Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishni tubdan jadallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini sinab koʻrishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Jizzax viloyatida sanoatni, qishloq xoʻjaligini va xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish uchun zaxiralar va imkoniyatlarni safarbar etish, tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini sinab koʻrish, yuqori darajada qulay biznes muhitini shakllantirish hamda shu asosda mahalliy budjetlarning daromad bazasi mustahkamlanishini, aholining farovonligi, hayot darajasi va sifati oʻsishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki, Jizzax viloyati hokimligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni tubdan jadallashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini sinab koʻrish hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Kompleks dastur deb ataladi) maʼqullansin, uning tarkibiga quyidagilar kiradi:
2017-2018-yillarda tumanlar (Jizzax shahri), tijorat banklari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalarning yigʻma parametrlari 1 — 6-ilovalarga* muvofiq;
2017-2018-yillarda sanoatda, qishloq xoʻjaligida va xizmatlar sohasida amalga oshiriladigan yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatlari 7 — 9-ilovalarga* muvofiq;
* 1 — 9-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
eksperiment tariqasida tadbirkorlik subyektlariga beriladigan soliq imtiyozlari va preferensiyalari roʻyxati 10-ilovaga muvofiq.
“Oʻzbekyengilsanoat” AJ, “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK, “Oʻzvinosanoat-xolding” XK, “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi, “Oʻzqurilishmateriallari” AJ, “Oʻzfarmsanoat” AK, “Oʻzeltexsanoat” AK, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar — masʼul bajaruvchilar rahbarlari zimmasiga Kompleks dasturda nazarda tutilgan loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, yangi ish oʻrinlari yaratish taʼminlanishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
2. Tijorat banklariga Kompleks dasturga kiritilgan loyihalar boʻyicha kredit shartnomalarini oʻz vaqtida rasmiylashtirish va moliyalashtirishni boshlash tavsiya etilsin.
3. Jizzax viloyati hokimligi barcha darajalardagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligi aniq muvofiqlashtirilishini, ushbu qaror bilan maʼqullangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish va berishda sansalorlik va byurokratiya holatlariga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzpaxtasanoateksport” XK va Jizzax viloyati hokimligining 2017-2018-yillar davrida, eksperiment tariqasida, Jizzax viloyatining paxta kalavasi ishlab chiqaruvchi korxonalariga fermer xoʻjaliklaridan paxta xomashyosini shartnoma asosida, biroq belgilangan davlat xarid narxlarining 1,15 baravaridan past boʻlmagan erkin narxlar boʻyicha xarid qilish yoki ularga oʻz paxta xomashyosini yetishtirish huquqini berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi va “Oʻzpaxtasanoateksport” XK bilan birgalikda — Jizzax viloyatining paxta kalavasi ishlab chiqaruvchi korxonalari fermerlar xoʻjaliklaridan paxta xomashyosini xarid qilish, uni qaytarish asosida paxta tolasi etib qayta ishlash va paxta tolasini qayta ishlash mahsulotlarini sotishning Vaqtinchalik tartibi loyihasini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Jizzax viloyati hududida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 11-ilovaga* muvofiq ayrim turlarini Jizzax viloyati hokimining qarori boʻyicha eksport qilishga istisno tariqasida ruxsat berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
* 11-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
6. Xoʻjalik boshqaruvi respublika organlari rahbarlari zimmasiga idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan hisoblangan soliqlar va majburiy toʻlovlarni respublikaning oʻzlari faoliyatni amalga oshirayotgan tegishli hududlar budjetlariga oʻz vaqtida toʻlashlari uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi xoʻjalik birlashmalariga ularning idoraviy mansub korxonalarining mahalliy budjetlar oldidagi mavjud soliq qarzdorligi toʻgʻrisida belgilangan muddatlarda bildirishnomalar yuborsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi Milliy agentligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy bank bilan birgalikda:
(7-bandning birinchi va ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan birinchi xatboshi bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
vazirliklar, idoralar xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari, Jizzax viloyatining barcha darajalardagi hokimliklarining Kompleks dastur va ushbu qaror qoidalari toʻliq hajmda amalga oshirilishi yuzasidan faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini taʼminlasin, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari boʻyicha obyektlarni belgilangan muddatlarda soʻzsiz ishga tushirish va yangi ish oʻrinlari yaratish parametrlariga erishish taʼminlanishiga alohida eʼtibor bersin;
Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda — aholi va tadbirkorlik tuzilmalari oʻrtasida Kompleks dasturning, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni tubdan jadallashtirish boʻyicha unda nazarda tutilgan asosiy chora-tadbirlarning mohiyati va ahamiyati, shuningdek berilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalari toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlarini tashkil etsin;
2017-2018-yillarda Jizzax viloyatida sanoatda, qishloq xoʻjaligida va xizmatlar sohasida amalga oshiriladigan yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallari bir oy muddatda ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;
Kompleks dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini, ushbu qaror talablarini amalga oshirishning borishi va natijalari har oyda koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
zarurat boʻlganda, Kompleks dasturda nazarda tutilgan yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalarining asosiy parametrlariga va manzilli roʻyxatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin;
har chorakda Vazirlar Mahkamasiga Kompleks dasturni amalga oshirishning borishi va natijalari toʻgʻrisida axborot, zarurat boʻlganda, Kompleks dasturni amalga oshirishda qoloqlikka va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligi choralari toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
8. Ishchi guruh (S.X.Bekenov) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda — Jizzax viloyati paxta xomashyosi va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklarining 2016-yilgi faoliyati natijalari boʻyicha va undan oldingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar boʻyicha, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi tarmoqlar tashkilotlari oldida qarzlari yuzaga kelishi sabablari oʻrganilishini tashkil etsin hamda oʻrganish natijalari boʻyicha ularni hisobdan chiqarishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida 2017-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda Muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish hamda budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash boʻyicha Respublika komissiyasiga takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Jizzax viloyati aholisini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi;
Jizzax viloyatining ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalari faoliyatini tiklash va ulardan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarorlari loyihalarini kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 31-may,
332-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi 332 -son qaroriga
10-ILOVA
Eksperiment tariqasida Jizzax viloyati tadbirkorlik subyektlariga beriladigan manzilli soliq imtiyozlari va preferensiyalari roʻyxati
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Soliq imtiyozlari va preferensiyalari, ularni berish shartlari

Beriladigan muddat

1.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-son Farmoni 3-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilariga muvofiq “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilariga berilgan soliq imtiyozlarini (boj toʻlovlari boʻyicha imtiyozlardan tashqari) Jizzax viloyatida (Jizzax shahri bundan mustasno) yangidan tashkil etilayotgan sanoat korxonalariga, investitsiya hajmlaridan qatʼi nazar, tatbiq etish.

2017-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha

2.

Jizzax viloyati fermer xoʻjaliklarini paxta va gʻalla yetishtirilayotgan yerlar boʻyicha yagona yer soligʻi toʻlashdan ozod qilish.

2017-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha

3.

Jizzax viloyati fermer xoʻjaliklari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasini 5 foiz miqdorida belgilash, ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tavsiya etadigan xodimlarning eng kam soni normativlariga rioya etilgan taqdirda.

Jizzax viloyati fermer xoʻjaliklarini paxta xomashyosini yigʻib-terib olish uchun mavsumiy ishlarga jalb etiladigan xodimlarning mehnatga haq toʻlash fondi boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlovdan ozod qilish.

2017-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha

4.

Jizzax viloyatida joylashgan sanoat sohasidagi mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek fermer xoʻjaliklari uchun yagona ijtimoiy toʻlovning eng kam miqdorini bekor qilish.

2017-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha

5.

Arnasoy, Baxmal, Forish, Zafarobod, Zarbdor, Yangiobod tumanlarida, shuningdek Jizzax viloyatining boshqa tumanlari qishloq aholi punktlarida maishiy (sartaroshxona, poyabzal, kiyim-kechak, elektr maishiy priborlar taʼmirlash va boshqalar) xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarni belgilab qoʻyilgan soliq toʻlashdan ozod qilish.

2017-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha

6.

Jizzax viloyatining issiqxonalar tashkil etgan va ularda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirayotgan dehqon xoʻjaliklarini va jismoniy shaxslarini quyidagi shartlarda yer soligʻidan ozod qilish, issiqxona maydoni:

jismoniy shaxslar uchun — kamida 100 kvadrat metr;

dehqon xoʻjaliklariga ajratilgan yer uchastkasida — kamida 500 kvadrat metr boʻlganda.

2017-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha

7.

Jizzax viloyati xalq deputatlari tuman Kengashlariga zarurat boʻlganda quyidagilar boʻyicha vakolatlarni berish:

yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchilar uchun belgilab qoʻyilgan soliqning tasdiqlangan stavkasiga pasaytiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash;

tomorqalaridan, shuningdek dehqon xoʻjaliklariga ajratilgan yer uchastkalaridan samarasiz foydalanayotgan jismoniy shaxslar uchun yer soligʻi stavkasini ikki baravargacha koʻpaytirish.

2017-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha

9.

Jizzax viloyati muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish hamda budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash boʻyicha hududiy komissiyasiga soliqlar hamda budjetga va budjetdan tashqari davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar toʻlash muddatini 12 oygacha bir marta uzaytirish hamda faoliyatini Jizzax viloyati hududida amalga oshirayotgan korxonalar va fermer xoʻjaliklarining muddati oʻtkazib yuborilgan toʻlovlari boʻyicha hisoblangan penyani hisobdan chiqarish huquqini berish.

2017-yil 1-iyuldan 2019-yil 1-yanvargacha

10.

Jizzax viloyati fermer xoʻjaliklariga asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari hosili yigʻib olingandan keyin boʻshaydigan yer uchastkalarini jismoniy shaxslarga takroriy qishloq xoʻjaligi ekinlari ekish uchun vaqtinchalik foydalanish uchun shartnoma asosida, 6 oydan ortiq boʻlmagan muddatga berish huquqini berish.

2017-yil 1-iyuldan 2019-yil 1-yanvargacha

11.

Quyidagi tartibni belgilash, unga koʻra Jizzax viloyatida yashovchi oʻz tomorqalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shugʻullanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga dehqon xoʻjaliklari uchun belgilangan miqdorda sugʻurta badallari toʻlashi pensiya tayinlashda ish stajini hisoblab chiqarish uchun asos boʻladi.

2017-yil 1-iyuldan 2019-yil 1-yanvargacha

12.

Erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun ularning Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga oʻtishi munosabati bilan xodimlarining cheklangan soni oʻzgarganda, erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadagi xodimlarning cheklangan sonini kichik tadbirkorlik subyektlari jumlasiga kiritishda qoʻllash huquqi saqlab qolinishini belgilab qoʻyish.

Roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab

(10-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-oktabrdagi 787-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(12-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 23-son, 464-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)