Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda fuqarolar va jamoat tashkilotlarining rolini yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasiga ( P.R. Bobojonov) yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 8-yanvar,
15-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 15-son qaroriga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan diniy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini (keyingi oʻrinlarda jamoat tashkilotlari deb ataladi) huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun moddiy va boshqa tarzda ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar fuqarolar va jamoat tashkilotlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash (keyingi oʻrinlarda — fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash deb ataladi)ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
(2-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
fuqarolar va jamoat tashkilotlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda fuqarolar va jamoat tashkilotlarining huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar bilan oʻzaro hamkorligini yanada mustahkamlash;
fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qoʻshayotgan hissalari uchun munosib taqdirlash.
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolar jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qoʻshayotgan hissasi uchun ularning hayoti, sogʻligʻi hamda mol-mulkiga tajovuz qilinishining oldini olishga qaratilgan, shuningdek, ularning xavfsizligi va ijtimoiy himoya qilinishi choralarini oʻz ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimini belgilash.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
3. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish:
qonuniylik;
adolatlilik;
xolislik;
oshkoralik;
fuqarolar, jamoat tashkilotlari vakillarining shaxsiy xavfsizligini taʼminlash va ularning xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflar huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalarga (keyingi oʻrinlarda idoralararo komissiyalar deb ataladi) fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash boʻyicha taqdimnoma kiritish orqali amalga oshiriladi.
(4-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar tizimiga:
ichki ishlar organlari;
prokuratura organlari;
milliy xavfsizlik xizmati organlari;
adliya organlari;
davlat bojxona xizmati organlari;
davlat soliq xizmati organlari;
mehnat organlari;
taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari;
davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari;
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflar respublika va hududiy idoralararo komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi.
(5-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
Ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan holatlar haqida ikki va undan ortiq fuqaro yoki jamoat tashkiloti huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlarga xabar bergan taqdirda, bu haqda birinchi boʻlib xabar bergan fuqaro yoki jamoat tashkiloti ragʻbatlantiriladi.
2-bob. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish asoslari
6. Quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlgan taqdirda fuqarolar va jamoat tashkilotlari ragʻbatlantirilishi mumkin:
qasddan sodir etilishi rejalashtirilayotgan yoki sodir etilayotgan maʼmuriy huquqbuzarlikning oldini olishi yoxud toʻxtatishi;
tayyorgarlik koʻrilayotgan jinoyat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi natijasida jinoyat sodir etilishining oldi olinishi;
qasddan sodir etilayotgan jinoyatni toʻxtatishi va uni toʻliq fosh etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga koʻmaklashishi;
fosh etilmagan jinoyat boʻyicha uni fosh etishga koʻmaklashuvchi dalillarni aniqlashi yoki uni sodir etgan shaxslar yoxud ularning qayerda ekanligi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishi natijasida jinoyatning fosh etilishi;
qonun hujjatlariga muvofiq qidiruv eʼlon qilingan shaxsning yashiringan manzili haqida xabar berishi, uni ushlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga koʻmaklashishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 365-moddasi.
bedarak yoʻqolgan shaxs haqida bergan maʼlumoti asosida uning aniqlanishi;
aholi oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi targʻibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etishi va uni bevosita amalga oshirishi;
jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida taklif va tashabbuslarni amalga joriy etishi.
7. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish yuzasidan zarur hujjatlarni yigʻish va rasmiylashtirish mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi taklif bilan chiqqan huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar tomonidan bajariladi.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) darajasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar ragʻbatlantirish tashabbusi bilan hududiy idoralararo komissiyaga, respublika darajasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar esa respublika idoralararo komissiyasiga taklif bilan chiqadilar.
8. Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar rahbarlarining fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish boʻyicha taqdimnomasi va unga ilova qilingan asoslantiruvchi hujjatlar, ragʻbatlantirish uchun asoslar yuzaga kelgan kundan boshlab uch kun muddatda respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalarga taqdim etiladi.
9. Taqdimnomaga ragʻbatlantirish uchun asos boʻluvchi quyidagi hujjatlardan biri ilova qilinadi:
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma;
jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror;
ushlangan qidiruvdagi shaxsga nisbatan qidiruvning bekor qilinganligi toʻgʻrisida prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning qarori yoki sudning ajrimi;
mazkur Nizomning 6-bandi sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha yigʻilish bayonnomasi nusxalari.
10. Respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalar tomonidan taqdimnoma va boshqa asoslantiruvchi hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqiladi.
11. Respublika va hududiy idoralararo komissiyalar raislari komissiya qarorining qonuniyligi, adolatliligi va xolisligi uchun masʼul hisoblanadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
13. Mazkur Nizom talablari ushbu Nizom 6-bandining yettinchi va 16-bandining ikkinchi xatboshilarida koʻrsatilgan bedarak yoʻqolgan shaxslarning yaqin qarindoshlariga (ota-ona, aka-uka, va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-uka va opa-singillari) nisbatan tatbiq etilmaydi.
3-bob. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish turlari
Oldingi tahrirga qarang.
14. Fuqarolarni pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantirish tegishli idoralararo komissiyalar tomonidan quyidagi miqdordagi toʻlovlarni toʻlash yoʻli bilan amalga oshiriladi:
tuman (shahar) idoralararo komissiyalari — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3,52 baravarigacha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo komissiyalari — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5,30 baravarigacha;
Respublika idoralararo komissiyasi — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 7,05 baravarigacha miqdorda.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
15. Fuqarolar ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan har bir tasdiqlangan xabar uchun mazkur Nizomning 14-bandida belgilangan ragʻbatlantirish miqdorining:
maʼmuriy huquqbuzarliklar va ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar uchun — 50 foizigacha;
uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar uchun — 75 foizigacha;
ogʻir jinoyatlar uchun — 100 foizigacha;
oʻta ogʻir jinoyatlar uchun — 150 foizigacha;
qonun hujjatlariga muvofiq qidiruv eʼlon qilingan shaxslarni topishda yordam berganligi uchun fuqarolarga beriladigan ragʻbatlantirishning miqdori, ushbu shaxslar sodir etgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, yuqoridagilarga mos ravishda, 50 foizdan 150 foizgacha pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantiriladi.
16. Quyidagilar uchun fuqarolar tashakkurnoma va boshqa esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanadi:
bedarak yoʻqolgan shaxslarni aniqlashda yordam koʻrsatilishi;
aholi oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi targʻibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etish va uni bevosita amalga oshirilishi;
jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida taklif va tashabbuslarning amalga joriy etilishi.
17. Jamoat tashkilotlari mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan barcha holatlar boʻyicha tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
31-bob. Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash
171. Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
172. Fuqaro jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki vaqtida oʻrtacha ogʻir va ogʻir tan jarohati olgan (yetkazilgan)da yoxud halok boʻlganida (vafot etganida) uning ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi.
173. Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash yuzasidan zarur hujjatlarni toʻplash va rasmiylashtirish mazkur Nizomning 172-bandida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda, huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun bevosita masʼul boʻlgan organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar)lar darajasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash taklifi bilan hududiy idoralararo komissiyaga, respublika darajasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar esa — respublika idoralararo komissiyaga murojaat qiladilar.
174. Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar rahbarlarining fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash boʻyicha taqdimnomasi va unga ilova qilingan asoslovchi hujjatlar, ijtimoiy himoyani taʼminlash uchun asoslar yuzaga kelgan kundan boshlab uch kun muddatda respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalarga taqdim etiladi.
175. Taqdimnomaga ijtimoiy himoyani taʼminlash uchun asos boʻluvchi quyidagi hujjatlardan biri ilova qilinadi:
sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi;
vafot etganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
176. Respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalar taqdimnoma va boshqa asoslovchi hujjatlar tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalasini koʻrib chiqadi.
177. Respublika va hududiy idoralararo komissiyalar raislari komissiya qarorining qonuniyligi, adolatliligi va xolisligi uchun shaxsan masʼul hisoblanadilar.
178. Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash quyidagicha amalga oshiriladi:
fuqaro jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki vaqtida oʻrtacha ogʻir tan jarohati olgan (yetkazilgan)da huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ rahbarining taqdimnomasi asosida chiqarilgan idoralararo komissiya qaroriga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik nafaqa tayinlanadi;
fuqaro jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki vaqtida ogʻir tan jarohati olgan (yetkazilgan)da huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ rahbarining taqdimnomasi asosida chiqarilgan idoralararo komissiya qaroriga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik nafaqa tayinlanadi;
fuqaro jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki vaqtida halok boʻlganida (vafot etganida) huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ rahbarining taqdimnomasi asosida chiqarilgan idoralararo komissiya qaroriga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik nafaqa tayinlanadi.
(31-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4-bob. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash tartibi
(4-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun taqdirlash hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash, fuqarolar, shu jumladan jamoat tashkilotlari vakillarining shaxsiy xavfsizligini taʼminlashni hamda ularning xohish-istaklarini hisobga olgan holda, keng jamoatchilik ishtirokida, respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalar tomonidan, tantanali ravishda amalga oshiriladi.
Taqdirlash hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash bilan bogʻliq tantanali marosimlar ommaviy axborot vositalarida yoritilishi mumkin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
19. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarining vakillari huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat mukofotlariga ham tavsiya etilishi mumkin.
20. Esdalik sovgʻalar fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish taklifi bilan chiqqan huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi va ularning miqdori hamda qiymati ushbu organlar tomonidan belgilanadi.
21. Fuqarolarni pul mukofotlari bilan taqdirlash xarajatlari ragʻbatlantirish taklifi bilan chiqqan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlarning budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mahalliy budjet mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Ragʻbatlantirilgan hamda ijtimoiy himoyasi taʼminlanganlarning fuqarolar va jamoat tashkilotlarining hisobi respublika va hududiy idoralararo komissiyalar tomonidan olib boriladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
23. Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash bilan bogʻliq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
24. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida nizomga
1-ILOVA
(1-ilovaning belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlarning nomi

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ rahbarining ijtimoiy himoyani taʼminlash toʻgʻrisidagi taqdimnomasi va unga ilova qilingan asoslovchi hujjatlarni tegishlicha respublika yoki hududiy idoralararo komissiyaga taqdim etadi.

Ijtimoiy himoyani taʼminlash uchun asoslar yuzaga kelgan kundan boshlab uch kun muddatda

2-bosqich

Respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalar

Taqdimnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.

Taqdimnoma va unga ilova qilingan asoslovchi hujjatlar tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda

3-bosqich

Respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalar

Qabul qilingan qaror haqida ijtimoiy himoyani taʼminlash toʻgʻrisidagi taklif bilan chiqqan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organga xabar beradi.

Qaror qabul qilingan kunning oʻzida

4-bosqich

Respublika yoki hududiy idoralararo komissiyalar

Fuqarolarning ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi (fuqarolarga jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi ishtiroki vaqtida oʻrtacha ogʻirlikdagi yoki ogʻir tan jarohati yetkazilganda bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi, vafot etganda uning oila aʼzolariga va qaramogʻida boʻlgan shaxslarga bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi)

Komissiya tomonidan belgilangan muddatda

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 36-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/15/0548-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/36/0062-son)