|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.10.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-sonli “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2018-y., 09/18/638/1690-son)
1. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 14-noyabr,
387-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish
qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda — FHDY organlari), shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlari (keyingi oʻrinlarda — fuqarolar yigʻini) raislari va Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining konsullik boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari) tomonidan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
Quyidagilar FHDY organlari hisoblanadi:
tumanlar va shaharlar FHDY boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — FHDY boʻlimlari);
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda — adliya boshqarmalari) idoraviy FHDY arxivlari (keyingi oʻrinlarda — adliya boshqarmalarining idoraviy FHDY arxivlari).
2. FHDY organlari, fuqarolar yigʻinlari va Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishga doir oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, ushbu Qoidalarga hamda FHDY organlari faoliyatiga taalluqli boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiradi.
3. FHDY organlarini tashkil etish, ularning faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish va tizimli nazoratni olib borish, “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vazirlik) tomonidan amalga oshiriladi.
FHDY organlarida ish yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlik FHDY organlarini, Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalarini va fuqarolar yigʻinlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan namunalar boʻyicha, qatʼiy hisobda turuvchi gerbli guvohnomalar blankalari bilan taʼminlaydi.
4. FHDY organlari, Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari va fuqarolar yigʻinlari fuqarolik holati dalolatnomalarining yozuv blankalari va boshqa hujjatlar bilan Vazirlik, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taʼminlanadi.
5. FHDY organlari yozuvlarni tuzish orqali quyidagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etadi:
tugʻilganlik;
nikoh tuzish;
nikohdan ajralish;
oʻlim.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari (keyingi oʻrinlarda — dalolatnoma yozuvlari) davlat ahamiyatiga molik hujjatlar hisoblanadi, bir nusxada tuziladi va FHDY organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsni oʻzgartirish kabi voqea va faktlar yuqorida sanab oʻtilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarida ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali aks ettiriladi.
6. Fuqarolar yigʻinlari oʻlimni fuqarolik holati dalolatnomasi yozish yoʻli bilan amalga oshiradi.
Bunda fuqarolar yigʻinlari tomonidan shaxsi aniqlanmagan va sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilingan shaxslarning oʻlimini qayd etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasining chet elda yashovchi fuqarolariga nisbatan mazkur Qoidalarning 5-bandida koʻrsatilgan harakatlarni Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari amalga oshiradi.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolaridan, fuqarolik holatini Oʻzbekiston Respublikasida qayd ettirgan xorijiy davlatlarning fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish, dalolatnoma yozuvlarini tiklash, shuningdek familiyasi, ismi va otasining ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizalarni tegishli hujjatlar bilan birga qabul qilib oladi va ushbu hujjatlarni vakolatli organlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Fuqarolik holati dalolatnomasini qayd ettirish masalasida konsulga murojaat etgan shaxslardan biri Oʻzbekiston fuqarosi, ikkinchisi esa chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan hollarda fuqarolik holati dalolatnomasini qayd etish, agar Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi faoliyat koʻrsatayotgan davlatning qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalar yoki bitimlarga zid boʻlmasagina amalga oshiriladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan shartnomada Oʻzbekiston Respublikasining oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalarida koʻrsatilmagan boshqacha normalar nazarda tutilgan boʻlsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
8. Fuqarolik holatlarini qayd etishda Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari tomonidan konsullik yigʻimi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi.
9. Dalolatnoma yozuvlarini qayd etish quyidagi holatlarda rad qilinishi mumkin:
agar dalolatnoma yozuvini qayd etish qonunchilikka zid boʻlsa;
agar taqdim etilgan hujjatlar ularga nisbatan ushbu Qoidalarda va boshqa qonun hujjatlarida qoʻyiladigan talablarga muvofiq boʻlmasa;
agar dalolatnoma yozuvini qayd ettirish uchun murojaat qilgan shaxs bunga huquqli boʻlmasa yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish rad qilingan shaxsning talabiga koʻra FHDY organi oʻn besh kun muddatda ushbu shaxsga yozma yoki elektron shaklda rad etish sababini maʼlum qilishi lozim.
10. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning rad qilinishi boʻyicha boʻysunish tartibida adliya boshqarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki sudga belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
11. Konsulning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda rad etish masalalari boʻyicha harakatlari yuzasidan boʻysunish tartibiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatdagi diplomatik vakolatxonasi rahbariga, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi sudiga belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
12. FHDY organlari xodimlari, shuningdek konsul oʻzi, eri yoki xotini oʻzining va uning qarindoshlari (ota-onalari, bolalari, nevaralari, bobolari, buvilari, tugʻishgan aka-uka, opa-singillari) toʻgʻrisida dalolatnoma yozuvlarini qayd etishga yoki ularga tegishli oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritishga haqli emaslar.
Bunday holatlarda dalolatnoma yozuvlarini qayd etish yoki ularga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish boʻysunish tartibida yuqori organning yozma koʻrsatmasi asosida boshqa xodim tomonidan yoki boshqa FHDY organida amalga oshiriladi. Dalolatnoma yozuvlarining “Belgilar uchun” ustuniga bu toʻgʻrida tegishli yozuv kiritiladi.
2-bob. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning huquqiy ahamiyati
13. Qonun fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqealar — tugʻilish, nikoh tuzish, oʻlim va insonning muhim subyektiv huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi, oʻzgarishi va toʻxtatishiga sabab boʻladigan boshqa holatlarning vakolatli organlarda qayd etilishini belgilaydi.
Fuqarolik holatini qayd etish fuqarolarning huquq va burchlari paydo boʻlishiga sabab boʻlib xizmat qiluvchi hujjat (gerbli guvohnoma) berish uchun asos boʻladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning ahamiyati shundaki, unga asosan FHDY organi tomonidan berilgan guvohnoma va unda koʻrsatilgan faktning toʻgʻriligini tasdiqlovchi shaksiz dalil hisoblanadi.
Tugʻilganlik haqidagi guvohnoma bolaning tugʻilganligini, uning ota-onasi kim ekanligini tasdiqlovchi yagona hujjatdir.
Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma — bu nikohdan oʻtgan shaxslarning er-xotinligini tasdiqlovchi va ular oʻrtasida oʻzaro huquq va majburiyatlarning vujudga kelganligini ifodalovchi hujjatdir.
Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma nikohda boʻlgan shaxslarning nikohi tugatilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma shaxsning oʻlimini va uning huquqiy layoqati tugatilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
14. Tugʻilish va oʻlimning oʻz vaqtida qayd etilishi, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomaning, shuningdek perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy maʼlumotnomaning toʻgʻri va aniq toʻldirilganligi uchun masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tuman va shahar sogʻliqni saqlash boʻlimlari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
3-bob. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlar
15. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tuman va shaharlarda FHDY organlari tomonidan amalga oshiriladi, oʻlim esa shaharcha, qishloq va ovullarda fuqarolar yigʻinlari raislari tomonidan ham qayd etilishi mumkin.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻlimni qayd etish borasidagi harakatlari oʻzlari turadigan hududlardagi tegishli FHDY organlarining nazorati ostida boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish konsul tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Konsul vaqtincha boʻlmaganda fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan tayinlangan konsullikning mansabdor shaxsi tomonidan qayd etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari boʻlmagan xorijiy davlatlarda fuqarolik holati dalolatnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilangan boshqa xorijiy davlatdagi Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan qayd etiladi.
4-bob. Tugʻilganlikni qayd etish
§ 1. Tugʻilganlikni qayd etish tartibi
16. Bolaning tugʻilishini qayd etish majburiy boʻlib, fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Ota-onaning istagiga koʻra FHDY organi bolaning tugʻilganligini qayd etishni tantanali vaziyatda oʻtkazishi mumkin.
17. Tugʻilganlik haqidagi ariza bola tugʻilgan kundan boshlab bir oy muddat mobaynida ogʻzaki yoki yozma shaklda berilishi zarur.
Bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi ariza ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qoʻshnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar, shuningdek tibbiyot muassasalarining, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan berilishi mumkin.
18. Belgilangan muddatning oʻtib ketganligi tugʻilganlikning qayd etilishiga toʻsqinlik qila olmaydi.
Bunda, oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishini qayd etish uchun FHDY organiga tugʻilishni qayd etish muddatini oʻtkazib yuborganlik sabablari koʻrsatilgan ariza bolaning ota-onasi, ota-onaning qonuniy nikohi mavjud boʻlgan hollarda ulardan biri yoki ishonchnoma asosida boshqa manfaatdor shaxs, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan taqdim etiladi.
Bunday hollarda FHDY organi tugʻilish faktini tasdiqlovchi hujjatga qoʻshimcha ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa hujjatlarni ham talab qiladi.
Agar tugʻilganlikni qayd etish toʻgʻrisidagi ariza belgilangan muddatdan oʻtkazilib berilgan boʻlsa, tugʻilish tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni qayd etish joriy roʻyxatga olish daftariga qayd etiladi.
19. 16 yoshdan oshgan tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tugʻilgan bolaga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan tugʻilganlik haqidagi maʼlumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tugʻilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi.
Agar bola 16 va undan katta yoshda boʻlsa va unga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan rasmiylashtirilgan tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma mavjud boʻlsa, uning tugʻilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga koʻra qayd etiladi.
20. Tugʻilganlikni qayd etish uchun: bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomasi (tugʻilganlikni kompleks davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno), ota-onalarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari (fuqarolik pasporti, xorijga chiqish pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, harbiy xizmatchining harbiy bileti), nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi gerbli guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi ariza yoxud nikohda boʻlmagan onaning arizasi taqdim etiladi.
Bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomasida:
onaning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, tugʻilgan sanasi, millati, fuqaroligi, oilaviy ahvoli, maʼlumoti;
bolaning tugʻilgan vaqti, sanasi va joyi, jinsi, vazni, boʻyi;
homiladorlik muddati, hisob boʻyicha nechanchi homiladorlik;
bolaning tirik tugʻilganligi mezonlari (nafas olishi, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi, muskullarning beixtiyoriy qisqarishi);
tibbiy maʼlumotnomaning berilgan vaqti, tartib raqami va tibbiyot muassasasining nomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi zarur.
Bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma tibbiyot muassasasi mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
Tugʻruqxonalardan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tugʻilgan bolaning tugʻilganligini qayd etish uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Bunday holatlarda bolaning ushbu onadan tugʻilganligiga guvoh boʻlganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tibbiy maʼlumotnoma berish uchun asos hisoblanadi.
Tibbiy maʼlumotnoma bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvi bilan birga tikib qoʻyiladi.
Ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlmagan alohida hollarda FHDY organi tugʻilganlikni qayd etishni rad qilishi mumkin emas. Bunda hujjatlari boʻlmagan ota yoki ona haqida maʼlumotlar nikoh tuzilganligi yoki avvalgi bolalarining tugʻilganligi haqidagi guvohnomalari asosida koʻrsatiladi.
Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmaganda bolaning tugʻilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan ota-ona (ulardan biri)ning tugʻilgan bolasi umumiy asoslarda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Bunda voyaga yetmagan ota-onaning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining ishtiroki talab etiladi.
21. Ota-onasi nikohda boʻlgan bolaning tugʻilishi toʻgʻrisidagi dalolatnomani yozish shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Bola tugʻilgunga qadar uning otasi vafot etgan vaqtdan, ota-onasi nikohi bekor qilinganligidan yoki ota-onasining nikohi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgandan keyin 300 kundan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xuddi shunday tartibda yoziladi.
Bunday hollarda ariza beruvchi tomonidan nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, sudning nikohdan ajratish haqidagi qaroridan koʻchirma (nusxa) yoki nikohni haqiqiy emas deb topganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan qaroridan koʻchirma (nusxa) yoki otasining oʻlimi haqidagi guvohnomasi taqdim etilishi kerak. Dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida nikohdan ajralish yoki oʻlimning qayd etilgan joyi va sanasi, dalolatnoma yozuvining tartib raqami, qarorni chiqargan sudning nomi va qarorning sanasi koʻrsatiladi.
Bolaning nasl-nasabi xususidagi barcha nizolar sud tartibida hal qilinadi.
22. Agar ota-onalari oʻrtasida nikoh qayd etilmagan boʻlsa (tugʻilishni qayd etishda onasi ishtirok etmagan taqdirda) bolaning otasi haqidagi yozuv onaning notarial yoki tibbiy muassasa tomonidan tasdiqlangan arizasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Bunda bola otasining familiyasi tugʻilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvida onasining familiyasi boʻyicha, bola otasining ismi, ota ismi va millati onaning koʻrsatmasi boʻyicha qayd etiladi.
23. Bolaning tugʻilganligini qayd etishda unga familiya ota-onasining kelishuviga koʻra ota yoki onaning familiyasi, shuningdek milliy anʼanalarga muvofiq ota yoki ona tomonidan boboning ismi boʻyicha beriladi. Kelishuv boʻlmagan taqdirda nizolar vasiylik va homiylik organi, konsullik okrugida esa — konsul tomonidan hal etiladi.
24. Bolaga ism ota-onaning roziligiga koʻra beriladi. Bolaga qoʻshaloq ism berishga yoʻl qoʻyiladi (Saidahmadxoʻja, Toʻxtamurodjon, Guliraʼno, Mirzaolim, Mirzo Ulugʻbek, Roza-Mariya).
Bolaning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, unga kelgusida uning shaʼni va qadrini kamsitishi mumkin boʻlgan ism berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bola ismiga doir kelishuv mavjud boʻlmaganda paydo boʻlgan kelishmovchilik vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
25. Bolaning ota ismi uning otasining ismiga koʻra beriladi.
Otasi haqida maʼlumotlar tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi va guvohnomada yozuvlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida oʻzgartirishsiz yoziladi.
Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida “Otasi” va “Onasi” ustunlarini ochiq qoldirish qatʼiyan man etiladi.
26. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 15-moddasiga asosan agar otaning familiyasi, ismi va ota ismida imlo xatoliklari mavjud boʻlsa, ota-onaning xohishiga koʻra bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi imlo xatoliklari bartaraf etilgan holda qayd qilinishi mumkin.
Bolaning familiyasiga “-ev”, “-ov”, “-eva”, “-ova” kabi hamda ota ismiga “-evich”, “-ovich”, “-evna”, “-ovna”, “qizi”, “oʻgʻli”, “-iy”, “-xon”, “-xoʻja”, “-xoji”, “-bek”, “-zoda”, “mir-”, “abdu-” kabi qoʻshimchalarini kiritish yoki shu kabi qoʻshimchalarni olib tashlash orqali tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilishi mumkin.
27. Tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilgach, ariza beruvchiga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma beriladi.
FHDY organlari tomonidan tugʻilishni qayd etishda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami tugʻilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga kiritiladi.
Bunda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami real vaqt rejimida avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimi tomonidan ariza beruvchiga belgilangan tartibda tegishli nafaqa tayinlanishi uchun “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboriladi.
28. Egizak (ikkita va undan ortiq) bolalar tugʻilganda ularning har biri uchun tugʻilganlik haqida tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilishi kerak, ular asosida tugʻilganlik haqida alohida-alohida dalolatnoma yozuvlari, tartib raqamlari yozilgan holda, qayd etilib, ularning har biriga tugʻilganlik haqida alohida gerbli guvohnomalar beriladi.
29. Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etish ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa maʼmuriyati yoki tibbiyot muassasasining arizasiga binoan amalga oshiriladi. Bolani topib olgan shaxs bu haqda yigirma toʻrt soat mobaynida ushbu tumandagi ichki ishlar organiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi kerak.
30. Ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi maʼmuriyati bola topilganidan keyin yetti ish kunidan kechikmagan muddatda FHDY organlariga topib olingan (tashlab ketilgan) bolani qayd etish haqida murojaat etishlari shart.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bola tugʻilganligini qayd etish haqidagi arizada bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va boʻyi haqidagi maʼlumotlar aniq koʻrsatilishi zarur.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga ota-onasining familiyasi, ismi va millati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi maʼmuriyatining koʻrsatmalari asosida kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida koʻrsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish bola joylashgan tibbiyot muassasasi yoxud bola joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organi arizasiga muvofiq, bolaning onasi tomonidan tashlab ketilganidan 7 kun oʻtmasdan amalga oshiriladi. Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish uchun arizada bolaning tashlab ketilgan vaqti, joyi va tashlab ketilgan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va boʻyi haqidagi maʼlumotlar aniq koʻrsatilishi zarur.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolaning familiyasi, ismi, ota ismi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga yuqorida koʻrsatilgan organlarning koʻrsatmasiga binoan kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida koʻrsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
31. Oʻlik tugʻilgan bolaning tugʻilganligini, shuningdek hayotining birinchi haftasida oʻlgan (perinatal oʻlim) bolalarning tugʻilganligi va oʻlimini qayd etish tibbiy muassasa yoki ushbu muassasaning topib olingan joydagi sud-tibbiy ekspertiza muassasasining yozma murojaatiga binoan shu hududdagi FHDY organi tomonidan 24 soat mobaynida amalga oshiriladi.
Egizaklardan biri oʻlik tugʻilganda yoki hayotining birinchi haftasida (perinatal oʻlim) vafot etganda oʻlik tugʻilgan yoki vafot etgan bolani qayd etish tirik egizak tugʻilganligini qayd etgan oʻsha FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻlik tugʻilgan bolani tugʻilishini qayd etish perinatal oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma asosida faqat tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvlarini roʻyxatdan oʻtkazish daftarida amalga oshiriladi.
Agar bola tugʻilgandan keyin vafot etsa, hatto u bir necha daqiqa yashasa ham, tugʻilganlik hamda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlari tuziladi.
Bunday hollarda tugʻilish haqidagi dalolatnoma yozuvi tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma asosida, oʻlganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi esa — perinatal oʻlim haqidagi tibbiy maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Bunda tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida onasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq keltiriladi, “Belgilar uchun” ustunida esa oʻlganligi qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvining tartib raqami va sanasi koʻrsatiladi. Bunday hollarda bolaning oʻlimi haqida (oʻlik tugʻilganda ham) belgilangan tartibda tegishli nafaqa tayinlanishi uchun oʻlim haqida xabarnoma Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga elektron axborot tizimi orqali yuboriladi.
Dafn qilish uchun qabristonga maʼlumotnoma beriladi va zarur hollarda ota-onasining iltimosiga koʻra (hayotining birinchi haftasida vafot etgan bola uchun) oʻlimi haqida guvohnoma berilishi mumkin.
32. Bolaning otasi bilan nikohda boʻlmagan ona vafot etgan taqdirda, shuningdek onaning yashash joyi nomaʼlum boʻlganda va otalikni belgilash haqidagi ariza berilmaganda bolaning tugʻilishini qayd etish mazkur Qoidalarning 29-bandida sanab oʻtilgan organlarning yozma murojaati boʻyicha amalga oshiriladi.
33. Ota-onalik huquqlaridan mahrum qilish haqidagi maʼlumotlar sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan tugʻilish haqidagi dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida koʻrsatiladi, dalolatnoma yozuvida ota-ona haqidagi maʼlumotlar chizib tashlanmaydi va hech qanday oʻzgartirishlar kiritilmaydi.
Bunday hollarda otalik-onalik huquqlaridan mahrum qilingan shaxslarga bolalarining tugʻilganligi haqida takroriy guvohnoma berilmaydi.
Takroriy guvohnoma voyaga yetmagan bolaning vasiysi yoki homiysiga berilishi mumkin.
34. Sudning ota-onalik huquqlarini tiklash toʻgʻrisida qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga “Ota-onalik huquqlari tiklandi” degan belgi kiritiladi.
35. Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritilgan otasi haqidagi maʼlumotlar har qanday holda ham faqat sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan bekor qilinishi mumkin.
36. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, tugʻilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanishi mumkin boʻlgan bolaning tugʻilganligini qayd etish bola tugʻilgan yoki uning ota-onasi doimiy yoki vaqtincha yashab turgan oʻsha konsullik okrugidagi konsul tomonidan amalga oshiriladi.
37. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda tugʻilgan va uning tugʻilganligi konsullik muassasasi tomonidan qayd etilmagan taqdirda, tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi tomonidan belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qoʻyilgan xorijiy davlatning vakolatli organlari tomonidan berilgan bola tugʻilganligini tasdiqlovchi tibbiy hujjat taqdim etilgandan keyin qayd qilinadi.
38. Tugʻilishni qayd etishning barcha hollarida bola tugʻilgan maʼmuriy hudud uning tugʻilgan joyi sifatida yoziladi.
§ 2. Otalikni belgilash
39. Nikohda boʻlmagan ota-onadan tugʻilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan hisoblansa, u holda qonuniy vakili) tomonidan birgalikda berilgan arizasi yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDY organida amalga oshiriladi.
40. Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ariza fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
41. Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi, ushbu Qoidalarning 45-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
42. Alohida hollarda otalikni belgilash haqidagi ariza FHDY organiga bola tugʻilmasdan oldin ham berilishi mumkin.
Bunday holatlarda bola tugʻilgunga qadar uning tugʻilgan vaqti va ismi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilmaydi.
Bolaning tugʻilganligi boshqa FHDY organida qayd etilgan taqdirda oldindan berilgan arizani saqlagan FHDY organi soʻrovnoma boʻyicha uni qayd etish joyiga yuboradi.
43. Otalikni ishonchnoma boʻyicha belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.
44. Agar otalik bolaning tugʻilganligi qayd etilgandan soʻng belgilansa otalikni belgilash haqidagi arizaga yoki sudning ushbu masala yuzasidan qaroriga bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilinadi.
45. Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasining masʼul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDY organi, harbiy qism yoki jazoni oʻtash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.
46. Onasi vafot etganda, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yoʻqolgan deb topilganda yoxud onalik huquqlaridan mahrum etilganda, uning yashash joyini belgilashning imkoni boʻlmaganda voyaga yetmagan bolaga nisbatan otalikni belgilash vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otasining arizasiga asosan amalga oshirilishi mumkin.
Bunday holatlarda arizaga quyidagi hujjatlardan biri:
onasining oʻlimi haqidagi guvohnoma nusxasi;
onasi muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisidagi sud qarorining nusxasi;
onaning onalik huquqidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi sud qarorining nusxasi;
onaning bedarak yoʻqolgan deb topilgani toʻgʻrisidagi sud qarorining nusxasi ilova qilinadi.
47. Agar bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, u holda otalikni belgilash toʻgʻrisidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin.
48. Ota-onaning birgalikdagi arizasi boʻlmagan taqdirda otalik (agar otasi yoki onasi voyaga yetmagan boʻlsa) ota-onalardan biri yoki vasiylik va homiylik organining daʼvo arizasi boʻyicha sud tartibida belgilanishi mumkin.
Bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sud qaroriga asosan kiritiladi. Bu holda FHDY organiga qonuniy kuchga kirgan sud qarori va bolaning tugʻilganligi haqidagi guvohnomasi taqdim etiladi.
49. Otalikni belgilash haqidagi ariza maxsus shaklda boʻlishi, unda koʻrsatilgan barcha savollarga aniq va toʻliq javob boʻlishi lozim. Ariza FHDY organida imzolanadi, undagi maʼlumotlar arizachining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan solishtirib koʻriladi. Har bir ariza uning tushgan kunida roʻyxatga olinadi.
50. 10 yoshga toʻlgan va katta yoshdagi bolaga nisbatan otalik uning roziligi bilan belgilanadi. Bunda bolaning roziligi ota-onasi tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi va uning imzosi FHDY organi xodimi tomonidan tasdiqlanadi.
FHDY organi otalikni belgilash haqidagi ariza asosida tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
Agar otalikni belgilash 16 yoshga toʻlgan shaxsga nisbatan amalga oshirilsa, u holda ota toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgartirilishi lozim. Bola toʻgʻrisidagi maʼlumotlar familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish tartibi va qoidalari boʻyicha kiritiladi.
51. Otalik, bolaning otasi boshqa ayol bilan qonuniy nikohda turganligidan qatʼi nazar, belgilanadi. Shu sababli otalikni belgilashda uning xotinining roziligi talab etilmaydi.
52. Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan kiritilgan boʻlsa, u holda dalolatnoma yozuvida koʻrsatilgan ota haqidagi maʼlumotlar sud tartibida bekor qilinmay turib, boshqa shaxs tomonidan bu bolaga nisbatan otalik belgilanishi mumkin emas.
53. Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yoʻqolgan boʻlsa, u holda tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi tiklangandan soʻng otalik belgilanishi mumkin.
54. Agar tugʻilganlikni qayd etish va otalikni belgilash ayni bir vaqtda amalga oshirilsa, u holda bolaga familiya ota-onaning kelishuvi boʻyicha bir yoʻla beriladi, otasi haqidagi maʼlumotlar berilgan arizaga binoan yoziladi. Bunda yolgʻiz ona arizasi talab qilinmaydi.
55. 16 yoshga toʻlmagan shaxsga otalik belgilanadigan hollarda bolaning ota ismi otaning ismi boʻyicha oʻzgartiriladi (yoziladi).
Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvida ilgari koʻrsatilgan ota ismi bolaning otasi deb yozilgan shaxs ismi bilan toʻgʻri kelmasa, u holda FHDY organi otalikni belgilashni rad etishga va ota-onasidan bu masala boʻyicha tushuntirish xati talab qilishga haqli emas.
56. Agar ota-onaning nikohi bolaning tugʻilganligi qayd etilgandan keyin qayd etilgan boʻlsa, ushbu nikoh tuzilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga bolaning otasi haqidagi maʼlumotni yozish uchun asos boʻlolmaydi.
Bunda bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar otalikni belgilash haqidagi arizaga muvofiq kiritiladi.
57. Otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan FHDY organi bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shu kuniyoq kiritadi va tugʻilganlik haqida yangi guvohnoma beradi.
58. Agar tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan boʻlsa, u holda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritish haqida elektron axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.
Dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi ikki ish kunida dalolatnoma yozuviga zarur oʻzgartirish kiritib, dalolatnoma yozuvini elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi hamda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi gerbli guvohnomani chop etib beradi.
Oʻzgartirishlar kiritgan FHDY organi tomonidan bu haqda tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga (dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno) tegishli oʻzgartirishlarni kiritish uchun adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.
59. Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi MDH davlatlarida qayd etilgan boʻlsa, u holda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilib olgan FHDY organi uni yoki ushbu masala boʻyicha sud qarorini (rus tilidagi tarjimasi bilan), tugʻilganlik haqidagi guvohnoma bilan birga tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga yuboradi.
60. 16 yoshgacha boʻlgan bolaga otalikni belgilashda dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish qoidalari qoʻllanilishi mumkin, yaʼni bolaning faqat familiyasi va ota ismi emas, balki ismi ham oʻzgartirilishi mumkin.
§ 3. Farzandlikka olish
61. Farzandlikka olish haqida oʻzgartirishlar kiritish sudning hal qiluv qarori asosida tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organida, farzandlikka olingan bolaning tugʻilgan joyi oʻzgartirilganda esa — hal qiluv qarorida koʻrsatilgan joydagi FHDY organida, hal qiluv qarorida koʻrsatilmagan boʻlsa farzandlikka oluvchilarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga zarur oʻzgartirishlar FHDY organlari tomonidan, farzandlikka olish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab oʻn kun mobaynida kiritiladi. FHDY organiga koʻrsatib oʻtilgan muddat tugagandan keyin murojaat qilingan taqdirda sud qarorida ushbu qaror oʻz kuchini yoʻqotmaganligi haqida yozuv boʻlishi kerak.
62. Farzandlikka olishni rasmiylashtirishda FHDY organiga:
sudning qonuniy kuchga kirgan farzandlikka olish haqidagi qaroridan koʻchirma;
farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi;
farzandlikka oluvchi(lar)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
63. Sudning hal qiluv qarori kelib tushgan vaqtiga koʻra maxsus daftarda qayd etiladi va alohida yigʻmajildga xronologik tartibda tikib qoʻyiladi.
64. FHDY organi sudning hal qiluv qarori va farzandlikka oluvchilarning hujjatlari asosida tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi, tugʻilganlik haqidagi yangi guvohnoma va, zarur boʻlganda, farzandlikka olinganligi haqida maʼlumotnoma beradi.
65. Agar sudning hal qiluv qarorida 10 yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilgan joyi respublika doirasida oʻzgartirilgan boʻlsa, u holda hal qiluv qarorida koʻrsatilgan joydagi FHDY organida, hal qiluv qarorida koʻrsatilmagan boʻlsa farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi tomonidan tiklangan dalolatnoma yozuvi qayd etiladi.
Bunda, dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritish uchun elektron axborot tizimi orqali soʻrovnoma yuboriladi va dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi dalolatnoma yozuvini soʻrov yuborgan FHDY organiga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali yuboradi.
Farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi dastlabki dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organi va adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga (dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno) uni bekor qilish haqida “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.
66. Farzandlikka olishni sir saqlash maqsadida farzandlikka olish uchun hujjatlar farzandlikka oluvchilarning vakillari tomonidan, qonunchilikda belgilangan tartibda FHDY organiga taqdim etilishi mumkin.
67. Agar farzandlikka olish bekor qilinsa u holda tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga “Farzandlikka olish ___________ sudining ______ yil _________ oy __ kundagi qarori bilan bekor qilindi” deb yoziladi va dalolatnoma yozuvidagi dastlabki maʼlumotlar tiklanadi hamda tugʻilganlik haqidagi yangi guvohnoma beriladi.
68. FHDY organi dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga (dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno) tegishli oʻzgartirishlar kiritish uchun adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga xabarnoma yuboradi.
5-bob. Nikohni qayd etish
§ 1. Nikohni qayd etish tartibi, vaqti va joyi
69. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 14 va 15-moddalariga muvofiq, nikohlanuvchilarning oʻzaro roziliklari va ularning nikoh yoshiga yetganliklari nikoh tuzishning asosiy shartlari hisoblanadi.
Uzrli sabablar mavjud boʻlganda, alohida holatlarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmaganning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi — emansipatsiya), nikoh tuzishni xohlovchi shaxslarning iltimosiga koʻra, nikoh tuzilganligini qayd etish joyidagi tuman, shahar hokimi tomonidan nikohga kirish yoshi bir yildan koʻp boʻlmagan muddatga kamaytirilishi mumkin.
70. Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu toʻgʻrida belgilangan namunadagi yozma yoki elektron ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy oʻtgach FHDY organi tomonidan qayd etiladi.
FHDY organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikoh tuzilganligini qayd etish toʻgʻrisidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yoʻllanma beriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 17-moddasi ikkinchi qismida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno.
Bunda ellik yoshgacha nikoh tuzuvchi shaxslar OIV-infeksiyasi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan majburan oʻtishi kerak.
71. FHDY organi mudiri uzrli sabablar boʻlganda hamda arizachilarning iltimoslariga koʻra bir oylik muddatni qisqartirishi mumkin.
Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tugʻilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi yoki bir tarafning kasalligi haqidagi maʼlumotnomasi, xizmat safari toʻgʻrisidagi guvohnoma va shu kabi hujjatlar koʻrsatiladi.
72. Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan koʻrib chiqiladi. Ayrim hollarda yetarli asoslar boʻlgan taqdirda, shuningdek FHDY organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.
73. Belgilangan namunadagi ariza nikohlanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida toʻldiriladi va barcha savollarga aniq va toʻliq javoblar berilishi kerak.
74. FHDY organi arizani qabul qilayotganda nikohlanuvchilarga nikoh tuzish tartibi va shartlarini, kelgusida er-xotin va ota-ona sifatida vujudga keladigan huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi va bir-birining salomatliklari toʻgʻrisida va oilaviy ahvoli toʻgʻrisida xabardor ekanliklariga ishonch hosil qilishi kerak.
Nikohlanuvchilar nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlarni yashirish oqibatlari toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
75. Agar nikoh tuzuvchi shaxslarning otalik belgilanmagan birgalikdagi bolalari boʻlsa, u holda FHDY organi ularga otalikni belgilash tartibini tushuntirishi lozim.
76. Qonun nikohlanuvchi shaxslardan hatto bittasi ilgari qayd etilgan nikohda turgan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzilishini taqiqlashi sababli arizani qabul qilish vaqtida FHDY organi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻyicha arizachilarning qonuniy nikohda turish-turmasligini “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali tekshirib koʻrishi kerak.
Ilgari nikohda boʻlgan shaxs FHDY organiga avvalgi nikohi bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi kerak. Bu — nikohning bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma (nikohdan ajralganlik haqidagi maʼlumotnoma) yoki sud qarori, erning (xotinning) oʻlimi haqidagi guvohnoma (oʻlim haqidagi maʼlumotnoma) va uning vafot etgan shaxs bilan tuzilgan nikohi haqidagi maʼlumotnoma yoxud sudning nikoh haqiqiy emas deb topilganligi haqidagi qarori boʻlishi mumkin.
77. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasiga muvofiq:
loaqal bittasi qayd qilingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʻrtasida;
nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida;
loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
78. FHDY organi nikohni qayd etish vaqtini belgilayotganda nikohdan oʻtuvchilardan uni tantanali vaziyatda, shu jumladan joyiga borgan holda oʻtkazilishiga roziligini aniqlashi lozim. Tantanali ravishda qayd qilish yoki joylarga chiqqan holda qayd qilish faqat nikoh tuzuvchilarning xohishlariga koʻra joyiga borgan holda oʻtkaziladi. Nikohlanuvchi shaxslarning istaklariga binoan nikoh ularning qarindoshlari va tanishlari ishtirokida qayd etiladi. Nikohni qayd etishda nikohlanuvchi shaxslar tomonidan belgilangan sonda guvohlar ishtirok etishi mumkin.
79. Nikohga kirish haqidagi arizani berishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, yaʼni fuqarolik pasporti, xorijga chiqish pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki harbiy bileti koʻrsatilishi kerak.
80. Agar biron-bir sabab bilan nikoh tuzuvchilarning ikkalasi ayni bir vaqtda kelishi imkoniyati boʻlmasa, u holda FHDY organiga arizani ulardan biri berishi mumkin, bu holda kela olmagan shaxsning imzosi belgilangan tartibda tasdiqlangan boʻlishi lozim.
81. Nikohga kirish haqidagi ariza arizalar hisobga olinadigan maxsus daftarda qayd etilishi kerak.
82. Nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi. FHDY organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari toʻgʻrisida ularning xabardor ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi 13-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Nikohning ishonchnoma boʻyicha yoki vakil orqali, shuningdek tibbiy tekshiruvdan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma boʻlmaganda qayd etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
FHDY organlari xodimlari nikohni qayd etish vaqtida oʻzlariga maʼlum boʻlgan shifokorlik sirlaridan iborat boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etganligi uchun belgilangan tartibda javob beradilar.
83. Nikohlanuvchilardan biri betobligi sababli FHDY organiga kela olmaydigan istisno hollarda nikoh tuzilganligi shifoxonada, uyda yoki boshqa tegishli joyda, nikohlanuvchi ikkala shaxsning ishtirokida qayd qilinadi. Dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida bu haqda tegishli belgi kiritiladi.
84. Agar FHDY organiga ushbu Qoidalarning 77-bandida koʻrsatilgan holatlar mavjudligi haqida ariza tushgan boʻlsa, nikohni qayd etish boshqa muddatga qoldiriladi. Bunda arizachiga belgilangan muddatda zarur dalillarni taqdim etish tavsiya qilinadi. FHDY organi manfaatdor shaxsning iltimosiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan zarur tekshiruv oʻtkazishi mumkin. Nikohni qayd etish vaqti keyinga surilganligi haqida arizachilar xabardor qilinadi. Nikohni qayd etishga toʻsiq boʻluvchi qonuniy holatlar mavjud boʻlganda FHDY organi uni qayd etishni rad qiladi. Agar mazkur maʼlumotlar tasdiqlanmasa, u holda nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi. Yuqorida qayd etilgan holatlarni tekshirish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
85. Nikoh tuzilganligini qayd etishda nikohlanuvchi shaxslar oʻz xohishlariga koʻra ikkalasidan birining familiyasini umumiy familiya sifatida tanlashlari yoki oʻzlarining nikohgacha boʻlgan familiyalarida qolishlari mumkin.
Nikohlanuvchilar familiyalarining qoʻshilishi orqali hosil boʻlgan familiya (masalan, kuyov Axmedov kelin Shuxratova, shunda kuyov Axmedov-Shuxratov kelin Axmedova-Shuxratova boʻladi) umumiy familiya sifatida tanlanishi mumkin.
86. Nikohlanuvchilardan biri er yoki xotinning familiyasini qabul qilsa, u holda pasportini bir oy ichida almashtirishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
Harbiy xizmatga majbur boʻlgan yoki harbiy xizmatga chaqiriluvchining nikohi qayd etilganligi sababli familiyasi oʻzgartirilganda FHDY organi 7 kun mobaynida bu haqda harbiy xizmatga majbur boʻlgan yoki harbiy xizmatga chaqiriluvchi roʻyxatda turgan tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga xabar qiladi.
87. Nikohni qayd etganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
88. Nikoh tuzishning belgilangan qoidalari buzilganda, shuningdek gʻarazli maqsadni koʻzlab tuzilgan nikoh sud qarori bilan haqiqiy emas deb topiladi.
Sudning nikoh haqiqiy emas deb topilganligi toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori asosida FHDY organi nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga bu haqda belgi qoʻyadi va adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
Nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan hollarda nikoh tuzilganligi haqida takroriy guvohnoma berilmaydi.
§ 2. MDH mamlakatlari, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning va Oʻzbekiston Respublikasining xorijda yashovchi fuqarolarining nikohini qayd etish
89. Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi FHDY organlarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining MDH mamlakatlari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan nikohini qayd etish hamda chet el fuqarolari oʻrtasidagi nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston fuqarosi va chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻrtasidagi nikohni qayd etish agar chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish vizasi nikoh tuziladigan kunda haqiqiy boʻlsagina amalga oshiriladi.
Bunda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning nikohga kirish haqidagi arizasiga uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi hamda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning nikohda turmasligi haqidagi belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qoʻyilgan hujjat (davlat tilidagi tarjimasi bilan birga) ilova qilinishi lozim.
90. Chet elda doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish oʻsha davlat qonunchiligiga asosan uning vakolatli organlari tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida ushbu Qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
91. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs bilan nikohini qayd etish, agar nikohni qayd etish Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi hududida joylashgan oʻsha davlatning qonunlari bilan tan olinganda, shuningdek imzolashda oʻsha davlat va Oʻzbekiston Respublikasi qatnashgan bitim yoki bu xalqaro shartnomalarga muvofiq hollardagina konsul tomonidan amalga oshiriladi.
92. Boshqa davlatda yashovchi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi bilan mazkur davlatning tegishli organlarida nikohni qayd ettirmoqchi boʻlgan oʻsha davlat fuqarosining iltimosiga koʻra, konsul nikohni qayd etuvchi oʻsha davlat organlariga taqdim etish uchun ariza beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi nikohda turmasligi haqida maʼlumotnoma berishi mumkin.
Bunday maʼlumotnomalar konsullik muassasalarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida beriladi.
Agar konsullik muassasasida nikohlanuvchi shaxsning oilaviy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmasa konsul bu maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan oladi.
§ 3. Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslar bilan nikohni qayd etish
93. Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtayotgan shaxslar bilan nikohni qayd etish shu muassasa joylashgan hududdagi FHDY organlari tomonidan amalga oshiriladi.
94. Mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs, nikohga kirish haqidagi maxsus blankadagi arizaning oʻziga taalluqli qismini toʻldirib doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organiga topshiradi. FHDY organi arizada keltirilgan maʼlumotlarni ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan solishtiradi, arizada qayd etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini va arizachining imzosini tasdiqlaydi va unga arizani qaytaradi. Shundan soʻng mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs bu arizani mahkumga berishi uchun jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatiga topshiradi.
95. Mahkum bilan nikohga kirish haqidagi arizani olgandan keyin, jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati uni tegishli joyini toʻldirish uchun mahkumga taqdim etadi. Jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati toʻldirilgan arizadagi maʼlumotlarni mahkumning shaxsiy yigʻmajildidagi maʼlumotlar (mahkumning shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan taqdirda ham) bilan solishtiradi, ularning haqiqiyligini va imzosini tasdiqlaydi va arizani jazoni ijro etish muassasasi joylashgan mazkur hududdagi FHDY organiga yuboradi.
Bunda ariza FHDY organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin shu kunning oʻzida nikohga kiruvchi mahkumning tibbiy tekshiruvdan oʻtishi uchun yoʻllanma va nikohni qayd etish vaqtini belgilash toʻgʻrisidagi xabarnoma jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatiga yuboriladi.
Agar mahkumning shaxsiy yigʻmajildida uning oilaviy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻliq boʻlmasa, kam yoki noaniq boʻlsa, u holda jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati bu maʼlumotlarni tegishli tashkilotlar va muassasalar orqali ularni talab qilib olish yoki aniqlash choralarini koʻradi.
Jazoni oʻtash muassasalari maʼmuriyati mahkumni nikohdan oldin tibbiy koʻrikdan belgilangan tartibda oʻtkazadi.
96. Mahkum bilan nikohni qayd etish FHDY organi bilan kelishilgan holda jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati tomonidan ajratilgan binoda nikohga kiruvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi.
97. Mahkum bilan nikohga kiruvchi shaxsga FHDY organi tomonidan nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma beriladi.
98. Mahkumning shaxsiy yigʻmajildidagi anketasiga FHDY organi tomonidan shtamp bosiladi, er yoki xotinning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili, FHDY organining nomi hamda nikoh tuzilgan sana va dalolatnoma yozuvi raqami yozib qoʻyiladi.
99. Sudgacha qamoqda ushlab turilgan shaxslar bilan nikohni qayd etish tergov ishini olib borayotgan mansabdor shaxs yoki organ ruxsati bilan shu hududdagi FHDY organi tomonidan, vaqtincha saqlash hibsxonasida (tergov hibsxonasida, gauptvaxtada) amalga oshiriladi.
100. Mazkur Qoidalarning 99-bandida koʻrsatilgan holatda nikohga kirish haqidagi arizaga va nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga qayd etishga ruxsat bergan organning mansabdor shaxsi imzosi qoʻyiladi.
6-bob. Nikohdan ajratish
§ 1. Voyaga yetmagan farzandlari boʻlmagan er-xotinlarni ularning oʻzaro roziligiga koʻra nikohdan ajratishni qayd etish
101. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 42 va 218-moddalariga muvofiq FHDY organi mulkiy nizolari hamda voyaga yetmagan farzandlari (shu jumladan, farzandlikka olinganlari) boʻlmagan er-xotinlardan nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi arizani qabul qiladi. Agar xotin homilador boʻlsa nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etiladi.
FHDY organi er-xotinni yarashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan boʻlsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasini nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ariza berilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
102. Alohida yashovchi er-xotinni nikohdan ajratishni qayd etish ularning birgalikda bergan arizalariga asosan FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar er-xotindan biri nikohdan ajralish toʻgʻrisidagi arizani berish uchun FHDY organiga kela olmasa, u holda er-xotin nomidan birgalikda yozilgan arizani ulardan biri topshirishi mumkin. Kela olmagan er yoki xotinning arizadagi imzosi notarial tartibda yoki FHDY organi mudiri tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Arizada er-xotin ajralishga oʻzaro rozi ekanliklari, voyaga yetmagan bolalari yoʻqligi, shuningdek ulardan biri nikohdan ajratish qayd etilishi belgilangan kunda FHDY organiga kela olmasa, nikohdan ajratishning uning ishtirokisiz qayd etilishiga roziligi tasdiqlanadi.
Bunda FHDY organlari tegishli organlardan voyaga yetmagan farzandlari yoʻqligini tasdiqlovchi hujjatlarni soʻrashi mumkin.
103. Agar nikohdan ajralishga er-xotinning oʻzaro roziligi boʻlgani holda umumiy mulk haqida yoki mehnatga layoqatsiz, muhtoj er yoki xotinning taʼminoti haqida nizolar boʻlsa, u holda nikohdan ajratish sud tartibida hal etiladi.
104. Er yoki xotindan birining nikohgacha boʻlgan familiyasiga qaytishi toʻgʻrisidagi istagi nikohdan ajratish haqidagi arizasida koʻrsatilishi kerak.
Nikohdan ajratish qayd etilgandan soʻng nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga uning tugatilganligi haqida belgi qoʻyiladi va u arizachilarga qaytariladi.
105. Nikohdan ajratishni qayd etishda, er va xotinning oʻzaro kelishuviga koʻra, ularning biridan yoki ikkalasidan belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
Er yoki xotindan birining ishtirokida nikohdan ajratishni qayd etishda davlat boji toʻliq miqdorda undiriladi.
§ 2. Er yoki xotindan birining arizasi asosida nikohdan ajratish
106. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 43 va 219-moddalariga muvofiq er-xotindan biri:
sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa;
sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa;
sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, oʻrtada voyaga yetmagan umumiy bolalari bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, er-xotindan birining arizasiga koʻra FHDY organlarida nikohdan ajratish qayd etiladi.
Bunday hollarda arizaga qoʻshimcha ravishda quyidagilar ilova qilinadi:
er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilganligi toʻgʻrisida qonuniy kuchga kirgan sud qarori;
er (xotin)ning uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi toʻgʻrisida qonuniy kuchga kirgan sud hukmidan koʻchirma, shuningdek sudlangan er (xotin)ning nikohdan ajratishga oʻrtada umumiy bolalari va mol-mulki yuzasidan nizolari yoʻqligi toʻgʻrisidagi roziligi.
Bolalari toʻgʻrisida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini boʻlish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er(xotin)ga taʼminoti uchun mablagʻ toʻlash haqida nizo mavjud boʻlsa nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.
107. Oʻzaro bolalari va mulkiy nizolari boʻlmagan va 3 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarni nikohdan ajratish er-xotinning oʻzaro roziligiga koʻra umumiy qoidalar asosida FHDY organlari tomonidan amalga oshiriladi.
108. Sudning er-xotindan birining bedarak yoʻqolgan deb topilganligi toʻgʻrisidagi qarori boʻyicha nikohdan ajratish er yoki xotin doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
109. Sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan er (xotin) qaytib kelganda va sudning tegishli hal qiluv qarori bekor qilinganda nikoh er-xotinning birgalikdagi arizasi boʻyicha FHDY organi tomonidan tiklanishi mumkin.
Bu holda FHDY organi nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvini va uning asosida berilgan tegishli guvohnomani bekor qiladi.
Tomonlardan biri yangi nikohga kirgan taqdirda nikoh tiklanishi mumkin emas.
Bu holda bedarak yoʻqolgan deb topilgan shaxs murojaat qilgan taqdirda nikohdan ajralganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
§ 3. Sud qarori bilan nikohdan ajratishni qayd etish
110. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 47-moddasiga binoan nikoh FHDY organida nikohdan ajratish qayd etilgan kundan boshlab tugatiladi.
111. FHDY organi sud qarori asosida er-xotinlardan birining arizasiga binoan nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvini qayd etadi va nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi guvohnomani beradi.
Bunda nikohdan ajratishni qayd etishgacha FHDY organi er yoki xotindan birining nikohdan ajratilganlik fakti rasmiylashtirilganligini “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali tekshiradi.
Agar nikohdan ajratish FHDY organida tomonlardan birining arizasiga koʻra qayd etilgan boʻlsa, u holda dalolatnoma yozuvi ikkinchi tomon toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan toʻldiriladi va nikohdan ajratganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
Nikohdan ajralganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvini qayd etish, nikohdan ajralganlik toʻgʻrisidagi dalolatnomadagi yozuvlarga qoʻshimchalar kiritish va nikohdan ajralganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani berish, shuningdek tomonlardan birining ishonchnoma asosida harakat qiluvchi vakilning arizasi boʻyicha ham amalga oshirilishi mumkin.
1998-yil 1-sentabrdan 2010-yil 15-sentabrgacha boʻlgan davrda qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari boʻyicha nikohdan ajratishni qayd etish yoʻqolgan dalolatnoma yozuvlarini tiklash tartibi va qoidalariga binoan amalga oshiriladi.
112. MDH mamlakati va chet el davlat sudi tomonidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaror asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohdan ajratish (qaror qachon chiqqanidan qatʼi nazar) agar davlatlararo bitimda boshqa hol nazarda tutilmagan boʻlsa, umumiy tartibda FHDY organida qayd etiladi. Nikohdan ajratishni qayd etishda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
7-bob. Oʻlimni qayd etish
113. Oʻlimni qayd etish marhumning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
114. Oʻlimni qayd etish toʻgʻrisidagi ariza oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma berilgandan keyin 3 kundan kechikmay berilishi kerak (oʻlimni kompozit davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno).
Oʻlimni qayd ettirish toʻgʻrisida marhumning qarindoshlari va yaqin kishilari, shuningdek tibbiy muassasa maʼmuriyati murojaat etishlari mumkin, ular oʻlim toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma taqdim etadilar.
Agar voyaga yetmagan vafot etgan shaxsga nisbatan FHDY organida tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilmagan boʻlsa, vafot etgan shaxsga tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilib, bu haqda ariza bergan shaxsga maʼlumotnoma beriladi, shundan soʻng vafot etgan shaxsga nisbatan belgilangan tartibda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etiladi.
115. Oʻlimni qayd etishda taqdim etilgan tibbiy maʼlumotnoma yoki sudning fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori dalolatnoma yozuviga qistirib qoʻyiladi (oʻlimni kompozit davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno).
116. Chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻlimini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
117. Chet elda vafot etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻlimini qayd etish marhum yashab turgan yoki oʻlim sodir boʻlgan joydagi Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar oʻlimni qayd etish marhumning yashash joyidan boshqa okrugda amalga oshirilsa, u holda oʻlimni qayd etgan konsullik muassasasi marhum hisobda turgan konsullik muassasasiga uning familiyasi, ismi, otasining ismi, oʻlgan sanasi, shuningdek oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va oʻlim qayd etilgan joy va sana koʻrsatilgan xabarnoma yuboradi.
118. Agar oʻlimni qayd etishda marhumning homiysiz qolgan voyaga yetmagan bolalari borligi maʼlum boʻlsa, u holda konsul shu kunning oʻzidayoq bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar beradi.
119. Jazoni ijro etish muassasalarida vafot etgan shaxslarning oʻlimini qayd etish mazkur muassasa maʼmuriyatining xabariga koʻra, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
120. Sudning fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori asosida va oʻlimi qonunchilikda belgilangan muddatlarda qayd etilmagan shaxslarning oʻlimini qayd etish FHDY organi tomonidan umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
121. Oʻlimni qayd etishda 16 yoshgacha vafot etganlarning tugʻilganlik haqida guvohnomasi taqdim qilinadi. Bunda FHDY organi xodimi (konsul) guvohnomaga oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va sanasini yozadi.
Vafot etganlarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari har chorakda bir marta, dalolatnoma asosida yoʻq qilinadi.
122. Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgach ariza beruvchiga oʻlim haqida gerbli guvohnoma va qabristonga taqdim etish uchun tegishli namunadagi maʼlumotnoma beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimi tomonidan ariza beruvchiga belgilangan tartibda tegishli nafaqa tayinlanishi uchun “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboriladi.
Agar “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida vafot etgan shaxsning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boʻyicha maʼlumot mavjud boʻlsa, uning vafot etganligi haqidagi maʼlumot “Belgilar uchun” ustuniga kiritiladi.
123. Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayta tiklash tuman va shahar sudlarining qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Agar sud qarorida marhumning oʻlgan sanasi koʻrsatilmagan boʻlsa, u holda sud qarori kuchga kirgan sana marhumning oʻlgan kuni hisoblanadi.
124. Shaxsi aniqlanmaganlarning oʻlimini qayd etish sogʻliqni saqlash tizimi tibbiy muassasasining oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomasiga asosan shu muassasa joylashgan hududdagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunday hollarda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidagi barcha maʼlumotlar oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma asosida koʻrsatiladi va faqat qabristonga taqdim etish uchun maʼlumotnoma beriladi.
Oʻlim haqidagi gerbli guvohnoma faqat dalolatnoma yozuvidagi yetishmaydigan maʼlumotlar toʻldirilgandan keyingina beriladi.
125. FHDY organi qoʻshimcha tibbiy maʼlumotnoma yoki murdaning tanib olinganligi toʻgʻrisidagi prokuratura xabarnomasini olgach, dalolatnoma yozuviga yetishmaydigan maʼlumotlarni kiritadi va dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga zarur oʻzgartirishlar kiritish uchun adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga xabarnoma joʻnatadi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
8-bob. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash
126. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 230-moddasiga muvofiq dalolatnoma yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv boʻlganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar boʻlganida yoʻqolgan yozuvlarni qayta tiklab qoʻyish tushuniladi.
127. Tugʻilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan boʻlsa faqat ana shu shaxslarning arizasiga koʻra tiklanadi.
Agar oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishi haqidagi yozuv yoʻqolgan boʻlsa yozuv bolaning ota-onasi, vasiysi, homiysi, bolalar muassasasi maʼmuriyatining arizasiga binoan tiklanadi.
Yozuvni tiklashdan manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlsa yozuvni tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
128. Agar dalolatnoma yozuvining ikkala nusxasi ham yoʻqolgan boʻlsa, u holda dalolatnoma yozuvini tiklash 16 yoshga toʻlgan fuqaroning shaxsiy arizasiga koʻra FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvlarini tiklash ularni tiklash uchun asos boʻlgan barcha holatlar FHDY organi tomonidan aniqlangandan keyingina amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvini tiklash toʻgʻrisidagi ariza olingan taqdirda FHDY organi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun asosligini tasdiqlovchi dalolatnoma yozuvlaridan nusxalarni, ular saqlanadigan joydagi tegishli FHDY organlaridan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali soʻrab olishi mumkin.
129. Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun FHDY organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
dalolatnoma yozuvini tiklash toʻgʻrisida belgilangan namunadagi ariza;
adliya boshqarmasi idoraviy FHDY arxivining ariza beruvchining tugʻilgan joyi boʻyicha dalolatnoma yozuvining yoʻqligi yoki yoʻqolganligi (yoʻqolganlik sabalarini koʻrsatgan holda) haqidagi maʼlumotnomasi;
ariza beruvchi pasportining nusxasi;
ota-onasining pasportlari nusxalari, agar ota-onasi vafot etgan boʻlsa, ularning oʻlimi haqidagi maʼlumotnomalar;
nikoh tuzilganligi haqidagi (ota-onasining va oʻzining) maʼlumotnomalar;
ota-onalarining hujjatlari boʻlmaganda, aka-ukalari, opa-singillarining (ular boʻlsa) tugʻilganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun FHDY organiga ariza beruvchining iltimosini asoslovchi boshqa hujjatlar ham taqdim etilishi mumkin.
130. Arizani qabul qilishda ariza beruvchi yolgʻon koʻrsatmalar berganligi uchun javobgarligi haqida FHDY organi tomonidan ogohlantiriladi.
Qabul qilingan ariza qayta tiklash haqidagi arizalarni hisobga olish daftarida qayd etiladi.
131. Tugʻilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvida ariza beruvchining tugʻilgan yili: uning pasporti, harbiy bileti va boshqa mavjud hujjatlariga asosan koʻrsatiladi.
Agar taqdim etilgan hujjatlarda ariza beruvchining faqat tugʻilgan yili koʻrsatilib, tugʻilgan kuni va oyi koʻrsatilmagan boʻlsa, bu holda uning tugʻilgan sanasi oʻsha yilning 1-iyuli deb hisoblanadi.
132. Taqdim etilgan hujjatlar oʻrganib chiqilgandan soʻng FHDY organi mudiri tomonidan xulosa tuziladi, soʻngra tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvlari daftarida “T” harfi ostiga dalolatnoma yozuvi raqami qoʻyiladi va uning asosida tugʻilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi qayd etiladi va tugʻilganlik haqida guvohnoma beriladi.
Ariza beruvchining ota-onasi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda tugʻilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvidagi “Ota-onasi haqidagi maʼlumotlar” ustuni toʻldirilmaydi va chiziq qoʻyiladi.
133. Nikoh tuzilganligi haqida dalolatnoma yozuvini tiklash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
belgilangan namunadagi ariza;
adliya boshqarmasi idoraviy FHDY arxivining nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yoʻqligi yoki yoʻqolganligi (yoʻqolish sabablarini koʻrsatgan holda) haqidagi maʼlumotnomasi;
pasportlarning kseronusxalari (nusxalari);
bolalarining (ular boʻlsa) tugʻilganligi haqidagi guvohnomalari;
nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi boʻlganligini tasdiqlovchi boshqa qoʻshimcha hujjatlar.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida FHDY organi tomonidan xulosa tuziladi, soʻngra nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari daftarida oxirgi dalolatnoma yozuvining raqami takroriy ravishda “T” harfi qoʻygan holda yoziladi va nikoh tuzilganligi haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi tuziladi.
Nikoh tuzilganligi haqida guvohnomada “nikohlandilar” ustunida tiklanayotgan dalolatnoma yozuvining dastlabki qayd etilgan sanasi, “tegishli dalolatnoma yozuvi qayd etildi” ustunida esa — nikoh tuzilganligi haqida tiklanib tuzilgan dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi koʻrsatiladi.
134. Nikohdan ajralganlik haqida dalolatnoma yozuvini tiklash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
belgilangan namunadagi ariza;
adliya boshqarmasi idoraviy FHDY arxivining nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi yoʻqligi (yoʻqolganlik sabablari koʻrsatilgan holda) haqidagi maʼlumotnomasi;
pasportning kseronusxasi (nusxasi);
nikoh tuzilganligi haqida nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan maʼlumotnoma;
ilgarigi nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boʻlganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida FHDY organi tomonidan xulosa tuziladi, nikohdan ajralganlik haqida dalolatnoma yozuvlari daftariga oxirgi dalolatnoma yozuvining tartib raqami takroriy ravishda “T” harfi qoʻygan holda yoziladi va nikohdan ajratish haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi tuziladi.
Nikohdan ajralganlik haqidagi gerbli guvohnomaning “bu haqda ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni qayd qilish daftarida” ustunida nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining dastlabki sanasi, qavs ichida esa — tiklangan dalolatnoma yozuvining raqami va sanasi yozib qoʻyiladi.
135. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash uchun yetarli asoslar boʻlmaganda FHDY organi ariza beruvchiga rad qilinganlik haqidagi asoslangan xulosa beradi. Ushbu xulosa bilan ariza beruvchi masalani mohiyatiga koʻra hal etish uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega.
136. Dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi ariza FHDY organi tomonidan oʻn besh kun mobaynida koʻrib chiqilishi kerak.
Uzrli sabablar (dalolatnoma yozuvini tiklash uchun asoslanganlikni tasdiqlovchi yozuvlar nusxalari va boshqalar olinmaganligi) mavjud boʻlganda arizani koʻrib chiqish muddati FHDY mudiri tomonidan oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza beruvchiga xabar qilinadi.
137. Dalolatnoma yozuvi qayta tiklanganligi uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
9-bob. Dalolatnoma yozuvlarini oʻzgartirish, tuzatish, toʻldirish
138. Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud boʻlganda va manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan boʻlsa, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarning tugʻilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar kiritish ularning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslarning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga oʻzgartirishlar kiritish ular ota-onasining yoki qonuniy vakillarining arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi mumkin.
Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindosh(lar) yoki merosxoʻr(lar)ning arizasiga koʻra FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Vafot etgan shaxslarning tugʻilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qoʻshimchalar sud qaroriga asosan FHDY organi tomonidan kiritiladi.
FHDY organining dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritishni rad etishi yuzasidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
139. Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
“Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasi asosida tarixiy va milliy anʼanalarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi boʻlganda;
otalik belgilanganda;
farzandlikka olinganda;
ota-onaning oʻzaro kelishuviga koʻra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga koʻra voyaga yetmagan bolaning familiyasi oʻzgartirilganda;
millati oʻzgartirilganda;
nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi maʼlumotlarni oʻzgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar);
sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda, ota haqidagi maʼlumotlar bekor qilinganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda;
ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan bolaning familiyasi va otasining ismi oʻzgartirilganda;
dalolatnoma yozuvlarida imloviy xato va noaniqliklar boʻlganda, shuningdek tugʻilgan vaqti, joyi va otasining ismi haqidagi yozuv mavjud boʻlmaganda;
16 yoshga toʻlmagan bolaning ismi va familiyasi oʻzgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan boʻlsa;
agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan boʻlsa;
jinsi oʻzgartirilganda.
Dalolatnoma yozuviga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi ariza FHDY organi tomonidan, ariza tushgan kundan boshlab 10 kun mobaynida koʻrib chiqilishi kerak.
Uzrli sabablar (oʻzgartirish kiritish zarur boʻlgan yozuvlar nusxalari olinmaganda va boshqa hollarda) mavjud boʻlganda FHDY organi mudiri tomonidan ushbu muddat bir oygacha muddatga uzaytirilishi mumkin.
140. Dalolatnoma yozuvlari Oʻzbekistondan tashqarida boʻlgan, shuningdek nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida va oʻlim toʻgʻrisida, aka-ukalar va opa-singillarning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi va boshqa dalolatnoma yozuvlarida tafovutlar boʻlgan hollardan tashqari, yuqorida koʻrsatilgan barcha holatlarda dalolatnoma yozuvlari tuzilgan joyi boʻyicha xulosa tuzilmay tuzatishlar kiritiladi.
141. Oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi arizaga ariza beruvchining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari: uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (kseronusxasi) va boshqa zarur hujjatlar nusxalari ilova qilinadi. Ular bilan birga yigʻmajildga oʻzgartirishni talab qiladigan guvohnomalarning asl nusxalari tikib qoʻyiladi.
Dalolatnoma yozuviga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi ariza olinganda FHDY organi oʻzgartirish va tuzatishlar kiritiladigan dalolatnoma yozuvi nusxasini, shuningdek oʻzgartirish yoki tuzatishlar kiritish uchun asos mavjudligini tasdiqlovchi dalolatnoma yozuvlari nusxalarini ular saqlanayotgan joydagi FHDY organidan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali soʻrab oladi.
142. Agar oʻzgartirish kiritiladigan dalolatnoma yozuvi respublikadan tashqarida boʻlsa, u holda FHDY organi xulosa tuzadi yoki (davlatlararo kelishuv mavjud boʻlsa) ariza beruvchining arizadagi imzosini tasdiqlaydi va yigʻmajildni (arizani) dalolatnoma yozuvi tuzilgan joydagi FHDY organiga ijro etish uchun yuboradi.
143. Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi xulosa 3 nusxada tuziladi, ulardan biri yigʻmajildga tikiladi, ikkinchisi FHDY organida qoladi, uchinchi nusxasi ariza beruvchiga beriladi.
Zarur hollarda xulosa nusxalari tegishli FHDY organlariga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali yuboriladi.
144. Dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritgan FHDY organi dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga tegishli oʻzgartirish kiritish uchun bu haqda adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivini ikki ish kundan kechikmay “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabardor qiladi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
145. Ariza beruvchining xohishiga binoan FHDY organi dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritilganligi haqida maʼlumotnoma berishi mumkin.
146. Shaxsning uning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida jinsini oʻzgartirish jins oʻzgartirilganlik haqida tibbiyot muassasasining xulosasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Jinsi oʻzgartirilgan shaxs shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni bir oy ichida almashtirish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
147. Mazkur Qoidalarning 139-bandi uchinchi, toʻrtinchi va oʻn uchinchi xatboshilardan tashqari barcha hollarda oʻzgartirishlar kiritilganligi uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
148. Oʻzbekiston Respublikasining chet elda turuvchi fuqarolarining dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi arizalari ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari tomonidan koʻrib chiqiladi.
Konsul tomonidan yuborilgan hujjatlar asosida FHDY organi idoraviy arxivida saqlanayotgan dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritiladi.
10-bob. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish
149. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish haqidagi ariza ariza beruvchi 16 yoshga toʻlgach doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Agar 16 yoshga toʻlgan shaxs pasport yoki pasport oʻrnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirish haqida ariza bersa, u holda arizaga tugʻilganlik haqida guvohnoma ilova qilinadi.
150. Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizalar:
“Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq;
sudning hal qiluv qarori asosida;
agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz boʻlsa;
agar familiya va ism millatiga toʻgʻri kelmasa;
xohishiga qarab nikohgacha boʻlgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;
oila uchun umumiy familiyada boʻlish istagi paydo boʻlganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan boʻlsa;
bolalarning ota yoki ona bilan bir xil familiyada boʻlish, onasining nikohgacha boʻlgan familiyasida boʻlish, oʻgay otaning yoki vasiysining familiyasida boʻlish istagi paydo boʻlganda;
16 yoshga toʻlgan shaxsga otalikni belgilashda koʻrib chiqiladi;
151. Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ariza beruvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi;
agar ariza beruvchi nikohda turgan boʻlsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan boʻlsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari boʻlsa, u holda bolalarining tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari;
ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan koʻchirma;
agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
1 dona (3x4 oʻlchamli) fotosurat.
152. Oʻzgartirishlar kiritilishi uchun zarur boʻlgan dalolatnoma yozuvlari yoʻqolgan taqdirda, familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish ushbu hujjatlar tiklangandan keyin amalga oshiriladi.
153. Qabul qilingan ariza maxsus daftarga kiritiladi.
154. FHDY boʻlimi mudiri taqdim etilgan hujjatlar asosida, zarur hollarda esa boshqa FHDY organlaridan oʻzining talabi boʻyicha kerakli dalolatnoma yozuvlari nusxalarini “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali oladi va tegishli tekshiruv oʻtkazish uchun ichki ishlar organiga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali soʻrovnoma joʻnatadi.
155. Ichki ishlar organi taqdim qilingan hujjatlarni 20 kun mobaynida oʻrganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirish xususida asoslangan xulosa tuzadi va uni FHDY organiga axborot tizimi orqali taqdim etadi.
Ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismining oʻzgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa tuzilgan taqdirda ushbu holatning aniq sabablari koʻrsatiladi.
156. FHDY organi familiya, ism, ota ismi oʻzgarganligi toʻgʻrisida ichki ishlar organiga 3 kun mobaynida, agar ariza beruvchi harbiy xizmatga majbur boʻlsa — u holda tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga ham xabarnoma yuboradi.
157. Agar oʻzgartirish kiritish talab etiladigan dalolatnoma yozuvi boshqa joyda boʻlsa, u holda FHDY organi dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.
158. FHDY organi xabarnomaga binoan dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi va dalolatnoma yozuvini “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali tasdiqlaydi, shuningdek dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga ana shunday oʻzgartirishlarni kiritish uchun adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
Bunda, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi yangi guvohnoma chop etib beradi.
159. Familiyasi, ismi, ota ismi oʻzgartirilgan shaxs FHDY organi tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni bir oy ichida almashtirish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
160. Oʻzaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi oʻzgartirilishi ikkinchisining ham familiyasi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.
Ota-onalardan har ikkalasining familiyasi oʻzgartirilishi 16 yoshga toʻlmagan bolalari familiyasining ham oʻzgartirilishiga sabab boʻladi.
Ota-onalar yoki ulardan birining familiyasini oʻzgartirganligi ularning voyaga yetgan bolalarining familiyasi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.
Agar ota-onadan biri familiyasini oʻzgartirsa, ularning voyaga yetmagan bolalarining familiyasini oʻzgartirish masalasi ota-onalarning kelishuviga binoan, bunday kelishuv boʻlmaganda esa — vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
161. Otaning ismini oʻzgartirishi voyaga yetmagan bolalarning ota ismi oʻzgarishiga olib keladi.
Voyaga yetgan bolalarning ota ismi faqat ularning arizalariga koʻra oʻzgartiriladi.
162. Agar nikohga kirish paytida oʻzining nikohgacha boʻlgan familiyasini saqlab qolgan shaxs keyinchalik erining familiyasini qabul qilsa, shuningdek nikohga kirish paytida qabul qilgan familiyasini nikohgacha boʻlgan familiyasiga oʻzgartirsa, u holda oʻzgartirish faqat nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
Agar nikohdan ajratilgandan keyin nikohdagi familiyasini saqlab qolgan shaxs uni nikohgacha boʻlgan familiyasiga oʻzgartirsa, u holda oʻzgartirish faqat nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
163. 16 yoshga toʻlgan shaxslar tomonidan familiyasi, ismi, ota ismi oʻzgartirilgan barcha hollarda oʻzgartirish faqat tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “bola toʻgʻrisida maʼlumotlar” ustuniga kiritiladi.
Ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgarishsiz qoldiriladi.
164. Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolarining arizalari konsul tomonidan koʻrib chiqiladi. Arizaga mazkur Qoidalarning 151-bandida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinishi lozim. Zarur hollarda konsul arizachining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni va oʻzgartirish kiritilishi lozim boʻlgan dalolatnoma yozuvlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali talab qilib oladi.
Yigʻilgan hujjatlar asosida konsul Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasining yoki ariza beruvchi doimiy yashab turgan davlatning vakolatli organlaridan ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirishiga ruxsat berilganligi haqidagi fikr olishi zarur.
Ushbu fikr asosida konsul familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish haqida asoslangan xulosa tuzadi va uni yigʻmajild bilan birga oʻzgartirish kiritilishi lozim boʻlgan dalolatnoma yozuvi saqlanayotgan FHDY organiga yuboradi.
165. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza berilgan kundan boshlab bir oy mobaynida koʻrib chiqilishi kerak. Uzrli sabablar (ishni rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan dalolatnoma yozuvi nusxalarining boshqa FHDY organlaridan, ichki ishlar organlari xulosasining kechikib olinishi va boshqalar) mavjud boʻlganda FHDY organi mudiri ushbu muddatni oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
166. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
11-bob. Dalolatnoma yozuvlarini bekor qilish
167. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 233-moddasiga muvofiq, agar FHDY organi tomonidan ikki va undan ortiq bir xil yozuvlar borligi aniqlansa, tiklangan yozuvlar ular tuzilgan joydagi FHDY organi tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Agar topilgan dalolatnoma yozuvlarida familiya, ism, ota ismi, tugʻilgan sana, ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda jiddiy farq boʻlsa, tiklangan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari sudning qarori bilan bekor qilinadi.
168. Sudning dalolatnoma yozuvini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorini olgach bekor qilinayotgan yozuvni tuzgan FHDY organi uning diagonali boʻylab chiziq tortib, bu haqda belgi qoʻyadi va arizachiga maʼlumotnoma beradi.
169. FHDY organi adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga va dastlabki dalolatnoma yozuvi tuzilgan joydagi FHDY organiga dalolatnoma yozuvlarining bekor qilinganligi toʻgʻrisida “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnomalar yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
Adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivi xabarnomani olgach tegishli dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga bekor qilinganligi haqida belgi qoʻyadi, FHDY organi esa ariza beruvchiga dalolatnomaning dastlabki yozuviga muvofiq takroriy guvohnoma beradi.
170. Sobiq ittifoq respublikalaridan kelgan hujjatlar boʻyicha yozuvlarni bekor qilish adliya boshqarmalari xulosalari boʻyicha FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi, yozuvni bekor qilish boʻyicha hujjatlar esa shu FHDY organida saqlanadi.
12-bob. Dalolatnoma yozuvlarini toʻldirish
171. Dalolatnoma yozuvlari bir nusxada tuziladi.
Dalolatnoma yozuvlarining har bir turi har yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha tartib bilan ketma-ket raqamlanadi.
Dalolatnoma yozuvlari davlat tilida lotin grafikasida kompyuter yordamida toʻldiriladi.
172. Dalolatnoma yozuvlarining barcha ustunlari toʻliq, xatosiz va qisqartirishlarsiz (umumiy qabul qilinganlaridan tashqari) toʻldirilishi kerak.
173. Dalolatnoma yozuvlari pasport asosida, u boʻlmagan taqdirda — shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida toʻldiriladi.
Chet el fuqarosiga nisbatan dalolatnoma yozuvlari qayd etilayotganda millatidan tashqari qaysi davlat fuqarosi ekanligi ham koʻrsatiladi. Millati haqida maʼlumot boʻlmagan taqdirda fuqaroligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoziladi.
Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun “Fuqaroligi” ustuniga “fuqaroligi yoʻq” soʻzlari yoziladi.
174. Agar FHDY organiga dalolatnoma yozuvini qayd etish uchun murojaat qilgan shaxs davlat tilini bilmasa u tarjimon xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Bu haqda “Belgilar uchun” ustuniga tegishli yozuv kiritiladi.
Kar, soqov yoki karsoqov shaxs savodsiz boʻlgan taqdirda dalolatnoma yozuvini qayd etishda dalolatnoma yozuvi mazmuni kar, soqov yoki karsoqovning xohishiga muvofiq kelishini imzo bilan tasdiqlab unga tushuntirishi mumkin boʻlgan shaxs ishtirok etishi mumkin. Bu haqda “Belgilar uchun” ustuniga tegishli yozuv kiritiladi.
Dalolatnoma yozuvini koʻzi koʻr shaxs uchun tuzishda dalolatnoma yozuvi matni unga dalolatnoma yozuvini tuzgan FHDY organi xodimi tomonidan oʻqib beriladi. Bu haqda “Belgilar uchun” ustuniga tegishli yozuv kiritiladi.
175. Oʻlik tugʻilgan bola toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirishda tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga maʼlumotlar perinatal oʻlim haqidagi tibbiy maʼlumotnoma asosida kiritiladi.
176. Tirik tugʻilib, ammo hayotining birinchi haftasida oʻlgan bolaga nisbatan oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuviga maʼlumotlar perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma asosida kiritiladi.
177. Dalolatnoma yozuvlari toʻldirilgandan keyin ariza beruvchi tomonidan oʻqib chiqiladi va imzolanadi.
178. Dalolatnoma yozuvi asosida tegishli gerbli guvohnomalar davlat tilida lotin grafikasida toʻldiriladi va ariza beruvchiga topshiriladi.
179. Gerbli guvohnoma berish uchun (oʻlim haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan gerb yigʻimi undiriladi.
13-bob. Takroriy guvohnomalar va boshqa maʼlumotlar berish
180. Dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi saqlanayotgan FHDY organi manfaatdor shaxslarning arizalariga koʻra va tegishli dalolatnoma yozuvlari asosida takroriy guvohnomalar beradi.
Alohida hollarda (dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi yoʻqolganda, ikkinchi nusxa boʻyicha guvohnoma olish qulay boʻlganda) adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivlari dalolatnoma yozuvining birinchi va ikkinchi nusxalarining aynan bir xilligini tekshirgandan soʻng tugʻilganlik, nikoh tuzilganligi, oʻlim va nikohdan ajralganlik haqida takroriy guvohnomalar beradilar.
181. Tugʻilganlik haqida takroriy guvohnomalar fuqarolik holati dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxsning oʻziga, uning ota-onalariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qogʻozlari asosida boshqa shaxslarga beriladi. Vafot etgan shaxsga nisbatan tugʻilganlik haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning tugʻilganligi haqida maʼlumotnoma berilishi mumkin.
Oʻlim haqidagi takroriy guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxoʻrlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qogʻoziga ega boʻlgan shaxslarga beriladi.
Nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnomalar dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning oʻzlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qogʻoziga ega boʻlgan shaxslarga beriladi.
Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda nikoh tuzilganligi haqidagi maʼlumotnoma berilishi mumkin.
182. Bolalarga va muomalaga layoqatsiz shaxslarga takroriy guvohnomalar ularning ota-onalari (farzandlikka olganlar), vasiylari, homiylari, bolalarni ijtimoiy himoya qilish muassasalari maʼmuriyatlarining arizalari boʻyicha beriladi.
183. Ota-onasi boʻlmagan taqdirda, voyaga yetmagan shaxslarga yoki pasport olmagan shaxslarga tugʻilganlik haqidagi takroriy guvohnomalar ushbu shaxsning fotosurati yopishtirilgan, mazkur shaxs taʼlim olayotgan taʼlim muassasasi yoki yashash joyidagi mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan berilgan dalolatnoma asosida beriladi.
184. Takroriy guvohnoma olish toʻgʻrisidagi arizada ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismi, manzili, shaxsini tasdiqlovchi hujjatning seriyasi, raqami, guvohnoma soʻralayotgan shaxsning familiyasi, ismi, ota ismi, nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma soʻralganda — er-xotinning familiyalari, ismlari va ota ismlari, dalolatnoma yozuvi qachon va qaysi FHDY organi tomonidan qayd etilganligi va takroriy guvohnoma qanday sababga koʻra talab qilinayotganligi koʻrsatilishi kerak.
185. Takroriy guvohnoma olishni xohlovchi shaxs doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar FHDY organi orqali murojaat qilishi mumkin.
Dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan boʻlsa, arizani qabul qilgan FHDY organi uni dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali ijro uchun joʻnatadi.
Ariza beruvchi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organiga murojaat etganda takroriy guvohnoma shu kuniyoq beriladi.
Arizada qayd etilgan dalolatnoma yozuvi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda FHDY organi arizani besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqadi.
Harbiy xizmatni oʻtayotgan shaxslarning takroriy guvohnomalari harbiy qismlarga joʻnatiladi.
Agar takroriy guvohnoma soʻrab murojaat etilgan FHDY organida tegishli dalolatnoma yozuvi yoʻq boʻlsa, FHDY organi arizani va dalolatnoma yozuvi yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga tegishli tekshiruv oʻtkazish va takroriy guvohnoma berish uchun joʻnatadi.
186. Adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivi arizani olishi bilan dastlabki va tiklangan dalolatnoma yozuvlarini tekshiradi va takroriy guvohnomani yuboradi.
Dalolatnoma yozuvi mavjud boʻlmasa ariza beruvchiga tegishli maʼlumotnoma yuboriladi.
187. Takroriy guvohnoma berish haqida ariza tushganda tekshirish arizada koʻrsatilgan yil boʻyicha, agar mazkur yilda boʻlmasa — oʻtgan va keyingi 3 yillar boʻyicha oʻtkaziladi.
188. Takroriy guvohnoma olishda ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat koʻrsatilishi kerak.
189. Agar dalolatnoma yozuvining baʼzi ustunlari toʻldirilmagan boʻlsa, u holda chiziqlar qoʻyiladi.
Beriladigan guvohnomalarning yuqori qismiga “Takroriy” degan belgi qoʻyiladi.
190. Takroriy guvohnomalar berilganligi uchun davlat boji va (oʻlim haqidagi guvohnomalar bundan mustasno) gerb yigʻimi undiriladi.
191. Harakatlar amalga oshirayotgan FHDY organlari mansabdor shaxslari va boshqa xodimlarining, shuningdek xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda amalga oshirilayotgan harakatlar toʻgʻrisida maʼlum boʻlgan shaxslarning oʻzlariga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilishi, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham taqiqlanadi.
Dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar Vazirlik, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, ish yurituvida mavjud boʻlgan ishlar munosabati bilan notariuslar, shuningdek FHDY organlari, vasiylik va homiylik organlari va Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining soʻroviga koʻra beriladi (yuboriladi).
Fuqarolarga dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Zarur hollarda hokimlik, mudofaa ishlari boʻlimi, sogʻliqni saqlash, Bandlikka koʻmaklashish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining vakillari maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish yoki taqqoslash maqsadida adliya boshqarmalarining ruxsati bilan dalolatnoma yozuvlaridan ayrim maʼlumotlarni koʻchirib olishlari mumkin.
Amalga oshirilgan harakatlarning sirini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
14-bob. FHDY organlari idoraviy arxivi
192. Tumanlar (shaharlar) dagi FHDY boʻlimlari idoraviy arxivlari (keyingi oʻrinlarda — FHDY boʻlimlari idoraviy arxivlari) hamda adliya boshqarmalari idoraviy FHDY arxivlari FHDY organlarining idoraviy arxivi hisoblanadi.
(192-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
FHDY boʻlimlari idoraviy arxivlari tegishli tuman (shahar) hududida tuzilgan dalolatnoma yozuvlaridan iborat boʻlgan daftarlardan tashkil topadi.
(192-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
Hujjatlarning va arxiv materiallarining saqlanishini taʼminlash maqsadida FHDY organlari dalolatnoma yozuvlarini Vazirlik tasarrufida boʻlgan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritadilar.
193. Oʻlimni qayd etish bilan shugʻullanuvchi fuqarolar yigʻini raisi qayd etgan oʻlim toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvlarini FHDY organiga topshirishi kerak.
(193-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari dalolatnoma yozuvlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Vazirlikka topshirishlari kerak.
194. FHDY boʻlimlari idoraviy arxivlarida saqlanayotgan dalolatnoma yozuvlari kitoblar tarzida tikiladi, arxiv fondi hisobiga olinadi.
(194-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
195. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari Toshkent shahar adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivida saqlanadi. Ushbu dalolatnoma yozuvlari boʻyicha keyingi harakatlar mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda Toshkent shahar adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivi tomonidan amalga oshiriladi.
196. FHDY organlari idoraviy arxivi uchun alohida xona boʻlmaganda dalolatnoma yozuvlari daftarlari ish xonalarida temir shkaflarda saqlanishi mumkin.
197. FHDY organlari idoraviy arxivlari, daftarlar shkaflari ishdan tashqari vaqtda FHDY organining mansabdor shaxsi tomonidan muhrlab qoʻyilishi kerak.
198. FHDY organlari idoraviy arxivlarida dalolatnoma yozuvlari daftarlarini saqlash uchun zarur sharoitlarni yaratish adliya boshqarmalariga yuklanadi.
199. FHDY organlaridan kelib tushgan xabarnomalar asosida dalolatnoma yozuvlariga kiritilgan barcha oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi belgilar adliya boshqarmasi idoraviy FHDY arxivi mansabdor shaxsining imzosi bilan tasdiqlanishi va gerbli muhr bilan muhrlanishi kerak.
200. Joʻnatilayotgan xabarnomalar FHDY organidan chiqayotgan xat va xabarnomalar daftarida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
201. FHDY organi idoraviy arxivida dalolatnoma yozuvlari daftarlarining toʻliq saqlanishi uchun javobgarlik FHDY organi mudiri yoki FHDY organi idoraviy arxivi uchun masʼul boʻlgan aniq xodim zimmasiga yuklanadi.
202. Adliya boshqarmalari FHDY organi idoraviy arxivlarini dalolatnoma yozuvlarini kitob shaklida tikish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar bilan taʼminlaydi.
203. Adliya boshqarmalarining FHDY organlari idoraviy arxivlari keluvchilar uchun xonaga, ish xonasiga hamda dalolatnoma yozuvlari daftarlari saqlanadigan xonalarga ega boʻlishlari kerak.
Arxiv uchun ajratilgan xona temir stellajlar va temir javonlar bilan jihozlangan boʻlishi, uning eshiklari va derazalariga temir panjaralar oʻrnatilishi kerak.
204. Arxivga begona kishilarning kirishi, dalolatnoma yozuvlari bilan tanishishi, ulardan nusxalar, fotonusxalar olishi, ularga dalolatnoma yozuvlari daftarlarining berilishi qatʼiyan man etiladi.
205. FHDY organi idoraviy arxivlarida dalolatnoma yozuvlari tuzilgan kunidan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi. Bu muddat tugagach, dalolatnoma yozuvlari daftarlari adliya boshqarmalarining idoraviy FHDY arxivlariga topshiriladi.
Adliya boshqarmalarining idoraviy FHDY arxivlari dalolatnoma yozuvlarining har ikkala nusxalarini bir-biri bilan solishtirib, zaruriy oʻzgartirishlar, tuzatishlar, qoʻshimchalar va belgilar kiritadilar, foydalanishga yaroqsiz holdagi dalolatnoma yozuvlarini almashtiradilar, belgilangan tartibda rasmiylashtiradilar va ularni doimiy saqlash uchun davlat arxiviga topshiradilar.
Dalolatnoma yozuvlari bir nusxada tuzilgan holatlarda adliya boshqarmasi tomonidan doimiy saqlash uchun davlat arxiviga topshiriladi.
206. Adliya boshqarmalarining idoraviy FHDY arxivlarida qolgan dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxalari muddati oʻtgach, dalolatnoma asosida yoqish yoʻli bilan yoʻq qilinadi.
Saqlash muddatlari oʻtganligi sababli dalolatnoma yozuvlari daftarlarini yoʻq qilish haqidagi dalolatnoma adliya boshqarmasining boshligʻi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
207. Dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu yozuvning ikkinchi nusxasi saqlanayotgan adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivi tomonidan tegishli FHDY boʻlimiga dalolatnoma yozuvining nusxasi yoki undan koʻchirma yuboriladi.
(207-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
Zaruriyat boʻlganda, adliya boshqarmasining ushbu idoraviy FHDY arxivi mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda ushbu dalolatnoma yozuviga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritadi hamda bu haqda tegishli FHDY boʻlimi idoraviy arxiviga xabarnoma yuboradi.
(207-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
Dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
15-bob. “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi
208. “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi fuqarolik holati dalolatnomalari, dalolatnoma yozuvlariga aloqador oʻzgartirishlar, ularning qayta tiklanishi va bekor qilinishi hamda fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar va ulardan koʻchirmalar berilganligi haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan davlat elektron axborot tizimi hisoblanadi.
209. FHDY organlari fuqarolik holati dalolatnomalari, shuningdek ularga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalarning “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga oʻz vaqtida va toʻgʻri kiritilishini taʼminlaydilar.
210. FHDY organlari oʻzaro hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali axborot almashishlari mumkin. “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali almashilayotgan axborot FHDY organlari va manfaatdor tashkilotlar tomonidan ish yurituviga rasmiy hujjat sifatida qabul qilinadi.
16-bob. FHDY organlari, Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari va fuqarolar yigʻinlarining hisoboti
211. Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari har yarim yillikdan keyingi oyning 15-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Vazirlikka qayd qilingan dalolatnoma yozuvlari va sarflangan gerbli guvohnomalar boʻyicha hisobot taqdim etadilar.
212. Fuqarolar yigʻini raislari tomonidan qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari keyingi oyning 2-kunidan kechiktirmay FHDY organiga topshiriladi. Hisobotning ikkinchi nusxasi fuqarolar yigʻinida saqlanadi.
(212-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
213. FHDY organlarining dalolatnoma yozuvlari va gerbli guvohnomalar boʻyicha hisobotlari “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidan olinadi.
214. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Vazirlikka chorakdan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay topshirilishi kerak.
17-bob. Gerbli guvohnomalarni hisobga olish va saqlash
215. Dalolatnoma yozuvlari asosida tartib raqami va seriyasi boʻlgan, FHDY organining muhri va mansabdor shaxsining imzosi qoʻyilgan gerbli guvohnomalar beriladi.
216. FHDY organlarida guvohnomalarning hisobga olinishi va ularning saqlanishi uchun ularning mudirlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida — ularning raislari, Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida esa — konsullar masʼul hisoblanadi.
217. Agar gerbli guvohnomalarning saqlanishi uchun masʼul shaxs uzrli sabablarga koʻra boʻlmaganda, u holda gerbli guvohnomalar dalolatnoma boʻyicha uning vazifasini vaqtincha ijro etayotgan mansabdor shaxsga topshiriladi.
218. Gerbli guvohnomalarning kamchiligi, nuqsonlari, yoʻqolganligi va oʻgʻirlanganligi toʻgʻrisida Vazirlikka maxsus xabarnoma joʻnatiladi.
Gerbli guvohnomalar yoʻqolgan har bir holatda adliya boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi va aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq qatʼiy choralar koʻrilishi lozim.
219. Gerbli guvohnomalarni hisobga olish va sarflash daftarlari aniq va ravshan toʻldirilishi kerak.
Gerbli guvohnomalarni sarflashda ularning raqamlari yozilishida ketma-ketlik qoidasini buzish, daftardagi yozuvlarni chizish va oʻchirish qatʼiyan man etiladi. Ushbu daftarlarga kiritilgan har bir tuzatish izohlanishi zarur.
220. Gerbli guvohnomalar muhrlanadigan seyflarda saqlanishi kerak.
18-bob. FHDY organlari faoliyatini tekshirish
221. Vazirlik FHDY organlarining huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganadi.
222. Vazirlik FHDY organlarining faoliyatini har ikki yarim yilda bir marta, adliya boshqarmalari esa har yili tekshirishi lozim.
223. FHDY organlari tomonidan dalolatnoma yozuvlari boʻyicha oʻzlariga hisob beruvchi fuqarolar yigʻinlari faoliyati bir yilda 1-marta tekshirilishi lozim.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 540-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/540/0858-son)
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1999-yil 12-apreldagi 171-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 4-son, 18-modda) 1-bandining ikkinchi xatboshi, shuningdek qarorga 1-ilova.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PF-4161-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1252-son qarorlari)” 2010-yil 24-martdagi 52-son qaroriga 1-ilova 18-bandining “a” kichik bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 3-son, 12-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2010-yil 14-sentabrdagi OʻRQ–255-son Qonuni) 2010-yil 28-dekabrdagi 319-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 12-son, 74-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Dafn etishga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 14-iyundagi 174-son qaroriga 2-ilovaning 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT., 2011-y., 6-son, 51-modda).
6. Vazirlar Mahkamasining “Apostil qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 17-noyabrdagi 307-son qaroriga 2-ilovaning 3-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT., 2011-y., 11-son, 90-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 50-son, 566-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/270/1028-son, 11.08.2018-y., 09/18/638/1690-son, 26.09.2018-y., 09/18/767/1966-son; 16.02.2019-y., 09/19/134/2621-son; 30.09.2019-y., 09/19/827/3827-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 21.11.2020-y., 09/20/739/1522-son; 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 29.09.2022-y., 09/22/540/0858-son, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son; 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)