1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.01.00 Oldi-sotdi / 03.11.01.04 Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishga oid davlat kontrakti;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.01.00 Oldi-sotdi / 03.11.01.05 Kontraktatsiya (shuningdek, 09.14.17.01ga qarang);
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xo‘jaligi / 09.14.07.00 Dehqon xo‘jaliklari (shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar)]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xo‘jaligi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 12-apreldagi PQ-2520-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasini shakllantirish va bajarishning samarali mexanizmini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zsharobsanoat” AJ, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi ichki va tashqi bozorlar konyunkturasining chuqur marketing tadqiqotlari natijalarini hisobga olgan holda har yili 1-avgustgacha bo‘lgan muddatda kelgusi yil uchun davlat buyurtmasiga binoan asosiy turlari bo‘yicha yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilishga ehtiyojning prognoz hajmlari ishlab chiqilishini ta’minlasinlar.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-iyuldagi 539-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.07.2018-y., 09/18/539/1519-son)
3. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zagroeksport” AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan kelishgan holda o‘n kun muddatda — davlat buyurtmasi doirasida yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilishga doir namunaviy kontraktatsiya shartnomalari, ularda xarid qilinadigan mahsulotlar hajmlarini va turlarini, yetkazib berish jadvallarini, narxlarni shakllantirishning bozor shartlarini, hisob-kitoblar tizimini, tomonlarning javobgarligi choralarini va nizolarni hal qilish tartibini nazarda tutgan holda, ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;
har yili Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi tugagan kundan boshlab bir hafta muddatda — yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish hamda ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi balansini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan barcha materiallarning O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi har yili Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi tugagan kundan boshlab 20 kundan kechikmay kelgusi yil uchun yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish hamda ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi balansini ishlab chiqsinlar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlarini viloyatlar, tumanlar va fermer xo‘jaliklari bo‘yicha joylashtirishda meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish hamda ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi balansi parametrlarini hisobga olsinlar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
6. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zsharobsanoat” AJ, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari zimmasiga meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha davlat buyurtmasi bajarilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-iyuldagi 539-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.07.2018-y., 09/18/539/1519-son)
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-iyun,
206-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 15-iyundagi 206-son qaroriga ILOVA
Yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 12-apreldagi PQ-2520-son qaroriga muvofiq yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka va poliz mahsulotlari va uzum (keyingi o‘rinlarda meva-sabzavot mahsulotlari deb ataladi) xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasini shakllantirish hamda bajarish tartibi va mexanizmini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish hamda ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi (keyingi o‘rinlarda davlat buyurtmasi deb ataladi) — keyinchalik sanoat yo‘li bilan qayta ishlash, qish-bahor davriga g‘amlash, shuningdek eksport qilish uchun fermer va dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmlarini joylashtirish va ulardan foydalanish;
yetkazib beruvchilar — fermer va dehqon xo‘jaliklari;
buyurtmachilar — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsharobsanoat” AJning qayta ishlash korxonalari, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasining tayyorlash va saqlash uchun g‘amlash bo‘yicha korxonalari, “O‘zagroeksport” AJning ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyalarining tashkilotlari — eksport qiluvchilar.
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
II. Davlat buyurtmasining mazmuni, tarkibi, uni shakllantirish va tasdiqlash tartibi
3. Davlat buyurtmasi keyinchalik foydalanish maqsadlariga qarab:
a) quvvati davlat statistika hisoboti ma’lumotlari asosida hisobga olinadigan ishlab chiqarishning texnologik sikli xususiyatlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsharobsanoat” AJning qayta ishlash korxonalari quvvatlaridan to‘liq foydalanishni nazarda tutgan holda keyinchalik sanoat yo‘li bilan qayta ishlash, shu jumladan quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish uchun;
(3-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
b) mintaqalardagi aholi sonini va saqlash uchun mavjud sig‘imlarni hisobga olgan holda meva-sabzavot mahsulotlarini qish-bahor davriga g‘amlash uchun;
v) ichki va tashqi bozorlar konyunkturasini, respublika bo‘yicha eksport qilishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda eksport qilish uchun ehtiyoj hajmlarini o‘z ichiga oladi.
4. Davlat buyurtmasi kalendar yilga shakllantiriladi va yetkazib beruvchilar tomonidan yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlari hajmlarining bir qismini tashkil etadi hamda mahsulotlarni yetishtirish va davlat buyurtmasidan ortiqcha ichki va tashqi bozorlarda sotishda ularni cheklamaydi.
5. Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasini o‘z vaqtida shakllantirish va bajarish uchun:
keyinchalik sanoat yo‘li bilan qayta ishlash yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsharobsanoat” AJ;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
qish-bahor davriga g‘amlash yuzasidan — “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi;
eksportga yetkazib berish yuzasidan — “O‘zagroeksport” AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi mas’ul hisoblanadilar.
6. Buyurtmachilar davlat buyurtmasi bo‘yicha mahsulotlarga ehtiyojning hisoblab chiqilgan hajmlari yuzasidan ishonchli va to‘laqonli axborot taqdim etilishi uchun javob beradilar. Davlat buyurtmasi hajmlari hisob-kitoblarini tayyorlashda buyurtmachilar davlat statistika organlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining foydalanish mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlaridan, tashqi bozorlarning holati to‘g‘risidagi tahliliy axborotdan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan olingan axborotdan, shuningdek ichki va tashqi bozorlar konyunkturasining chuqur marketing tadqiqotlaridan foydalanadilar.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-iyundagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)
7. Yangi meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi balansini ishlab chiqish va bajarilishi monitoringini olib borish ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
8. Tasdiqlanadigan balansga kiritish uchun davlat buyurtmasi ko‘rsatkichlari har yili o‘tkaziladigan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining natijalariga ko‘ra aniqlanadi va keyinchalik viloyatlar, tumanlar va fermer xo‘jaliklari bo‘yicha davlat buyurtmasi yuzasidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat buyurtmasini bajarish uchun mintaqada va (yoki) tumanda yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlari hajmi yetarli bo‘lmagan taqdirda boshqa mintaqalardan va (yoki) tumanlardan ortiqcha yetishtirilgan hajmni jalb etishga yo‘l qo‘yiladi.
III. Kontraktatsiya shartnomalari tuzish va mahsulot hajmlarini moliyalashtirish
9. Davlat buyurtmasi doirasida meva-sabzavot mahsulotlari xarid qilish, shu jumladan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasiga tayyorgarlik ko‘rish davrida, shuningdek yarmarkalar oralig‘idagi davrda yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Kontraktatsiya shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-sentabrdagi 383-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari bilan tayyorlov, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, bajarish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Davlat buyurtmasi doirasida mahsulotlarni xarid qilishga kontraktatsiya shartnomalarini tuzish namunaviy shakl bo‘yicha amalga oshiriladi hamda xarid qilinadigan mahsulotlarning hajmlari va turlarini, yetkazib berish jadvallarini, narx belgilashning bozor shart-sharoitlarini, hisob-kitoblar tizimini, taraflarning javobgarligi choralarini va nizolarni hal etish tartibini majburiy tartibda nazarda tutadi.
O‘zaro kelishuvga ko‘ra, kontraktatsiya shartnomasining o‘ziga xosligini hisobga olib taraflar unga namunaviy kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilmagan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.
11. Davlat buyurtmasi doirasida meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish bozor sharoitlarida kafolatlangan kontraktatsiyaga ega bo‘lishi va kontraktatsiya shartnomasi qiymatining kamida 40 foizi miqdorida avans to‘lovi bilan ta’minlanishi kerak.
Oldindan haq to‘lash va yetkazib beruvchilar bilan buyurtmachilar o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar kontraktatsiya shartnomasida va qonunchilikda belgilangan tartibda, shaklda va muddatlarda amalga oshiriladi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
12. Buyurtmachilar tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bo‘yicha davlat buyurtmasiga:
o‘z aylanma mablag‘lari;
tijorat banklarining kreditlari;
(12-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son — 2020-yil 18-apreldan kuchga kiradi)
qonunchilikka muvofiq meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga fyuchers kontraktlaridan oldindan haq to‘lash hisobiga avans to‘laydilar.
(12-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
13. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zagroeksport” AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi har yili Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi tamom bo‘lgan kundan boshlab bir hafta muddatda yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish hamda ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi balansini ishlab chiqishni ta’minlash uchun barcha zarur materiallarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga taqdim etadilar, davlat buyurtmasi balansi keyinchalik belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
IV. Davlat buyurtmasi bajarilishini tashkil etish va uning monitoringini olib borish
14. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
meva-sabzavot mahsulotlarini qabul qilish, dastlabki qayta ishlash, saqlash va tashish bo‘yicha zarur logistika infratuzilmasini tashkil etadilar;
meva-sabzavot mahsulotlarini o‘rab-joylash uchun plastik, karton o‘rash-joylash materiallari ishlab chiqarilishini tashkil etadilar;
meva-sabzavot mahsulotlarini qabul qiladilar, transportda tashiydilar, navlarga ajratadilar, kalibrlaydilar, o‘rab-joylaydilar, saqlaydilar, qayta ishlaydilar va ichki va tashqi bozorlarga yetkazib beradilar. Meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib beruvchilar tomonidan tashilganda transportda tashish xarajatlari buyurtmachilar tomonidan qoplanadi.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalari va bo‘limlari:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsharobsanoat” AJ, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi bilan birgalikda kontraktatsiya shartnomalari bajarilishi monitoringini olib boradilar;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
har oyda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga monitoring natijalari bo‘yicha axborot kiritadilar.
(15-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi to‘g‘risidagi nizomga ILOVA
Yangi meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi balansini ishlab chiqish va bajarilishi monitoringini olib borish
qayta ishlash korxonalari, tayyorlovchilar, eksport qiluvchi korxonalar
Kish-bahor davriga g‘amlash uchun qayta ishlash korxonalari, tayyorlovchilar, shuningdek eksport qiluvchi korxonalar ehtiyojlarini o‘rganish. Ehtiyojlarni viloyat hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalariga taqdim etish.
Har yili 1-iyulgacha
II bosqich
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi,
“O‘zagroeksport” AJ,
Davlat statistika qo‘mitasi,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
viloyat hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalari
Quyidagilardan:
qayta ishlash korxonalarining ishlab turgan quvvatlaridan:
hududlar aholisi sonini hisobga olgan holda ichki iste’mol bozorida narxlar barqarorligini saqlab turish uchun zarur bo‘lgan g‘amlash hajmlar”dan;
tashki sotish bozorlari talab va takliflaridan, shuningdek tuzilgan eksport kontraktlaridan kelib chiqqan xolda, taqdim etilgan materiallar asosida meva-sabzavot mahsulotlariga ehtiyojni birgalikda ishlab chiqish. kelishish va shakllantirish.
Har yili 20-iyulgacha
III bosqich
Viloyat hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalari,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
“O‘zsharobsanoat” AJ,
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi,
“O‘zagroeksport” AJ
Meva-sabzavot mahsulotlariga davlat buyurtmasining dastlabki hajmlarini turlari, miqdori va yetkazib berish muddatlari bo‘yicha Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etish.
Har yili 1-avgustgacha
IV bosqich
Iqtisodiyot vazirligi,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Takliflarni umumlashtirish xamda meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi dastlabki balansi ko‘rsatkichlarini buyurtmachilarga yuborish.
Har yili 15-avgustgacha
V bosqich
Iqtisodiyot vazirligi
Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi dastlabki balansini buyurtmachilarga, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga. viloyatlar hokimliklariga Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish uchun yuborish.
Har yili 15-avgustgacha
VI bosqich
Iqtisodiyot vazirligi,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Davlat buyurtmasi balansi hajmlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan meva-sabzavot tegishli turlarini yetishtirish imkoniyatlari yuzasidan kelishish.
Har yili 20-avgustgacha
VII bosqich
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari
Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi dastlabki balansi hajmlarini tuman hokimliklariga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga, agrofirmalarga va meva-sabzavot mahsulotlarining boshqa yetishtiruvchilariga yetkazish.
Har yili 20-avgustgacha
VIII bosqich
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
“O‘zsharobsanoat” AJ,
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi,
“O‘zagroeksport” AJ,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari
Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini o‘tkazish, Meva-sabzavot mahsulotlarini yo‘nalishlar bo‘yicha, shu jumladan qayta ishlash, g‘amlash va eksport qilish uchun xarid qilish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzish.
Har yili yarmarka o‘tkazish davrida
IX bosqich
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
“O‘zagroeksport” AJ,
“O‘zsharobsanoat” AJ,
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi
Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlari bo‘yicha materiallarni umumlashtirish xamda meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasini ishlab chiqish uchun Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etish.
Har yili yarmarka tugagan kundan boshlab bir hafta muddatda
X bosqich
Iqtisodiyot vazirligi,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Kelgusi kalendar yil uchun meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
Xar yili yarmarka tugagan kundan boshlab 20 kundan kechikmay
XI bosqich
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
“Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari
Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan xolda qishloq xo‘jaligi ekinlarini viloyatlar, tumanlar va fermer xo‘jaliklari bo‘yicha joylashtirish.
Har yili balans tasdiqlangandan keyin
XII bosqich
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
“O‘zsharobsanoat” AJ qayta ishlash korxonalari,
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tayyorlov korxonalari.
“O‘zagroeksport” AJ hududiy filiallari
Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasini bajarish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari va eksport kontraktlarining bajarilishi to‘g‘risida tuman hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma bo‘limlariga axborot taqdim etish.
Har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 3-sanasigacha
XIII bosqich
Tuman hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma bo‘limlari
Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi parametrlarining bajarilishi to‘g‘risidagi materiallarni umumlashtirish va viloyat hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalariga taqdim etish.
Har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasigacha
XIV bosqich
Viloyat hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalari
Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi parametrlarining bajarilishi to‘g‘risidagi materiallarni umumlashtirish va Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etish.
Har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 6-sanasigacha
XV bosqich
Iqtisodiyot vazirligi
Meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish yuzasidan davlat buyurtmasi parametrlarining bajarilishi to‘g‘risidagi materiallarni umumlashtirish va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish.
Har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 7-sanasigacha
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 24-son, 291-modda; 2017-y., 29-son, 693-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son, 16.07.2018-y., 09/18/539/1519-son; 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)