1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.01.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari maqomining umumiy masalalari;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.13.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga solish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Jamoat birlashmalari (jamg‘armalari), diniy tashkilotlar, siyosiy partiyalar]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Keyingi vaqtlarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha sezilarli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi.
Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan 9 200 dan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynamoqda.
Shu bilan birga ushbu sohadagi ishlarning holati amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, davlatning fuqarolik jamiyati bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmagan, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlari tizimli tahlil qilinmayapti, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun samarali maydonlar yaratilmagan;
ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish darajasining pastligi barcha ijtimoiy guruhlarning turli nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ifodalanadigan manfaatlarini chuqur o‘rganish hamda inobatga olishga imkon bermayapti;
uchinchidan, yetarli qonunchilik bazasi yaratilganligiga qaramay, ijtimoiy sheriklik davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida fuqarolarning keng ko‘lamli ijtimoiy muammolarini hal qilishga, ularning, ayniqsa yoshlarning tashabbuslari va zamonaviy g‘oyalarini haqiqatda ilgari surishga qaratilgan hamkorlikning samarali mexanizmiga aylana olmadi;
to‘rtinchidan, mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish bo‘yicha innovatsion g‘oyalarni taklif qiluvchi faol, o‘zining tashabbuslariga tayanib faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralari lozim darajada amalga oshirilmayapti;
beshinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini, ularning faoliyati tartibini belgilovchi qonunchilik normalarida ortiqcha byurokratik talablar va g‘ovlar nazarda tutilgan bo‘lib, bu normalar eskirgan va zamon talablariga javob bermaydi;
oltinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qo‘llanilayotgan idoralararo hamkorlik usullari samarasizdir, davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar va axborot almashishning yagona mexanizmlari mavjud emas;
yettinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarining moddiy-texnika ta’minoti hanuzgacha qoniqarsiz holatda qolmoqda, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar o‘rta muddatli va uzoq muddatli keng ko‘lamli hamda umumrespublika miqyosidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga imkon bermayapti.
Mamlakatning har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida:
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.10.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti / 01.10.04.00 Milliy xavfsizlik kengashi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi bo‘linmalar hamda kengash va maslahat organlar]
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi (keyingi o‘rinlarda Maslahat kengashi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.10.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti / 01.10.04.00 Milliy xavfsizlik kengashi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi bo‘linmalar hamda kengash va maslahat organlar]
2. Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlatning va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkora maydon sifatida ularning yuqori darajadagi tizimli va samarali muloqotini yo‘lga qo‘yish;
o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini aniqlash va milliy modelini shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
fuqarolik jamiyatini va keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, mazkur sektorning holati va rivojlanish tendensiyasi haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini muntazam ravishda xabardor qilish;
davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligining zamonaviy mexanizmlarini, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralarini joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
ilmiy va ekspertlar guruhlari ishtirokida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish yuzasidan tashabbus ko‘rsatish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli ravishda o‘rganish, umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etish;
fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritish;
fuqarolik jamiyatining rivojlanishini, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini baholovchi ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish, bu ko‘rsatkichlar asosida davriy va maxsus, shu jumladan muqobil ma’ruzalar tayyorlanishini tashkil etish;
fuqarolik jamiyati institutlariga ularning xalqaro hamkorligini rivojlantirishda, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishda va ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitida joriy etishda ko‘maklashish.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.10.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti / 01.10.04.00 Milliy xavfsizlik kengashi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi bo‘linmalar hamda kengash va maslahat organlar]
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Maslahat kengashi faoliyati bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Maslahat kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.01.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari maqomining umumiy masalalari;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.10.00 Notijorat tashkilotlari / 03.03.10.04 Jamoat fondlari;
3.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.16.00 Bank hisobvarag‘i]
4. Belgilansinki, 2018-yil 1-iyundan boshlab:
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining tadbirlarini kelishish tartibi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida xabardor qilish tartibi bilan almashtiriladi;
nodavlat notijorat tashkilotlarining hisobvaraqlariga chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan ularning ustavlarida (nizomlarida) nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun kelib tushgan pul mablag‘laridan va mol-mulkdan, ularni olish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan belgilangan tartibda kelishilgandan so‘ng, biron-bir to‘siqlarsiz foydalaniladi;
O‘zbekiston Respublikasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ajratilgan grant mablag‘lari mazkur tashkilotlarning mamlakatdagi istalgan bank muassasalarida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga kelib tushadi;
mehnatga haq to‘lash fondini tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan kelib tushgan mablag‘lar hisobidan shakllantiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;
jamoat fondi ma’muriy xarajatlarining, shuningdek, vasiylik kengashi va taftish komissiyasi a’zolariga beriladigan mukofot puli to‘lovlarining va ular o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiyasining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 30 foizidan oshmasligi kerak;
(4-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5597-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda quyidagilarga doir hujjatlarni elektron tarzda taqdim etish imkoniyatini ta’minlovchi elektron tizimni ishlab chiqsin va joriy etsin:
nodavlat notijorat tashkilotlarini va ularning ramzlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga;
nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilishga;
nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobotlariga;
nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishishga;
b) ikki oy muddatda:
nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish va o‘rganish turlari, muddatlari, davriyligi va boshqa tartib-taomillarini nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi, soliq va statistika organlariga taqdim etiladigan hisobot shakllarini hamda uni taqdim etish tartibini soddalashtirish bo‘yicha choralar ko‘rsin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
6. Belgilab qo‘yilsinki, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan kelishiladi.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlarini tashkil qilsin hamda ular o‘z faoliyatini amalga oshirishni davom ettirishi uchun 2019-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan, mahalliy budjetlardan zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.10.00 Ijtimoiy jamg‘armalar]
8. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida tashkil etiladigan nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlarining muassislaridir.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, bo‘shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etsin;
mazkur binolarga yangi tashkil etilgan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini ijara to‘lovining “nol” stavkasini qo‘llagan holda joylashtirish choralarini ko‘rsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oliy sud, Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy undiruvlarni qayta ko‘rib chiqish va sezilarli darajada qisqartirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlariga:
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi komissiyalarni tashkil etish;
nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga doir masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining eshituvlarini tashkil etishni amaliyotga kiritish tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
qonun hujjatlarini buzayotgan va taqiqlangan faoliyat bilan shug‘ullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha adliya organlarining boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida qaror qabul qilsin;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 854-sonli qarori bilan tasdiqlangan Adliya organlarining qonun hujjatlarini buzayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibi to‘g‘risidagi nizom.
gumanitar yordam olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish tartib-taomilini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish choralarini ko‘rgan holda, shuningdek, ushbu sohada yagona vakolatli organni belgilagan holda, Gumanitar yordam yuklarini qabul qilish, hisobga olish, aniq yo‘naltirilgan tarzda taqsimlash va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish hamda gumanitar loyihalar ustidan monitoring o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni qayta ko‘rib chiqsin va uning yangi tahririni tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasida volonterlar (ko‘ngillilar) harakatini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.01.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari maqomining umumiy masalalari]
13. Manfaatdor vazirlik va idoralar amaldagi shtatlar soni doirasida rahbar o‘rinbosarlaridan birini nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha mas’ul etib belgilasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining mamlakatda nodavlat notijorat sektorini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan jamoat tuzilmalari vakillariga hamda tashabbuskor fuqarolarga fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatgan ishlari va yutuqlari uchun topshiriladigan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida hukumat qarorini qabul qilsin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi PQ-4017-sonli ““Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
16. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga Tanlov o‘tkazish va muvaffaqiyatli ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni amalga oshirganlik uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga har yili mukofot berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash tavsiya etilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi nodavlat notijorat tashkilotlarining amaliy faoliyati aholi orasida muntazam ravishda va keng yoritilishini ta’minlasin.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
18. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar bir oy muddatda o‘zi qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.R. Inoyatov va R.T. Kamilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-may,
PF-5430-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi PF-5430-sonli Farmoniga ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, Maslahat kengashi rahbari
2.
R.S. Kasimov
—
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori
3.
K.K. Kuranbayev
—
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi
4.
O.B. Murodov
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori
5.
B.M. Mavlonov
—
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari
6.
R.T. Mamatov
—
O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri
7.
R.K. Davletov
—
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri
8.
K.M. Rafikov
—
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi
9.
G.O. Abdukarimov
—
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori
10.
I.I. Nasriyev
—
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi
11.
Sh.S. Javlonov
—
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi
12.
Sh.I. Jalilov
—
“Nuroniy” jamg‘armasi raisi
13.
A.I. Ikramov
—
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoa? palatasi raisi
14.
A.A. Xaitov
—
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi
15.
O.N. Xusanov
—
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori
16.
S.K. Yusupov
—
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori
17.
F.F. Abduxoliqov
—
Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi
18.
R.A. Ubaydullayeva
—
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori
19.
A.E. Burxanov
—
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori
20.
A.K. Kadirov
—
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori
21.
Sh.T. Kudratxodjayev
—
Halqaro press-klub rahbari
22.
D.N. Kabulova
—
Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi direktori
23.
lavozimi bo‘yicha
—
O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi direktori
24.
A.I. Abramashvili
—
“Iqtidorli bolalar” Xalqaro innovatsion jamoat birlashmasi raisi
25.
U.T. Abdullayev
—
“Hunarmand” uyushmasi raisi
26.
G.G. Maxmudova
—
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi
27.
A.A. Alimov
—
O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi direktori
28.
J.T. Sarimsakov
—
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi
29.
I.T. Yusupova
—
Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi raisi
30.
U.M. Axmadjonov
—
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti
31.
K.K. Abdullayev
—
O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisi
32.
S.T. Inamova
—
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi raisi
33.
M.Z. Usmonov
—
“Ezgu maqsad” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi
34.
G.R. Iskandarova
—
“Menga umr baxsh et” xalqaro xayriya tashkiloti raisi
35.
X.Y. Karimov
—
O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati raisi
36.
S.A. Xodjayeva
—
Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori
37.
S.X. Xakimov
—
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi
38.
S.S. Saidov
—
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi
39.
A.R. Karimov
—
Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi raisi
40.
S.Sh. Rashidova
—
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi
41.
Sh.A. Ayupov
—
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi
42.
M.A. Gulyamov
—
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti sektor rahbari, Maslahat kengashining mas’ul kotibi
Izoh: Maslahat kengashining a’zolari boshqa lavozimga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)