SHARH
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bandlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda yangicha yondashuvlarni joriy etish, shu jumladan, davlat va xususiy biznes oʻrtasidagi hamkorlikka asoslangan holda mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish, ishsiz aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilish va diversifikatsiyalash, faol investitsiya siyosati yuritish hisobiga iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta jihozlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish asosida har yili minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Bu oʻz navbatida oʻta dolzarb muammo hisoblangan aholi, avvalambor yoshlar bandligini taʼminlash imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, bandlik sohasidagi mavjud muammolarni hal etishda haligacha eskirgan ish shakllari va uslublaridan foydalanilmoqda, mehnat bozoridagi haqiqiy vaziyatni buzib koʻrsatish hollari saqlanib qolmoqda, muhim ijtimoiy masala hisoblangan oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga yuzaki yondashuv holatlari uchramoqda.
Qabul qilingan Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi etib qayta tashkil qilindi.
Farmonda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari, jumladan, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga davlat buyurtmalarini ishlab chiqish, hududiy va tarmoqlar bandlik dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash, kam taʼminlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam oʻz vaqtida toʻlanishi monitoringini amalga oshirish va boshqalar belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda uning oʻrinbosarlari zimmasiga yangidan tashkil etilgan vazirlikning vazifalarini bajarish, shu jumladan, mehnat organlari tomonidan aholiga va ish beruvchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish va ulardan foydalanish qulayligini taʼminlash, birinchi marta mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kam taʼminlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish va ularni oilaviy tadbirkorlikka va hunarmandchilikka jalb etish hamda oʻzini oʻzi band qilishning turli shakllarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha amaliy choralarni koʻrish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklatildi.
Alohida qayd etish lozimki, Farmonda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy taʼlim muassasalarining birinchi marotaba ishga joylashgan bitiruvchilari, agar ular taʼlim muassasasini tamomlagan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt oʻtmagan boʻlsa, ishga joylashganidan keyin birinchi yil davomida ish haqidan olinadigan daromadlari boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlovning oʻrnatilgan stavkasini 50 foizga, ularning ikkinchi va uchinchi yil davridagi ish faoliyati boʻyicha 25 foizga kamaytirish belgilandi. Bu imtiyoz budjet tashkilotlari, monopolist tashkilotlar, ustav jamgʻarmasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan tashkilotlarga ishga joylashtirilganlarga tatbiq qilinmaydi.
Mazkur kiritilayotgan meʼyor ish beruvchilarning oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishdan manfaatdorligini oshirish hamda imtiyozni qoʻllash natijasida boʻshaydigan mablagʻlarning bir qismini bitiruvchilarning kasbiy malakasini oshirish boʻyicha tadbirlarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, bitiruvchilar bandligining doimiy monitoringini taʼminlash maqsadida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning oʻquvchilariga soliq toʻlovchining individual raqamini majburiy tarzda berish koʻzda tutilgan. Bu oʻz navbatida ijtimoiy sugʻurta boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlar asosida band boʻlmagan bitiruvchilarni aniqlash va ularni ish bilan taʼminlash borasidagi muammolarni tezkor hal etish imkonini beradi.
Shuningdek, aholini ishga joylashtirish sohasiga ilgʻor jahon tajribasiga mos zamonaviy texnologiyalarni jalb etishni kengaytirish maqsadida, Farmonda 2019-yildan boshlab xodimlarning mehnat faoliyati davri, maxsus staji va davlat ijtimoiy sugʻurtasiga toʻlagan toʻlovlar miqdori boʻyicha ishonchli maʼlumotni hamda xodimning kasbiy oʻsishiga doir boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan “elektron mehnat daftari” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish koʻzda tutilgan.
Qabul qilingan Farmonda mehnat bozorini yanada rivojlantirish, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va bandlikni ragʻbatlantirish boʻyicha bir qator choralar koʻzda tutilgan. Xususan:
2018-yilning 1-yanvaridan boshlab nodavlat tashkilotlarga fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishga joylashtirish sohasida belgilangan tartibda pullik xizmatlar koʻrsatish huquqini berish, agar bunday xizmatlar fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan bogʻliq boʻlsa, ushbu faoliyat turi boʻyicha belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida xizmat koʻrsatishga ruxsat berish;
mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklariga xodimlarning roziligi asosida muayyan muddatli mehnat shartnomalari (muddatli mehnat shartnomalari), jumladan, vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarish boʻyicha shartnomalarni tuzishga ruxsat berish, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan davrdan boshlab uch yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan bitiruvchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari bundan mustasno;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ish tashkil qilishning ilgʻor shakllarini joriy etish, bunda barcha davlat xizmatlarini toʻliq hajmda funksional tahlil qilish va qayta koʻrib chiqish (reinjiniring qilish), ishga tanlov asosida qabul qilish, “yagona darcha” tamoyilida davlat xizmatlari koʻrsatish, mehnat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mehnatga haq toʻlashning zamonaviy ragʻbatlantiruvchi uslublarini qoʻllagan holda, samaradorlikning asosiy koʻrsatkichlari (KPI) asosida xodimlar mehnatining sifati va samaradorligini baholashni nazarda tutish.
Qabul qilingan Farmonning muhim yangiliklaridan biri shundan iboratki, unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Jamoat ishlari jamgʻarmasi tashkil etilmoqda. Mazkur jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib, vaqtincha band boʻlmagan aholini yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda, yoʻl va uy-joy kommunal infratuzilmasini qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlarida ishtiroklarini moliyalashtirish belgilangan.
Respublika bank tizimining aholi bandligi sohasidagi rolini keskin oshirishni taʼminlaydigan 2017 — 2020-yillarda faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun koʻrsatilayotgan mikromoliyalash xizmatlari hajmi va koʻlamini kengaytirish hamda ulardan foydalanishda qulayliklar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash koʻzda tutilgan. Xususan, aholiga mikrokreditlar ajratish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida “Mikrokreditbank” ATBning kapital qoʻyilmalari hajmini oshirish koʻzda tutilgan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga koʻra “Mikrokreditbank” ATB kuzatuv kengashining raisi hisoblanishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida qayd etilgan Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
Qabul qilingan hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha tuzilmaviy boʻlinmalarning vakolati, funksiyalari va javobgarligini aniq taqsimlab beradigan boshqaruvning zamonaviy vertikal-yaxlit tizimini shakllantirishni koʻzda tutuvchi vazirlikning yangi takomillashgan tashkiliy tuzilmasi, vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlarining tuzilmalari tasdiqlandi.
Fuqarolarni ishga joylashtirishda sifatli va qulay xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori bilan quyidagilar koʻzda tutilgan:
mehnat organlari tomonidan “yagona darcha” tamoyilida davlat xizmatlari koʻrsatishning prinsipial yangi tizimini joriy etish, bunda ishga joylashtirish va bandlikni taʼminlash boʻyicha kompleks xizmatlarni aholi uchun qulay boʻlgan joylarda, shu jumladan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida koʻrsatish va bunda internet imkoniyatlaridan keng foydalanish;
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining fuqarolarni tashkillashgan holda xorijda ishga joylashtirishni taʼminlovchi filiallari tarmogʻini kengaytirish masalasini koʻrib chiqish.
Qarorga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining ochiq maʼlumotlari portalida, vazirlikning rasmiy saytida va markaziy ommaviy axborot vositalarida mehnat bozoridagi vaziyat va bandlik holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni, shu jumladan, ish qidirib mehnat organlariga murojaat qilgan hamda ishsizlik boʻyicha nafaqa olayotgan fuqarolar soni, yaratilgan ish joylari, roʻyxatga olingan boʻsh ish oʻrinlari va aholi, ish beruvchilar va investorlar uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa maʼlumotlarni chop etib boradi.
Qaror bilan Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasini moliyalashtirish manbalari va ularni sarflashning asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Ular jumlasiga ishsizlarni, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish va ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonunchilik bilan oʻrnatilgan kafolatlarni amalga oshirish, band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish, qayta tayyorlash va ijtimoiy himoyalashga doir sifatli xizmatlar koʻrsatish, mehnat organlarining moddiy-texnika taʼminotini mustahkamlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish kiradi.
Alohida qayd etish lozimki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, respublikamizning mehnat resurslari koʻp boʻlgan tuman va shaharlarini aniqlagan holda, ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmalarini ishlab chiqish yuklatildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari investitsiya loyihalari boʻyicha manzilli roʻyxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda ushbu mehnat resurslari koʻp boʻlgan tuman va shaharlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
Shu munosabat bilan, qaror bilan mehnat resurslari koʻp boʻlgan tumanlarda band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradigan tayanch kollejlarining roʻyxati tasdiqlangan. Ushbu kollejlar band boʻlmagan aholini oʻzlarining asosiy taʼlim berishdan boʻsh vaqtlarida, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish talablaridan kelib chiqqan holda mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislik va yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitadi.
Ommaviy axborot vositalarida keng tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida qarorda “Mahalla” teleradiokanali faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida aholi bandligini taʼminlash, fuqarolarni xususiy tadbirkorlikka va oilaviy biznesga jalb etish, shaxsiy tomorqa va dehqon xoʻjaliklaridan oqilona foydalanish, mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi himoyasi masalalarini keng va xolisona yoritish belgilangan.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga aholi bandligini taʼminlash masalalari boʻyicha tushuntirish ishlarini televideniye va radio orqali faol olib borish yuzasidan aniq va taʼsirli choralarni amalga oshirish, shu jumladan, efir vaqtining “praym taym” davridan keng foydalanish boʻyicha topshiriq berildi.
Qayd etish lozimki, qaror bilan mehnat organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Mazkur chora-tadbirlarda bandlik va mehnat munosabatlari sohasida meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, bandlik dasturlarini ishlab chiqishga zamonaviy yondashuvlarni hamda kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish mexanizmlarini, yangi interaktiv xizmatlarni joriy etish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va boshqa choralar koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorning amalga oshirilishi natijasida:
birinchidan, mehnat organlarining zamonaviy talablarga javob beradigan, qoʻyilgan ustuvor vazifalarni izchil va samarali bajarilishini taʼminlaydigan tashkiliy tuzilmasi yaratiladi, ayniqsa, mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish, ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmalarini shakllantirish, birinchi marta mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini ishga joylashtirish kabi muhim yoʻnalishlarda ish faoliyatini kuchaytiradi;
ikkinchidan, mehnat organlari tomonidan koʻrsatilayotgan barcha davlat xizmatlarini toʻliq hajmda funksional tahlil qilish va qayta koʻrib chiqish, mehnatga haq toʻlashning zamonaviy ragʻbatlantiruvchi uslublari va samaradorlikning asosiy koʻrsatkichlari (KPI)ni joriy etgan holda, ish tashkil etishning progressiv shakllarini tatbiq etish orqali bandlik sohasida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan oshirish;
uchinchidan, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan mehnat bozorini izchil va barqaror rivojlantirish, aholi bandligi darajasini oshirish va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni moliyaviy taʼminlanishini kuchaytirish;
toʻrtinchidan, kam taʼminlangan oila aʼzolari va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga, mikrokreditlar berish va qayta oʻqitish xizmatlarini taqdim etish orqali yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirish yoʻli bilan oilalarni kam taʼminlanganlikdan chiqarish boʻyicha individual dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha zarur sharoitlar yaratish imkonini beradi.