Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.06.2023
Hujjat 09.09.2022 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining
buyrugʻi
Davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 8-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3007]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining 2023-yil 6-iyundagi 249-mh-sonli ““Davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3007-3, 21.06.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi PF-5349-son “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga, 2018-yil 19-fevraldagi PQ-3549-son “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq,buyuraman:
1. Davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. AXMEDXADJAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-aprel,
168-son
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2018-yil 11-apreldagi 168-son buyrugʻiga
ILOVA
Davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi PF-5349-son “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2018-yil 19-fevraldagi PQ-3549-son “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini (bundan buyon matnda attestatsiyadan oʻtkaziluvchilar deb yuritiladi) mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiq oʻz vaqtida va tegishli ravishda attestatsiyadan oʻtkazishni taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vazirlik huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi attestatsiya oʻtkazish boʻyicha ishchi organ hisoblanadi (bundan buyon matnda Ishchi organ deb yuritiladi).
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2021-yil 20-maydagi 213-mh-sonli qarori (roʻyxat raqami 3007-1, 05.06.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2021-y., 10/21/3007-1/0531-son)
3. Attestatsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yuqori malakaga, tashabbuskorlikka, javobgarlikka ega mutaxassislar toifasini aniqlash;
xodimlarning zarur kasb tayyorgarligini, qayta tayyorlash yoki malakasini oshirishni aniqlash;
ish tashkil qilishni takomillashtirish va mehnat samaradorligini oshirish;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, kadrlar siyosatida tegishli takliflarni ishlab chiqishni maqbullashtirish;
xodimlarning kasbiy oʻsishini va xizmat martabasini ragʻbatlantirish, dolzarb va istiqbolli ish uchastkalariga munosib va oʻz ishiga sodiq malakali rahbarlarni va mutaxassislarni koʻrsatish.
4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirishga masʼul davlat organlari boʻlinmalarining va boshqa budjet tashkilotlarining (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) rahbarlari va xodimlari attestatsiyadan oʻtkazilishi lozim.
2-bob. Xodimlar faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari
5. Attestatsiya oʻtkazishda attestatsiyadan oʻtkaziluvchilar faoliyatini baholashdagi asosiy mezonlar:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va elektron hukumatni ishlab chiqish, takomillashtirish hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga joriy qilishning huquqiy asoslarini nazarda tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy bazasi toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish;
elektron hujjat aylanishi tizimida ishlash asoslari, elektron raqamli imzo va elektron pochtadan foydalanish toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish;
shaxsiy kompyuterda ishlash koʻnikmalari yuqori darajada boʻlishi;
ofis dasturiy ilovalari bilan, shuningdek Internet tarmogʻida, lokal va korporativ tarmoqlarda ishlash koʻnikmalariga ega boʻlishi;
elektron hujjat aylanishi tizimi, elektron pochta va elektron raqamli imzodan foydalanish koʻnikmalariga ega boʻlishi.
3-bob. Attestatsiya oʻtkazish
6. Attestatsiyadan oʻtkaziluvchilar Vazirlikda va uning hududiy boshqarmalarida uch yilda bir marta attestatsiyadan oʻtadi.
7. Attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarning roʻyxati Vazirlik bilan kelishilgan holda tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
8. Quyidagilar attestatsiyadan oʻtkazilmaydi:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki yildan kam boʻlgan ish stajiga ega boʻlgan shaxslar;
homilador ayollar, bolani ikki va uch yoshgacha parvarish qilish boʻyicha taʼtilda boʻlgan ayollar, ular ishga chiqqandan keyingi birinchi yil davomida;
uzoq davolanishni oʻtayotgan xodimlar;
respublika va chet el davlatlariga oʻquv muassasalarida oʻqishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilgan xodimlar;
muayyan ishlarni bajarish uchun muddatli mehnat shartnomasi shartlarida ishlaydigan shaxslar;
18 yoshga yetmagan shaxslar;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun eng kam miqdordagi ish oʻrinlariga zaxiraga olib ishga joylashtirilgan shaxslar, bu ish joylariga qabul qilingan kundan boshlab uch yil davomida.
9. Attestatsiyadan oʻtadigan xodim quyidagilarga majbur:
attestatsiya komissiyasi yigʻilishiga kelishi;
attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiya oʻtkazish doirasida berilgan savollarga javob berishi;
attestatsiya komissiyasi aʼzolarining savollaridan kelib chiqib, oʻziga yuklatilgan mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq tushuntirishlar berishi shart.
Xodim attestatsiya komissiyasi yigʻilishiga uzrli sabablar bilan kelmagan hollarda, attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiya boshqa kunga oʻtkaziladi.
Attestatsiya komissiyasi yigʻilishiga uzrsiz sabab bilan kelmagan xodimga ogohlantirish beriladi. Attestatsiyaga uzrsiz sabab bilan takroran kelmagan holda, attestatsiya komissiyasi taqdim qilingan hujjatlar asosida attestatsiyadan oʻtadigan xodimning egallab turgan lavozimiga loyiq emasligi toʻgʻrisida qaror chiqarish huquqiga ega.
10. Vazirlikning tegishli qarori bilan doimiy faoliyat yuritadigan, aʼzolari soni beshtadan kam boʻlmagan Attestatsiya komissiyasi tuziladi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi). Komissiya tarkibiga: rais va kotib (Ishchi organ vakillari), shuningdek komissiyaning boshqa aʼzolari kiritiladi.
Komissiya oʻz ishiga turli sohalardagi malakali ekspertlarni (kelishgan holda) jalb qilishi mumkin.
11. Tegishli tashkilotning taqdim qilgan xodimlar roʻyxatiga muvofiq Ishchi organ bir hafta muddatda attestatsiya oʻtkazish jadvalini va savolnomani tasdiqlaydi. Komissiya kotibi ikki ish kuni ichida attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarga tasdiqlangan savollar roʻyxatini yuboradi.
12. Tashkilot attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarning doimiy hisobini yuritish maqsadida reyestrni yuritadi, unga quyidagi maʼlumotlar elektron shaklda kiritiladi:
xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi;
Oldingi tahrirga qarang.
xodimning pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasiga oid maʼlumotlar;
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2022-yil 17-avgustdagi 226-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3007-2, 09.09.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2022-y., 10/22/3007-2/0825-son)
xodimning kompyuter savodxonligi darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat raqami va berilgan sanasi;
xodimning malaka oshirish kursini davriy oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlsa);
xodim avvalgi attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlsa).
13. Attestatsiya oʻtkazish sanasi va jadvali tashkilot bilan kelishgan holda Ishchi organ tomonidan tasdiqlanadi.
14. Ishchi organ attestatsiya boshlanishidan kamida ikki oy oldin tashkilotga quyidagilarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuboradi:
attestatsiya komissiyasi tarkibiga kiritish uchun nomzodlarni;
attestatsiyadan oʻtadigan xodimlar roʻyxatini.
15. Attestatsiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumot va uning rejasi tashkilot rahbari tomonidan attestatsiya oʻtkazish sanasidan kamida 1 (bir) oy oldin attestatsiyadan oʻtkaziluvchi xodimga yozma ravishda (imzo chektirib) yetkaziladi.
16. Komissiya attestatsiya oʻtkazish davomida:
attestatsiyadan oʻtkaziluvchi xodim toʻgʻrisida qisqa maʼlumotni tinglaydi;
tasdiqlangan savollar roʻyxatiga muvofiq attestatsiyadan oʻtadigan bilan suhbat oʻtkazadi;
attestatsiya natijalariga koʻra attestatsiyadan oʻtkaziluvchiga baho beradi;
attestatsiyadan oʻtkaziluvchining faoliyatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradi;
Ishchi organga attestatsiya natijalarini taqdim etadi;
bevosita attestatsiya oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
17. Komissiya kotibi har bir attestatsiyadan oʻtkaziluvchi xodim haqidagi materiallarni attestatsiya oʻtkazish sanasidan kamida bir hafta oldin Komissiyaga taqdim etadi.
Materiallar toʻplamiga xodimning maʼlumoti toʻgʻrisidagi, malaka oshirganligi (mavjud boʻlsa), ish staji (bundan buyon matnda maʼlumotlar-obyektivka deb yuritiladi) hujjatlarining nusxalari kiradi. Qayta attestatsiyadan oʻtishda, ilovaga muvofiq hujjatlarga attestatsiya varaqasi qoʻshiladi.
18. Attestatsiya natijalari ikki nusxada rasmiylashtiriladi, har bir nusxa mos ravishda Komissiyaning hujjatlarida, shuningdek tashkilotning attestatsiyadan oʻtkaziluvchi xodimining shaxsiy yigʻma jildida saqlanadi.
19. Attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnomaga ega boʻlgan rahbar va boʻlinma xodimi lavozimiga qabul qilingan shaxslar mazkur guvohnoma amal qilish muddati tugaganidan keyin ikki oy davomida attestatsiya qilinishi lozim.
20. Talabgorning bilimlari va ish tajribasini inobatga olib komissiya quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
egallagan lavozimiga loyiq (attestatsiyadan oʻtdi);
egallagan lavozimiga shartli ravishda loyiq (6 oydan keyin qayta attestatsiyadan oʻtish);
egallagan lavozimiga noloyiq.
21. Attestatsiya qilinuvchining faoliyatini baholash boʻyicha Komissiyaning qarori koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi, bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va attestatsiya varaqasiga kiritiladi. Bayonnoma qarori va attestatsiya varaqasi attestatsiyada ishtirok etgan rais va Komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi. Attestatsiya natijalari attestatsiyadan oʻtkaziluvchiga tanishib chiqishi uchun yozma ravishda imzo chektirib taqdim etiladi.
22. Attestatsiya qarorlari ovoz berish tugaganidan keyin darhol eʼlon qilinishi kerak, attestatsiyadan oʻtkazilganlar esa attestatsiya natijalari toʻgʻrisida xabardor qilinishi bilan attestatsiya varaqasi imzolanadi.
Agar attestatsiyadan oʻtkaziluvchi oʻzining attestatsiya natijalari boʻyicha bayonnomani imzolashga rozi boʻlmasa, bu haqida bayonnomada belgi qoʻyiladi.
23. Komissiya aʼzolarining vakolatlari Vazirlik tomonidan belgilangan muddat davomida amal qiladi. Komissiya aʼzosi boshqa lavozimga oʻtsa, uning oʻrniga mazkur lavozimga tayinlangan shaxs Komissiya aʼzosi hisoblanadi.
4-bob. Attestatsiya oʻtkazishga talablar
24. Komissiya yigʻilishlari attestatsiya oʻtkazish rejalariga muvofiq oʻtkaziladi. Tasdiqlangan komissiya tarkibi aʼzolarining 3/5 qismi ishtirok qilganda yigʻilish vakolatli hisoblanadi.
25. Attestatsiya suhbat shaklida oʻtkaziladi.
26. Attestatsiyadan oʻtishda attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarga elektron moslamalardan, maʼlumotnoma, maxsus yoki boshqa adabiyotdan, shuningdek har qanday yozuvlardan foydalanish man etiladi. Koʻrsatilgan talablar buzilgan hollarda, attestatsiyadan oʻtkaziluvchilar attestatsiyadan chetlatiladi va attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblanadi.
27. Komissiya yigʻilishida begona shaxslarning ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
28. Har bir attestatsiyadan oʻtkaziluvchiga attestatsiya varaqasi tuziladi.
29. Attestatsiyadan oʻtmagan xodimning tashkiloti attestatsiya oʻtkazilgan kundan boshlab uch oydan keyin, lekin olti oydan kechiktirmasdan mazkur xodimning qayta attestatsiyadan oʻtishi uchun murojaat qilishi mumkin.
Agar attestatsiyadan oʻtkaziluvchi qayta attestatsiyadan oʻta olmasa yoki koʻrsatilgan muddatda qayta attestatsiyadan oʻtishi uchun murojaat qilmagan boʻlsa, attestatsiya komissiyasi uning ish joyiga xabarnoma xatini yuboradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xabarnoma xati olganidan keyin oʻn kun davomida, tashkilot rahbari uch kun muddatda koʻrilgan choralar toʻgʻrisida Ishchi organni yozma ravishda xabardor qilish bilan attestatsiyadan oʻtkaziluvchini egallab turgan lavozimidan ozod qilishi yoki uni qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa ishga oʻtkazish masalasini koʻrib chiqishi shart.
(29-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
5-bob. Yakuniy qoidalar
30. Ish beruvchi Attestatsiya komissiyasining xodimning egallab turgan lavozimiga noloyiq ekanligi toʻgʻrisidagi qarori chiqarilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-bandiga muvofiq ishdan ozod qilishgacha tegishli qaror qabul qilish huquqiga ega.
31. Vazirlikning hududiy boshqarmalari har chorakda Ishchi organga reyestrga kiritish uchun va uning tizimli yangilanishi uchun javobgar boʻlinmalar, ularning xodimlari va ularning belgilangan muddatlarda attestatsiyadan oʻtganliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
32. Attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarning reyestrini shakllantirish, yuritish tartibi, mazkur reyestrga kiritish uchun maʼlumotlarning shakli va taqdim etish muddatlari Ishchi organ tomonidan belgilanadi.
33. Attestatsiyadan oʻtish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli Tashkilotning mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
34. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E. MUXITDINOV
2018-yil 11-aprel
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2018-yil 11-aprel
Davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA

‎‎Attestatsiya varagʻi
‎________________________________________________________________________________________________
‎(familiya, ismi-sharifi,
‎________________________________________________________________________________________________
‎ish joyi va egallab turgan lavozimi)
‎Tugʻilgan yili va joyi: _____________________________________________________________________________
‎Maʼlumoti: ______________________________________________________________________________________
‎Umumiy mehnat staji: _____________________________________________________________________________
‎Shu jumladan lavozimida: __________________________________________________________________________
‎Mukofotlari: ____________________________________________________________________________________
‎Intizomiy jazoga tortilganmi: ______________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________

‎‎ATTESTATSIYA KOMISSIYASINING XULOSASI
________________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________

‎‎‎Attestatsiya komissiyasi
‎raisi:
‎Komissiya aʼzolari:


‎___________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________
‎_________________________‎‎__________________________________________

‎‎“____” ______________ 20 ___ y.

‎Attestatsiya komissiyasi xulosalari bilan tanishdim _____________________________________________________
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2018-y., 10/18/3007/1190-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2021-y., 10/21/3007-1/0531-son, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 09.09.2022-y., 10/22/3007-2/0825-son)