O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3295-son qaroriga asosan, birja va ko‘rgazma-yarmarka bitimlari bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishning shaffof, bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda majburiyatlarning bajarilishi kafolatlarini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tovar-xom ashyo birjalarida hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
birja savdolarida muayyan turdagi va sifatdagi, shu jumladan hosila moliyaviy vositalar (derivativlar), dastlabki ko‘zdan kechirishni talab etmaydigan, sifat ko‘rsatkichlari o‘zgarmasligi va birja bitimlari muntazam ravishda tuzilishi bilan tavsiflanadigan belgilangan tartibda birja savdolariga qo‘yiladigan tovarlar sotiladi;
tovar-xom ashyo birjalari tomonidan tashkil etiladigan va o‘tkaziladigan ko‘rgazma-yarmarka savdolarida, birja tovariga qo‘yilgan talablarga javob bermaydigan hamda sotib oluvchilarga, ularning namunalari va modellarini, elektron kataloglarini, reklama byulletenlarini, prospektlarini yoki sotuvga qo‘yilayotgan tovarni tavsiflovchi boshqa hujjatlarini oldindan ko‘rib chiqish imkoniyatini taqdim etishni talab etadigan har qanday tovarlar sotiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovar-xom ashyo birjalari bilan birgalikda birja savdolari qoidalarining ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-yanvar,
33-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-yanvardagi 33-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tovar-xom ashyo birjalarida hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish
qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu qoidalar, O‘zbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3295-son qaroriga muvofiq tovar-xom ashyo birjalarining birja savdolarida hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
birja savdolari — birja tomonidan birja savdolari qoidalariga muvofiq tashkil etiladigan birja tovari savdolari;
kliring — birja a’zolari va ularning mijozlarining o‘zaro majburiyatlarini belgilash, aniqlashtirish va hisobga olishga doir operatsiyalar majmuasi, shuningdek, ushbu Qoidalar va Birja savdosi qoidalariga muvofiq ular o‘rtasida amalga oshiriladigan o‘zaro hisob-kitoblar;
hisob-kitob-kliring palatasi (HKKP) — kliring elektron tizimi orqali birja bitimlari (keyingi o‘rinlarda bitim deb ataladi) bo‘yicha kliring, hisob-kitob va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishni ta’minlovchi birjaning tarkibiy bo‘linmasi;
kliring ishtirokchisi — aksept yo‘llagan va ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda hisob-kitob-kliring palatasida ro‘yxatdan o‘tgan birja a’zosi va/yoki uning mijozi;
kliring elektron tizimi — ushbu Qoidalarga muvofiq kliringni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan dasturiy-texnik vositalar, ma’lumotlar bazalari, telekommunikatsiya vositalari hamda HKKP dasturiy ta’minoti yig‘indisi;
kliring (hisob) registrlari — bitimlar tuzish va bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga mo‘ljallangan pul mablag‘lari qoldiqlari to‘g‘risida ma’lumotlarni hisobga olish, shuningdek, kliring ishtirokchilarining bitimlar bo‘yicha majburiyatlari va talablari hisobini yuritishda foydalaniladigan HKKPning ichki elektron hisob registrlari;
pul mablag‘larini blokirovkalash — bitim bo‘yicha xaridorlar va sotuvchilar majburiyatlarining to‘liq bajarilishini ta’minlovchi pul mablag‘lari harakatini bitim yopilgunga qadar to‘xtatib qo‘yish;
HKKP ikkilamchi hisobvarag‘i — birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablag‘larini saqlash hamda bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar o‘tkazish uchun ochilgan birjaning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit ikkilamchi hisobvaraqlari;
foydalanuvchining individual raqami (keyingi o‘rinlarda FIR deb ataladi) — kliring ishtirokchisiga beriladigan maxsus xos raqam;
kliring ishtirokchilari reyestri (KIR) — ushbu Qoidalarga muvofiq HKKPda ro‘yxatga olingan kliring ishtirokchilari ro‘yxati;
tuzilgan bitimlar reyestri (TBR) — imzolangan va ro‘yxatga olingan bitimlar ro‘yxati;
to‘lovlar amalga oshirilgan bitimlar (TAOB) — birja tovarini yuklash uchun sotuvchiga asos bo‘ladigan va tuzilgan bitim bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq qoplaydigan miqdorda sotib oluvchining HKKPdagi hisobvarag‘iga pul mablag‘lari kelib tushgan bitimlar ro‘yxati;
yetkazib berish hujjatlari reyestri (YEBHR) — yuklash sanasi va yuklangan birja tovari miqdori ko‘rsatilgan holda yuklash amalga oshirilgan bitimlar ro‘yxati;
zakalat — kliring ishtirokchilari amalga oshiradigan bitimlar bajarilishini kafolatlash uchun ular tomonidan HKKPga kiritiladigan kafolat ta’minoti mablag‘lari;
kontragent — bitim bo‘yicha majburiyat olgan va bitimning boshqa tomoniga qarshi qo‘yiladigan taraf — xaridor sotuvchi uchun va sotuvchi xaridor uchun.
2-bob. HKKPning maqomi, funksiyalari, huquq va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
3. HKKP birjaning tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega emas hamda birja nomidan, agar qonun va qonunosti hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan har qanday mustaqil operatsiya va harakatlarni sodir etish huquqisiz ish olib boradi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-noyabrdagi 687-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2022-y., 09/22/687/1073-son)
4. HKKP quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
kliring ishtirokchilarini ro‘yxatga oladi;
kliring ishtirokchilariga hisobvaraqlar ochilishi va yuritilishini ta’minlaydi;
bitimlar bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarning o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirilishini ta’minlaydi;
o‘zaro majburiyatlarni belgilaydi, aniqlashtiradi va hisobga oladi, shuningdek, kliring ishtirokchilarining tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlari hisobini alohida-alohida yuritadi;
kliring yakunlariga ko‘ra zarur axborotni shakllantiradi va kliring ishtirokchilariga taqdim etadi;
kliring amalga oshirilayotgan bitimlar, kliring natijalari to‘g‘risidagi axborotning qonun hujjatlari talablariga muvofiq saqlanishini ta’minlaydi;
tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
kafolat badallarining kirimini ta’minlaydi.
5. HKKP quyidagi huquqlarga ega:
kliring o‘tkazish usulini mustaqil tanlash;
sotuvchi-norezidentning topshirig‘iga ko‘ra sotuvchi-norezidentning import kontraktlar bo‘yicha HKKPdagi hisobvarag‘iga faqat birja savdolarida tuzilgan import kontraktlar, bojxona to‘lovlari, sud xarajatlari va bevosita birja kontraktlarini tuzish bilan bog‘liq xizmatlar haqini to‘lash uchun o‘tkazilgan mablag‘larni (vositachilik yig‘imlari, brokerlik mukofotlari, transportda tashish va qonunchilikka muvofiq boshqa xarajatlarni) yunaltirish;
kliring ishtirokchisi bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, shuningdek, birjaning arbitraj va/yoki intizom komissiyalarining kliring ishtirokchisiga, belgilangan birja savdosi qoidalari yoki shartnomaviy majburiyatlarni buzganlik uchun jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarori mavjud bo‘lganda, aybdor kliring ishtirokchisining shaxsiy hisobvarag‘idan jarima summasini akseptsiz tartibda hisobdan chiqarish;
birja savdolari elektron tizimida bitimlar qayd etilishi bilan vositachilik yig‘imlarini hisobdan chiqarish, shuningdek, brokerlar uchun mukofot pullarini olish;
kliring ishtirokchilaridan hisob-kitob-kliring operatsiyalari uchun zarur axborot olish.
6. HKKP quyidagilarga majbur:
faqat birjada ro‘yxatga olingan bitimlar va ular bilan bog‘liq operatsiyalar (vositachilik yig‘imlari, brokerlar mukofotlari, transportda tashish va qonunchilikka muvofiq boshqa xarajatlar) bo‘yicha hisob-kitob va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;
har bir kliring ishtirokchisi majburiyatlarining hisobi alohida-alohida yuritilishini ta’minlash;
bitim mazmuni to‘g‘risidagi axborotning maxfiyligini ta’minlash va qonunchilikda nazarda tutilgan holatlardan tashqari, ushbu axborotni kliring ishtirokchilarining roziligisiz uchinchi shaxslarga taqdim etmaslik.
7. Kliring va HKKP ishtirokchilariga HKKP hisobvaraqlaridagi mablag‘lardan foydalangan holda, pulli talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha operatsiyalarni o‘tkazish taqiqlanadi.
3-bob. Kliring ishtirokchilarini ro‘yxatga olish
8. Kliring ishtirokchisi sifatida yuridik shaxs bo‘lgan birja a’zolari va/yoki ularning mijozlari, shu jumladan, xorijiy (qonunchilikda belgilangan tartibda), shuningdek, belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yuridik shaxs tashkil etmasdan (birja savdolarida xaridorlar sifatida) ro‘yxatga olingan jismoniy shaxslar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
9. HKKP birja savdolari qoidalarida ko‘rsatilgan barcha zarur hujjatlarni olganidan keyin bir ish kuni davomida birja a’zosi va/yoki uning mijoziga FIR beradi hamda amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni va talab huquqini hisobga olish uchun zarur bo‘lgan tegishli shaxsiy hisobvaraqni ochadi.
10. KIR kliring ishtirokchisining batafsil rekvizitlarini, rahbar va uning lavozimi to‘g‘risidagi axborotni, kliring ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish sanasini o‘z ichiga oladi.
11. HKKP ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan holatlarda kliring ishtirokchisiga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi.
4-bob. HKKPda hisobvaraqlarni yuritish tartibi
12. Birja xizmat ko‘rsatuvchi bankda kliring ishtirokchilarining pul mablag‘lari hisobi uchun mo‘ljallangan HKKP ikkilamchi hisobvarag‘ini ochadi, ularning hisobi HKKPda alohida shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi.
13. HKKP kliring ishtirokchilarining hisobvaraqlari hisobini yuritadi.
14. Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lsa, kliring ishtirokchisining shaxsiy hisobvarag‘ini yopish HKKP tomonidan hisobvaraq egasi (yoki uning huquqiy vorisi) topshirig‘i bo‘yicha amalga oshiriladi.
15. Shaxsiy hisobvaraqni yopishdan oldin undagi qoldiq pul mablag‘lari xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi hisobvaraq egasining hisob raqamlariga yoki uning topshirig‘iga ko‘ra LORO-hisobraqamiga qonunchilikka muvofiq o‘tkaziladi.
16. Shaxsiy hisobvaraqni yopish faqat hisobvaraqda qoldiq pul mablag‘lari bo‘lmaganda amalga oshiriladi.
17. Hisobvaraq rekvizitlarini o‘zgartirish kliring ishtirokchisining nomi yoki boshqa rekvizitlaridagi o‘zgarishlarga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Hisobvaraq egasi HKKPda quyidagilar bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga haqli:
pul mablag‘larini (pul mablag‘larining bir qismini) shaxsiy hisobvaraqdan xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi o‘zining hisobvarag‘iga qaytarish;
agar bitim birja savdolari qoidalari va qonunchilikka muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa bitim bo‘yicha kliring o‘tkazish.
19. HKKP tuzilgan bitimlar bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish yo‘li bilan kliring ishtirokchilarining shaxsiy hisobvaraqlari bilan operatsiyalarni olib boradi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Tomonlarning va bitim ishtirokchilarining o‘zaro majburiyatlari hisob-kitobi YEBHRga asosan amalga oshiriladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/777/1199-son)
21. HKKP faqat bitimlar tuzilishi va bajarilishi bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha shaxsiy hisobvaraqlar orqali pul mablag‘lari o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin.
22. HKKP kliring ishtirokchilarining pul mablag‘larini, ularning topshiriqlariga asosan, ularning shaxsiy hisobvaraqlaridan xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi hisobraqamlariga o‘tkazish huquqiga ega.
5-bob. Kliring ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
23. Kliring ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
birja tomonidan ro‘yxatga olingan bitimlar bo‘yicha kliringda ishtirok etish;
shaxsiy hisobvaraqning holati, majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risida zarur axborotni olish;
birja va kontragentlar oldidagi pul majburiyatlarini, shuningdek, kontragent roziligi bilan birja tovarini yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlarini muddatidan oldin bajarish;
o‘z shaxsiy hisobvarag‘idagi bo‘sh pul mablag‘larini o‘zining xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi hisob raqamiga chiqarish.
Oldingi tahrirga qarang.
mahsulotlarni tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotishdan olingan mablag‘lar hisobiga mijoz-norezident nomidan xorijiy valyutani sotib olishga (sotishga) tijorat banklariga buyurtmanomalar berish, norezidentlar — yuridik shaxslar esa — O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklarida hisob raqamlari ochish va mahsulotlarni tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotishdan olingan mablag‘lar hisobiga xorijiy valyutani sotib olish (sotish).
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 323-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 09/18/323/1159-son)
24. Kliring ishtirokchisi — birja a’zosi mijozining majburiyatlari:
HKKPga ushbu Qoidalarga muvofiq ishonchli axborot berish;
shartnoma bekor qilingan taqdirda, shartnoma bekor bo‘lgunga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarni bajarish;
axborot maxfiyligi tartibiga rioya qilish;
ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga rioya qilish.
25. Kliring ishtirokchisi — birja a’zosining majburiyatlari:
mijoz bilan shartnoma tuzganda, uni birja savdolari qoidalari hamda kliring va hisob-kitoblarni amalga oshirish shartlari bilan tanishtirish;
o‘z hisobidan va mijoz hisobidan amalga oshirilgan bitimlar hisobini alohida-alohida yuritish;
o‘z mijozlariga birjadan olingan ularga taalluqli bo‘lgan har qanday axborot haqida ma’lum qilish;
o‘z mijozlarini, ularning manfaatlarida tuzilgan bitimlarning bajarilmay qolishiga olib keluvchi yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning yuzaga kelganligi to‘g‘risida kechiktirmay xabardor qilish;
o‘z mijozlarini kliringga taalluqli har qanday faktlar haqida kechiktirmay ogohlantirish;
mijozlarini, ushbu Qoidalar va birja savdolari qoidalariga kiritilgan har qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z faoliyati doirasida, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish haqidagi qonunchilikka amal qilinishini ta’minlash.
(25-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 402-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/402/0618-son)
Birja a’zolari qonun hujjatlariga va birja savdolari qoidalariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
6-bob. HKKPning kliring ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorligi
26. HKKPning kliring ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorligi kliring xizmati ko‘rsatish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
27. Birja a’zosi va uning mijozi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ular o‘rtasida qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan topshiriq (vositachilik) shartnomasi bilan tartibga solinadi.
28. HKKPning birja a’zolarining mijozlari bilan o‘zaro hamkorligi ularga xizmat ko‘rsatuvchi birja a’zolari orqali amalga oshiriladi. Birja a’zolari, agar topshiriq shartnomasida ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘z mijozlarining vakillari hisoblanadilar.
HKKPga topshiriqlar kliring ishtirokchilari tomonidan elektron raqamli imzodan foydalangan holda ham berilishi mumkin.
29. Birja va kliring ishtirokchilari o‘rtasidagi, kliring va hisob-kitob bo‘yicha, shuningdek, kliring ishtirokchilarining shartnomaviy majburiyatlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilgan holda amalga oshirilishi mumkin.
7-bob. Kliringni o‘tkazish tartibi
30. Kliring ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tganlaridan keyin, HKKPning birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochilgan ikkilamchi hisobraqamiga birja savdolarida ishtirok etish hamda o‘z majburiyatlarini bajarish uchun pul mablag‘larini o‘tkazadilar.
31. Kliring ishtirokchisi zakalat sifatida va/yoki bitimlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun pul mablag‘larini birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi HKKP ning ikkilamchi hisob raqamiga ularni ishtirokchining shaxsiy hisobvarag‘iga kirim qilish uchun o‘tkazadilar. Zakalat miqdori birja savdosi qoidalarida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda birja savdolariga qo‘yilgan va sotilmasdan qolgan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulot hajmlarini savdolarga qayta qo‘yishda dastlab belgilangan zakalat summasining 50 foizi o‘tkaziladi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-apreldagi 220-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2025-y., 09/25/220/0334-son)
32. HKKP har bir kliring ishtirokchisining pul mablag‘lari va majburiyatlarini ularning shaxsiy hisobvaraqlarida alohida hisobga oladi.
33. Kliring ishtirokchilarining HKKPdagi shaxsiy hisobvaraqlaridagi mablag‘lari quyidagi maqsadlarda ishlatiladi:
bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq ular o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitob uchun;
savdo sessiyalarida ishtirok etish uchun zakalat sifatida;
mijozning topshirig‘iga ko‘ra — kliring ishtirokchisining mablag‘larini unga xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi hisob raqamiga qaytarish uchun;
birja xizmatlariga haq to‘lash, brokerlik mukofotlari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun;
qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan eksport (import) bitimlari ijrosi bilan bog‘liq to‘lovlarni amalga oshirish uchun;
bitimlarning tuzilishi va bajarilishi bilan bog‘liq boshqa holatlarda.
Bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar faqat kliring elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
34. Elektron kliring tizimi har bir savdo sessiyasidan oldin buyurtmalarning ta’minlanganligi bo‘yicha nazoratni amalga oshiradi. Buyurtmalarning ta’minlanganligini nazorat qilish savdo sessiyalari doirasida tuziladigan bitimlarga buyurtmalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
35. Kliring elektron tizimi TBRga asosan kliring ishtirokchilarining majburiyatlarini belgilaydi va zakalatlarga taqiq qo‘yadi. Birjaning vositachilik yig‘imlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tariflarga asosan ushlab qolinadi.
36. Bitim ro‘yxatga olingandan so‘ng xaridor shartnomada belgilangan muddatlarda bitim bo‘yicha moliyaviy majburiyatlarni to‘liq qoplash uchun HKKP ning birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi ikkilamchi hisobraqamiga qo‘shimcha mablag‘lar o‘tkazishi shart. Ushbu summaga HKKP tomonidan majburiyatlarning sotuvchi tomonidan to‘liq bajarilishigacha taqiq qo‘yiladi.
37. TAOB sotuvchiga birja tovarini yetkazib berishi uchun asos bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
38. Birja tovarini yetkazib berish natijalariga ko‘ra kliring ishtirokchisi — sotuvchi tomonidan HKKPga birja tovari yetkazib berilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni davomida, ammo tuzilgan bitim shartlarida belgilangan oxirgi yetkazish kunidan keyingi kundan kechiktirmay yetkazib berish haqida axborot beriladi. Ushbu bitim bo‘yicha sotuvchi va xaridorlarning pul mablag‘lari, kliring elektron tizimi tomonidan, YEBHR o‘tkazilgangunga qadar taqiqda qoladi.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/777/1199-son)
39. Kliring ishtirokchisi — sotuvchi tomonidan taqdim etilgan yuklash to‘g‘risidagi axborotda bitim raqami, birja tovari hajmi, yetkazib berilgan birja tovarining umumiy summasi, yuklangan sana, hisobvaraq-faktura raqami va u birja tovarini yetkazib berganini tasdiqlovchi boshqa axborot bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
40. YEBHR taqdim qilingan kundan keyin bir ish kunidan kechiktirmay, kliring elektron tizimi, xaridorning birja tovarini yetkazib berilishi bo‘yicha e’tirozi bo‘lmagan taqdirda, sotuvchi tomonidan bajarilgan majburiyatlar miqdoridagi pul mablag‘larini xaridor shaxsiy hisobvarag‘idan sotuvchining shaxsiy hisob varag‘iga keyinchalik uning xizmat ko‘rsatuvchi bankidagi hisobvarag‘iga ko‘chirish orqali o‘tkazadi hamda bitimni ushbu Qoidalar va birja savdosi qoidalari shartlariga muvofiq yopadi.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/777/1199-son)
8-bob. Tuzilgan birja bitimlarining bajarilishini ta’minlash tartibi
41. Tuzilgan bitimlarni yopish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridor tomonidan bitim bo‘yicha majburiyatlar lozim darajada bajarilganda;
kliring ishtirokchisi — sotuvchi va xaridor tomonidan bitim bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganda va ular tomonidan jarima to‘langandan so‘ng;
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridor jarima to‘lab/to‘lamasdan bitimni yopishga o‘zaro rozi bo‘lganda;
arbitraj komissiyasining qaroriga ko‘ra;
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridorning shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida e’tirozlari bo‘lmaganda, jarimalarsiz.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda tuzilgan bitimlarni yopish orqali birja narxlarining sun’iy ravishda keskin ko‘tarilishi yoki tushishi, qat’iy belgilanishi yoki bir darajada ushlab turilishi, shuningdek, boshqa ishtirokchilarning mahsulotni xarid qilish imkoniyati cheklanish holatlari vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqiladi.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 777-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 09/21/777/1199-son)
42. Agar shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin kliring ishtirokchisi bitim bo‘yicha majburiyatlarni bajarmasa, HKKP:
shartnomani xaridor tomonidan to‘lanmaganligi uchun bekor qiladi;
shartnomani Arbitraj komissiyasining qaroriga ko‘ra birja tovari yetkazib berilmaganligi yoki tanlab olinmaganligi uchun bekor qiladi;
kliring ishtirokchisi — sotuvchi yoki xaridorning hisob raqamiga, shartnomaviy majburiyatlar bajarilmaganligi uchun zakalat miqdoridagi jarimani o‘tkazadi.
43. Birja a’zolarining birja bitimlari bo‘yicha pul mablag‘lari yetarli bo‘lmaganda, majburiyatlarning bajarilishi Tuzilgan birja bitimlarining bajarilishini ta’minlash fondi mablag‘lari hisobidan ta’minlanishi mumkin, bu ta’minot Birja savdosi qoidalarida belgilangan tartibda pulli va qaytarish asosida beriladi.
9-bob. Kliring xizmati ko‘rsatishni to‘xtatish
44. Quyidagi holatlarda HKKP kliring ishtirokchisiga kliring xizmati ko‘rsatishni to‘xtatadi va uning shaxsiy hisobvarag‘ini yopadi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma bekor qilinganda;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 26-bobi.
kliring ishtirokchisi tugatilganda;
sud va boshqa vakolatli organlarning qaroriga ko‘ra;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
10-bob. Nizolarni hal etish tartibi
45. Ushbu Qoidalarni birja va kliring ishtirokchilari o‘rtasida, shuningdek, kliring ishtirokchilari o‘rtasida qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan barcha nizolar va kelishmovchiliklar birjaning Arbitraj komissiyasida yoki sudda e’tiroz tartibida ko‘rib chiqish yo‘li bilan hal etiladi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
46. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1794-moddasi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-yanvardagi 33-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
o‘zgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Birja va yarmarka savdosining samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1999-yil 15-apreldagi 174-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 4-son, 19-modda):
a) 2-bandning ikkinchi xatboshidan “(ishlar, xizmatlar)” so‘zlari chiqarib tashlansin;
b) 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Belgilansinki:
birja tovari belgilangan tartibda birja savdolariga qo‘yilgan muayyan tur va sifatdagi tovar, shu jumladan, dastlabki ko‘rikdan o‘tkazishni talab qilmaydigan, sifat ko‘rsatkichlarining o‘zgarmasligi va birja bitimlari tuzilishining doimiyligi bilan tavsiflanadigan hosila moliyaviy vositalar (derivativlar)dir;
ko‘rgazma-yarmarka savdolarida birja tovariga qo‘yilgan talablarga javob bermaydigan hamda xaridorlarga ularning namunalari va modellarini, elektron kataloglarini, prospektlarini, reklama byulletenlarini yoki tavsiflovchi boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqish imkoni berilishini talab qiladigan har qanday tovarlar sotilishi mumkin”;
v) 2-ilovada:
ilovaning nomidan “(ishlar, xizmatlar)” so‘zlari chiqarib tashlansin;
1-banddan “,ishlar, xizmatlar (keyingi o‘rinlarda — tovar)” so‘zlari chiqarib tashlansin;
4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Birjada bitimlar:
birja savdolarida birja tovarlari bilan;
ko‘rgazma-yarmarka savdolarida birja tovariga qo‘yilgan talablarga javob bermaydigan hamda xaridorlarga ularning namunalari va modellarini, elektron kataloglarini, prospektlarini, reklama byulletenlarini yoki tavsiflovchi boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqish imkoni berilishini talab qiladigan har qanday tovarlar bilan tuzilishi mumkin”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Tovar-xom ashyo birjalari faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2004-yil 31-maydagi 251-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 5-son, 50-modda):
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Belgilab qo‘yilsinki:
tovar-xom ashyo birjalarida birja, auksion, ko‘rgazma-yarmarka savdolari:
muayyan turdagi va sifatdagi tovarlar, shu jumladan, belgilangan tartibda birja savdolariga qo‘yilgan hosila moliyaviy vositalar (derivativlar) elektron birja savdolari natijalari bo‘yicha birja bitimlari;
tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan tovarlar auksion savdolari (shu jumladan, davlat xaridlarini tashkil etish bo‘yicha elektron savdolar) natijalari bo‘yicha auksion bitimlari;
birja tovariga qo‘yilgan talablarga javob bermaydigan hamda xaridorlarga ularning namunalari va modellarini, elektron kataloglarini, prospektlarini, reklama byulletenlarini yoki boshqa tavsiflovchi hujjatlarini ko‘rib chiqish imkoni berilishini talab qiladigan har qanday tovar bilan ko‘rgazma-yarmarka bitimlari tuzish vositasida tashkil etilishi mumkin”;
b) 3-band ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“birja savdolarining ishtirokchilari faqat birja a’zolari — birja tomonidan belgilangan tartibda birja savdolarida ishtirok etish va birja bitimlarini tuzish huquqini olgan yuridik shaxslar hisoblanadi. Birja a’zolari birja savdolarida ular nomidan birja bitimlarini tuzish vakolati berilgan o‘z xodimlari orqali ishtirok etadilar”;
v) 4-bandning ikkinchi xatboshida “brokerlik o‘rinlari” so‘zlari “birja a’zosi maqomi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
g) 5-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“birja tovarlari kotirovkalari doimiy ravishda (bir haftada kamida bir marta) birjaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi”.
3. Vazirlar Mahkamasining “Ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 10-son, 77-modda) bilan tasdiqlangan Davlat korxonalari to‘g‘risidagi nizom 10-bandining birinchi va to‘rtinchi xatboshilaridagi, 11-bandining ikkinchi xatboshidagi, 13-bandining beshinchi xatboshidagi, 17-bandining oltinchi va yettinchi xatboshilaridagi, 21-bandining ikkinchi xatboshidagi, 31-bandidagi “Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish” so‘zlari “Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 09/18/33/0597-son, 04.05.2018-y., 09/18/323/1159-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/402/0618-son, 28.12.2021-y., 09/21/777/1199-son; 07.12.2022-y., 09/22/687/1073-son; 11.04.2025-y., 09/25/220/0334-son; 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)