Toshkent shahar hokimining
QarorI
Dafn etish joylarini saqlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 25-moddasi, “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Qonunining (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2010-y., 52-son, 508-modda) 15-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 101-son (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2011-y., 14-son, 138-modda) qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Toshkent shahar hokimligi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasining murojaatini inobatga olib, qaror qilaman:
1. Toshkent shahriga tegishli dafn etish joylarini saqlash qoidalari (keyingi oʻrinlarda “qoidalar” deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Toshkent shahar Arxitektura va shahar qurilishi bosh boshqarmasi (A. Tadjiyev), Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (R. Umarov), Toshkent shahar Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi (Sh. Muxamedjanov), Obodonlashtirish bosh boshqarmasi (A. Karimov), Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi (X. Rasulev):
qoidalar Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududida joylashgan Toshkent shahriga tegishli qabristonlarda bir xilda ijro etilishi;
manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning eʼtiboriga yetkazish uchun qoidalar koʻrinarli joylarga oʻrnatilishi;
qoidalarda belgilangan normalar mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollar) bilan birgalikda doimiy targʻib qilib borilishi taʼminlansin.
3. “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari tahririyati (A. Akromov), “Kompyuterlashtirish markazi” DUK (M. Asamov):
mazkur qarorni rasmiy eʼlon qilinishini va www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
4. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari B. Raxmonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim R. USMONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 10-oktabr,
921-son
Shahar hokimining 2016-yil 10-oktabrdagi 921-sonli qaroriga
ILOVA
Toshkent shahriga tegishli dafi etish joylarini saqlash
qoidalari
I. Umumiy qoidalar
1. Toshkent shahriga tegishli dafn etish joylarini saqlash qoidalari (keyingi oʻrinlarda qoidalar deb ataladi) “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 52-son, 508-modda) 15-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 101-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 138-modda) muvofiq, Toshkent shahriga tegishli dafn etish joylarini (keyingi oʻrinlarda qabriston deb ataladi) va qabr usti yodgorliklari inshootlarini saqlash, ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Shahar aholisiga xizmat koʻrsatuvchi qabristonlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan boʻlib, Toshkent shahar hokimiyatining bevosita tasarrufidadir.
Qabristonlarni obodonlashtirish, saqlash va ulardan foydalanish, dafn etish xizmatlari koʻrsatish boʻyicha bevosita faoliyat Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi tomonidan shaharning mahalliy aholisi, shuningdek boshqa millatlar va xalqlarning mavjud anʼanalari, urf-odatlari va udumlariga muvofiq amalga oshiriladi.
II. Qabristonlarni saqlash
3. Qabrlar, sagʻanalar, shuningdek dafn etishni amalga oshirishga moʻljallangan boshqa binolar va inshootlarni barpo etish uchun ekologik, sanitariya, shaharsozlik va boshqa meʼyorlarga hamda mazkur qoidalarga muvofiq ajratilgan yer uchastkalari qabristonlar hisoblanadi. Qabristonlar qonun hujjatlariga muvofiq moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiritilishi mumkin.
4. Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasiga qabristonlarni zarur darajada saqlash, ulardan foydalanish, dafn etish xizmatlarini koʻrsatish, obodonlashtirish boʻyicha vazifalarni bajarish majburiyati yuklanadi.
5. Har bir qabriston qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan meʼyorlar boʻyicha tegishli xodimlarga ega boʻlishi kerak.
6. Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi tomonidan qabristonlarni obodonlashtirish, mukammal va joriy taʼmirlash, ularni zarur darajada saqlash mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Qabristonlarni saqlash va obodonlashtirishda, Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi bilan kelishilgan xolda, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayr-ehsonlaridan va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari koʻmagida hashar yoʻli bilan oʻrnatilgan tartibda foydalanish mumkin.
7. Qabristonning nomi aks ettirilgan asosiy kirish joyida (ichki tomonida) quyidagilar oʻrnatiladi:
maʼmuriy va boshqa binolar, yoʻllar, xiyobonlar, tarixiy va memorial qabrlar, umumiy foydalanish hojatxonalari va boshqa obyektlarning joylashishi belgilangan holda qabristonning sxematik tarxi;
qabristonning ish jadvali (ziyorat qilish qoidalari) va boshqa yoʻl-yoʻriq hujjatlari qoʻyilgan koʻrgazma taxta;
fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi rahbariyati, qabriston uchun masʼul boʻlgan xodimlar va aloqa bogʻlash telefonlari, qabr qazish va dafn etish xizmatlari uchun tariflar hamda mazkur qoidalar koʻrsatilgan maʼlumotlar.
8. Qabristonlar har kuni ziyoratlar va dafnlar uchun ochiq boʻlishi kerak.
9. Qabriston hududida quyidagilar taqiqlanadi:
jamoat tartibi va sokinlikni buzish, mast-alast, giyohvandlik va boshqa xil narkotik moddalar taʼsiri holatida boʻlish;
qabr usti yodgorliklariga va yashil oʻsimliklarga shikast yetkazish;
quruq oʻt, barg, shox-shabbalarni yoqish;
mevali koʻchatlar oʻtkazish;
mol va boshqa uy jonivorlarini boqish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻstirish;
qabristonlarga transport vositasida kirish (nogiron va keksalarni, qabriston uchun zarur jihoz va buyumlarni olib kirish bundan mustasno).
10. Qabristonning masʼul xodimlari, dafnlarni va oʻrnatilayotgan qabr usti yodgorliklarini raqamlangan va ip bilan tikilgan hamda Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi tomonidan muhrlangan daftarlarga qayd etishlari, shuningdek elektron bazani yuritish uchun Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasiga maʼlumot taqdim etishlari shart.
Dafn etishni amalga oshirish huquqini beradigan barcha hujjatlar — fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari tomonidan beriladigan oʻlim haqidagi maʼlumotnoma, avvalda dafn etilgan yaqin qarindoshlarning oʻlganlik toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlar nusxasi, dafn etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi, belgilangan tartibda tikilishi va saqlanishi kerak.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari tomonidan beriladigan oʻlim haqidagi maʼlumotnoma Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi arxivida saqlanishi shart.
11. Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi va qabristonning masʼul xodimlari quyidagilarni taʼminlashi shart:
qabriston hududida zarur darajadagi tartibni taʼminlash va mazkur qoidalar hamda boshqa tegishli qonun hujjatlarining talablarini qatʼiyan bajarish;
bosh xiyobon, asosiy va ikkinchi darajali yoʻllarda toʻsiqsiz yurish va oʻtish imkoniyatini (qishda qordan tozalash, muzni parchalash, qum sepish, yozda oʻrilgan oʻtlarni oʻz vaqtida olib ketish va shu kabilarni) taʼminlash;
eskirgan (qurigan) daraxtlarning agʻdarilishi va qabr usti yodgorliklarini shikastlashiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularning oʻz vaqtida kesilishini taʼminlash ishlari Toshkent shahar Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining xulosasi va qabriston joylashgan tuman hokimining qaroriga asosan amalga oshirish;
umumiy foydalanish joylarini toza saqlash, qabristondan chiqqan chiqindilar uchun maxsus yashik va qutilar oʻrnatish hamda chiqindi toʻplash joylari tashkil etish, chiqindilarni qabriston hududidan oʻz vaqtida olib chiqilishini taʼminlash;
muhandislik inshootlarining zarur darajada ishlashini taʼminlash, tashqi toʻsiq, bino va inshootlar, yoʻllar, muhandislik tarmoqlari va inshootlarining joriy va mukammal taʼmirlanishini amalga oshirish hamda koʻkalamzorlashtirish;
barcha turdagi yashil oʻsimliklarni sugʻorish va parvarishlashni taʼminlash, ularni yangilash;
jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomalariga koʻra dafn uchun ushbu qoidalar bilan belgilangan oʻlchamda joy (uchastka) bepul berish;
marhumlarni qabr qazish meʼyorlari va qoidalariga rioya etgan holda dafn etishni taʼminlash;
qabrning roʻyxat raqami koʻrsatilgan beton ustuncha oʻrnatish;
anjomlarning (belkurak, panshaxa, paqir, xokandoz, supurgi, zambil va hokazolarning) yetarli miqdorda boʻlishini va ularning fuqarolarga qabrlarga qarash uchun bepul til xat bilan berilishini taʼminlash;
qabristonda zarur darajadagi tartibni taʼminlash boʻyicha, shu jumladan, xotirlash kunlari, umumxalq hasharida qabrlarni suvash va boshqa tadbirlarni tashkil etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish;
xizmatlar uchun Toshkent shahar hokimining qarori bilan belgilangan tariflar boʻyicha hisob-kitob qilgan holda jismoniy va yuridik shaxslarning qabristonda koʻrsatiladigan xizmatlarga doir buyurtmalarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish tartibiga binoan ularning oʻlchamlarini, hududni koʻkalamzorlashtirish uchun daraxt va butalarning turlarini toʻgʻri tanlashga rioya etilishini nazorat qilish;
dafn etilganning qarindoshlariga taʼmir talab qabr usti yodgorligi toʻgʻrisida yozma xabar qilish va uni tuzatishni talab qilish;
goʻr qazuvchi ishchilarga sanitariya qoidalarini hamda diniy va mahalliy anʼanalarni hisobga olib, meʼyorlarni qatʼiyan bajargan holda ishlarni bajarishning xavfsiz usullarini oʻrgatishni tashkil qilish;
qabr usti yodgorliklarining saqlanishini taʼminlash, ular oʻgʻirlangan, buzilgan, vayron qilingan taqdirda huquqni muhofaza qilish organlarini va yodgorliklarning egalarini xabardor qilish;
yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, yongʻinga qarshi zarur miqdordagi anjomlar bilan butlash;
qabristonning butun hududini — qabrlar usti bilan har yili kamida ikki marta (Xotira kuni va diniy bayramlar arafasida) har tomonlama supurib-sidirishni amalga oshirish.
12. Qabriston xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
tegishli diniy konfessiya qabristonida vafot etgan yaqinlari va qarindoshlarini dafn etish uchun ushbu qoidalar bilan belgilangan oʻlchamda bepul joy (uchastka) olish;
sanitariya qoidalari hamda boshqa qoidalar va meʼyorlarga zid boʻlmagan diniy marosimlar va mahalliy anʼanalarga rioya etgan holda dafn etish udumini bajarish;
marosim xizmatlaridan foydalanish va ularga Toshkent shahar hokimining qarori bilan tasdiqlangan miqdordagi tariflar boʻyicha haq toʻlash;
buyurtirilgan xizmatlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini qabriston maʼmuriyatidan talab qilish;
qabrga va qabr usti yodgorliklariga qarash uchun qabriston anjomlaridan bepul foydalanish;
Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi bilan kelishgan holda yaqinlari va qarindoshlarining qabrlariga ushbu qoidalar bilan belgilangan oʻlchamda qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish.
III. Qabrlarni saqlash va qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish
13. Dafn etishni amalga oshirgan jismoniy va yuridik shaxslar qabrlar hamda qabr usti yodgorliklarini zarur holatda saqlashi shart (choʻkkan qabr va yodgorlik xamda lavhalarni tiklash, qabrlarni suvash, yaroqsiz yodgorliklarini olib tashlash va x.k.).
14. Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi va qabristonning masʼul xodimlari bilan kelishgan holda, dafn etilgan joy (uchastka) doirasida, uzunligi 1,5 metr, eni 1 metr va balandligi 0,5 metr (qabr ustidagi tuproq tepaligi balandligi darajasida), yozuvlar uchun vertikal plitaning balandligi 1 metrgacha boʻlgan oʻlchamda qabr usti yodgorliklarini oʻrnatishga (koʻrishga) yoʻl qoʻyiladi.
15. Qabr atrofiga metall va boshqa ashyolardan yasalgan toʻsiqlarni oʻrnatish, qoʻshni qabrlarning hududlarini va boʻsh joy (uchastka)larni egallab oladigan qabr usti yodgorliklarini barpo etish taqiqlanadi.
16. Byustlar, haykaltaroshlik yodgorliklari yoki alohida arxitektura shakliga ega boʻlgan inshootlarni oʻrnatishga faqat loyiha-smeta hujjatlari hamda Toshkent shahar hokimligining qarori asosida ruxsat beriladi.
17. Qabr usti yodgorliklarining joylashtirilishi, shuningdek daraxt va butalar oʻtqazish ishlarini amalga oshirishdan avval maʼmuriyati bilan kelishiladi.
18. Qabr usti yodgorliklarining oʻrnatilishi qabristonning masʼul xodimlari tomonidan qabr usti yodgorliklarini roʻyxatdan oʻtkazish daftarida roʻyxatdan oʻtkazilib, unda qabr joylashgan chizma (xarita), qatori va raqami, dafn etilgan kishining familiyasi, ismi-sharifi, yodgorlik oʻrnatilgan sana, yodgorlikning qisqacha tavsifi (yodgorlikning hajmi, rangi va koʻrinishi haqidagi maʼlumotlar), uni oʻrnatgan shaxslarning manzili, familiya, ismi shariflari koʻrsatiladi.
19. Barcha qabr usti yodgorliklari ularni oʻrnatgan jismoniy va yuridik shaxslarning mulki hisoblanadi.
20. Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi tashabbusi bilan qabr usti yodgorliklarini buzib tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi, eskirib ketgan qabr usti yodgorliklarini egalari tuzatishdan bosh tortgan, ular belgilangan tartibda egasiz deb topilgan hollar bundan mustasno.
Qabr usti yodgorliklarini buzib tashlash, Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi koʻrsatmasiga asosan qabr usti yodgorliklarining elementlari albatta tavsiflangan, qabriston joylashgan hududdagi oʻzini oʻzi boshqarish organi bilan kelishilgan buzib tashlash dalolatnomasi asosida, qabriston xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
IV. Dafn etish tartibi
21. Dafn etish — marhumning jasadini va saqlab qolingan tana qismlarini sanitariyaga oid hamda boshqa meʼyorlar va qoidalarga zid boʻlmagan urf-odatlar va anʼanalarga muvofiq yerga koʻmish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Dafn etish muayyan diniy konfessiya qabristoni hududida bajariladi.
22. Marhumni dafn etish er (xotin), ota-ona, farzandlar va boshqa qarindoshlar yoki marhumning qonuniy vakili, bunday shaxslar boʻlmasa — zimmasiga dafnni amalga oshirish majburiyatini olgan boshqa shaxsning arizasiga asosan amalga oshiriladi.
23. Dafn etishga ruxsatni qabristonning masʼul xodimi faqat fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari tomonidan berilgan oʻlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma taqdim etilganidan keyingina beradi.
24. Dafn etish uchun joy (uchastka) marhum ishlab turgan, yashab turgan yoki roʻyxatda turgan hududdagi qabristonlardan bepul va qatʼiyan sanitariyaga doir va boshqa qoidalar hamda meʼyorlarga muvofiq ajratiladi.
Istisno tariqasida, marhumning xohish irodasini bajarish maqsadida qarindoshlarning roziligi bilan uni qabriston muddati (tuproq xususiyatiga qarab 10 — 20 yil) tugagan yaqin qarindoshlari qabriga dafn etish mumkin, bunda qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar (tugʻilganlik, nikoh va oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomalar) taqdim etiladi.
Oilaviy va mahallalar uchun alohida joy (uchastka)lar (xilxona) ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Qabristonning masʼul xodimlari har bir dafn etishda roʻyxatdan oʻtkazish daftariga quyidagi maʼlumotlarni qayd etadilar:
dafn etish yili, oyi, kuni;
qabr joylashgan chizma (xarita), qatori va raqami;
familiya, ism-sharif, yashagan manzili;
tugʻilgan yil, oy va kun;
oʻlim sababi va uning yil, oy va kuni;
oʻlim toʻgʻrisidagi hujjatning sanasi va kim tomonidan berilganligi;
marhumning qarindoshlari yoki qonuniy vakilining, agar bunday shaxslar boʻlmasa — zimmasiga dafn etish majburiyatini olgan boshqa shaxsning familiyasi, ismi-sharifi, manzili.
26. Dafn etilgan shaxslarni saqlanib qolgan tana qismlarini olish va ularni yangi joyga olib oʻtish mumkinligi haqidagi Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya markazining xulosasiga asosan, qumloq va kam tuproqli joy (uchastka)larda dafn etilgandan keyin kamida bir yil oʻtgach, chirish va mineralga aylanish jarayonlari sekin boʻladigan nam tuproqlarda esa — kamida uch yil oʻtgach yoʻl qoʻyiladi. Bu ish Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi vakillari va manfaatdor shaxslar ishtirokida amalga oshiriladi. Dafn etilgan shaxslarni koʻchirib, qayta dafn etish yilning sovuq vaqtida, kunduzi, amalga oshirishi tavsiya qilinadi.
Saqlanib qolgan tana qismlarini olish va qabrni tugatish toʻgʻrisida qabristonning dafnlarni roʻyxatdan oʻtkazish daftariga tegishli belgi qoʻyiladi.
27. Eksgumatsiya — Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qabriston goʻrkovlari eksgumatsiya jarayonida qabrni lahadgacha (tobut qopqogʻigacha) ochib berish va ochilgan joy (uchastka)ni qayta koʻmish ishlarini amalga oshiradi.
28. Vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakili yoxud zimmasiga dafn etish majburiyatini olgan boshqa shaxs boʻlmagan taqdirda ichki ishlar organlari tomonidan marhumning shaxsi aniqlanganidan keyin uni dafn etish, shuningdek shaxsi ichki ishlar organlari tomonidan aniqlanmagan marhumni dafn etish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi tomonidan sud-tibbiy ekspertiza davlat muassasalari bilan tuzilgan shartnoma asosida, mahalliy budjet mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
V. Qabrlarning tuzilishi
29. Dafn etishlar faqat ishlab turgan qabristonlarda, mahallalarga va oilalarga joy (uchastka)lar (xilxonalar) ajratilmagan xolda, navbat tartibida qator qilib amalga oshiriladi.
30. Har bir marhum alohida qabrga dafn etiladi. Qabrlar oraligʻidagi masofa uzun tomonlari boʻyicha 1 metrdan, qisqa tomonlari boʻyicha esa — 0,5 metrdan koʻp boʻlmasligi kerak.
31. Har bir alohida qabr uchun oʻlchami oʻrtacha 2x1 m boʻlgan joy (uchastka) ajratiladi. Qabrning oʻlchamlari:
a) musulmon qabrlar uchun:
ayvon chuqurligi 1,20 — 1,30 m., kengligi 1x1 m., lahad ogʻzi 0,4 — 0,5 m., chuqurligi 2,2 — 2,3 m.;
b) yevropa millatiga mansub qabrlar:
uzunligi -2m., kengligi -1m., chuqurligi -tobut qopqogʻigacha -1,5m.;
v) vafot etgan bolalarni dafn etishda qabr uchun joy (uchastka)ning oʻlchamlari tegishli ravishda kamaytirilishi mumkin.
32. Har bir qabr ustidan (“sagʻanalar”dan tashqari) yer sathidan 0,5 metr balandlikda tuproq koʻtarma (tepacha) (koʻtarma qabrni yer usti suvlaridan himoya qilish uchun undan chetga chiqishi kerak) yoki qabr usti plitasi boʻlishi kerak. Yer sathida “sagʻana” koʻrinishida barpo etiladigan musulmon qabrlari (yer osti suvlari sathi yuqori boʻlganda) yer usti suvlari va atmosfera yogʻinlaridan himoyalangan boʻlishi kerak, buning uchun himoya qatlami barpo etilishi kerak va “sagʻana” oʻlchamlarining yer sathida boʻyiga koʻra 2,5 metrgacha, eni boʻyicha 1,5 metrgacha va “sagʻana” asosidan boshlab balandligi 1,5 metrgacha boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi, yozuvlar uchun qabr ustidagi vertikal plita balandligi 1 metrgacha boʻlishi lozim.
33. Har bir qabr tepachasiga dafndan soʻng majburiy tartibda beton ustuncha oʻrnatilib, unda mazkur qabristonning dafnlarni roʻyxatdan oʻtkazish daftaridagi yozuvga muvofiq dafnning roʻyxatdan oʻtkazish raqami koʻrsatilishi kerak.
VI. Qabriston hududini tashkil etish
34. Qabristonning butun hududi oʻralgan boʻlishi kerak. Qabristonlar, odatda, serob mahalliy materiallardan (yigʻma temir-beton, gʻisht, shlakoblok, arralangan va boʻlaklangan toshlar, paxsa va boshqalardan) tiklangan, balandligi 2 metrdan past boʻlmagan, mustahkam toʻsiqqa (devorga) ega boʻlishi lozim. Qabristonning belgilanmagan joylaridan oʻtish yoʻllarini ochish qatʼiyan taqiqlanadi.
35. Qabristonning oʻlchamiga bogʻliq holda uning hududida quyidagi bino va inshootlar boʻlishi mumkin:
maʼmuriy bino;
xoʻjalik imoratlari (omborxonalar);
jamoat hojatxonalari;
ishchilar uchun xona;
ishchilar uchun yuvinish xonalari;
marosim udumlari uchun bostirma va maydonchalar;
tobut va anjomlar saqlanadigan xonalar;
oʻrindiqlar, axlat qutilari va boshqalar.
36. Qabristonning maʼmuriy binosi uning hududida, asosiy kirish joyi yaqinida boʻlishi kerak.
37. Dafn etish uchun va qabrni ziyorat qilishga moʻljallangan narsalar (gullar va boshqalar)ni sotish, odatda, qabristonga kiriladigan asosiy eshik yonida tashkil qilinadi.
38. Barcha qabristonlar telefon aloqasiga ega boʻlishi zarur.
39. Qabriston hududi ziyoratchilar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tomonidan yashil oʻsimliklarni sugʻorish, maishiy ehtiyojlarini toʻliq taʼminlashga yetarli miqdorda suv bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
Suv taʼminoti suv quvuri tarmogʻiga ulanish, qabriston hududi yaqinida maxsus quduqlar qazish, nasos qurilmasi oʻrnatish va yashil oʻsimliklarni sugʻorish uchun sugʻorish suv quvuri yoki irrigatsiya tizimlarini barpo etish yoʻli bilan, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib oʻrnatilgan tartibda hal qilinishi mumkin.
Ayrim hollarda xoʻjalik-ichimlik suvi ehtiyojlari va sugʻorish uchun suv taʼminoti suv tashish usuli bilan hal etilishi mumkin.
Qabristonlar hududidan xoʻjalik-ichimlik suvi quvuri va suv tarmoqlari hamda boshqa muhandislik-kommunikatsiya magistral tarmoqlarini oʻtkazish qatʼiyan taqiqlanadi.
40. Katta qabristonlar hududida suvni ochiq manbalardan (daryolar, koʻllar, kanal va ariqlardan) va yopiq suv manbalaridan (artezian quduqlardan) suv oladigan sugʻorish suv quvuri tarmogʻini oʻrnatish, zarur hollarda sugʻorish maqsadlari uchun metall suv sigʻimlari va ochiq ehtiyot rezervuarlari (havzalar) barpo etish tavsiya qilinadi.
41. Qabriston hududi majburiy tartibda elektr energiyasi bilan taʼminlanishi kerak.
Qabristonlarda kirish joyi (eshigi), bosh xiyobonlar va asosiy yoʻllar yoritilgan boʻlishi lozim.
VII. Yakunlovchi qoidalar
42. Ushbu qoidalarni bajarilishini nazorat qilish tegishli qabriston joylashgan hududdagi tuman hokimligi va boshqa davlat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
43. Mazkur qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.