Hujjat 15.09.2016 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 12-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2016-yil 24-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yoshlarga oid davlat siyosati — davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
yoshlar (yosh fuqarolar) — oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar;
yosh oila — er-xotinning ikkisi ham oʻttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan oʻttiz yoshdan oshmagan yolgʻiz otadan yoki yolgʻiz onadan iborat boʻlgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);
yosh mutaxassis — oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini bitirgan, taʼlim muassasasini bitirganidan soʻng olgan ixtisosligi boʻyicha uch yil ichida ishga kirgan va maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan ixtisosligi boʻyicha ishlayotganiga uch yildan koʻp boʻlmagan oʻttiz yoshdan oshmagan xodim;
yoshlar tadbirkorligi — yuridik shaxs tashkil etmagan holda yosh fuqarolar tomonidan, shuningdek taʼsischilari yosh fuqarolar boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati.
4-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ochiqlik va shaffoflik;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi;
yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
maʼnaviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;
yoshlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmasligi.
5-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
yoshlarning hayoti va sogʻligʻini saqlash;
yoshlarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashish;
yoshlar uchun ochiq va sifatli taʼlimni taʼminlash;
yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;
yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuygʻusi, bagʻrikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
Keyingi tahrirga qarang.
yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoya qilish;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish;
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yoshlarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yosh oilalarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
yoshlarning huquqlari va erkinliklarini roʻyobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
6-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar
Yoshlarga oid davlat siyosati davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va roʻyobga chiqarishni taʼminlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat hayotida ularning oʻrni va faolligini oshirish, sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash maqsadida ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisidagi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Fuqarolar yigʻinlarida sportning futbol turini yanada rivojlantirish hamda fuqarolar yigʻinlari raislarining oʻrinbosarlari — yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilarni moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori.
2-bob. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yoshlarga oid davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishning borishini umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etadi hamda uni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining hamkorligini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
Keyingi tahrirga qarang.
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishning samaradorligini oshirish uchun yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini taʼminlaydi;
yoshlarning bandligi va ularni ishga joylashtirish siyosati roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi, mehnat bozori va yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish amaliyoti monitoringini tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimi
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimiga quyidagilar kiradi:
taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari;
davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari;
madaniyat va sport ishlari boʻyicha organlar;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
mehnat organlari;
prokuratura organlari;
ichki ishlar organlari;
adliya organlari;
mudofaa ishlari boʻyicha organlar.
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar ham qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlarining va taʼlim muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
taʼlim sifatini oshirishga, malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
manfaatdor organlar va muassasalar bilan birgalikda oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligining tahlilini amalga oshiradi hamda uning natijalari asosida taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
yoshlarning taʼlimi va tarbiyasi sifatini oshirish, oʻquv jarayoniga taʼlimning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish chora-tadbirlarini koʻradi;
taʼlim muassasalarida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni taʼminlash maqsadida sport seksiyalari, fan, texnika toʻgaraklari va ijodiy toʻgaraklar, klublar tashkil etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek ularni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga doir faoliyatda ishtirok etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy-psixologik va pedagogik yordam koʻrsatadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlarining va sogʻliqni saqlash muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida sanitariya-gigiyenaga oid bilimlarni tarqatish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha targʻibotni tashkil etadi;
yoshlar oʻrtasida tizimli tibbiy tekshiruvlarni tashkil etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka chalingan, ruhiy holati buzilgan, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga chalingan yosh fuqarolarni aniqlaydi, ularni hisobga olishni, tekshiruvdan oʻtkazishni, shuningdek tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni va ijtimoiy moslashtirishni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Madaniyat va sport ishlari boʻyicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Madaniyat va sport ishlari boʻyicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga boʻlgan intilishni va sportga qiziqishni ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar oʻrtasida xalq oʻyinlari, milliy va boshqa sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilishini tashkil etadi;
yoshlar oʻrtasida badiiy ijodiyotni, xalq va havaskorlik ijodiyotini targʻib qilishni amalga oshiradi;
yoshlar oʻrtasida kino, teatr, musiqa, xoreografiya, tasviriy, sirk, xalq amaliy sanʼatini va estrada sanʼatini rivojlantirishga, ularning gʻoyaviy-badiiy va axloqiy saviyasini oshirishga koʻmaklashadi;
yoshlar oʻrtasidagi ommaviy-madaniy va bayram tadbirlari gʻoyaviy mazmun bilan toʻldirilishini taʼminlaydi, ijodiy uyushmalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
yoshlar oʻrtasida xalqaro madaniy, sport aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashda, konferensiyalar, koʻrgazmalar, sport musobaqalarini oʻtkazishda ishtirok etadi;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashadi, ularning oʻz iqtidori va isteʼdodini toʻlaqonli namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
xalqaro va respublika miqyosidagi ijodiy safarlarning tashkil etilishini hamda madaniyat va sport sohasida oʻtkaziladigan koʻriklarda, tanlovlarda, festivallarda, boshqa tadbirlarda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarning ishtirok etishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Madaniyat va sport ishlari boʻyicha organlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Mehnat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mehnat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning bandligi darajasini tizimli asosda tahlil qiladi, ularning bandligini taʼminlashda ishtirok etadi;
yoshlarni kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash boʻyicha tizimni tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mehnat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Prokuratura organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Prokuratura organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Prokuratura organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Ichki ishlar organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Ichki ishlar organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini koʻradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Ichki ishlar organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Adliya organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Adliya organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Adliya organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Mudofaa ishlari boʻyicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mudofaa ishlari boʻyicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarligini tashkil etishda ishtirok etadi;
yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mudofaa ishlari boʻyicha organlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan yosh fuqarolarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoʻshimcha moddiy yordam koʻrsatadi;
Keyingi tahrirga qarang.
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirishga, sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, oilada maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻradi;
yoshlarni tarbiyalash masalalari yuzasidan taʼlim muassasalari va boshqa muassasalar bilan hamkorlik qiladi;
tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda yoshlarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishi
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarda hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarni shakllantirishda, ularni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan qilib tarbiyalashda ishtirok etadi;
sogʻlom va barkamol yoshlarni tarbiyalashga, jamiyat hayotida ularning roli hamda faolligini oshirishga doir tadbirlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
yoshlarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni hamda roʻyobga chiqarishni taʼminlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashadi;
fan, sport, sanʼat va madaniyat sohasida yoshlarning ijodiy isteʼdodi va qobiliyatini erta aniqlashga hamda rivojlantirishga koʻmaklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
yoshlarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirishda, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga, ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka, kashandalikka hamda oʻzga zararli illatlarga qarshi kurashishga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda, yoshlar sportini ommaviy rivojlantirishda ishtirok etadi;
yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirishga, ekologik taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoshlarni oʻqitish bilan shugʻullanishi mumkin;
Keyingi tahrirga qarang.
yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga, kasbga yoʻnaltirishga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga koʻmaklashadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishini kafolatlaydi va taʼminlaydi.
20-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi
Ommaviy axborot vositalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga, shu jumladan sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, jamiyat hayotida uning roli va faolligini oshirishga, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarni yoritadi;
yoshlarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashishga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi, davlat dasturlari va hududiy dasturlar roʻyobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar, shuningdek fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlari
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) oʻz ishtirokchilari (aʼzolari) oʻrtasida taqsimlamaydigan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishni hamda himoya qilishni, shuningdek yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni oʻzining maqsadlari deb biladigan, oʻzini oʻzi boshqaradigan tashkilotdir.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat moddiy va moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼlim muassasalarining binolaridan, klublar, madaniyat va aholi dam olish markazlaridan, sport inshootlaridan va boshqa inshootlardan foydalanish huquqini beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti oʻz ustavida nazarda tutilgan, faoliyatini moddiy jihatdan taʼminlash uchun zarur boʻlgan binolarga, inshootlarga, uy-joy fondiga, uskunalarga, ashyolarga, madaniy-maʼrifiy va sogʻlomlashtirish uchun moʻljallangan mol-mulkka, pul mablagʻlariga, qimmatli qogʻozlarga va boshqa mol-mulkka ega boʻlishi mumkin.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlgan shaxs yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti aʼzosi boʻlishi mumkin. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotiga aʼzo boʻlish, aʼzolikni yoʻqotish shartlari va tartibi, shu jumladan yoshiga koʻra uning aʼzoligidan chiqish shartlari tegishli nodavlat notijorat tashkilotining ustavida belgilanadi.
3-bob. Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish
22-modda. Yoshlar huquqlari va erkinliklarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunga muvofiq har bir yosh fuqaroning huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-bulimi.
Yosh fuqarolarning huquqlari va erkinliklari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, yoshlarning huquqlari va erkinliklarini biror bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi hamda bunday cheklash qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat voyaga yetmaganlarni jazoni ijro etish muassasalarida va ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida saqlashda shaxsning huquqlariga va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, insonparvarlik prinsiplariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Voyaga yetmaganlar uchun ular sodir etgan huquqbuzarlikning ogʻirlik darajasi va ularning yoshi hisobga olingan holda jazoni ijro etish muassasalarida va ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida qonun hujjatlariga muvofiq tabaqalashtirilgan rejimda saqlash nazarda tutiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoshlar uchun quyidagilar kafolatlanadi:
Keyingi tahrirga qarang.
bepul tibbiy xizmat koʻrsatilishi;
bepul umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi olish;
davlat taʼlim muassasalarida davlat grantlari doirasida bepul oliy taʼlim olish;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat sport-sogʻlomlashtirish va madaniy-maʼrifiy muassasalariga borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
uy-joy qurish, olish va uni rekonstruksiya qilish uchun imtiyozli kreditlar berish;
taʼlim muassasalarida oʻqish uchun imtiyozli kreditlar berish;
yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash;
oʻrta maxsus, kasb-hunar yoki oliy taʼlim muassasasini bitirganidan keyin bandlikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;
mehnat sohasida yoshga doir oʻziga xosliklarni inobatga olgan holda imtiyozlar berish va ishni taʼlim bilan qoʻshib olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish va qurish chogʻida yoshlarning ehtiyojlarini hisobga olish;
jamoat transportidan foydalanishda imtiyozlar berish.
Ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan yosh fuqarolarni ishga joylashtirishga yordam qoʻshimcha ish oʻrinlari va ixtisoslashtirilgan korxonalarni barpo etish, oʻqitish boʻyicha maxsus dasturlarni tashkil etish, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda ish joylarining eng kam miqdori zaxirasini yaratish yoʻli bilan taʼminlanadi.
Kam taʼminlangan yosh oilalarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy yordam berish choralari koʻrilishi mumkin.
Oʻquv jarayoni vaqtida oʻquvchilar va talabalarni jamoatchilik ishlariga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ular tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos va oʻquv-ishlab chiqarish amaliyotining shakli boʻlgan hollar yoxud oʻquvchilar va talabalar oʻqishdan boʻsh vaqtida ixtiyoriy mehnat qilgan hollar mustasno. Mazkur mehnat faoliyatiga mehnat toʻgʻrisidagi yoki fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Qonun hujjatlarida yoshlarni ijtimoiy himoya qilishning boshqa kafolatlari ham berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab- quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari
Yosh fuqarolar va yosh oilalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagilar vositasida yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari nazarda tutilishi mumkin:
oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar berish tizimini rivojlantirish;
yoshlarga ijtimoiy xizmat, ijtimoiy yordam koʻrsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tizimini rivojlantirish;
yoshlarning dam olishi va ularni sogʻlomlashtirishni tashkil etish tizimini rivojlantirish.
Qonun hujjatlarida yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa qoʻshimcha chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, taʼlim grantlari taqdim etish;
Keyingi tahrirga qarang.
fan, madaniyat va sanʼat sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga koʻmaklashish;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika toʻgaraklari va ijodiy toʻgaraklar faoliyatini tashkil etish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni aniqlash va ragʻbatlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, koʻrgazmalar, festivallar, koʻriklar, konsertlar, simpoziumlar, oʻqishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda oʻtkazish;
yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda oʻqitish, qayta tayyorlash va amaliyotni oʻtash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini taʼminlash;
ilmiy-tadqiqot, madaniy-maʼrifiy ishlarni oʻtkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga koʻmaklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish;
sport-taʼlim muassasalari, klublari tarmoqlarini rivojlantirish, iqtidorli va isteʼdodli yosh sportchilarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar oʻrtasida sport musobaqalarini oʻtkazish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ragʻbatlantirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonun hujjatlarida iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini qoʻllab-quvvatlaydi.
Yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
davlat organlari tomonidan yoshlar tadbirkorligini tashkil etishda koʻmaklashish;
yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida imtiyozli kreditlar berish;
yoshlarni tadbirkorlik faoliyati asoslari boʻyicha oʻqitish, taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasida hamkorlikni shartnoma asosida rivojlantirish;
yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish va roʻyobga chiqarish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq tegishli imtiyozlar va afzalliklar belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Yoshlar ijtimoiy xizmati
Yoshlarni va yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyat koʻrsatadi.
Yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyatining yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
yosh fuqarolarga psixologik-pedagogik, yuridik yordam koʻrsatish va maslahatlar berish;
imkoniyati cheklangan yosh fuqarolarga ijtimoiy yordam koʻrsatish;
yosh oilalarga ijtimoiy yordam koʻrsatish;
taʼlim va mehnat jamoalarida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;
yosh mutaxassislarga yangi ish joyiga moslashishida, ularni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularni uy-joy bilan taʼminlashga koʻmaklashish;
Keyingi tahrirga qarang.
voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida ijtimoiy yordam koʻrsatish;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan va ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yosh fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish;
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga koʻmaklashish;
huquqiy targʻibot, yoshlarni ishga joylashish, taʼlim olish va kasbiy tayyorgarlik borasida, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, turizm va sport sohasidagi imkoniyatlar toʻgʻrisida xabardor etish;
yoshlarning yashash joylarida boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish.
Yoshlar ijtimoiy xizmati oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini moliyaviy jihatdan taʼminlash
Yoshlarga oid davlat siyosatini moliyaviy jihatdan taʼminlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining, homiylarning mablagʻlari va boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29-modda. Nizolarni hal etish
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
30-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
31-modda. Ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi 429-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 80-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini kuchga kiritish tartibi haqida”gi 430-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 81-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 621-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 102-modda) I boʻlimining 3-bandi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 621-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 90-modda) III boʻlimi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi 714-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 18-modda) I boʻlimining 8-bandi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-197-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 3-moddasi.
32-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2016-yil 15-sentabrdagi 182 (6617)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 14-sentabr,
OʻRQ-406-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 37-son, 426-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 26.01.2022-y., 03/22/747/0064-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 23.06.2026-y., 03/26/1155/0616-son)