Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.09.2003
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XO‘JALIGI MAHSULOTLARI YETIShTIRUVChILARNING XIZMAT KO‘RSATUVChI TAShKILOTLAR BILAN ShARTNOMALAR TUZISh VA ULARNI BAJARISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-sentabrdagi 383-sonli “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirish va majburiyatlar bajarilishi uchun tomonlarning javobgarligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 30-martdagi 160-son qarorining 2-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarning xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish va ularni bajarish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shartnoma majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi:
bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda shartnomalarning namunaviy shakllarini ishlab chiqsin va ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etsin;
shartnomalarning namunaviy shakllari belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgandan keyin, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga shartnomalar tuzishda amaliy yordam ko‘rsatish uchun hududiy davlat inspeksiyalarini ular bilan ta’minlasin.
3 O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi shartnomalarning to‘g‘ri tuzilishi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga moddiy-texnika resurslari yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar bo‘yicha tomonlarning shartnomaviy majburiyatlari bajarilishi ustidan muntazam ravishda monitoring olib borilishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari T.Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2001-yil 12-iyul,
297-son
Vazirlar Mahkamasining
2001-yil 12-iyuldagi 297-son qaroriga
ILOVA
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarning xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish va ularni bajarish tartibi to‘g‘risida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilar bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida shartnomalar tuzish va ularni bajarishning asosiy shartlarini nazarda tutadi, shuningdek ularni shartnoma majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha bosh davlat inspeksiyasi hududiy organlari (keyingi o‘rinlarda “Boshdavinspeksiya” hududiy organlari deb ataladi) tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari), fermer va dehqon xo‘jaliklari, boshqa qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari (keyingi o‘rinlarda xo‘jaliklar deb ataladi) ehtiyojlari uchun moddiy-texnika resurslari yetkazib berish, shuningdek xo‘jaliklarga mexanizatsiyalashgan ishlarni bajarish, servis, agrokimyo, agrotexnika hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish bilan bog‘liq boshqa xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarga (keyingi o‘rinlarda shartnomalar deb ataladi) tadbiq etiladi.
3. Moddiy-texnika resurslari (ehtiyot qismlar, urug‘lar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar va shu kabilar) yetkazib berish yuzasidan shartnoma bo‘yicha yetkazib beruvchi tashkilot xo‘jalikka kelishilgan muddatda yoki muddatlarda ishlab chiqaradigan yoki xarid qiladigan tovarlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishda foydalanish uchun yetkazib berish, xo‘jalik esa moddiy-texnika resurslarini qabul qilib olish va ular uchun belgilangan yoki kelishilgan narxlar bo‘yicha haq to‘lash majburiyatini oladi.
4. Xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) yuzasidan shartnoma bo‘yicha bajaruvchi tashkilot xo‘jalik topshirig‘iga binoan mexanizatsiyalashgan ishlarni bajarish, servis, agrokimyo, agrotexnika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish bilan bog‘liq boshqa xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash, xo‘jalik esa ushbu ishlar (xizmatlar)ni qabul qilib olish va ular uchun belgilangan yoki kelishilgan narxlar bo‘yicha haq to‘lash majburiyatini oladi.
II. Shartnomalarni tuzish
5. Shartnomalarni tuzishda tomonlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (364-381, 439-moddalar)ga, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, ushbu Nizomga hamda moddiy-texnika resurslari yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish)ni tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladilar.
6. Moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bo‘yicha Shartnomalarni tuzish xo‘jalik joylashgan joyda qishloq xo‘jaligi yili boshlanishidan ikki oy oldin amalga oshiriladi.
7. Moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish yoki xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bo‘yicha shartnomalar uch nusxada tuziladi va imzolanadi.
8. Moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish shartnomalari shartlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 353-381, 386-424, 437-456, 468-478-moddalariga, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
9. Xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bo‘yicha shartnomalar shartlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 353-381, 631-655, 703-708-moddalariga, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Tomonlar Shartnomalarni tuzishda o‘zlarining tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan, belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgandan keyin e’lon qilingan namunaviy shartlari (shakllari)ga amal qilishlari mumkin.
10. Moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma shartnomaning maqsadini, yetkazib beriladigan tovarning miqdori, sifati, turi, butligi, idishi va idishga joylanishi, narxini, yetkazib berish muddatlari (davrlari)ni hisob-kitob qilish tartibini, tomonlarning majburiyatlarini, shartnoma majburiyatlari bajarilmagan yoki zarur darajada bajarilmagan taqdirda tomonlarning javobgarligini, kelishmovchiliklarni hal etish tartibini, tomonlarning rekvizitlarini, shartnomaning tuzilgan sanasi va joyini nazarda tutadi.
Xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bo‘yicha shartnoma shartnomaning maqsadini, ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) hajmi, sifati, narxini, muddatlarini, shartnoma majburiyatlari bajarilmagan yoki zarur darajada bajarilmagan taqdirda tomonlarning javobgarligini, kelishmovchiliklarni hal etish tartibini, tomonlarning rekvizitlarini, shartnomaning tuzilgan sanasi va joyini nazarda tutadi.
Shartnomalar shuningdek mazkur turdagi shartnomalar uchun yoki tomonlardan birining arizasiga binoan ular yuzasidan bitim tuzishga erishilgan shartnomalar uchun qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa jiddiy shartlarni ham nazarda tutishi mumkin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 398-moddasiga muvofiq, yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha yetkazib beriladigan moddiy-texnika resurslari miqdori tegishli o‘lchov birliklarida yoki pul ifodasida nazarda tutiladi. Shartnoma tovar miqdorini belgilash tartibini nazarda tutishi mumkin. Agar shartnoma yetkazib beriladigan moddiy-texnika resurslari miqdorini belgilash imkonini bermasa, shartnoma tuzilmagan deb hisoblanadi.
12. Agar moddiy-texnika resurslari turlari, modellari, hajmlari, ranglari va boshqa belgilari bo‘yicha muayyan nisbatda yetkazib berilishi kerak bo‘lsa yetkazib berish shartnomasi ularning turi to‘g‘risidagi shartlarni nazarda tutishi kerak.
13. Moddiy-texnika resurslari va ko‘rsatiladigan xizmatlar (bajariladigan ishlar) miqdori standartlar talablariga, texnik shartlarga, shartnomada nazarda tutilgan tovarlar, namunalar (etalonlar) sifatiga talablarni belgilaydigan boshqa hujjatlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Shartnomada sifatga standartlar, texnik shartlar, boshqa hujjatlar, namunalar (etalonlar)ga nisbatan yanada yuqori talablar nazarda tutilishi mumkin.
Standartlar, texnik shartlar, boshqa hujjatlar tartib raqami shartnomada ko‘rsatiladi.
14. Agar tovarlarning muayyan to‘plami but holda yetkazib berilishi kerak bo‘lsa shartnomaga moddiy-texnika resurslarining but holda bo‘lishi to‘g‘risidagi shartlar kiritiladi.
15. Moddiy-texnika resurslarining xarakteri uning idishda va (yoki) o‘rovda bo‘lishini talab qilgan taqdirda shartnoma moddiy-texnika resurslarining idishda va (yoki) o‘rovda yetkazib berilishi shartlarini nazarda tutishi kerak.
16. Etkazib berish yoki xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) muddatlari (davrlari)ni tomonlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ta’minlash uchun yetkazib berish yoki xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish)ning muayyan maromda bo‘lishini ta’minlash zaruriyatini hisobga olgan holda belgilaydi.
Zarurat bo‘lganda moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) muddatlari va ularning turlari shartnomaning tarkibiy qismi bo‘lgan jadvalda belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 438-moddasiga muvofiq yetkazib berish shartnomasi, qoidaga ko‘ra, kamida bir yil muddatga tuziladi.
Xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bo‘yicha shartnomalarda muddatlar, qoidaga ko‘ra, xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish)ning boshlang‘ich, oxirgi va oraliq muddatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
17. “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq hisob-kitob qilish tartibini belgilashda shartnomada tovar (ishlar, xizmatlar) qiymatini qonun hujjatlarida belgilanganidan kam bo‘lmagan miqdorda oldindan to‘lash sharti albatta nazarda tutilishi kerak.
18. Shartnomada shartnoma majburiyatlari bajarilmagan yoki zarur darajada bajarilmagan taqdirda tomonlarning javobgarligi, shuningdek kelishmovchiliklarni hal etish tartibi nazarda tutiladi.
Tomonlarning shartnoma bo‘yicha javobgarligi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 324-339-moddalari talablariga muvofiq belgilanadi.
III. Shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish
19. Mazkur Nizomning 2-bandida ko‘rsatilgan moddiy-texnika resurslari yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bo‘yicha shartnomalar Shartnoma majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish tuman (hududiy) davlat inspeksiyasida (keyingi o‘rinlarda “davlat inspeksiyasi” deb ataladi) ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart va ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
20. Moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchi yoki xizmatlarni bajaruvchi xo‘jalik bilan shartnoma tuzilgan kundan boshlab bir hafta muddatda xo‘jalik joylashgan joydagi davlat inspeksiyasiga tomonlar imzolagan shartnomani uch nusxada taqdim etadi.
21. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan shartnomalar davlat inspeksiyasi tomonidan uch ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.
Davlat inspeksiyasi shartnomani ko‘rib chiqishda:
shartnoma tuzishning to‘g‘riligini, uning qonun hujjatlariga muvofiqligini;
shartnomada belgilangan moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish yoki xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) miqdori, turi, muddati va boshqa shartlarining agrotexnika talablariga muvofiqligini;
moddiy-texnika resurslari yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) bo‘yicha narxlar belgilanishining to‘g‘riligini aniqlaydi.
22. Shartnoma qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lgan taqdirda davlat inspeksiyasi uni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
23. Shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazish daftari yuritiladi, unga ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
ro‘yxatdan o‘tkazish tartib raqami;
shartnoma tuzilgan sana;
shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan sana;
shartnomaning tomonlari;
yetkazib beriladigan moddiy-texnika resurslari va ko‘rsatiladigan xizmatlar (bajariladigan ishlar) turlari va miqdori;
shartnoma summasi;
sana va ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomani olgan shaxsning imzosi.
24. Ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risida shartnomaning barcha nusxalariga belgi qo‘yiladi. Shartnomaning ikki nusxasi uni taqdim etgan tashkilotga beriladi, shartnomaning bir nusxasi esa davlat inspeksiyasida qoladi va uch yil mobaynida saqlanadi.
25. Shartnoma qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmagan va tovarlar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatishga narxlar asossiz ravishda oshirib yuborilgan hollarda shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tkazishning rad etilishi yozma shaklda tuziladi va rad etishning aniq sabablari ko‘rsatilgan holda asoslanishi kerak.
26. Moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchi yoki xizmatlar ko‘rsatuvchi shartnoma qayta ishlangandan keyin uni takroran taqdim etishga haqlidir.
Shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazish uchun takroran taqdim etilganda u davlat inspeksiyasi tomonidan mazkur Nizomning 20-26-bandlariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
27. Davlat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar shartnoma kabi tartibda rasmiylashtiriladi va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uch nusxada davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi. O‘zgartirish va qo‘shimchalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ular tomonlar imzolagan kundan boshlab uch kun muddatda taqdim etilishi kerak.
28. Davlat inspeksiyasi taqdim etilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni mazkur Nizomning 20-27-moddalariga muvofiq ko‘rib chiqadi.
IV. Shartnomalarni bajarish
29. Shartnomalar ularning shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq zarur darajada bajarilishi, bunday shartlar va talablar mavjud bo‘lmagan taqdirda esa — amaldagi muomala odatlariga muvofiq bajarilishi kerak.
30. Moddiy-texnika resurslari yetkazib berish yoki xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) to‘g‘risidagi qabul qilish-topshirish dalolatnomasi yoki tilxat sanasi shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilgan kun hisoblanadi.
Hisob-kitob hujjatidagi bank muassasasi shtampida ko‘rsatilgan sana xo‘jalik tomonidan moddiy-texnika resurslari, xizmatlar (ishlar)ga haq to‘lash bo‘yicha majburiyatlar bajarilgan kun hisoblanadi.
31. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 440-moddasiga muvofiq moddiy-texnika resurslari xo‘jalikning roziligi bilan muddatidan oldin yetkazib berilishi mumkin. Muddatidan oldin yetkazib berilgan va xaridor tomonidan qabul qilingan moddiy-texnika resurslariga haq to‘lanadi va ular keyingi davrda yetkazib berilishi kerak bo‘lgan mahsulotlar hisobiga o‘tkaziladi.
32. Xo‘jalik yetkazib beruvchi tashkilotni xabardor qilgan holda yetkazib berish muddati kechiktirib yuborilgan mahsulotni, agar shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, qabul qilishni rad etishga haqlidir. Etkazib beruvchi tomonidan bildirishnoma olingungacha yetkazib berilgan moddiy-texnika resurslarini xo‘jalik qabul qilishga va haqini to‘lashga majburdir.
33. Mazkur nomenklatura (assortiment)ga kiruvchi bir xil nomdagi ko‘p miqdordagi moddiy-texnika resurslari yetkazib berilishi boshqa nomdagi moddiy-texnika resurslari to‘liq yetkazib berilishi o‘rniga o‘tmaydi, tovarlar yetkazib berish xo‘jalikning oldindan berilgan yozma roziligi yoki xo‘jalik mahsulotni foydalanish uchun qabul qilib olgan hollar bundan mustasno, bu haqda davlat inspeksiyasiga yozma bildirishnoma beriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan hollarda to‘liq yetkazib berilmagan tovarlar o‘rni to‘ldirilmaydi.
34. Elektr energiyasi, gaz, suvni xo‘jaliklargacha yetkazib berishga, ularni yetkazib berish vositalari saqlanishini ta’minlashga va ularga sarflanadigan xarajatlarga yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan haq to‘lanadi.
35. Erni shudgorlashni mexanizatsiyalashga doir bajarilgan ishlar va boshqa xizmatlar bevosita xo‘jaliklarning mas’ul xodimlari tomonidan dalolatnoma bo‘yicha qabul qilinadi. Dalolatnomada bajarilgan xizmatlar miqdori, ularning sifati, shudgorlash chuqurligi va boshqa agrotexnika ko‘rsatkichlari qayd etiladi.
V. Tomonlarning javobgarligi va nizoli masalalarni hal etish
36. Tomonlar shartnoma bajarilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishlari shart. Ular ushbu maqsadlarda qonun hujjatlarida va (yoki) shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar buzilganligi uchun belgilangan tartibda javobgarlik chora-tadbirlari qo‘llanilishini talab qilishga haqlidir.
37. Tomonlar shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-32-moddalariga muvofiq javob beradilar.
38. Kelishmovchiliklar va nizoli masalalar kelib chiqqan taqdirda tomonlar, qoidaga ko‘ra, mustaqil ravishda yoxud “Boshdavinspeksiya” va uning hududiy organlari ishtirokida ushbu kelishmovchiliklar va nizoli masalalarni sudgacha hal etish choralarini ko‘radilar.
39. Tomonlar nizoli masalalarni sudgacha hal etish jarayonida kelishishga erishmagan taqdirda, xo‘jalik sudiga murojaat qilishga haqlidirlar.
VI. Yakuniy qoidalar
40. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga moddiy-texnika resurslari yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) shartnomalarining to‘g‘ri tuzilishi va shartnomalar bo‘yicha tomonlarning shartnoma majburiyatlarini bajarishi ustidan davlat nazorati va monitoringni Shartnoma majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish Bosh davlat inspeksiyasi, uning hududiy organlari, shuningdek ushbu funksiyalar qonun hujjatlari bilan zimmasiga yuklangan boshqa davlat organlari amalga oshiradi.
41. “Boshdavinspeksiya” va hududiy davlat inspeksiyalari:
tuzilgan shartnomalarning O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi talablariga, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiqligini;
tuzilgan shartnomalar bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun qonunchilikka ko‘ra tomonlarning javobgarligi choralariga muvofiqligini;
yetkazib berilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun hisob-kitoblarning to‘g‘riligi va o‘z vaqtidaligini;
avans berish, tovarlar yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) muddatlariga rioya etilishini;
yetkazib berilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) sifati mavjud texnik shartlarga va boshqa normativ hujjatlarga muvofiqligi nazorat qilinishini ta’minlaydilar.
“Boshdavinspeksiya” va hududiy davlat inspeksiyalarining huquq va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 30-martdagi 160-son qarori bilan tasdiqlangan Shartnoma majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.
42. “Boshdavinspeksiya” va uning hududiy organlari, shuningdek tegishli davlat organlari shartnomalar tuzilishi va bajarilishiga o‘z vakolatlari doirasida zarur yordam ko‘rsatadilar va ko‘maklashadilar.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2000-y., 13-son, 91-modda)