Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.01.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi PQ-4963-sonli “Xalq taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida jami 4 916 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 9 680 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 211 ta barkamol avlod markazlari mavjud boʻlib, ularda jami 400 ming nafardan ortiq pedagog xodimlar faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimida pedagog kadrlarni tayyorlash boʻyicha 5 ta davlat pedagogika instituti, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha 14 ta hududiy institutlar faoliyat koʻrsatmoqda.
Amaldagi tartibga asosan, xalq taʼlimi muassasalari pedagoglari kamida 5 yilda bir marotaba oʻz malakalarini oshiradilar. Oʻqituvchilar malaka oshirish davomida mamlakatimizda va jahonda pedagogika, psixologiya hamda oʻquv fani boʻyicha erishilgan eng yangi yutuqlarni chuqur oʻrganib, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarning imkoniyatlaridan xabardor boʻlgan holda ularni amaliyotga tatbiq etib kelmoqdalar.
Shu bilan birga, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy institutlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning ilmiy salohiyati, dars berish sifati bugungi kun talablariga javob bermayapti. Xodimlar ilmiy izlanishlar bilan shugʻullanmaydi, ularning faoliyatini tashqi baholash tizimi samarali yoʻlga qoʻyilmagan.
Oʻtkazilgan tahlillar pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarida xalq taʼlimi va oliy taʼlim tizimlari oʻrtasida uzluksizlik va uzviylik taʼminlanmaganligini koʻrsatdi. Natijada, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari xodimlari faoliyati davomida fanlarni oʻqitish metodikasi, taʼlim va tarbiya nazariyasi yangiliklaridan, oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan, ilgʻor xorijiy tajribalardan bexabar qolmoqdalar.
Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi samaradorligini yanada takomillashtirish, ularning kasbiy kompetentligini doimiy rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
Nukus davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti va Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufiga berish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarini tegishli hududdagi oliy taʼlim muassasalari tasarrufiga berish hamda ular negizida Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarini (keyingi oʻrinlarda Hududiy markazlar deb ataladi) ilovaga muvofiq tashkil etish;
Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti va Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Hududiy markazlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
xalq taʼlimi xodimlarining metodik ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish maqsadida qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilgʻor shakl va usullarini joriy etish;
xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy-tadqiqot hamda oʻquv-metodik ishlarni olib borish koʻnikmalarini rivojlantirish;
masofadan oʻqitish usullari asosida xalq taʼlimi muassasalari pedagoglari uchun tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tegishli oʻquv-metodik resurslarini ishlab chiqish, kurslardagi oʻquv mashgʻulotlarini onlayn va offlayn shakllarida tashkil etishni yanada takomillashtirish;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha fanlarning umumkasbiy va maxsus bloklari boʻyicha qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkil etish hamda ular boʻyicha zamonaviy metodik, axborot-maʼlumotnoma bazasini yaratish;
buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorlikda xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini uzluksiz takomillashtirib borish;
oʻquv-tarbiya jarayonining amaliyot bilan oʻzaro samarali hamkorligini taʼminlash, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini sayyor mashgʻulotlar orqali zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan taʼlim muassasalarida tashkil etish;
innovatsion ilmiy yutuqlarni, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni, masofadan oʻqitishni, mustaqil taʼlim olishni kengaytirishni nazarda tutuvchi texnika va texnologiyalarni taʼlim tizimiga joriy etish.
3. Belgilansinki, Hududiy markazlar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
yuridik shaxs maqomiga ega davlat taʼlim muassasasi boʻlib, oʻz mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yoziladigan muhriga ega boʻladi;
ilmiy-metodik taʼminoti oliy taʼlim muassasalarining tegishli kafedralari tomonidan amalga oshiriladi;
oʻquv mashgʻulotlarini olib borishga yuqori malakali mutaxassislar hamda oʻrindoshlik yoki soatbay haq toʻlash asosida oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilarini jalb etiladi;
xodimlariga oliy taʼlim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi. Bunda, bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan tinglovchilar nisbatining cheklangan normativlari oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan bir nafar oʻqituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari D. Nabiyev:
bir oy muddatda joylarga chiqqan holda mazkur qarorga asosan tashkil etilayotgan Hududiy markazlar joylashishi, faoliyatini sifatli taʼminlanishi sharoitlarini tahlil qilsin;
ikki oy muddatda Hududiy markazlarni malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash yuzasidan zaruriy choralarni koʻrsin;
har uch oyda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot berib borsin.
5. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Hududiy markazlar uchun tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblansin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xalq taʼlimi tizimi xodimlarining kasbiy bilimlari va malakalarini oshirish ishlariga ilmiy-metodik jihatdan rahbarlik qilish;
taʼlim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini hisobga olib, ijodiy tafakkurni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan oʻqitishning interaktiv usullaridan foydalangan holda xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha namunaviy oʻquv reja, dastur, oʻquv-metodik va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning samarali shakllarini joriy etishning ilmiy-metodik va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqish;
taʼlimning ilgʻor shakl va usullari, zamonaviy taʼlim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga joriy etish asosida rahbar, pedagog va boshqa mutaxassis kadrlarning kasbiy bilim, koʻnikma va malakalarini oshirish choralarini koʻrish;
pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi xorijiy tajribalarni, shuningdek eng yaxshi taʼlim muassasalarining yutuqlarini ommalashtirish asosida ilmiy asoslangan innovatsiyalarni joriy etish.
6. Tasarrufida Hududiy markazlar tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalari rektorlari:
bir oy muddatda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Hududiy markaz faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda Hududiy markazlarda xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilgʻor shakl va usullarini joriy etish, taʼlim dasturlarini takomillashtirish, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha fanlarning umumkasbiy va maxsus bloklari boʻyicha qayta tayyorlash, jumladan, yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni oʻrnatib, onlayn rejimda malaka oshirish tizimini tashkil etsin;
xalq taʼlimi muassasalari pedagoglari uchun tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tegishli oʻquv-metodik resurslarini ishlab chiqish, kurslardagi oʻquv mashgʻulotlarini sifatli tashkil etishga shaxsan masʼul etib belgilab qoʻyilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda mazkur qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha qaror qabul qilsin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Hududiy markazlar faoliyatini tashkil etish va ularning namunaviy tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash;
Hududiy markazlar namunaviy tashkiliy tuzilmasini hamda xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini ishlab chiqishda, oʻquv-uslubiy jarayonini tashkil etishda taʼlim turlari oʻrtasida uzluksizlik va uzviylikni taʼminlash;
Har bir Hududiy markaz faoliyatini rivojlantirish konsepsiyalarini tasdiqlash.
8. Hududiy markazlarda xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tahlil qilish yuzasidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Yunusxodjayev boshchiligida maxsus komissiya tashkil etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirlariga har ikki oyda Hududiy markazlarda malaka oshirgan va qayta tayyorlangan xalq taʼlimi xodimlarini joylardagi faoliyati samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobotini hamda Hududiy markazlar faoliyatini takomillashtirish choralari boʻyicha takliflarini maxsus komissiyaga kiritib borish vazifasi yuklatilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:
Pedagog kadrlar malakasini oshirishni nazorat qilish boʻlimi negizida, Xalq taʼlimi vazirligining Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimini tugatish hisobiga qisqaradigan 2 ta shtat birligini oʻtkazishni inobatga olgan holda, 5 ta shtat birligidan iborat Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish va nazorat qilish boshqarmasi tashkil etilsin;
Moliyalashtirish va buxgalteriya hisobi boshqarmasiga qoʻshimcha 1 ta shtat birligi ajratilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Hududiy markazlarni saqlash xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishini nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2017-yilgi parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 26-sentabr,
PQ-3289-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi PQ-3289-son qaroriga
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarini tegishli hududdagi oliy taʼlim muassasalari tasarrufiga berish hamda ular negizida tashkil etiladigan Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari
ROʻYXATI

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari

Tasarrufiga Hududiy markazlar berilgan oliy taʼlim muassasalari

Tashkil etiladigan
Hududiy markazlar va
ular faoliyatini tashkil etish uchun

shaxsan masʼul boʻlgan rahbarlar

F.I.Sh.

1.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Nukus davlat pedagogika instituti

Nukus davlat pedagogika instituti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Nukus davlat pedagogika instituti
rektori
Q.K. Orazimbetov

2.

Andijon viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Andijon davlat
universiteti

Andijon davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Andijon davlat universiteti
rektori
A.S. Yuldashev

3.

Fargʻona viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Fargʻona davlat
universiteti

Fargʻona davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Fargʻona davlat universiteti
rektori
A.X. Xaitboyev

4.

Namangan viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Namangan davlat
universiteti

Namangan davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Namangan davlat universiteti
rektori
A.V. Umarov

5.

Navoiy viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Navoiy davlat pedagogika instituti

Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Navoiy davlat pedagogika instituti
rektori
B.X. Daniyarov

6.

Buxoro viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Buxoro davlat
universiteti

Buxoro davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Buxoro davlat universiteti
rektori
A.A. Tulaganov

7.

Samarqand viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Samarqand davlat
universiteti

Samarqand davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Samarqand davlat universiteti
rektori
R.I. Xalmuradov

8.

Jizzax viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Jizzax davlat pedagogika instituti

Jizzax davlat pedagogika instituti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Jizzax davlat peda�ogika instituti
rektori
A.J. Xolbekov

9.

Sirdaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Guliston davlat
universiteti

Guliston davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Guliston davlat universiteti
rektori
B.S. Zakirov

10.

Xorazm viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Urganch davlat
universiteti

Urganch davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Urganch davlat universiteti
rektori
B.I. Abdullayev

11.

Qashqadaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Qarshi davlat
universiteti

Qarshi davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Qarshi davlat universiteti
rektori
B.A. Shoimkulov

12.

Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Termiz davlat
universiteti

Termiz davlat universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Termiz davlat universiteti
rektori
A.X. Toshkulov

13.

Toshkent viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori G.I. Muxamedov

14.

Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Masʼullar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari
D.X. Nabiyev

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Sh.S. Sharipov

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)