda nazarda tutilgan vazifalarga muvofiq huquq va majburiyatlarini belgilaydi;
Davlat komissiyasining ish rejalarini, Davlat komissiyasiga tushgan materiallarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
Davlat komissiyasi majlislarida raislik qiladi.
Rais boʻlmaganda Davlat komissiyasi majlisi Davlat komissiyasi raisi oʻrinbosari tomonidan oʻtkaziladi.
11. Davlat komissiyasi tarkibiga manfaatdor vazirliklar va idoralarning, shuningdek, respublikaning yetakchi kon qazib olish korxonalari va Davlat geologiya qoʻmitasi ixtisosli tashkilotlarining rahbarlari va malakali mutaxassislari kiradi.
12. Davlat geologiya qoʻmitasining Foydali qazilmalar zaxiralari boʻlimi Davlat komissiyasining ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) funksiyasini bajaradi.
13. Ishchi organ:
bajaruvchi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishi va foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish materiallarini, shuningdek, boshqa geologik materiallarni Davlat komissiyasining koʻrib chiqishi uchun qabul qilib oladi;
koʻrib chiqilayotgan obyektlarning murakkabligiga koʻra ekspertizalarning zarur turlarini va ularni oʻtkazish uchun ekspertlarning shaxsiy tarkibini belgilaydi;
koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha ekspertlar tomonidan xulosalarning oʻz vaqtida taqdim etilishini, ularning toʻliqligi va xolisonaligini nazorat qiladi;
taqdim etilgan materiallarning bajaruvchi tashkilotlaridan mineral xom ashyo uchun konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini, neft va gaz kondensati qazib olish koeffitsiyentlarini, foydali qazilmalar zaxiralari hisobini, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida foydalanish uchun moʻljallanayotgan yer qaʼri uchastkalari boʻyicha geologik va boshqa maʼlumotlarning toʻliqligi baholanishini tekshirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab oladi;
geologiya-qidiruv ishlarini va foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini olib borayotgan tashkilotlardan Davlat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqish uchun konditsiyalar loyihalarini, zaxiralarni hisoblab chiqishga doir hisobotlarni va boshqa materiallarni taqdim etish jadvallarini soʻrab oladi, Davlat komissiyasi raisi bilan kelishgan holda taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish jadvallarini tuzadi;
Davlat komissiyasi tomonidan konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini, foydali qazilmalar zaxiralari hisobini koʻrib chiqish natijalarini umumlashtiradi va tahlil qiladi hamda kamchiliklarni bartaraf etish, geologik va boshqa maʼlumotlarning toʻliqligi va sifatini oshirish, zaxiralarni hisoblashning va konlarni geologik-iqtisodiy baholashning ishonchliligini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi, foydali qazilmalar zaxiralarining hisobi bilan birga koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha har yilgi sharhlarni tuzadi, ular Davlat komissiyasi raisi bilan kelishgan holda nashr etiladi va manfaatdor tomonlarga yuboriladi;
Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan yuritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini tahlil qiladi hamda geologiya-qidiruv ishlari natijalari boʻyicha yangi maʼlumotlarni va konlardan foydalanilishni hisobga olgan holda unga tuzatishlar kiritish, shuningdek operativ hisoblar boʻyicha balansga qabul qilingan zaxiralarni Davlat komissiyasiga davlat ekspertizasiga taqdim etish yuzasidan tavsiyalar beradi;
geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazishni tartibga soluvchi normativ-metodik hujjatlarni (konlarning zaxiralarini va foydali qazilmalarning prognoz resurslarini tasniflash, foydali qazilmalarning har xil turlari konlariga zaxiralar tasnifini qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomalar, tegishli materiallarning mazmuni, rasmiylashtirilishi va Davlat komissiyasiga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalar, shu jumladan, foydali qazilmalar zaxiralari hisoblangan holda hisobotlar) va Davlat komissiyasi vakolatiga tegishli boʻlgan boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Davlat komissiyasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha materiallar va qarorlar loyihalari tayyorlanishini va koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasiga kiritilishini taʼminlaydi.
14. Davlat komissiyasining ishchi organi toʻgʻrisidagi nizom Davlat geologiya qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
15. Mineral xom ashyoga konditsiyalar loyihalari, foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish materiallari hamda Davlat komissiyasi koʻrib chiqishi uchun tushadigan boshqa geologik materiallar ekspertizasi ham ishchi guruh aʼzolari tomonidan, ham jalb etilgan ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat komissiyasining eksperti toʻgʻrisidagi nizom, ekspertlarning shaxsiy tarkibi Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Ishchi organ tomonidan tayyorlangan Davlat komissiyasi qarorlari loyihalari zarur materiallar bilan birgalikda Davlat komissiyasi raisiga taqdim etiladi, u Davlat komissiyasi majlisida ularni koʻrib chiqish muddatlarini tasdiqlaydi.
17. Davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish uchun konditsiyalarni, neft va gaz kondensati qazib olish koeffitsiyentlarini hamda foydali qazilmalarning hisoblab chiqilgan zaxiralarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi, shuningdek, koʻrib chiqiladigan boshqa masalalar boʻyicha qarori Davlat komissiyasi majlisida materiallarni taqdim etgan ekspertlar, manfaatdor vazirliklar, idoralar tashkilotlarning vakillari ishtirokida qabul qilinadi.
Davlat komissiyasi majlislari komissiya aʼzolari roʻyxatdagi tarkibining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda oʻtkaziladi. Kvorum boʻlmagan taqdirda Davlat komissiyasining majlisga kelgan aʼzolari tomonidan majlisni kechiktirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, majlisni oʻtkazishning yangi sanasi va vaqti toʻgʻrisida qoʻshimcha ravishda xabar qilinadi.
Davlat komissiyasining majlislarida uning aʼzolarining vakolatli shaxslari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan ishtirok etishlari mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 68-moddasi, Fuqarolik kodeksining 10-bobi.
18. Davlat komissiyasining qarorlari komissiyaning majlisda qatnashayotgan aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Davlat komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Davlat komissiyasining ayrim aʼzolari qabul qilingan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda ular oʻzining alohida fikrini yozma ravishda bayon qilishi va uni Davlat komissiyasi majlisi protokoliga ilova qilishi mumkin.
Yakuniy qaror qabul qilish uchun materiallar qoʻshimcha ekspertiza oʻtkazishga yuborilishi mumkin, shundan keyin ular Davlat komissiyasining majlisiga takroran koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
19. Zarur hollarda foydali qazilmalar zaxiralari konditsiyalarini va hisobini tasdiqlash masalalari Davlat komissiyasining koʻchma majlislarida koʻrib chiqilishi mumkin.
20. Davlat komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi, ularning nusxalari ekspertiza materiallari bilan birgalikda bir hafta muddatda materiallarni taqdim etgan bajaruvchi tashkilotga yuboriladi.
21. Konditsiyalarning, foydali qazilmalarning hisoblab chiqilgan zaxiralari loyihalari yetarli darajada asoslanmagan, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida foydalanish uchun yer qaʼri uchastkalarining yaroqliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yetarli boʻlmagan taqdirda taqdim etilgan materiallar Davlat komissiyasi bayonnomasi va ekspertlar xulosalari nusxalari bilan birgalikda bajaruvchi tashkilotga qaytariladi.
Materiallar Davlat komissiyasi bayonnomasida bayon qilingan mulohazalar va tavsiyalarga muvofiq puxta ishlangan taqdirda ular takroran koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etilishi mumkin.
22. Foydali qazilmalarning razvedka qilingan zaxiralarini davlat hisobiga qoʻyishga, konni sanoat asosida oʻzlashtirish uchun jalb etishga, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida inshootlar qurish va ulardan foydalanish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishga faqat Davlat komissiyasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
23. Davlat komissiyasining qarorlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
24. Davlat komissiyasiga taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
25. Davlat komissiyasi majlislarida uning faoliyatiga taalluqli boʻlgan normativ-metodik hujjatlar loyihalari ham koʻrib chiqilishi mumkin.
26. Davlat komissiyasiga jalb qilingan mutaxassislar xizmatlariga haq toʻlash xarajatlarini moliyalashtirish:
Davlat geologiya qoʻmitasi tizimida mineral xom ashyo bazani rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha — Davlat geologiya qoʻmitasining oʻz mablagʻlari hisobiga;
yer qaʼridan foydalanuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlari obyektlari boʻyicha — geologiya-qidiruv ishlarini olib boruvchi tashkilotlar (yoki yer qaʼridan foydalanuvchilar) bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi;
Davlat komissiyasiga taqdim etilgan konditsiyalar loyihalarini va foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish materiallarini koʻrib chiqish, shuningdek, geologik materiallarning davlat ekspertizasi tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq shartnomaviy asosda amalga oshiriladi. Materiallarni taqdim etgan tashkilotlar, shuningdek, jalb etiladigan ekspertlar bilan shartnomalar tuzish Davlat geologiya qoʻmitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu turdagi ishlar va xizmatlarning baholanishi Davlat geologiya qoʻmitasi taqdimnomasi boʻyicha Davlat komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi.
27. Davlat komissiyasi tegishli blankalardan foydalanadi. Davlat komissiyasi bayonnomalari Davlat geologiya qoʻmitasining muhri bilan tasdiqlanadi.
28. Davlat komissiyasining 5 ta hududiy zaxiralar komissiyasi (keyingi oʻrinlarda HZK deb ataladi) mavjud. HZK keng tarqalgan foydali qazilmalar geologik materiallarini koʻrib chiqadi va ularning zaxiralarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi.
Quyidagilar HZKning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer qaʼridan foydalanuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan geologiya qidiruv ishlarini olib borishda aniqlangan, keng tarqalgan foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblash uchun geologik materiallar va konditsiyalarni koʻrib chiqish;
foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblash konditsiyalarni tasdiqlash;
yer qaʼridan foydalanuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan geologiya qidiruv ishlarini amalga oshirishda aniqlangan va keng tarqalgan foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash.
HZKning nizomi va tarkibi Davlat komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanadi.
HZKga koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan mineral-xom ashyo konditsiyalari, foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblash uchun materiallar va boshqa geologik materiallar loyihalari Davlat komissiyasi ekspertlari tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi.
HZK tegishli blankalardan foydalanadi. HZK bayonnomalari ularning muhri bilan tasdiqlanadi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
5-bob. Davlat komissiyasining bayonnomasini taqdim etish tartibi
29. Davlat komissiyasining bayonnomasini olish uchun ariza beruvchi Davlat geologiya qoʻmitasiga “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali hisobotning elektron shaklini Davlat komissiyasida koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
Davlat komissiyasining bayonnomasi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha taqdim etiladi.
Davlat komissiyasining bayonnomasini taqdim etish pasporti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
30. Hisobot ariza beruvchi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
31. Materiallarning tuzilish shakli, ularni tekshirish, zarur boʻlganda zaxiralarni mualliflarning ishtirokisiz qayta hisoblash imkonini taʼminlashi kerak.
32. Hisobotning matnli qismi quyidagilardan tuzilgan boʻlishi kerak:
kirish;
konning geologik tuzilishi;
geologiya-qidiruv ishlarining uslubi, ularning samaradorligini baholash;
foydali qazilmalarning moddiy tarkibi va texnologik xususiyatlari;
konni oʻzlashtirishning togʻ-kon-geologik shart-sharoitlari va kon-texnik oʻziga xosligi;
birga uchraydigan foydali qazilmalar;
atrof muhitni muhofaza qilish masalalari;
zaxiralarni hisoblash uchun konditsiyalarni texnik-iqtisodiy asoslash;
zaxiralarni hisoblash;
konni qidirib chamalash va oʻzlashtirish maʼlumotlarini qiyoslash;
sanoat miqyosida oʻzlashtirish uchun konning oʻrganilganlik va tayyorlanganlik darajasini baholash;
xulosa;
foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati.
Matnli qism amalga oshirilgan ishlar natijalarining tahlilini, hisoblash parametrlarini, baholangan va qidirib chamalangan zaxiralarning ishonchliligini va konni (uchastkani) sanoatda oʻzlashtirishga tayyorlanganligini belgilovchi barcha masalalar boʻyicha chiqarilgan xulosalar asoslanishini oʻz ichiga olishi zarur.
Zaxiralarni hisoblash materiallari matnli qismining hajmi 120 — 150 bet bilan cheklanishi tavsiya qilinadi. Geologik tuzilishi murakkab boʻlgan obyektlar uchun ushbu hajm 170 — 200 betgacha koʻpaytirilishi mumkin.
Matnli qism hajmini qisqartirish uchun mualliflik konsepsiyasining asosiy maʼnosini yoritib beruvchi jadvallar va chizma materiallardan oqilona foydalanish tavsiya etiladi. Hisobotda keltiriladigan umumlashmalar va xulosalarning asosi boʻlgan yordamchi jadvalli materiallar ilovalarda joylashtiriladi.
Har bir boʻlimning hajmi mualliflar tomonidan mustaqil tarzda, oʻtkazilgan geologiya-qidiruv ishlarining maqsadlari va xususiyatlarini, koʻrilayotgan masalalarning murakkabligini va konni sanoat miqyosida oʻzlashtirish uchun tayyorlanganlik darajasini ishonchli geologik-iqtisodiy baholash uchun ularning ahamiyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Uslubi va uning natijalari ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan tuzilgan, mustaqil hisobotlarda bayon qilingan texnologik, gidrogeologik, muhandislik-geologik va boshqa maxsus tadqiqotlar turlari boʻyicha zaxiralarni hisoblash materiallarining matnli qismida faqat tadqiqotlarning uslubi, ishonchliligi baholangan holdagi umumlashtirilgan xulosalargina keltiriladi.
33. Hisobotning chizma ilovalari quyidagilardan tashkil topgan boʻlishi kerak:
kon hududidagi suv tarmoqlari, aloqa yoʻllari, aholi punktlari,
kon va boshqa foydali qazilma konlari tushirilgan 1:100000 — 1:200000 masshtabli izohli xaritasi. Oʻlchamlari kichik boʻlganda, u hisobotning matnli qismida (kirish) joylashtirilishi mumkin;
hudud, maʼdan maydoni va konning geologik tuzilishini aks ettiruvchi materiallar;
foydali qazilmalarning oʻrganilganlik darajasini, ularning zaxiralarini chegaralash va hisoblash usulini aks ettiruvchi grafik materiallar.
34. Hisobot bilan birgalikda konning oʻziga xos geologik tuzilishi va foydali qazilmalar zaxiralari hisobga olingan holda amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlari natijalari toʻgʻrisidagi qisqacha maʼlumot taqdim qilinadi va ariza beruvchi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
35. Davlat geologiya qoʻmitasiga yuridik shaxslar tomonidan taqdim qilingan hisobotni koʻrib chiqish va Davlat komissiyasi bayonnomasini berish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Shartnomada koʻrsatilgan toʻlov miqdori quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) “Litsenziya” axborot tizimi orqali murojaat etilganda:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar toʻliq ruxsatnoma beruvchi organning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar toʻliq ruxsatnoma beruvchi organning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
Davlat geologiya qoʻmitasi oʻn kun muddatda shartnomani ariza beruvchiga “Litsenziya” axborot tizimi orqali taqdim etadi.
36. Ariza beruvchi oʻn kun muddatda shartnomada koʻrsatilgan mablagʻni Davlat geologiya qoʻmitasining hisobvaragʻiga oʻtkazadi va oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatni “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali taqdim etadi.
37. Davlat geologiya qoʻmitasi besh kun muddatda hisobotni Davlat komissiyasining ekspertiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
38. Davlat komissiyasining eksperti 30 kundan oshmagan muddatda foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallarni (yakuniy geologik hisobot) koʻrib chiqib, Davlat geologiya qoʻmitasiga ekspert xulosasini taqdim etadi.
39. Davlat geologiya qoʻmitasi Davlat komissiyasi ekspertining ijobiy xulosasi olingandan soʻng besh kun mobaynida hisobotni Davlat komissiyasida koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasining bayonnomasi loyihasini tayyorlaydi.
Davlat geologiya qoʻmitasi foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallar yetarli boʻlmaganda va Davlat komissiyasi ekspertlari tomonidan salbiy xulosa olingan taqdirda, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun ekspertlar xulosalarini 3 kun muddatda “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.
40. Davlat komissiyasi 10 kun muddatda Davlat komissiyasining yigʻilish kunini belgilaydi va hisobotni yigʻilishda koʻrib chiqadi.
41. Davlat geologiya qoʻmitasi 5 kun muddatda Davlat komissiyasining tasdiqlangan bayonnomasini “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.
42. Davlat komissiyasining bayonnomasi quyidagi talablar va shartlar asosida beriladi:
Davlat komissiyasining 2015-yil 3-apreldagi 227-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan Metall va nometall foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblashga oid materiallarning tarkibi, rasmiylashtirilishi va ularni Davlat komissiyasiga taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga muvofiq;
Davlat komissiyasining 2015-yil 13-noyabrdagi 268-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan Neft va yonuvchi gazlarning kon zaxiralari, istiqbolli va prognoz resurslari tasnifiga muvofiq;
Davlat komissiyasining 2018-yil 18-avgustdagi 28-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan Qattiq foydali qazilmalar konlarida yoʻldosh foydali qazilmalar va ular bilan bogʻliq foydali komponentlarni oʻrganish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq.
43. Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati Davlat geologiya qoʻmitasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
(5-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
44. Ariza beruvchilar tayyorlagan va Davlat geologiya qoʻmitasiga taqdim etilgan hisobot va uning ilovalarining ishonchliligi hamda qonunchilik hujjatlariga mosligi uchun javobgardirlar.
45. Ushbu Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(5-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qaroriga asosan 6-bob bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 70-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat komissiyasiga “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallarni (yakuniy geologik hisobot) Davlat komissiyasida koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
Xohishga koʻra
2-bosqich
Davlat komissiyasi
Shartnomani ariza beruvchiga “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali taqdim etadi.
10 kunda
3-bosqich
Ariza beruvchi
Shartnomada koʻrsatilgan mablagʻni Davlat geologiya qoʻmitasining hisobraqamiga oʻtkazadi va oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatni “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali taqdim etadi.
10 kunda
4-bosqich
Davlat komissiyasi
Foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallarni (yakuniy geologik hisobot) Davlat komissiyasi ekspertiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
5 kunda
5-bosqich
Davlat komissiyasi eksperti
Foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallarni (yakuniy geologik hisobot) koʻrib chiqib, Davlat komissiyasiga ekspert xulosasini taqdim etadi.
30 kunda
6-bosqich
Davlat komissiyasi
Davlat komissiyasi ekspertining ijobiy xulosasi olingandan soʻng foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallar (yakuniy geologik hisobot) Davlat komissiyasida koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasining bayonnomasi loyihasini tayyorlaydi.
5 kunda
Foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallar yetarli boʻlmaganda va Davlat komissiyasi ekspertlari tomonidan salbiy xulosa olingan taqdirda, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun ekspertlar xulosalarni “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.
3 kunda
7-bosqich
Davlat komissiyasi
Davlat komissiyasining yigʻilish kunini belgilaydi va foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallarni (yakuniy geologik hisobot) yigʻilishda koʻrib chiqadi.
10 kunda
8-bosqich
Davlat komissiyasi
Davlat komissiyasi aʼzolari bilan kelishilgan va uning raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnomani “Litsenziya” axborot tizimi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.
5 kunda
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Davlat komissiyasining bayonnomasini berish
PASPORTI
1.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning nomi:
Davlat komissiyasining bayonnomasi.
2.
Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar):
Davlat komissiyasi yigʻilishida foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash va Davlat balansiga qoʻyish.
3.
Ariza beruvchilar toifasi:
Yuridik shaxs.
4.
Ruxsat etish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ:
Davlat komissiyasi.
5.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:
Foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallar (yakuniy geologik hisobot)
1. Hisobotning matni.
2. Hisobotning chizma ilovalari.
3. Konning oʻziga xos geologik tuzilishi va foydali qazilmalar zaxiralarini hisobga olingan holda amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlari natijalari toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot.
6.
Arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan yigʻim miqdori:
Hisobotni Davlat komissiyasi yigʻilishida koʻrib chiqish hamda Davlat komissiyasi bayonnomasini ariza beruvchiga topshirish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
7.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi uchun undiriladigan yigʻim miqdori:
Hisobotni koʻrib chiqish uchun toʻlov miqdori koʻrilayotgan konning geologik tuzilishi murakkabligidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
8.
Arizani koʻrib chiqish muddati:
Davlat komissiyasiga taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
Davlat komissiyasining 2018-yil 18-avgustdagi 28-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan Qattiq foydali qazilmalar konlarida yoʻldosh foydali qazilmalar va ular bilan bogʻliq foydali komponentlarni oʻrganish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
10.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishda kelishiladigan organlar:
Mavjud emas.
11.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati:
Doimiy.
12.
Izoh:
Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlar Davlat geologiya qoʻmitasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/388/1268-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)