|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 10-dekabrdagi 437-son qarorining 2-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-son Farmoniga hamda Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, bo‘lish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va o‘zgartirish, ularga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2014-yil 4-martdagi 48-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, istisno hollarda, 500 nafardan kam aholi, lekin kamida 100 oila yashaydigan borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda ham tashkil etilishi mumkinligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 10-dekabrdagi 437-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 12-son, 35-modda) 2-bandi uchinchi xatboshisining ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror talablari tegishli tumanlar budjetlarining 2018-yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida bajarilishini, 2019-yildan boshlab ular budjetlarini shakllantirishda ushbu qaror talablari inobatga olinishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.S. Javlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-aprel,
306-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2018-y., 09/18/306/1111-son)