Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.09.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi 118-sonli qarori tahririda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-sentabrdagi 558-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2778-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-noyabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 09/17/886/0213-son)
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-mart,
141-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 141-son qaroriga
ILOVA
(ilova belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-noyabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 09/17/886/0213-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik deb ataladi) madaniyat sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Vazirlik tizimiga:
Vazirlikning markaziy apparati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahri madaniyat bosh boshqarmasi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) madaniyat boʻlimlari;
Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi;
Madaniy meros departamenti;
Xalqaro festivallar direksiyasi;
“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi;
Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi;
Yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash va axborot multimedia markazi;
Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi;
Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti;
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi;
Vazirlikka idoraviy mansub boshqa madaniyat va taʼlim tashkilotlari kiradi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 7-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2021-y., 09/21/7/0005-son)
4. Vazirlik oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
5. Vazirlik tizimining moddiy-texnika taʼminoti va xodimlarning mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobiga va ular doirasida, Vazirlik tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning daromadlari, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-noyabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 09/17/886/0213-son)
6. Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladilar.
2-bob. Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, milliy madaniy va maʼnaviy merosni asrab-avaylash va koʻpaytirish, sanʼat va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, aholining maʼnaviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni ragʻbatlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholi keng qatlamlari, ayniqsa yoshlar orasida milliy ongda Mustaqillik gʻoyalarini yanada teran tomir orttirishga, yuksak maʼnaviyat, insonparvarlik anʼanalariga sadoqat, milliy oʻzlikni anglash gʻoyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmning yot gʻoyalariga qarshi immunitetini mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni oʻtkazishga qaratilgan maʼrifiy ishlarni amalga oshirish;
badiiy ijod, shu jumladan teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy sanʼatini yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa ijodkor yoshlarga har tomonlama koʻmaklashish;
madaniyat muassasalari, jumladan teatrlar, madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bogʻlari, muzeylar hamda boshqa madaniy-maʼrifiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning faoliyati samaradorligini oshirish, maʼnaviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada toʻliq foydalanish;
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 199-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 09/19/199/2729-son)
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, mahalliy hokimiyat idoralari, jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan asosiy vazifalar hamda faoliyat yoʻnalishlarini, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirishda, madaniyat va ijodiy muassasalar ishining samaradorligini taʼminlashda mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
madaniyat sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak maʼnaviyat ruhida takomillashtirish, bunda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan, ilgʻor xalqaro tajribadan foydalanish, madaniy-maʼrifiy muassasalar va taʼlim muassasalarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash;
davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, mamlakatimizning madaniy merosini, mamlakatimiz ijodiy jamoalari va mualliflari asarlarini, shu jumladan konferensiyalar va koʻrgazmalar, madaniy tadbirlar va anjumanlar oʻtkazish yoʻli bilan chet ellarda keng targʻib qilish, madaniyat sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlar jalb etish, shuningdek madaniyat sohasiga oid ommaviy adabiyotlarni chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.
8. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning madaniyat va sanʼat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi;
Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha qonun hujjatlariga rioya qilish monitoringini olib boradi, uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va ularni koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik boʻyicha xalqaro loyihalarni ishlab chiqadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini taʼminlaydi;
teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirishni taʼminlaydi, xalqimiz tarixining eng yorqin sahifalarini, uning hozirgi hayotini, mustaqil rivojlanish tajribasini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga har tomonlama yordam beradi;
kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak maʼnaviyat ruhida tayyorlash jarayonini tashkil qiladi, kishilarning oʻzining umumtaʼlim va madaniy saviyasini oshirishga intilishini ragʻbatlantirish, ularni milliy, jahon madaniyati va sanʼatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish ishlarini amalga oshiradi;
Vazirlik tizimi kadrlari malakasini oshirishni, ularni qayta tayyorlashni, tajriba orttirishlarini va attestatsiyadan oʻtkazishni taʼminlaydi;
muzeylarda milliy mustaqillik gʻoyalariga hamohang boʻlgan, oʻzbek xalqining boy madaniy merosini, uning insoniyat tarixidagi roli va ahamiyatini, uning rivojlanish bosqichlarini haqqoniy aks ettiruvchi ekspozitsiyalarning tashkil etilishini, shuningdek zamonaviy rivojlanish istiqbollarini chuqur oʻrganishni, muzeyshunoslik, muzeylar fondlaridagi eksponatlarning yagona katalogini yuritish boʻyicha umummilliy siyosatning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
respublika aholisini Oʻzbekiston xalqlari tarixi toʻgʻrisida xabardor qiluvchi chet ellarda saqlanayotgan qadimiy buyumlar, shuningdek mamlakatimiz muzeylarida namoyish qilinayotgan noyob eksponatlar bilan keng tanishtirish vositasida odamlarda umuminsoniy qadriyatlarni, boy milliy madaniy merosni hurmat qilish va eʼtirof etish tuygʻusini tarbiyalashga koʻmaklashadi;
Milliy muzey fondi Davlat katalogini yuritadi, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini belgilangan tartibda uning tarkibiga kiritadi va uning tarkibidan chiqaradi;
Milliy muzey fondi holati yuzasidan, shuningdek madaniy va arxeologik meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish boʻyicha qonun hujjatlarining yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
madaniy va arxeologik meros obyektlarini muhofaza qilish, qoʻriqlash, targʻib qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
madaniy meros obyektlarini taʼmirlash, konservatsiya, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlat dasturlarining amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
moddiy madaniy meros obyektlarining Davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatini yuritadi, ularni tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazishni, muhofaza va targʻib qilishni tashkil qiladi va amalga oshiradi;
arxeologiya buyumlarining Davlat katalogini yuritadi, unda roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya buyumlarini roʻyxatdan chiqarib tashlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
belgilangan tartibda madaniy boyliklarga taalluqli buyumlarning toifasini aniqlaydi;
madaniy boyliklarning Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi, vaqtincha olib chiqilishi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan, shuningdek vaqtincha olib chiqilayotgan va vaqtincha olib kirilayotgan madaniy boyliklarni roʻyxatga oladi;
olib chiqiladigan, vaqtincha olib chiqiladigan, shuningdek vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarib olib kelingan madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlaydi;
madaniy boyliklarning olib chiqilishi va vaqtincha olib chiqilishi huquqini beruvchi sertifikatlar beradi;
ushlab qolingan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda musodara qilingan madaniy boyliklarni tegishli davlat organlaridan qabul qilib oladi, ularni ekspertizadan oʻtkazadi va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlarning jamoalari va yakkaxon ijrochilarining gastrol-konsert faoliyatini, shu jumladan chet ellardagi gastrol-konsert faoliyatini tashkil qiladi;
respublikada va xorijiy mamlakatlarda professional sanʼat va havaskorlik sanʼati festivallari, koʻrik-tanlovlari, shuningdek koʻrgazmalar oʻtkazilishini tashkil qiladi;
Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi bilan birgalikda respublika konsert saroylari, konsert zallari va stadionlarida oʻtkaziladigan madaniy-maʼrifiy hamda konsert tadbirlarining tematik, repertuar rejalari va dasturlarini takomillashtirishga doir ishlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
mamlakatimiz taʼlim muassasalarida dars berish va mahorat darslarini oʻtish uchun respublika va xorijiy mamlakatlarning taniqli ijrochilarini hamda madaniyat va sanʼat arboblarini, yetuk pedagog-mutaxassislarini taklif qiladi;
chet ellarda oʻqiyotgan va samarali ijodiy faoliyat koʻrsatayotgan ijodkor yoshlarning respublikada oʻtkaziladigan koʻriklar, tanlovlar hamda festivallarda qatnashishini taʼminlaydi;
iqtidorli yoshlar va sanʼat arboblarining ijodiy safarlarini tashkil qilishni hamda ularning xalqaro koʻlamda va respublika miqyosida madaniyat va sanʼat sohasida oʻtkaziladigan koʻriklar, tanlovlar, festivallarda, boshqa anjumanlarda ishtirok etishini taʼminlaydi;
kulturologiya, teatrshunoslik, sanʼatshunoslik, musiqashunoslikni va ushbu sohadagi boshqa ilmiy yoʻnalishlarni rivojlantirish, taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash chora-tadbirlarini koʻradi;
dramatik, musiqali, musiqali-dramatik asarlar, tasviriy va amaliy sanʼat va haykaltaroshlik asarlari yaratishga davlat buyurtmalarini amalga oshiradi;
ijodiy jamoalar, madaniyat va sanʼat mutaxassislarini, arboblarini ularning idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, xalqaro tanlovlar, festivallarda va chet ellardagi boshqa tadbirlarda qatnashish uchun tayyorlashni, joʻnatishni va qabul qilinishini taʼminlaydi;
jahon ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlari, xorijiy mamlakatlarda madaniyat va sanʼatni rivojlantirishning ilgʻor tajribasi umumlashtirilishini, ushbu yutuqlarning sohada joriy etilishini taʼminlaydi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar bilan birgalikda madaniyat va sanʼat sohasida ilmiy tadqiqotlar rivojlanishiga koʻmaklashadi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etadi va ushbu ishlar olib borilishini muvofiqlashtiradi;
madaniyat va sanʼat boʻyicha oʻquv dasturlari, qoʻllanmalar va boshqa ilmiy-metodik adabiyotlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, shuningdek ularni tasdiqlaydi;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirish boʻyicha maqsadli dasturlarni, madaniyat va sanʼat sohasiga taalluqli dasturiy-metodik hujjatlarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi, ularning toʻgʻri bajarilishini taʼminlaydi;
davlat boshqaruvi boshqa organlari bilan birgalikda madaniyat va sanʼat arboblarini ijtimoiy muhofaza qilish masalalarini hal etadi;
aholining keng qatlamlari orasida madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda mamlakatning davlat va nodavlat notijorat tashkilotlariga koʻmaklashadi;
idoraviy mansub tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda va ularni axborot bilan taʼminlashda, maslahat berish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda hamda boshqa yordam turlarini koʻrsatishda ularga koʻmaklashadi;
barcha mavjud madaniyat inshootlari, kutubxonalar, teatrlar, madaniyat markazlari, madaniyat saroylari, istirohat bogʻlari, muzeylar va boshqa madaniy-maʼrifiy muassasalarni xatlovdan oʻtkazadi;
(8-bandning oʻttiz sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 199-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 09/19/199/2729-son)
madaniyat va sanʼat sohasidagi ulkan yutuqlar uchun mukofotlar taʼsis etish va Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlarini berish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi;
xalqaro madaniyat aloqalarini amalga oshiradi va rivojlantiradi;
9. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek oʻzining hududiy boʻlinmalari, oʻziga idoraviy mansub boshqa tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
3-bob. Vazirlikning huquq va majburiyatlari
10. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
davlat boshqaruvi organlaridan va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha zarur statistik maʼlumotlarni davlat statistika organlaridan bepul asosda olish;
Vazirlikning va uning idoraviy mansub tuzilmalarining davlat mulkini begʻaraz foydalanish huquqi bilan oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida bir boʻlinmadan boshqa boʻlinmaga belgilangan tartibda oʻtkazish;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ilmiy ishlarni amalga oshirish va tadqiqotlar olib borish uchun — idoraviy mansub Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markaziga, axborot-kompyuter texnologiyalarini ishlab chiqish, joriy etish va kuzatib borish boʻyicha buyurtmalarni Vazirlik huzuridagi Axborot va kompyuter texnologiyalari markaziga tender (tanlov) oʻtkazmasdan joylashtirish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
binolarga xizmat koʻrsatish ishlarini bajarishga, inventar va xoʻjalik anjomlari, avtotransport, aloqa vositalarini, hisoblash, kompyuter texnikasini va tashkiliy texnikani saqlash va ulardan foydalanishga, dasturiy taʼminotni xarid qilishga belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga shartnoma asosida ilmiy tashkilotlarni, olim va mutaxassislarni, shu jumladan chet ellar olimlari va mutaxassislarini jalb etish;
belgilangan tartibda Jahon Internet axborot tarmogʻida rasmiy veb-saytlar yaratish, oʻz faoliyatini yoritib borish uchun ijtimoiy tarmoqlar va media-resurslardan foydalanish;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xorijiy davlatlarning tegishli tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirigʻi boʻyicha xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq boshqa davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan madaniyat masalalari boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni tayyorlash va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritish;
umumxalq bayramlari, yubileylar, madaniy-ommaviy tadbirlarni belgilangan tartibda tashkil etish va oʻtkazish;
Vazirlik tizimiga kiruvchi teatr-tomosha tashkilotlari, madaniy-maʼrifiy va taʼlim muassasalarini jihozlash uchun yoritish va ovoz yozish qurilmalari, musiqa asboblari, inventar va boshqa zarur jihozlarni markazlashtirilgan tartibda xarid qilish;
muzey fondlarini va asarlar koʻrgazmalarini toʻldirish uchun tarixiy-badiiy qimmatga ega boʻlgan kino-teatr, tasviriy va dekorativ-amaliy sanʼat asarlari, noyob qadimiy raritetlarni hamda materiallarini, noyob qadimiy buyumlarni, shuningdek sahna va musiqa asarlarini, qoʻshiqlarni aniqlash va sotib olish, muzeylar fondlaridagi eksponatlarning yagona katalogini nashr etish;
respublikada oʻtkaziladigan xalqaro tanlovlar, koʻriklar, festivallar va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun xorijiy jamoalarni va alohida ijrochilarni taklif etish;
Vazirlik tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalarida dars berish, shuningdek mahorat darslari oʻtkazish uchun yuqori malakali professorlar va oʻqituvchilarni, respublikamizdagi va chet ellardagi taniqli madaniyat va sanʼat arboblarini taklif etish;
madaniyat va sanʼat sohasida iqtidorli yoshlar vakillarini aniqlash, ularni chet ellarga oʻqishga yuborish;
badiiy havaskorlik jamoalariga, madaniyat muassasalariga “Xalq”, “Bolalar namunali jamoasi”, “Xalq muzeyi” unvonlari, diplomlar, yorliqlar berish va sovrinlar bilan mukofotlash;
Vazirlik mablagʻlarini, shu jumladan budjetdan tashqari mablagʻlarni Vazirlik tizimi tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan madaniy-ommaviy va konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilishiga, madaniyat va sanʼat arboblarini turli festivallar (tanlovlar) va shu kabilarga tayyorlash hamda ularda qatnashish uchun yoʻnaltirish;
festivallar, tanlovlar va boshqa tadbirlar gʻoliblari, qatnashchilari va faxriy mehmonlarini esdalik sovgʻalari bilan mukofotlash;
eng iqtidorli sanʼat arboblari, alohida fidokorlik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon qilgan madaniyat sohasi xodimlari nomzodlarini mukofotlashga belgilangan tartibda taqdim etish.
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
11. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Vazir (keyingi oʻrinlarda Vazir deb ataladi) boshchilik qiladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-apreldagi 234-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son)
Vazir bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasining rektori hisoblanadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-noyabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 09/17/886/0213-son)
Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar birinchi oʻrinbosari va ikki nafar oʻrinbosari boʻladi.
12. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
vazir oʻrinbosarlari va Vazirlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, Vazirlik faoliyatining alohida yoʻnalishlari va uchastkalariga rahbarlik qilish yuzasidan hamda idoraviy mansub tashkilotlar ishi yuzasidan shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
zarurat boʻlganda, Vazirlik markaziy apparati, hududiy madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi, tumanlar (shaharlar) madaniyat boʻlimlari, shuningdek Vazirlikka idoraviy mansub tashkilotlar (Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bundan mustasno) xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida tasdiqlangan tuzilmaga oʻzgartirishlar kiritadi;
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi 118-sonli qarori tahririda)
oʻz vakolati doirasida Vazirlik tizimi xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va farmoyishlar beradi;
Vazirlik markaziy apparati xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida xarajatlar smetasini va shtatlar jadvalini tasdiqlaydi, Vazirlikning Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriluvchi idoraviy mansub tashkilotlarining shtatlar jadvallari va xarajatlari smetalarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
Vazirlikka idoraviy mansub tashkilotlar ustavlarini, markaziy apparat boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni, viloyatlar madaniyat boshqarmalari, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek tumanlar (shaharlar) madaniyat boʻlimlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazirlikning markaziy apparati xodimlarini, Vazirlikka idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarini, viloyatlar madaniyat boshqarmalari boshliqlarini va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi boshligʻini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi Vazirlikka va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga boʻysunadilar va hisob beradilar;
Tuman (shahar) madaniyat boʻlimlari tegishli ravishda hududiy madaniyat boshqarmalariga va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasiga va tuman (shahar) hokimliklariga boʻysunadilar va hisobot beradilar.
14. Lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vaziri Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqori Kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
viloyatlar madaniyat boshqarmalari boshliqlari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi boshligʻi tegishli ravishda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlari mudirlari — tuman (shahar) madaniyat markazlari direktorlari tegishli tuman (shahar) hokimlari va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 199-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 09/19/199/2729-son)
Vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishgan holda Vazirlikning buyruqlari bilan tasdiqlanadi;
Tumanlar (shaharlar) boʻlimlari toʻgʻrisidagi nizomlar tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari bilan kelishgan holda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vaziri, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasining buyruqlari bilan tasdiqlanadi.
16. Vazirlikda Madaniyat vaziri (Hayʼat raisi), uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, shuningdek Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda Hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Madaniyat vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
qonun hujjatlarida belgilangan madaniyat sohasidagi siyosat amalga oshirilishini yanada takomillashtirish boʻyicha Vazirlik faoliyatining asosiy konseptual yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida, Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni taʼminlash uchun ijro intizomini mustahkamlash, Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish.
Hayʼat Vazirlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va Hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda Vazir paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
5-bob. Moddiy ragʻbatlantirish choralari
17. Vazirlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Vazirlik xodimlarining ish haqi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlov, ustama haq, ragʻbatlantirish toʻlovlaridan iborat.
6-bob. Yakunlovchi qoida
19. Vazirlikni tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi 118-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi 118-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 11-son, 168-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 09/17/886/0213-son; 09.03.2019-y., 09/19/199/2729-son; 01.04.2019-y., 09/19/265/2858-son; 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son; 09.01.2021-y., 09/21/7/0005-son)