|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.12.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli “Tibbiyot muassasalarini farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 17-iyuldagi PQ-3137-son qaroriga muvofiq, dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash bo‘yicha yagona talablarni belgilash va aniq mexanizmlarni joriy etish, muvozanatlashtirilgan importni ta’minlash va mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni prognozlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining dorixonalarda muomalada bo‘lishining statistika hisoboti shaklini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
tegishli hududlarni aniqlagan holda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining dorixonalarda muomalada bo‘lishining elektron tizimini uch oy muddatda eksperiment tariqasida joriy etsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, dorixonalar 2018-yil 1-yanvardan boshlab har chorakda muomalada bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bo‘yicha hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etadi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga va Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-sentabr,
741-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 741-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
dori vositalari — kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va davolash, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini o‘zgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan dorivor moddalar (substansiyalar) va yordamchi moddalar asosida olingan vositalar, dorivor moddalar (substansiyalar), dori preparatlari;
tibbiyot buyumlari — kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va davolash, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini o‘zgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan buyumlar;
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari — ijtimoiy ahamiyatga ega va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklarning oldini olish hamda davolash uchun talab yuqori bo‘lgan va aholi, tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘p foydalaniladigan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-oktabrdagi 862-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/862/2097-son)
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari yoki tibbiyot buyumlariga hisoblab chiqilgan ehtiyoj — kasallanish darajasi, bemorlar soni, davolash kurslari va boshqa mezonlarni inobatga olgan holda, ma’lum bir vaqtda bemorlar ehtiyojini ta’minlash uchun zarur dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining Davolash-profilaktika muassasalarining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi tomonidan bitta tibbiyot muassasasi doirasida aniqlanadigan o‘rtacha miqdori;
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari yoki tibbiyot buyumlariga bo‘lgan yig‘ma ehtiyoj — respublika aholisining ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan dori vositalari yoki tibbiyot buyumlariga ehtiyojni umumlashtirish asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimi doirasidagi o‘rtacha miqdori;
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari yoki tibbiyot buyumlariga bo‘lgan haqiqiy ehtiyoj — tegishli hududdagi davolash-profilaktika muassasalarining Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi va dorixonalar tomonidan o‘tgan yilda (yillarda) dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining hudud kesimida haqiqiy iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobga olgan holda hisoblab chiqiladigan miqdori;
xalqaro patentlanmagan nom (XPN) — dori vositasini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan unga dori vositasi faol substansiyasining qisqartirilgan nomini berish yo‘li bilan identifikatsiyalash;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika muassasasining Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika muassasasida tashkil etiladigan va ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari hamda tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni hisoblab chiqadigan va tasdiqlaydigan, ularni xarid qilish, hisobga olish, taqsimlash hamda qo‘llashni nazorat qiladigan komissiya;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etiladigan va Asosiy dori vositalari, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari ro‘yxatlarini qayta ko‘rib chiqib, ushbu ro‘yxatlardagi dori vositalari va tibbiyot buyumlariga respublikaning yillik ehtiyojini tasdiqlaydigan, shuningdek ularni xarid qilish, hisobga olish, taqsimlash hamda ularning qo‘llanishini nazorat qiladigan komissiya.
3. Dorixonalar ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni tovarning nomenklatura bo‘yicha qolgan miqdorini hisobga olish, elektron bazaga kiritilgan retseptlarni va tovar cheklarini hisobga olish asosida uning haqiqatdan sotilgani haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha aniqlaydi. Agar elektron ma’lumotlar bazasi mavjud bo‘lmasa, dorixonalar xodimlari ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari to‘g‘risidagi axborotni bunday dori vositalarini berish haqidagi ma’lumotlardan tovar cheklariga qarab oladi. Ushbu ma’lumotlar asosida ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining dorixonalarda muomalada bo‘lishi to‘g‘risidagi hisobot shakllantiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha respublika komissiyasiga ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari hamda tibbiyot buyumlarining muomalada bo‘lishi haqidagi ma’lumotlarni har chorakda taqdim etadi.
2-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni hisoblash
5. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari tarkibiga kiradigan narkotik va psixotrop moddalarga bo‘lgan ehtiyoj Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lish tartibini belgilab beruvchi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2003-yil 29-oktabrdagi 472-son qaroriga muvofiq bir yilda 1000 nafar aholiga narkotik va psixotrop moddalar iste’molining normalaridan (narkotik moddalarning tibbiyot maqsadlari uchun sarflanadigan ruxsat etilgan normalari) foydalangan holda aniqlanadi.
Hisoblab chiqilgan ehtiyoj quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
E = N x S/1000, bunda,
E — bir yilda ushbu dori vositasiga nisbatan ehtiyojning ruxsat etilgan eng ko‘p miqdori;
N — bir yilda 1000 kishi uchun ushbu dori vositasiga bo‘lgan normativ ehtiyoj;
S — hudud aholisining soni.
Narkotik va psixotrop moddalarga bo‘lgan yillik ehtiyojni aniqlashda dorixona omborlari, davolash-profilaktika muassasalari va dorixonalardagi preparatning toza modda bo‘yicha hisob-kitob qilingan zaxirasi e’tiborga olinadi.
Iste’mol qilinishi normalashtiriladigan va quyidagilarga rioya etilganda beriladigan dori vositalarining hisoblab chiqilgan ehtiyojiga zarur tuzatishlar kiritilishiga ruxsat etiladi:
buyurish qoidalariga qat’iy amal qilinganda;
tayinlash qoidalariga rioya etilganda;
ijtimoiy dorixonalardan berish qoidalariga rioya etilganda;
preparatning yil davomidagi haqiqiy sarflangani haqida ma’lumot bo‘lganda.
6. O‘ziga xos (ayrim kasallik qo‘zg‘atuvchilariga nisbatan samarali yoki organizmning ba’zi a’zolariga alohida ta’sir qiluvchi) va keng ta’sir doirasiga ega (turli kasalliklarning oldini olish va davolash, shuningdek organizm funksional tizimlarining bir xil ko‘rinish va turli etiologiyaga ega turli buzilishlarida qo‘llaniladigan simptomik preparatlar) dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni hisoblash o‘ziga xos va keng ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari uchun mo‘ljallangan.
O‘ziga xos va keng ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoj mutaxassislar uchun mo‘ljallangan uslub yordamida aniqlanadi. Asosini muayyan turdagi kasallik haqidagi ma’lumotlar, tashxis qo‘yish va davolash standartlari, klinik protokollar (davolash sxemasi va preparatlar soni) tashkil etadigan ushbu uslub har bir turdagi preparat uchun alohida hisoblanadi.
Yillik hisoblab chiqilgan ehtiyoj quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
E = S x S x B, bunda,
E — preparatga bo‘lgan yillik ehtiyoj;
S — bir bemorga bir martalik davolash kursi uchun preparat sarfi;
S — bir bemorda bir yilda o‘tkaziladigan davolash kurslari soni (mavjud bo‘lganda);
B — davolash uchun ushbu preparat qo‘llaniladigan bemorlar soni (kasallanish).
7. Mutaxassislar tomonidan dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni hisoblashda ambulatoriyada va shifoxonada davolanishga bo‘lgan ehtiyoj haqidagi ma’lumotlar hisobga olinadi. Ambulatoriyada va shifoxonada davolanadigan bemorlar bo‘yicha ma’lumotlarni sog‘liqni saqlash tizimining statistika organlari taqdim etadi. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojning yakuniy hisob-kitobi talabni to‘liq qondirish va mavjud qoldiqlar hisobga olinib, ulardan haqiqatdan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asoslanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh mutaxassislari va maslahatchilari ehtiyojni quyidagi ma’lumotlarni e’tiborga olgan holda hisoblab chiqadi:
kasallik to‘g‘risida statistika ma’lumotlari;
kasallanish ehtimolligi;
aniq bir kasallikni davolashga mo‘ljallangan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qo‘llash samaradorligi;
dori vositasining kasallikni davolashda asosiy yoki o‘rinni bosuvchi preparat sifatida qo‘llanishi;
dori vositasi va tibbiyot buyumining jamiyat sog‘lig‘ini saqlashdagi ahamiyati;
dori vositalari bilan davolashning davolash sxemalarini o‘z ichiga oladigan batafsil bayoni;
davolash davomiyligi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tashxis qo‘yish va davolash standartlari, klinik protokollari.
9. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda quyidagilardan foydalaniladi:
tashxis qo‘yish va davolash standartlari;
klinik protokollar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining aholi soni, jinsi va yosh tarkibi, 1000 nafar aholining shifoxonada davolanish darajasi, tegishli yo‘nalish bo‘yicha davolangan bemorlar soni, asosiy va ayrim kasalliklar bilan kasallanish darajasi bo‘yicha ma’lumotlari.
10. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyoj har bir nom bo‘yicha alohida hisoblab chiqiladi va bunda ularning dori vositalari guruhlariga mansubligi (iste’mol qilinishi normalanadigan, maxsus ta’sirga ega, keng ta’sir doirasiga ega) e’tiborga olinadi. Shuningdek bu borada ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar darajasi, davolash profilaktika muassasasida dori vositalarining mavjudligi, hududdagi kasallanish va epidemiologik vaziyat haqida ma’lumotlar, davolangan bemorlar soni, o‘tgan yilda dori vositalari va tibbiyot buyumlarining haqiqiy iste’moli ham hisobga olinadi.
3-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash bosqichlari
11. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi va quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:
I bosqichda davolash-profilaktika muassasasining vrachi ushbu muassasaning doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasiga tasdiqlangan nomdagi dori vositalari hamda tibbiyot buyumlariga muvofiq belgilangan davrda bemorlarni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari, shuningdek tibbiyot buyumlariga hisoblab chiqilgan ehtiyojni taqdim etadi;
II bosqichda davolash-profilaktika muassasasining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi rejalashtirilayotgan yil uchun davolash-profilaktika muassasasi bo‘yicha ehtiyojni umumlashtiradi, tahlil qiladi va yig‘ma ehtiyojni tasdiqlaydi hamda uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasiga taqdim etadi;
III bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi davolash-profilaktika muassasalarining ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojini tahlil qilib, tegishli hududning ularga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojini shakllantiradi va tasdiqlaydi. Tegishli hudud bo‘yicha haqiqiy ehtiyoj O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasiga respublikaning yillik ehtiyojini shakllantirish uchun yuboriladi.
12. Respublikaning hududlar (choraklik) ma’lumotlariga asoslangan yillik ehtiyoji O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh mutaxassislari va maslahatchilari ehtiyojlari bilan taqqoslanadi.
13. Respublikaning yillik ehtiyoji O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan komissiyasi majlisida shakllantiriladi, unga tuzatishlar kiritiladi va tasdiqlanadi hamda Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha respublika komissiyasiga topshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
14. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojning sifatli va o‘z vaqtida aniqlanishi, ehtiyojni shakllantirish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik davolash-profilaktika muassasalari va dorixonalar rahbarlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining boshliqlari zimmasiga yuklanadi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash
SXEMASI
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 38-son, 1050-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/862/2097-son)