Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda keksalar, pensionerlar, nogironlar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish tizimi yaratildi. Aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Shu bilan birga mazkur sohada olib borilayotgan ishlarni qoniqarli deb boʻlmaydi.
Tugʻma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar kutilgan natijani bermayapti. Chaqaloqlarni perinatal skrining koʻrigidan oʻtkazish tugʻma nuqsonlarni oʻz vaqtida aniqlashni va nogironlikning keyinchalik oldini olishni taʼminlamayapti.
Yosh bolalarni yalpi kompleks skrining koʻrigidan oʻtkazishni tashkil etish va olib borishdagi kamchiliklar reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatning boy berilishiga hamda bolalar nogironligi paydo boʻlishiga olib kelmoqda.
Nogironlik guruhini aniqlash hamda protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari bilan taʼminlashda tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatidagi byurokratik tartib-taomillar bartaraf etilmagan.
Shuningdek, nogironlar uchun reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish talab etiladi.
Nogironlarni hisobga olishning kompleks tizimi mavjud emasligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarlicha joriy etilmaganligi nogironlarning ijtimoiy ahvolini monitoring qilish va ularga oʻz vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish imkonini bermayapti.
Nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza oʻtkazishda qoʻllanilayotgan mezonlar 40 yil avvalgi uslubiyotga asoslangan, mazkur sohada chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi bu muammoni yanada kuchaytirmoqda.
Nogironlarga taʼlim berish va ularni ishga joylashtirishning amaldagi tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Nogironlarni mehnat faoliyatiga jalb etish oʻrtacha 2 foizni tashkil qiladi, bu esa masʼul idoralarning ushbu sohadagi ishi qoniqarsizligidan dalolat beradi.
Bayon etilganlarni inobatga olib, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish, nogironlarning hayot sifatini yaxshilash, taʼlim olish va ishga joylashishda ularga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.
2. Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari sifatida belgilansin:
nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi qonunchilikni undagi boʻshliqlar, kamchiliklar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya va tahlil qilish;
nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish holatini, ularning taʼlim olish va ishga joylashish huquqlari amalga oshirilishini, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini tanqidiy oʻrganish;
nogironlar huquqlarini taʼminlash sohasidagi umumeʼtirof etilgan normalar va standartlarni, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini oʻrganish;
tibbiy-malakaviy komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, tartib-taomillarni oʻtkazishni soddalashtirish va ularning muddatlarini qisqartirish maqsadida qayta koʻrib chiqish;
nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish boʻyicha, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan ishlar ahvolini tahlil qilish;
nogironlar uchun protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish va takliflar tayyorlash;
nogironlarning jamoat transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan toʻsqinliksiz foydalanishini taʼminlash holatini tahlil qilish;
nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash, tugʻma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish sohasidagi qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholining keng qatlamlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishni, shu jumladan, erta va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning oldini olish ishlarini tubdan kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.
4. Komissiya:
bir hafta muddatda oʻziga yuklatilgan vazifalarni sifatli va muddatida bajarishni taʼminlash uchun ishchi guruhlari tashkil etsin, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini oʻrganish, ushbu sohadagi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish boʻyicha tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
2017-yil 15-sentabrga qadar muddatda nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
5. Komissiyaga vazirlik va idoralarning mutaxassislarini, respublika ilmiy va taʼlim muassasalarining vakillarini, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning resurslari va ekspertlarini jalb qilish huquqi berilsin.
6. Masʼul vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin.
7. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu Farmoyish “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 2-avgustdagi 151 (6845)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-avgust,
F-5006-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi F-5006-son farmoyishiga
ILOVA
Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya
TARKIBI

1.

Abdullayev I.B.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Komissiya raisi

2.

Shadmanov A.K.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri, Komissiya raisining oʻrinbosari

3.

Xodjayev B.A.

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri

4.

Saidova G.K.

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri

5.

Abduxakimov A.A.

Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

6.

Kamilov A.X.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri

7.

Inoyatov U.I.

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri

8.

Madjidov I.U.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri

9.

Muratov M.M.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

10.

Ikramov M.M.

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri

11.

Shermatov Sh.X.

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi

12.

Axmedxadjayev A.I

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi

13.

Abdullayev A.X.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi

14.

Muxammadiyev U.N.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)

15.

Saidov A.X.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi direktori

16.

Karimov A.M.

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi (kelishuvga asosan)

17.

Abdullayev K.K.

Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati boshqaruvi raisi (kelishuvga asosan)

18.

Musayev A.M.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori, Komissiya masʼul kotibi

Izox: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga
ShARH

Mamlakatimizda keksalar, pensionerlar, nogironlar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish tizimi yaratildi. Aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Shu bilan birga tugʻma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar kutilgan natijani bermayapti.

Jumladan, joriy yil 1-yanvar holatiga 650 284 nafar shaxs nogiron deb topilgan, ularning 84 908 nafarini 16 yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil etadi. Ularga har yili Davlat budjetidan 2,5 trillion soʻm miqdorida pensiya va nafaqalar toʻlanadi.

Oʻrganishlar sogʻliqni saqlash organlari tomonidan homilador ayollarning 60 foizdan ortigʻi skrining tekshirishlari bilan qamrab olinmaganligini koʻrsatdi. Kasalliklar oʻz vaqtida aniqlanmaganligi oqibatida 3 568 nafar bola tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilgan.

Respublikada chaqaloqlarga nisbatan oʻtkazilayotgan perinatal skrining tadqiqotlar faqat ikki turdagi tadqiqotlarni oʻz ichiga oladi (qalqonsimon bez garmoni yetishmovchiligi, aqliy qoloqlikka olib keladigan nuqsonlar) hamda bu tugʻma nuqsonlarni oʻz vaqtida aniqlash va nogironlikning keyinchalik oldini olish uchun yetarli boʻlmayapti.

Yosh bolalarni yalpi kompleks skrining tadqiq etishni tashkil qilish va oʻtkazishdagi kamchiliklar reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatning boy berilishiga hamda bolalar nogironligi paydo boʻlishiga olib kelmoqda.

Nogironlik guruhini aniqlash hamda protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari bilan taʼminlashda tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatida byurokratik tartib-taomillar bartaraf etilmagan. 2016-yilda va joriy yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “ishonch telefoni”ga 5 521 ta murojaat kelib tushganligi ham bundan dalolat beradi.

Nogironlarni hisobga olishning kompleks tizimi, nogironlarga imtiyozli shartlarda beriladigan dori vositalari va ortopediya buyumlarining yagona elektron hisoboti hamda ushbu sohada shaffoflikning mavjud emasligi nogironlarning ijtimoiy ahvolini monitoring qilish va ularga oʻz vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish imkonini bermaydi, alohida hollarda korrupsiya, talon-toroj va boshqa suiisteʼmolchiliklarni keltirib chiqaradi.

“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida nazarda tutilgan nogironlarning kirishi uchun moslashtirilmagan holda aholi punktlarini loyihalash va qurishga, transport vositalarini ishlab chiqarishga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi norma amaliyotda toʻliq roʻyobga chiqarilmayapti. Nogironlarning sport, madaniyat, taʼlim va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazadigan boshqa ijtimoiy obyektlardan erkin foydalanishi lozim darajada taʼminlanmagan. Imkoniyati cheklangan bolalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazadigan maxsus joylarni tashkil etish boʻyicha tashabbus mavjud emas.

Shuningdek, nogironlar uchun reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish boʻyicha korxonalarni modernizatsiya qilish talab etiladi.

Respublikada nogironlar uchun protez mahsulotlari va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish boʻyicha 7 ta korxona faoliyat yuritadi, ularning atigi 2 tasi zamonaviy talablarga javob beradi. Boshqa korxonalarda foydalanilayotgan asbob-uskunalar maʼnan va jismonan eskirgan boʻlib, bu tayyorlanadigan buyumlarning, birinchi navbatda, protez-ortopediya buyumlarining sifati va qulayligiga taʼsir koʻrsatadi.

Vakolatli davlat organlarining nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish borasidagi faoliyati yordamga muhtoj shaxslarni qidirish va hisobga qoʻyishga xohish yoʻqligi sababli, qoida tariqasida, aynan nogironlarning a�izalari asosida tashkil etiladi.

Nogironlarga taʼlim berishning amaldagi tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, ularni mehnat faoliyatiga jalb etish darajasi oʻta past hisoblanadi, bu masʼul idoralarning ushbu yoʻnalishda yetarli ish olib bormayotganligidan dalolat beradi.

Shu sababli, davlat rahbarining joriy yil 1-avgustda qabul qilingan farmoyishi bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish, nogironlarning hayot sifatini yaxshilash, taʼlim olish va ishga joylashishda ularga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida farmoyishga muvofiq Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya tashkil etildi.

Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi qonunchilikni undagi boʻshliqlar, kamchiliklar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya va tahlil qilish;

nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish holatini, ularning taʼlim olish va ishga joylashish huquqlari amalga oshirilishini, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini tanqidiy oʻrganish;

nogironlar huquqlarini taʼminlash sohasidagi umumeʼtirof etilgan normalar va standartlarni, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini oʻrganish;

tibbiy-malakaviy komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini shaffoflik va ochiqlikni taʼmin�ash, tartib-taomillarni oʻtkazishni soddalashtirish va ularning muddatlarini qisqartirish maqsadida qayta koʻrib chiqish;

nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish boʻyicha, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan ishlar ahvolini tahlil qilish;

nogironlar uchun protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish va takliflar tayyorlash;

nogironlarning jamoat transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan toʻsqinliksiz foydalanishini taʼminlash holatini tahlil qilish;

nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish, tugʻma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda oldini olish, shuningdek, aholining keng qatlamlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini, shu jumladan, erta va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning oldini olish ishlarini targʻib qilishni tubdan kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.

Bundan tashqari, Komissiyaga oʻziga yuklatilgan vazifalarni sifatli va muddatida bajarishni taʼminlash uchun ishchi guruhlari tashkil etish, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini oʻrganish, ushbu sohadagi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish boʻyicha tadbirlar rejasini tasdiqlash, shuningdek, joriy yil 15-sentabrga qadar muddatda nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni kiritish topshirildi.

Farmoyishda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirishga, taʼlim olish v� ishga joylashishda ularga har tomonlama koʻmaklashishga, korrupsiyaviy koʻrinishlar va boshqa huquqbuzarliklarni bartaraf etishga, pirovard natijada nogironlar toʻlaqonli hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 31-son, 774-modda)