Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-yanvardagi PQ-2744-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi
qarorining bajarilishini taʼminlash hamda aeroport infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida zamonaviy talablarga muvofiq yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:
1. “Toshkent” xalqaro aeroporti” davlat unitar korxonasiga Islom Karimov nomi berilsin.
2. Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining har tomonlama tayyorlanishini va asoslanishini taʼminlash maqsadida
ilovaga muvofiq tarkibda Maxsus komissiya tashkil etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda quyidagi ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlaydigan Kompleks chora-tadbirlar dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin:
rejim-qoʻriqlash chora-tadbirlari tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, aeroportda zamonaviy, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yoʻlovchilarning bojxona, chegara va immigratsiya tartibotlaridan oʻtish vaqtini qisqartirish;
mavjud tarkibni tanqidiy tahlil qilish hamda bojxona, chegara va immigratsiya xizmatlari, ichki ishlar organlari va aeroportda xizmat koʻrsatish infratuzilmasi xodimlari barcha toifalarini tanlashga nisbatan talabchanlikni oshirish, ular tomonidan xizmat vakolatlarining har qanday tarzda suiisteʼmol qilinishining oldini olish va ularga barham berish;
poytaxtga va respublikaga keladigan yoʻlovchilar, mehmonlar va xorijiy delegatsiyalarga xizmat koʻrsatishning yuqori darajasini taʼminlash, Oʻzbekistonning bosh havo bandargohida oʻzbek xalqiga qadimdan xos boʻlgan samimiy iltifot va mehmondoʻstlik muhitini yaratish;
zarur qulay shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutgan holda aeroportning tegishli infratuzilma xizmatlari faoliyati samaradorligini taʼminlash, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish va ularning bagaji bilan ishlashning texnologik jarayonini optimallashtirish;
kuzatib qoluvchilar va kutib oluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maxsus ajratilgan hududda avtotransportlar toʻxtash joylarini tashkil etish, obodonlashtirish masalalarini kompleks hal etish;
aeroportning barcha xizmatlari faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish, shuningdek, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishning yanada qulay shart-sharoitlarini yaratish uchun ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va joriy etish.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.