Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Buyrak va (yoki) jigar boʻlagi hamda gematopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-iyundagi 387-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Surunkali buyrak va jigar hamda qon hosil qilish tizimi kasalliklarining terminal bosqichidagi bemorlarni yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan taʼminlash, shuningdek, respublikada transplantatsiya jarrohlik amaliyotlarini keng joriy etishni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-iyundagi 387-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son)
1. Buyrak va (yoki) jigar boʻlagi hamda gematopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-iyundagi 387-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son)
2. Vaqtinchalik nizomning amal qilish vaqti — “Inson organlari, toʻqimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining kuchga kirish kunigacha deb belgilansin.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2017-yil 31-dekabrgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Inson organlari, toʻqimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini belgilangan tartibda kiritsin, unda jumladan transplantatsiya xizmatini rivojlantirishning yuridik mexanizmlari taʼminlanishi yuzasidan qatʼiy nazorat belgilanishini hamda transplantatsiyadan keyingi davrda bemorlarning doimiy dispanser kuzatuvi amalga oshirilishini nazarda tutsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shodmonov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-oktabr,
859-son
Oldingi tahrirga qarang.
(Buyrak va (yoki) jigar boʻlagi hamda gematopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kirishi munosabati bilan 2022-yil 11-maydan amal qilishini toʻxtatgan)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2017-y., 09/17/859/0156; 26.12.2019-y., 09/19/1035/4226-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son; 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)