Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatda davlat teatrlari, sirklari, muzeylari, hayvonot bogʻlari, konsert tashkilotlari, ijodiy jamoalari, madaniy-maʼrifiy muassasalari (keyingi oʻrinlarda davlat madaniyat muassasalari deb yuritiladi) va davlat arxivlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tashkil etilishi madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga, milliy madaniy va maʼnaviy merosni asrab-avaylash va koʻpaytirish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirishga, sanʼatni va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirishga, xalqimizning maʼnaviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni ragʻbatlantirishga, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etishga imkon berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzarxiv” agentligi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondida boʻlgan hujjatli madaniy meros obyektlarini hisobga olish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish yuzasidan choralar koʻrilmoqda.
Shu bilan birga, badiiy ijodni, jumladan teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish, xalq tarixi va uning zamonaviy hayotining eng yorqin sahifalarini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha belgilangan vazifalar madaniyat va arxivlar sohasidagi malakali kadrlarni ragʻbatlantirmasdan taʼminlanishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining ijodiy mahoratini munosib baholashni taʼminlashga, kasbiy darajasini hamda malakasini uzluksiz oshirishi uchun ragʻbatlantirish usullarini yaratishga yoʻnaltirilgan mehnatiga haq toʻlash va moddiy taʼminotini yaxshilash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “Oʻzarxiv” agentligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining:
2018-yil 1-iyundan davlat madaniyat muassasalari artistlari, maʼmuriy- boshqaruv, badiiy-rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining, shuningdek, davlat arxivlari boshqaruv xodimlari va mutaxassislarining (keyingi oʻrinlarda — davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlarining xodimlari) mehnat haqi miqdorlarini oʻrtacha 45 foizga oshirish;
2018-yil 1-iyundan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining malaka toifalari va lavozimlari boʻyicha bazaviy lavozim maoshlarini belgilashni nazarda tutuvchi mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish hamda lavozim maoshlari oʻrtasidagi tafovutni koʻpaytirish hisobiga kasbiy oʻsishni ragʻbatlantirish;
Oldingi tahrirga qarang.
2018-yil 1-iyundan Oʻzbekiston davlat sirki, hayvonot bogʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining koʻzi ojizlar uchun kutubxonalari xodimlarining alohida toifalariga teatr-konsert tashkilotlarining artistlari va badiiy xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun belgilangan miqdorlarda har oyda taqdirlash puli toʻlanishini belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/228/1070-son)
2. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimi joriy etilishi va uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oyda taqdirlash puli toʻlanishi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va tegishli davlat madaniyat muassasalari hamda davlat arxivlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini;
mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oylik taqdirlash puli belgilanadigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining alohida toifalari roʻyxatini;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash hamda ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
4. 2018-yil 1-iyundan konsert-tomosha koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanish uchun litsenziyaga ega boʻlgan, yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan, norezidentlarni) jalb etish yoʻli bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromadlar oladigan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkasi 30 foizdan 5 foizgacha pasaytirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-3454-son qaroriga 91-ilovaning rus tilidagi matnida 4-pozitsiyasi “Stavki naloga v % k nalogooblagayemoy baze” ustunidagi “30” raqami “5” raqami bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “Oʻzarxiv” agentligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev va “Oʻzarxiv” agentligi bosh direktori U.B. Aʼlamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-may,
PQ-3727-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2018-y., 07/18/3727/1226-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/228/1070-son)