|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.03.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Xalqaro yoshlar oromgohini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-sonli “Yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining samaradorligini oshirish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, samarali oʻtkazish, maʼnaviy olamini boyitish hamda dunyoqarashini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasiga tegishli Termiz shahar, “Guliston” mahallasi, Fidokor koʻchasi, 45-uy manzilida joylashgan bolalar oromgohi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga shartnoma asosida tekin foydalanishga berilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan bolalar oromgohi negizida Xalqaro yoshlar oromgohini (keyingi oʻrinlarda oromgoh deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Quyidagilar:
oromgohni saqlash, joriy va kapital taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi;
oromgohda har yilgi yoz mavsumi davomida 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalarning dam olishi va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish boʻyicha xarajatlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, qolgan barcha xarajatlar esa Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining mablagʻlari hisobidan qoplanishi;
yoz mavsumidan tashqari boshqa vaqtda oromgohda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faollari ishtirokida turli xil tadbirlar, festivallar, anjumanlar, seminar va boshqa mashgʻulotlar oʻtkazib borilishi inobatga olinsin.
4. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga:
oromgohning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, bunda shtatlarni saqlash xarajatlarini tegishli binolar va ish hajmiga mutanosib ravishda belgilash;
yoshlar ishtirokida xalqaro miqyosdagi tadbirlar, taʼlim-tarbiyaviy ishlarni tashkil etish uchun oromgohni zarur oʻquv-uslubiy adabiyotlar, kerakli anjomlar, asbob-uskunalar bilan taʼminlab borish;
oromgohni har yili 20-mayga qadar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga yoz mavsumiga tayyor holda taqdim etish, oromgohni joriy taʼmirlash, zarur jihozlar, asbob-uskunalar, shtatlar jadvaliga muvofiq xizmat koʻrsatadigan xodimlarni (texnik xodimlar va boshqalar) ish haqi bilan taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Surxondaryo viloyati hokimligi:
oromgohning yil davomida faoliyat yuritishini sifatli tashkil etish maqsadida elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, kommunal-maishiy xizmatlar uzluksiz ravishda koʻrsatilishini taʼminlasin;
oromgohga jalb etiladigan bolalarning oromgoh atrofida joylashgan attraksionlar, yopiq suzish havzasi va sport maydonchalaridan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga hamda Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-fevral,
143-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2018-y., 09/18/143/0819-son)