1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.13.00 Avariyaga qarshi kurash. Yoʻl harakati xavfsizligi. Texnik koʻrik (shuningdek, 16.04.02.00ga qarang)]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻlovchi avtotransportida favqulodda vaziyatlar profilaktikasi va ularning oldini olish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga doir shoshilinch chora-tadbirlar toʻgʻrisida
2018-yil 18-yanvar kuni Qozogʻiston Respublikasi Aktyubinsk viloyatining Irgizsk tumanidagi “Qaliboy” aholi punktidan 10 kilometr uzoqlikda, “Samara-Chimkent” avtomobil yoʻlining 1068 kilometrida “Ikarus” rusumidagi yoʻlovchi avtobusi yonib ketdi. Yongʻin oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar bor. Ularning 55 nafari Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosidir.
Isitish moslamasi boʻlmagan avtobusning texnik nosozligi, unda tez yonuvchi moddalarning boʻlgani, yongʻinga qarshi uskunalarning foydalanishga yaroqsizligi, avtobusda ortiqcha yoʻlovchilar boʻlgani, salonning yuklar bilan toʻldirilgani, xavfsizlikning oddiy qoidalariga rioya etish boʻyicha profilaktika choralarining yoʻqligi avtobus yonishining asosiy sabablari boʻlgan.
Yoʻlovchi avtotransportida favqulodda vaziyatlar profilaktikasi va ularning oldini olish, bundan buyon bu kabi fojiali voqealar takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik, baxtsiz hodisalar va yoʻl-transport halokatlari yuzaga kelishini bartaraf etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan kompleks shoshilinch chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga yoʻlovchi tashuvchi avtomobil transportida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibining buzilishiga olib keluvchi shart-sharoitlarni tizimli oʻrganish hamda ularning oldini olish, mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xorijga chiqayotgan fuqarolar oʻrtasida transportda harakatlanish vaqtida xavfsizlik choralari, xorijiy davlatda boʻlish qoidalari, shaxsiy xavfsizlik boʻyicha zarur choralar, fuqarolarning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida doimiy tushuntirish ishlari oʻtkazilishini tashkil qilish;
aholi oʻrtasida yoʻlovchi avtomobil transportida favqulodda vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlari haqida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, respublikadan tashqariga tovarlarning noqonuniy olib oʻtilishiga, yoʻlovchi avtomobil transporti salonida yongʻindan xavfli, portlovchi, zaharli, badboʻy, radioaktiv moddalar va buyumlar, shuningdek, qurolning barcha turlari olib oʻtilishiga yoʻl qoʻymaslik va ularning oldini olish yuzasidan zarur choralar koʻrish;
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
zarurat boʻlganda, davlat-xususiy sheriklik sharoitida xalqaro avtobus qatnovlarini tashkil etish, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish;
xorijga chiqadigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, xorijda boʻlish va mehnat faoliyatini amalga oshirish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, hududlardagi sektorlar rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktoriga fuqarolarning xorijiy davlatlarga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushqoqlik bilan chiqishini taʼminlash, noqonuniy chiqishga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hududlardagi sektorlar rahbarlari va Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolar guruhlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shakllantirish va yuborish boʻyicha tizimli nazorat oʻrnatsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
4. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning profilaktikasi, shuningdek, xorijga ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hududiy ishchi guruhlarning (keyingi oʻrinlarda ishchi guruh deb ataladi) namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar ishchi guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tegishli suhbatlar va soʻrovlar oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida suhbatlashishga alohida eʼtibor qaratish yoʻli bilan fuqarolarning ketish maqsadlarini aniqlash;
mamlakatdan tashqariga chiqadigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan yoʻlovchi avtomobil transportida (mikroavtobuslar va avtobuslar) harakatlanishda xavfsizlik qoidalari hamda xorijda boʻlish qoidalariga rioya etish toʻgʻrisida tushuntirish ishlari va instruktaj oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yoʻlovchi avtomobil transportida Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqishda — transport vositasining yoʻlga chiqishdan oldin texnik koʻrikdan va haydovchining tibbiy koʻrikdan oʻtganligini, haydovchilarning avtobus yoʻnalishlari sxemalari, shuningdek, yoʻlda ob-havo sharoitlari, yoʻllarning oʻzgarishi va yoʻlda harakatlanishni tashkil qilish toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlangani, avtobuslar va mikroavtobuslarning texnik soz holatda ekani, tegishli litsenziya kartochkalari mavjudligini puxta tekshirish;
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olinmagan yoʻlovchi avtomobil transportidan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida foydalanishda — yoʻlovchini xorijiy tashuvchining transport vositasini tegishli texnik va sanitariya holatida belgilangan joyga oʻz vaqtida qoʻyish boʻyicha majburiyatlari, yoʻlovchining majburiyatlari va huquqlari, shu jumladan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati va sifati, ularni koʻrsatish shartlari va harakatlanish yoʻnalishi haqidagi aniq axborotni oʻz vaqtida olish, unga va uning yukiga yetkazilgan zarar yoki ziyonni qoplashni talab qilish huquqi toʻgʻrisida xabardor qilish. Haydovchi transport vositasining texnik holati haqida axborot taqdim etmaganda va yoʻlovchida koʻzdan kechirish natijasida avtobus yoki mikroavtobusning texnik nosoz ekaniga shubha tugʻilganda, yoʻlovchini ketish fikridan qaytarish;
amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotni har oyda umumlashtirish va Komissiyaga taqdim etish.
7. Belgilansinki, 2018-yilning 1-fevralidan boshlab, yoʻlovchilar bilan Davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan avtobuslar va mikroavtobuslar yoʻlga chiqishdan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi davlat xizmati tomonidan Yongʻin xavfsizligi davlat xizmati vakillarini jalb etgan holda, avtotransport vositalarining harakatlanish roʻyxati hamda jadvaliga muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
8. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi:
avtovokzallar va avtostansiyalarning ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etishi boʻyicha nazoratni kuchaytirsin, bunda tashish xavfsizligi va yongʻin xavfsizligi, texnika xavfsizligiga rioya etilishi, yoʻlga chiqishdan oldin avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan va haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish yuzasidan talablar bajarilishi, faqat litsenziya kartochkalariga ega avtotransport vositalariga xizmat koʻrsatilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
hududiy boshqarmalar inspektorlarining tashish xavfsizligi va yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishini, avtomobil transportida yoʻlovchi va yuk tashiydigan avtotransport vositalarining litsenziya kartochkalari mavjudligi, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etishini nazorat qilish boʻyicha faoliyatini faollashtirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqadigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining borishi zarurligini inobatga olib, chegaradosh davlatlar bilan xalqaro yoʻllarda muntazam yoʻlovchi avtobus qatnovlarini tashkil etish toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mamlakat ichida va tashqarisida sayyohlar guruhlarini tashkil etishda transportda harakatlanish chogʻida xavfsizlik qoidalariga rioya etish boʻyicha asosiy talablar, xorijda boʻlganda fuqarolarning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida doimiy tushuntirish ishlari oʻtkazilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
chegaradosh davlatlarning tegishli vazirlik va idoralari bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini noqonuniy tashish va ular ishtirokida baxtsiz holatlarning oldini olish maqsadida borgan mamlakatda avtotransport vositalarida xavfsizlik standartlari va talablarini takomillashtirish yuzasidan oʻzaro hamkorlikni taʼminlasin;
borgan mamlakatida roʻy bergan hodisa oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hamda konsullik muassasalari tomonidan shoshilinch yordam koʻrsatish choralarini koʻrish mexanizmini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi daxldor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda Qozogʻiston Respublikasining Aktyubinsk viloyatida yoʻlovchi avtotransportida roʻy bergan favqulodda vaziyat oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish ishlarini tashkil etishda oʻzaro hamkorlik tajribasini hisobga olib, Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan xorijda ishga joylashtirish uchun tanlash va yollash tashkil etilgani toʻgʻrisida fuqarolarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib hamda “sms” xabarlar yuborish orqali keng xabardor qilish ishlarini faollashtirsin;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqadigan respublika fuqarolari uchun eslatmani (keyingi oʻrinlarda Eslatma deb ataladi) bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
transportda harakatlanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etishning asosiy talablari, xorijiy davlatda boʻlish qoidalari, xorijga chiqadigan fuqarolarning huquqlari va majburiyatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi migratsiya agentligi va huquqni muhofaza qilish organlarining ishonch telefonlari va veb-saytlari elektron manzillari, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari, shuningdek, boshqa davlatlar hududidagi Oʻzbekiston Respublikasi elchixonalari va konsullik xizmatlarining telefonlari koʻrsatilgan holda, odam savdosi holatlari toʻgʻrisida xabardor qilish zarurligi haqida ogohlantirish.
Bunda ishchi guruhlarni Oʻzbekiston Respublikasining xorijga ketayotgan har bir fuqarosiga berish uchun yetarli miqdorda Eslatmalar bilan taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi harakatlanish chogʻida, xorijda boʻlish vaqtida oʻzini tutish qoidalari, xavfsizlik choralari, xorijiy davlatda favqulodda vaziyatlarga tushgan fuqarolarga yordam koʻrsatadigan organlarning ishonch telefonlari haqidagi axborot aks ettirilgan stendlar oʻtkazish punktlarida joylashtirilishini tashkil qilsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda xorijda ish bilan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini tanlash va yollashni tashkil etishda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining markazlashtirilgan buyurtmanomalari asosida aviatsiya va temir yoʻl transportida tashish uchun avia hamda temir yoʻl chiptalarini imtiyozli tariflar boʻyicha rasmiylashtirish nazarda tutilgan Idoralararo bitimni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
15. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqadigan fuqarolar oʻrtasida ehtiyoj boʻlgan yangi yoʻnalishlarni tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin, bunda:
charter qatnovlarni amalga oshirishni va harakatdagi temir yoʻl tarkibi sonini, shu jumladan platskart vagonlar ulushini koʻpaytirishni;
budjeti past boʻlgan xorijiy avia va temir yoʻl kompaniyalarini jalb etishni, shu jumladan “Rossiya temir yoʻllari” OAJ bilan hamkorlik qilish masalasini koʻrib chiqishni nazarda tutsinlar.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti Oʻzbekiston Respublikasining xorijga chiqadigan fuqarolari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlaridan kelib tushadigan zarur axborotni Komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga har oy taqdim etsin.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
17. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda respublika tashqarisiga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketadigan fuqarolar uchun chegaradosh davlatlar qonunchiligining qoidalari va talablari tushuntirilgan videorolikni oʻn kun muddatda tayyorlasin hamda uning ommaviy axborot vositalarida muntazam efirga uzatilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tayyorlangan videorolikning chegaraoldi bojxona postlaridagi monitorlarda muntazam namoyish etilishini taʼminlasin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-yanvar,
42-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-yanvardagi 42-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga yoʻlovchi tashuvchi avtomobil transportida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Respublika komissiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi, komissiya rahbari
Musayev B.A.
—
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori
Raimov B.Ya.
—
Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, komissiya rahbarining oʻrinbosari
Aripov K.M.
—
Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari
Ergashev R.M.
—
Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari
Niyazxodjayev S.P.
—
Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari
Lavozimi boʻyicha
—
DXX Chegara qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari
Shoraxmetov Sh.Sh.
—
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari
Asadov B.Z.
—
Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari
Shovaxabov Sh.Sh.
—
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining oʻrinbosari
Xakimov B.I.
—
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori v.b.
Shukurov A.S.
—
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari
Turdiyev S.
—
Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari
Xaytmuratov S.X.
—
Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi
Mirzayev J.A.
—
Vazirlar Mahkamasining shuʼba mudiri
Salixov F.M.
—
Vazirlar Mahkamasining shuʼba mudiri, komissiya kotibi
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ularning oʻrniga yangidan tayinlangan yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-yanvardagi 42-son qaroriga 2-ILOVA
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning profilaktikasi, shuningdek, xorijga ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy ishchi guruhlarning
namunaviy tarkibi
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, ishchi guruhlar rahbarlari.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining hududiy filiallari boshligʻi, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasining masʼul xodimi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining masʼul xodimi.
6. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari masʼul xodimi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
7. Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmasi rahbari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi hududiy boshqarmasi rahbari.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi masʼul xodimi.
10. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi masʼul xodimi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hududiy boʻlinmasi rahbari.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi, masʼul xodimlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari masʼul xodimlari.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi 833-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2024-y., 09/24/833/1016-son)
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ularning oʻrniga yangidan tayinlangan yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-yanvardagi 42-son qaroriga 3-ILOVA
Davlat chegarasidan avtomobillarni oʻtkazish punktlari