|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2018-yil hosili uchun shudgorlash ishlarini zarur tarzda tashkil etish va o‘tkazish kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Shudgorlash ishlari o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, 2018-yilning kafolatlangan hosili uchun zarur hamda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyatining 2018-yil hosili uchun shudgorlash hajmi va muddatlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan taklifi ilovaga* muvofiq qabul qilinsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlarning hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari zimmasiga quyidagilar yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin:
texnika ta’mirlanishini nihoyasiga yetkazish, mashina-traktor parklari va fermer xo‘jaliklarining buyurtmanomalari bo‘yicha haydov agregatlari uchun ehtiyot qismlarni tayyorlash va yetkazib berish hamda 2017-yil 10-noyabrdan kechiktirmay barcha joylarda shudgorlashni boshlash:
tasdiqlangan agrotexnologiya normalariga muvofiq shudgorlashning zarur chuqurligi va bir tekisligiga, mineral va organik o‘g‘itlar solinishiga alohida e’tiborni qaratgan holda shudgorlash sifatini ta’minlash.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda shudgorlash ishlarining ushbu qarorga ilovada nazarda tutilgan hajm va muddatlarda olib borilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin. Hisobotni buzib ko‘rsatish va boshqa qoidabuzarlik faktlari aniqlangan hollarda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati hamda “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda quyidagilarni ta’minlasin:
uch kun muddatda shudgorlashning borishi va sifatini nazorat qiluvchi hududiy komissiyalar tuzish va ularga shudgorlash ishlarini olib borishda har bir tuman bo‘yicha xo‘jaliklar va mashina-traktor parklarining alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlariga birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun rag‘batlantiruvchi mukofotlar joriy etish huquqini berish;
bir hafta muddatda, yer resurslaridan yanada samarali foydalanishni hisobga olgan holda, tumanlar va xo‘jaliklar bo‘yicha shudgorlashni o‘tkazish jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
texnika va ustaxonalarning ikki smenada to‘laqonli ishlashini tashkil qilish, shudgorlash ishlarida qatnashayotgan mexanizator xamda operatorlarga maishiy va boshqa zarur shart-sharoitlarning butun kompleksini yaratish;
shudgorlash ishlarini o‘tkazish uchun haydov traktorlari va ko‘chma ta’mirlash ustaxonalarini jalb etish bo‘yicha mintaqalarda joylashgan sanoat, qurilish tashkilotlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
fermer xo‘jaliklari va mashina-traktor parklari buyurtmanomalariga asosan ehtiyot qismlarni yetkazib berish, shuningdek, ko‘chma ta’mirlash ustaxonalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash.
4. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati shudgorlash ishlarini o‘tkazish davrida mineral o‘g‘itlar belgilangan tartibda solinishini ta’minlaydigan muddatlarda respublikaning barcha mintaqalariga o‘g‘itlar tuzilgan shartnomalarga muvofiq bir maromda yetkazib berilishini ta’minlasinlar.
5. “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilg‘i-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda ularni shudgorlashda ishtirok etuvchi mashina-traktor parklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va boshqa tashkilotlarga belgilangan tartibda uzluksiz yetkazib berilishini tashkil qilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T. Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi N.S. Otajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 8-noyabr,
896-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/896/0232-son)