Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Iqtisodiy faoliyat turlarini tasniflashning xalqaro tizimiga oʻtish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat boshqaruvi organlarining idoralararo oʻzaro hamkorligiga jahonda umumiy eʼtirof etilgan iqtisodiy faoliyat turlarini tasniflashni joriy etish, kichik tadbirkorlik subyektlarini tasniflashda undan foydalanish, shuningdek statistika, soliq va moliyaviy hisobot tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Yevropa Ittifoqining iqtisodiy faoliyat turlarini statistik tasniflashi (KDES/NACE) negizida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga (keyingi oʻrinlarda IFUT deb ataladi) oʻtganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasining davlat boshqaruvi organlarining idoralararo oʻzaro hamkorligida, statistika, soliq va moliyaviy hisobot shakllarida IFUTdan majburiy tartibda foydalanish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi axborotlarni saqlovchi va ular bilan ishlovchi davlat organlarining axborot tizimlari va resurslarida IFUTdan foydalanish uchun uni “Elektron hukumat” tizimining maʼlumotnomalari va klassifikatorlari registriga kiritsin.
4. Kichik tadbirkorlik subyektlariga tegishli boʻlgan tashkilotlarning IFUT asosida takomillashtirilgan tasniflagichi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. Davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
tashkilotlar turlarini aniqlashda Kichik tadbirkorlik subyektlariga tegishli boʻlgan tashkilotlar tasniflagichiga qatʼiy rioya etsinlar;
axborot tizimlari va resurslarida, shuningdek oʻzaro idoralararo elektron hamkorlikda IFUTdan foydalanilishini taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Mehnat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Tadbirkorlik subyektlari xodimlarining oʻrtacha yillik sonini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
10. Ushbu qaror 2017-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-avgust,
275-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-avgustdagi 275-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qaroriga asosan 2017-yilning 1-aprelidan oʻz kuchini yoʻqotadi — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 89-modda)
2. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-noyabrdagi 511-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 11-son, 103-modda) bilan tasdiqlangan Elektr energiyasi isteʼmolchilari va energiya bilan taʼminlovchi tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3a-ilovadagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 1-noyabrdagi 226-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 11-son, 81-modda) bilan tasdiqlangan Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllari qurish, ularni rekonstruksiya qilish, mukammal va oʻrtacha taʼmirlash boʻyicha bajarilgan ishlar sifatini nazorat qilish va ularni qabul qilib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovadagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-iyuldagi 146-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 7-son, 33-modda) bilan tasdiqlangan Kasanachilikni rivojlantirishning hududiy va tarmoq dasturlarini shakllantirish, ularning bajarilishi monitoringini olib borish hamda kasanachilik ish oʻrinlarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ilovadagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 24-iyundagi 177-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 6-son, 51-modda) bilan tasdiqlangan Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalariga 2 va 3-ilovalardagi 3-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“‎‎IFUT (Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichi)ga muvofiq ish beruvchi amalga oshiradigan faoliyat turi (turlari)_____________________________________________________________________________________

‎‎(iqtisodiy faoliyatning kodi va nomi)”

6. Vazirlar Mahkamasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni taqdim etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2009-yil 12-oktabrdagi 272-son qaroriga 2-ilovadagi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 9-10-son, 66-modda) “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini shakllantirish mexanizmini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2010-yil 21-iyuldagi 154-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 7-son, 38-modda):
a) Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ilovadagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin;
b) Olib kirilayotgan texnologik asbob-uskunalarni va ularga ehtiyot qismlarni, shuningdek komponentlar, xomashyo va materiallarni mahalliylashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishda texnologik jarayonda foydalaniladigan toifaga tegishli deb hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovadagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-maydagi 136-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 5-son, 35-modda) bilan tasdiqlangan Xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ilovadagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 472-sonli qaroriga asosan 2020-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2020-y., 09/20/472/1155-son)
11. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyundagi 169-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 6-son, 65-modda) bilan tasdiqlangan Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish qoidalariga 2-ilovaning XI boʻlimidagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
12. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 9-son, 100-modda) bilan tasdiqlangan Ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1, 2, 4, 5, 6, 7 va 8-ilovalardagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-dekabrdagi 341-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 12-son, 122-modda) bilan tasdiqlangan Voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan dori vositalarini reklama qilishga ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovadagi “XXTUT” qisqartmasi “IFUT” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1013-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2018-y., 09/18/1013/2322-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 458-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2024-y., 09/24/458/0573-son)
16. Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy va yuridik shaxslar markaziy maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 17-dekabrdagi 365-son qaroriga 1-ilova 10-bandi 2-kichik bandining oltinchi xatboshidagi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 12-son, 108-modda) “XXTUT” qisqartmasi chiqarib tashlansin.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-avgustdagi 275-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlariga tegishli boʻlgan korxonalar va tashkilotlar klassifikatsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2003-yil 11-oktabrdagi 439-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 19-son, 182-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2012-yil 28-fevraldagi 56-son qaroriga 1-ilovaning 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 2-son, 14-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida” 2012-yil 26-apreldagi OʻRQ-327-son Qonuni)” 2012-yil 19-iyuldagi 225-son qaroriga ilovaning 3-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 7-son, 57-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlariga tegishli boʻlgan korxonalar va tashkilotlar klassifikatsiyasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida” 2013-yil 14-iyundagi 172-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlariga tegishli boʻlgan korxonalar va tashkilotlar klassifikatsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmoni)” 2014-yil 3-iyuldagi 178-son qarori.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 34-son, 405-modda; 2017-y., 7-son, 89-modda, 14-son, 227-modda, 18-son, 322-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2018-y., 09/18/121/0711-son, 17.12.2018-y., 09/18/1013/2322-son; 11.08.2020-y., 09/20/472/1155-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son; 05.08.2024-y., 09/24/458/0573-son)