Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.09.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yongʻinlar profilaktikasi kunlarini oʻtkazish va yongʻin xavfsizligi choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-sentabrdagi 754-sonli “Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qaroriga muvofiq haftaning har chorshanba kuni Yongʻinlar profilaktikasi kuni etib belgilanganligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzurida yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar tashkil etilib, ularning vazifalari belgilanganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatiga yongʻinlar profilaktikasi kunlarini tashkil etish va oʻtkazish vazifasi yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida tashkil etilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar faoliyati nazorat qilinishini;
yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yongʻinlar paydo boʻlishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini;
“Tasviriy oyina” ijodiy birlashmasi bilan birgalikda jamoat joylari va jamoat transportida yongʻinga qarshi mavzuga bagʻishlangan koʻrgazmali tashviqot materiallari (qoʻllanmalar, esdaliklar, flayerlar, plakatlarni) joylashtirilishini (tarqatilishini);
jamoatchilikni profilaktika kunlari doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishga keng jalb etishni;
yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar bilan birgalikda yongʻinlar profilaktikasi kunlarini oʻtkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasida har yili oʻtkaziladigan tanlovlarni har chorakda tahlil etish, tanlovlar yakunlariga koʻra gʻoliblarni esdalik sovgʻalari bilan mukofotlash tashkil etilishini taʼminlasinlar.
3. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari:
har chorakda yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalasi yuzasidan yigʻilishlar oʻtkazsin va ularda idoraviy mansub obyektlar, turar joy fondi va hududlarning yongʻinga qarshi holatini tanqidiy tahlil qilsinlar;
gaz, energetika va suv xoʻjaligi, isitish moslamalarining holati va yaroqliligiga alohida eʼtibor qaratsinlar;
idoraviy mansub obyektlarni yongʻinga qarshi holatga moslashtirish uchun har yili maqsadli mablagʻlar ajratsinlar, shuningdek, ulardan qatʼiy belgilangan maqsadlarda foydalanilishi nazorat qilinishini taʼminlasinlar;
yongʻin xavfsizligi normalari buzilishining har bir holati yuzasidan yongʻin kelib chiqishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar va xodimlarni batafsil tekshirsinlar hamda qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortsinlar;
obyektlardagi yongʻin xavfsizligi boʻlinmalarini yongʻin texnikasi va uskunalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsinlar;
yongʻinga qarshi targʻibot hamda ishchilar, xizmatchilar, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va aholini yongʻin xavfsizligi choralarini qoʻllash boʻyicha oʻqitish ishlarini kuchaytirsinlar, yongʻinlarning oldini olish tadbirlariga jamoatchilikni keng jalb etsinlar;
oʻzlarining tasarrufidagi yongʻindan himoya qilish tizimlari va vositalari, yongʻinga qarshi suv taʼminoti manbalarini (gidrantlar, rezervuarlar, hovuzlar, ichki yongʻin kranlari) yaroqli holatga keltirish choralarini koʻrsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, oʻta muhim obyektlar xavfsizligini taʼminlash tashkil etilishini nazorat qilish boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar rahbarlari oʻta muhim obyektlar va ularning yuqori tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda oʻta muhim hamda toifalangan obyektlarni tekshirish va ularda yongʻin-profilaktika tekshiruvlarini oʻtkazish davomida davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan yongʻin xavfsizligi sohasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga doir kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda:
“Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga muvofiq taʼlim muassasalarida majburiy fan sifatida joriy etish uchun yongʻin xavfsizligi choralarini qoʻllash boʻyicha amaliy koʻnikmalarni shakllantirish va oʻrgatish boʻyicha maxsus dasturlarni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar hamda tasdiqlasinlar;
bolalarni yongʻin xavfsizligi choralarini qoʻllashga oʻqitish, ularga kasb tanlashga koʻmaklashish, yongʻinga qarshi targʻibot ishlarini muntazam oʻtkazish, shuningdek yongʻinlarning oldini olish, oʻquvchilarga yongʻinlar paytida toʻgʻri harakat qilish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni singdirish va mustahkamlash maqsadida umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladigan yosh oʻt oʻchiruvchilar drujinalari bilan tizimli asosda ishlashni tashkil etish boʻyicha jamoat yoʻriqchilarini tayyorlash borasida samarali ishlarni muntazam tashkil etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradokompaniyasi, davlat ommaviy axborot vositalari:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
yongʻinlar profilaktikasi kunlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritsinlar, yongʻin xavfsizligi boʻyicha mavzuga oid maxsus mavzuli videoroliklar ishlab chiqilishini va ularning muntazam namoyish etilishini taʼminlasinlar;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va davlat yongʻin nazorati organlari bilan birgalikda yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalasi uzoq vaqtdan buyon hal etilmayotgan obyektlar va aholi punktlariga reydlar tashkil etsinlar;
xayr-ehson qiluvchilarning mablagʻlarini jalb etgan holda yongʻin xavfsizligi mavzusida plakatlar, bukletlar va boshqa turdagi koʻrgazmali tashviqot materiallari chop etilishini tashkil etsinlar.
7. Vazirlar Mahkamasining “Har yili yongʻin xavfsizligi oyligini oʻtkazish toʻgʻrisida” 2011-yil 18-noyabrdagi 309-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-sentabr,
688-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 36-son, 954-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)