Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbek biokimyogarlari va endokrinologlari maktabi asoschisi, mamlakatimizda zamonaviy ta’lim tizimini yaratishga, fan taraqqiyotini yo‘lga qo‘yishda, xususan dunyo fanida qalqonsimon bez faoliyatini, tireoid gormonlar biokimyosi va uning ta’sir mexanizmlarini ochib berishga ulkan hissa qo‘shgan, “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Jasorat” va “Shuhrat” ordenlari sohibi, atoqli tibbiyotchi va pedagog olim akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulov tavalludiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan olimning biologiya, tibbiyot va pedagogika sohalaridagi ilmiy merosining ahamiyatini inobatga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligining quyidagilar:
akademik Y.X. To‘raqulov tavalludining 100 yilligini mamlakatimizda keng miqyosda nishonlash maqsadida 2017-yil 9-10-noyabr kunlari “Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulovning hayoti va ilmiy merosi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish;
ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarida akademik Y.X. To‘raqulovning hayoti va ilmiy merosiga oid davra suhbatlari o‘tkazish, ilmiy-ommabop maqolalar chop etish bo‘yicha takliflari maqullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi akademik Y.X. To‘raqulovning nomini Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga berish hamda olim nomi va siymosi bitilgan barelyefni tayyorlash va o‘rnatish choralarini ko‘rsin.
3. “Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulovning hayoti va ilmiy merosi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazishga doir chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda — tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tashkiliy qo‘mita (B. Yuldashev) o‘n kunlik muddatda:
akademik Y.X. To‘raqulov tavalludining 100 yilligini mamlakatimizda keng miqyosda nishonlash maqsadida “Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulovning hayoti va ilmiy merosi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan xarajatlar smetasini tasdiqlasin va moliyalashtirish manbalarini aniqlasin;
“Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulovning hayoti va ilmiy merosi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
ilmiy-amaliy konferensiyaga sifatli tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tegishli tashkiliy ishlarni (transport xizmati, ilmiy-amaliy anjuman qatnashchilari va mehmonlarni kutib olish, joylashtirish) amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligiga “Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulovning hayoti va ilmiy merosi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani hamda O‘zbekiston va dunyo fanini rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya qilinsin.
6. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-avgust,
615-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-avgustdagi 615-son qaroriga
ILOVA
“Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulovning hayoti va ilmiy merosi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazishga doir chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi

B.S. Yuldashev

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti, tashkiliy qo‘mita raisi

A.Q. Shadmanov

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, tashkiliy qo‘mita raisi o‘rinbosari

I.U. Madjidov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri

U.I. Inoyatov

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri

A.V. Alimov

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

I.Y. Abduraxmonov

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti

A.R. Maraximov

O‘zbekiston milliy universiteti rektori

L.N. To‘ychiyev

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori

B.T. Daminov

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori

T.S. Saatov

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti laboratoriyasi mudiri

Sh.S. Azimova

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti laboratoriyasi mudiri

S.I. Ismoilov

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kafedra mudiri

F.Y. G‘ulomova

Akademik Y.X. To‘raqulovning qizi

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 33-son, 851-modda)