|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.09.2004
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT IShLARI VAZIRLIGI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2004-yil 30-avgustdagi 455-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda madaniyat va san’atni har tomonlama saqlash va yanada rivojlantirish vazifalarini hal etishda Madaniyat ishlari vazirligining rolini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
madaniyat sohasida davlat siyosatini o‘tkazish, asrlar davomida shakllangan yuksak ma’naviyat, an’analar va urf-odatlar, xalqimizning boy madaniy merosini milliy mustaqillik g‘oyalari asosida tiklash va yanada rivojlantirish;
milliy mustaqillik g‘oyalari, O‘zbekiston xalqining madaniy va ma’naviy-axloqiy an’analaridan kelib chiqqan holda respublika aholisi o‘rtasida madaniy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, fuqarolarning madaniy va estetik ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirish, professional, xalq va havaskorlik ijodiyotini keng targ‘ib qilish;
teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirish, ijodiy jamoalarga xalqimiz tarixining eng yorqin sahifalarini va uning hozirgi hayotini, mamlakatimizni erkin demokratik rivojlantirishni aks ettiruvchi asarlar yaratishda har tomonlama ko‘maklashish;
madaniy-ommaviy va bayram tadbirlarini chuqur g‘oyaviy mazmun bilan boyitishni ta’minlash, respublika ijodiy uyushmalari va jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanilishini, shuningdek madaniy boyliklarning chetdan keltirilishini va chetga olib chiqib ketilishini nazorat qilish;
kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida tayyorlash jarayonini takomillashtirish, kishilarni o‘zining umumta’lim va madaniy saviyasini oshirishga intilishini rag‘batlantirish, ularni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalariga erishtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;
kutubxonalar, teatrlar, klublar, madaniyat uylari va saroylari, istirohat bog‘lari, muzeylar va boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarni rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ma’naviy boy, intellektual rivojlangan va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishidagi imkoniyatlaridan eng ko‘p va samarali foydalanish;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z talanti va iste’dodini to‘liq namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi to‘g‘risidagi Nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi markaziy apparati xodimlarining cheklangan umumiy soni 38 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 30 nafar etib belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vaziriga xodimlarining cheklangan umumiy soni va uning ta’minoti xarajatlari smetasi doirasida markaziy apparat tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 9-iyun,
272-son
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tizimining tashkiliy tuzilmasi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining tuzilmasi
Viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat ishlari boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi
Madaniyat ishlari hududiy organlari xodimlarining cheklangan soni
| | | | | |
|
T/r |
Hududlar |
Xodimlarning cheklangan umumiy soni |
shu jumladan boshqaruv | |
|
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat ishlari boshqarmalari |
Tuman (shahar) madaniyat ishlari bo‘limlari | |||
|
1. |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi |
28 |
8 |
18 |
|
2. |
Andijon viloyati |
25 |
5 |
18 |
|
3. |
Buxoro viloyati |
25 |
8 |
15 |
|
4. |
Jizzax viloyati |
20 |
6 |
13 |
|
5. |
Qashqadaryo viloyati |
21 |
6 |
14 |
|
6. |
Navoiy viloyati |
17 |
5 |
11 |
|
7. |
Namangan viloyati |
19 |
5 |
13 |
|
8. |
Samarqand viloyati |
29 |
8 |
18 |
|
9. |
Sirdaryo viloyati |
18 |
5 |
12 |
|
10. |
Surxondaryo viloyati |
24 |
7 |
15 |
|
11. |
Toshkent viloyati |
28 |
6 |
20 |
|
12. |
Farg‘ona viloyati |
26 |
5 |
19 |
|
13. |
Xorazm viloyati |
22 |
8 |
12 |
|
14. |
Toshkent shahri |
25 |
11 |
11 |
|
Jami: |
327 |
93 |
209 | |
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Vazirlik tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniyat ishlari boshqarmalari, tuman (shahar) madaniyat ishlari bo‘limlari, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “O‘zbekraqs” milliy raqs birlashmasi, “O‘zbekdavlatsirki” respublika birlashmasi, “O‘zbekmuzey” respublika jamg‘armasi, Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, Respublika metodika va axborot markazi, Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi, Respublika muzeylari, “Sahnadagi sirk” ko‘chma korxonalar direksiyasi, Akademik, xalq va badiiy jamoalar direksiyasi, “Guliston”, “Teatr”, “Moziydan sado” jurnallari tahririyatlari, Badiiy ekspertiza boshqarmasi, Markazlashtirilgan buxgalteriya, Orkestrlar (simfonik orkestr, kamer orkestri, xalq cholg‘u asboblari orkestri), Ijodkor yoshlar uyi, Vazirlikka qarashli boshqa madaniyat va ta’lim muassasalari kiradi.
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari ikki tomonlama bo‘ysunadilar hamda Vazirlikka va mahalliy davlat hokimiyati tegishli organiga hisob berishadi.
4. Vazirlik o‘z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Vazirlik, uning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar faoliyatini moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Vazirlik, uning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Madaniyat ishlari vazirligining asosiy vazifalari hisoblanadi:
madaniyat sohasida davlat siyosatini o‘tkazish, asrlar davomida shakllangan yuksak ma’naviyat, an’analar va urf-odatlar, xalqimizning boy madaniy merosini milliy mustaqillik g‘oyalari asosida tiklash va yanada rivojlantirish;
milliy mustaqillik g‘oyalari, O‘zbekiston xalqining madaniy va ma’naviy-axloqiy an’analaridan kelib chiqqan holda respublika aholisi o‘rtasida madaniy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, fuqarolarning madaniy va estetik ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirish, professional, xalq va havaskorlik ijodiyotini keng targ‘ib qilish;
teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirish, ijodiy jamoalarga xalqimiz tarixining eng yorqin sahifalarini va uning hozirgi hayotini, mamlakatimizni erkin demokratik rivojlantirishni aks ettiruvchi asarlar yaratishda har tomonlama ko‘maklashish;
madaniy-ommaviy va bayram tadbirlarini chuqur g‘oyaviy mazmun bilan boyitishni ta’minlash, respublika ijodiy uyushmalari va jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanilishini, shuningdek madaniy boyliklarning chetdan keltirilishini va chetga olib chiqib ketilishini nazorat qilish;
kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida tayyorlash jarayonini takomillashtirish, kishilarni o‘zining umumta’lim va madaniy saviyasini oshirishga intilishini rag‘batlantirish, ularni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalariga erishtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;
kutubxonalar, teatrlar, klublar, madaniyat uylari va saroylari, istirohat bog‘lari, muzeylar va boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarni rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ma’naviy boy, intellektual rivojlangan va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishidagi imkoniyatlaridan eng ko‘p va samarali foydalanish;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z talanti va iste’dodini to‘liq namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
8. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning madaniyat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi;
Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya qilish monitoringini olib boradi, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi va ularni ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
madaniy hamkorlik bo‘yicha xalqaro loyihalarni ishlab chiqadi va qabul qilingan xalqaro bitimlarning bajarilishini ta’minlaydi;
teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini rivojlantirishni ta’minlaydi, ijodiy jamoalarga xalqimiz tarixining eng yorqin sahifalarini, uning hozirgi hayotini, mustaqil rivojlanish tajribasini aks ettiruvchi asarlar yaratishda har tomonlama yordam beradi;
kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida tayyorlash jarayonini, kishilarni o‘zining umumta’lim va madaniy saviyasini oshirishga intilishini rag‘batlantirish, ularni milliy, jahon madaniyati va san’atining eng yaxshi namunalariga erishtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni tashkil qiladi;
muzeylarda milliy mustaqillik g‘oyalariga hamohang bo‘lgan, o‘zbek xalqining boy madaniy merosini, uning insoniyat tarixidagi roli va ahamiyatini, uning rivojlanish bosqichlarini haqqoniy aks ettiruvchi ekspozitsiyalarning tashkil etilishini, shuningdek zamonaviy rivojlanish istiqbollarini chuqur o‘rganishni, muzeyshunoslik, muzeylar fondlaridagi eksponatlarning yagona katalogini yuritish bo‘yicha umummilliy siyosatning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
respublika aholisini O‘zbekiston xalqlari tarixi to‘g‘risida xabardor qiluvchi chet ellarda saqlanayotgan buyumlar, shuningdek mamlakatimiz muzeylarida namoyish qilinayotgan noyob eksponatlar bilan keng tanishtirish vositasida kishilarda umuminsoniy qadriyatlarni, boy milliy madaniy merosni hurmat qilish va e’tirof etish tuyg‘usini tarbiyalashga ko‘maklashadi;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha qonun hujjatlarining yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, qo‘riqlash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
madaniy meros obyektlarini joriy etish, konservatsiya va rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlat dasturlarining amalda ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi;
madaniy meros obyektlarini aniqlash, ro‘yxatdan o‘tkazish, muhofaza qilish, targ‘ib etish va ulardan foydalanishni ta’minlaydi;
madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritadi, ularni tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazishni tashkil qiladi va amalga oshiradi;
madaniy qiymatga ega bo‘lgan buyumlarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda klassifikatsiyasini aniqlaydi;
madaniy boyliklarning chetga olib chiqib ketilishi, vaqtinchalik olib chiqib ketilishi to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
chetga olib chiqib ketiladigan va chetdan olib kelinadigan, shuningdek vaqtinchalik olib chiqib ketiladigan va vaqtinchalik olib kelinadigan madaniy boyliklarni ro‘yxatdan o‘tkazadi;
chetga olib chiqib ketiladigan, vaqtinchalik olib chiqib ketiladigan, shuningdek olib chiqib ketilgandan keyin qaytarib olib kelingan madaniy boyliklarning ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
madaniy boyliklarni chetga olib chiqib ketish va vaqtinchalik olib chiqib ketish huquqiga sertifikatlar beradi;
tutib qolingan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda musodara qilingan madaniy boyliklarni tegishli davlat organlaridan qabul qilib oladi, ularni ekspertizadan o‘tkazadi va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlarning jamoalari va solistlarining gastrol-konsert faoliyatini, shu jumladan chet ellardagi gastrol-konsert faoliyatini tashkil qiladi;
respublikada va xorijiy mamlakatlarda festivallar, ko‘rik-tanlovlar, professional san’at va havaskorlik san’ati ko‘rgazmalari o‘tkazishni tashkil qiladi;
Estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi bilan birgalikda respublika madaniyat saroylarida, konsert zallarida va stadionlarida o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy hamda konsert tadbirlarining mavzularini, repertuar rejalari va dasturlarini takomillashtirishga doir ishlarning muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi;
mamlakatimiz ta’lim muassasalarida dars berish uchun respublika va xorijiy mamlakatlarning taniqli ijrochilarini va san’at arboblarini, yetakchi mutaxassis pedagoglarini taklif qiladi;
chet ellarda o‘qiyotgan va samarali ijodiy faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston ijodkor yoshlarining respublikada o‘tkaziladigan ko‘riklarda, tanlovlarda va festivallarda qatnashishini ta’minlaydi;
iqtidorli yoshlarning ijodiy safarlarini tashkil qiladi hamda ularning xalqaro miqyosda va respublika miqyosida san’at sohasida o‘tkaziladigan ko‘riklarda, tanlovlarda, festivallarda, boshqa anjumanlarda ishtirok etishini ta’minlaydi;
kulturologiyani, teatrshunoslikni, san’atshunoslikni, musiqashunoslikni va mazkur sohadagi boshqa ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, oliy o‘quv yurtlarida va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash chora-tadbirlarini ko‘radi.
9. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek o‘zining hududiy boshqarmalari va bo‘limlari hamda o‘ziga qarashli boshqa tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
III. Vazirlikning huquq va majburiyatlari
10. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
madaniyatning barcha sohalariga taalluqli tegishli axborotlarni vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan olish;
Vazirlik tizimiga kiruvchi teatr-tomosha tashkilotlari, madaniy-ma’rifiy va ta’lim muassasalarini jihozlash uchun zarur bo‘lgan yoritish va ovoz kuchaytirish asbob-uskunalarini, musiqa asboblarini, boshqa zarur jihozlarni sotib olish;
muzey fondlarini va asarlar ko‘rgazmalarini to‘ldirish uchun tarixiy-badiiy qimmatga ega bo‘lgan materiallarni, tasviriy va dekorativ-amaliy san’ati, kino asarlarini, noyob qadimiy raritetlarni, shuningdek sahna va musiqa asarlarini, qo‘shiqlarni aniqlash va sotib olish, muzeylar fondlaridagi eksponatlarning yagona katalogini nashr etish;
respublikada o‘tkaziladigan xalqaro tanlovlar, ko‘riklar, festivallar va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun xorijiy jamoalarni va alohida ijrochilarni taklif etish;
madaniyat muassasalari badiiy havaskorlik jamoalariga “Xalq havaskorlik jamoasi” faxriy unvonini berish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar toifalarini o‘zgartirish;
madaniyat sohasidagi iqtidorli yoshlar vakillarini aniqlash, ularni chet ellarga o‘qishga yuborish;
Vazirlik tizimiga kiruvchi o‘quv yurtlarida, ta’lim muassasalarida dars berish, shuningdek master-klasslar o‘tkazish uchun yuqori malakali professorlar va o‘qituvchilarni, respublikamizning va chet ellardagi taniqli san’at arboblarini shartnoma asosida taklif etish;
eng iqtidorli san’at arboblari, alohida fidokorlik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon qilgan madaniyat sohasi xodimlari nomzodlarini mukofotlashga taqdim etish.
Vazirlik O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Vazirlik o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqlidir.
Vazirlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa normativ hujjatlar qabul qilish huquqiga ega.
12. Vazirlik madaniyat sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishi va o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi ta’minlanishi uchun javob beradi.
IV. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
13. Vazirlikka qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Vazir boshchilik qiladi.
Vazirning uch nafar o‘rinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
14. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi va Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
zarurat bo‘lganda, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparatining tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi, shtat jadvalini, shuningdek Vazirlik markaziy apparati, Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va muassasalar xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlikning tarkibiy va hududiy boshqarmalari va bo‘limlari to‘g‘risidagi nizomlarni, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar va muassasalar to‘g‘risidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazirlik markaziy apparati xodimlarini, hududiy boshqarmalar va bo‘limlar, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar va muassasalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Vazirlikda 7 kishi — Vazir (rais), uning o‘rinbosarlari (lavozimiga ko‘ra), shuningdek Vazirlikning boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi. Hay’atning shaxsiy tarkibi Vazir taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlik hay’ati Vazirlik faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rib chiqadi, Vazirlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, Vazirlik tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar va muassasalar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi, Vazirlikning muhim buyruqlari va boshqa hujjatlari loyihalarini ko‘rib chiqadi.
Hay’at qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat ishlari boshqarmalari o‘z faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Tuman (shahar) madaniyat ishlari bo‘limlari o‘z faoliyatini tuman (shahar) hokimliklari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat ishlari boshqarmalari tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat ishlari boshqarmalari rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan Vazir tomonidan tayinlanadi.
Tuman (shahar) madaniyat ishlari bo‘limlari mudirlari tegishli tuman (shahar) hokimlari taqdimnomasiga binoan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat ishlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat ishlari boshqarmalari boshliqlari tomonidan tayinlanadi.
17. Madaniyat ishlari vazirligini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlari ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 1992-yil 27-apreldagi 207-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1992-yil 30-iyundagi 305-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 29-iyuldagi 269-son qaroriga 5-ilovaning II bo‘limi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 7-son, 45-modda).
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 22-23-son, 267-modda)