Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-fevraldagi PQ-2761-son qaroriga muvofiq hamda davlat organlari va tashkilotlarining jamiyatda aholining huquqiy ongini hamda madaniyatini yanada oshirishga, qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari bir oy muddatda oʻz reglamentini tasdiqlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 23-iyuldagi 226-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 30-son, 349-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-aprel,
175-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-apreldagi 175-son qaroriga
ILOVA
Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-fevraldagi PQ-2761-son qaroriga muvofiq Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari (keyingi oʻrinlarda Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasida davlat organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi kollegial organ hisoblanadi.
2. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Idoralararo kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, uning hududiy komissiyalarining tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
2-bob. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;
aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda huquqiy targʻibot va maʼrifatni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy axborotdan keng koʻlamda foydalanishini taʼminlash, ushbu sohada fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish faoliyatini muvofiqlashtirish.
5. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish sohasida:
ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali huquqiy targʻibotni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilishning sifatini tubdan yaxshilash maqsadida keng jamoatchilik fikrini oʻrganadi, tahlil qiladi, ushbu sohada ishlarni yanada takomillashtirish borasida takliflarni ishlab chiqadi;
ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan huquqiy mavzudagi materiallarni tahlil qiladi, ularning mazmunini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan takliflarni ishlab chiqadi;
jamiyatda ijrochi va aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, shuningdek qonuniylikni mustahkamlash maqsadida huquqiy bilimlarning ijrochi va aholi oʻrtasida keng targʻib va tashviq qilinishini tashkil etadi;
ijrochi va aholini huquqiy axborotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
b) aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda huquqiy targʻibot va maʼrifatni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish sohasida:
huquqiy targʻibot va maʼrifatni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish borasida aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlar fikrlarini oʻrganish va tahlil qilish;
aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlar oʻrtasida huquqiy targʻibot va maʼrifatni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish borasida tushgan takliflar asosida ishlarni tashkil qilish;
aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishlarni amalga oshirishda jamiyatimizga kirib kelayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hisobga olgan holda zamonaviy mexanizmlarga bosqichma-bosqich oʻtish ishlarini tashkil etish;
v) davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy axborotdan keng koʻlamda foydalanishini taʼminlash, ushbu sohada fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
huquqiy targʻibot sohasida davlat boshqaruv organlari va tashkilotlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining kelishilgan faoliyat yuritishlarini taʼminlaydi;
davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalaridan ular tomonidan huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumotlarni soʻraydi va oladi, ularning bajarilishi holatini tahlil qiladi, umumlashtiradi, shuningdek ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqadi;
davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi faoliyatiga doir tadbirlar va dasturlarning bajarilishini oʻrganadi, ularning hisobotlarini eshitib boradi;
davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
huquqiy targʻibot va maʼrifat ishlarini amalga oshirishga doir tadbirlar rejasi va dasturlarining amalga oshirilishini tashkil etadi;
huquqiy targʻibot va maʼrifat ishlarining metodik jihatdan taʼminlanishini tashkil etish, shuningdek ushbu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirishning zamonaviy shakllarini joriy etish boʻyicha asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqadi.
3-bob. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining huquqlari va javobgarligi
6. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan huquqiy targʻibot va huquqiy maʼrifat boʻyicha olib borilgan ishlarni oʻrganish, shuningdek ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;
huquqiy targʻibot va maʼrifat ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlaridan belgilangan tartibda talab qilib olish;
aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy targʻibotni amalga oshirishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
huquqiy targʻibot ishlarini amalga oshirish uchun davlat organlari va tashkilotlarini, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini, shuningdek mutaxassislar, olimlar va fuqarolarni jalb qilish;
davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat ishlarini olib borishga doir ish rejalari, chora-tadbirlar rejalari hamda dasturlarini va boshqa hujjatlarini oʻrganish, ularni qayta koʻrib chiqish boʻyicha tavsiyalar berish.
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari ushbu Nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan zimmasiga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlash uchun masʼuldirlar.
4-bob. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari faoliyatini tashkil etish
8. Idoralararo kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri, uning hududiy komissiyalariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari rahbarlik qiladi hamda ularning vakolatlariga quyidagilar kiradi:
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlislari kun tartibini belgilash va majlislarini chaqirish;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil qilish;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari aʼzolarining zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari aʼzolari:
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyasi majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar;
huquqiy targʻibot va maʼrifatning dolzarb masalalari boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalariga takliflar kiritadilar;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyasi muhokama qiladigan masalalar boʻyicha xulosalar beradilar.
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyasi aʼzolari Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyasidagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
10. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari oʻz faoliyatini tasdiqlangan rejaga muvofiq amalga oshiradi va majlislarini zaruriyatga koʻra, biroq bir yilda kamida ikki marta oʻtkazadi. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari raisi tomonidan uning aʼzolarining navbatdan tashqari majlis oʻtkazish uchun sabablari va asoslari bayon qilinishi lozim boʻlgan yozma iltimosnomasiga asosan navbatdan tashqari majlis chaqirilishi mumkin.
11. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlisini uning raisi olib boradi. Idoralararo kengash raisi boʻlmagan taqdirda, uning oʻrinbosari, hududiy komissiyalari raisi boʻlmagan taqdirda, komissiya tarkibidan saylanadigan oʻrinbosar boshqaradi.
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlisi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlganda vakolatli hisoblanadi.
Majlis oʻtkazish uchun kvorum boʻlmaganda Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining yangi majlis oʻtkazish sanasi eʼlon qilinadi. Yangi majlis oʻtkazishda uning kun tartibi oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlisiga unda koʻrib chiqilayotgan masalalarning ahamiyatiga koʻra davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
13. Idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Adliya vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan va uning hududiy komissiyalari faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
5-bob. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari ishchi organi va kotibi
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi Idoralararo kengashning ishchi organi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining Huquqiy targʻibot va axborot boʻlimlari tegishlicha hududiy komissiyalarning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb yuritiladi) hisoblanadi.
15. Ishchi organ:
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
navbatdagi davr uchun Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining ish rejasi loyihasini tayyorlaydi, Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari muhokamasiga kiritadi va tasdiqlangan ish rejasining bajarilishini taʼminlaydi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi va manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallar va ekspert xulosalarini oladi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyasi majlisi kun tartibi masalasi boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanishini va majlis oʻtkazilishini tashkil etadi.
tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi hamda Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar loyihalarini tayyorlaydi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari koʻrib chiqishi uchun ularning qaroriga muvofiq boshqa materiallarni taqdim etadi.
16. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining kotibi:
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyasi majlisiga materiallar tayyorlash boʻyicha ishchi organning ishini tashkil etadi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlislari oʻtkazilishini tashkil qiladi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari raisi bilan majlis oʻtkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar roʻyxatini kelishadi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyasi aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi va uning natijasini koʻrib chiqish uchun Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlisiga taqdim etadi;
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan protokollarni Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
6-bob. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
17. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari qarori Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining majlisida qatnashayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
18. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining alohida masalalar boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari aʼzolari bilan kelishilgan qarorlarini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashi mumkin.
19. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari qarorlari Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlisi protokoli bilan rasmiylashtiriladi. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari majlisi protokoliga uning barcha aʼzolari tomonidan viza qoʻyiladi, u kotib tomonidan imzolanadi, Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari aʼzolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
20. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari protokolining asl nusxasi va unga tegishli materiallar ishchi organda saqlanadi.
21. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat organlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
22. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining ishchi organi va kotibi Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda oʻrganadilar va koʻrib chiqadilar, zaruriyat boʻlganda Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari raisiga tegishli takliflar kiritadilar.
23. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari qabul qilingan qarorlarning bajarilishi holatini oʻz majlislarida muntazam ravishda koʻrib chiqadi.
24. Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining ish tartibi ularning Reglamentida belgilanadi. Reglament Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari tomonidan qabul qilinadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 14-son, 224-modda)