|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2016 — 2020-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Xizmatlar sohasi korxonalari faoliyatini balansli rivojlantirish va diversifikatsiyalashni taʼminlash, ular koʻrsatadigan xizmatlarning raqobatbardoshliligi va sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar 2016 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida xizmatlar sohasini rivojlantirishdagi ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar hisoblansin:
xizmatlar sohasini rivojlantirish hisobiga yalpi ichki mahsulotni koʻpaytirish, uning respublika iqtisodiyotidagi ulushini 48,7 foizgacha yetkazish;
2020-yilga borib qishloq joylarda xizmatlarni 1,8 baravarga oʻstirish;
muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish, tarmoqlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga xizmatlar sohasini, tarkibiy oʻzgartirishlarni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
raqobat muhitini shakllantirish, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirishga koʻmaklashish;
turli innovatsiya xizmatlarini, yangi aloqa vositalarini kengaytirish;
aholining telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish texnik imkoniyatlarini taʼminlash, ular asosida sifatli xizmatlar koʻrsatish, telefon aloqasi va televideniyening raqamli tizimlariga toʻliq oʻtish, 2020-yilga borib aloqa va axborotlashtirishning respublika iqtisodiyotidagi ulushini 2,5 foizgacha yetkazish;
eng yangi elektron, toʻlov texnologiyalarini joriy etgan holda moliya xizmatlarini rivojlantirish;
sogʻliqni saqlash sohasida yuqori texnologiyali xizmatlarni yanada rivojlantirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan 2016 — 2020-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) maʼqullansin, Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
2016 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida xizmatlar sohasini rivojlantirishning maqsadli parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
2016 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq joylarida xizmatlar sohasini rivojlantirishning maqsadli parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
2016 — 2020-yillar davrida xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari kompleksi 3-ilovaga* muvofiq;
2016 — 2020-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirishga tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlarning prognoz hajmlari 4-ilovaga* muvofiq.
* 1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2016 — 2020-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirishning shaharlar, tumanlar boʻyicha hududiy dasturlarini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasinlar.
Xizmatlar sohasini rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqishda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:
xizmatlar sohasi tuzilmasini yanada takomillashtirish, xizmatlarning zamonaviy turlarini jadal rivojlantirish va bozorni ular bilan toʻldirish;
servis infratuzilmasini rivojlantirish;
qishloq aholi punktlarida xizmatlar sohasi tashkilotlarini birinchi navbatda rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlik subyektlarini hamda sohaga oid kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarni xizmatlar sohasiga keng jalb etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Dasturning maqsadli parametrlari bajarilishi toʻgʻrisidagi statistik axborotni, shu jumladan qishloq joylar boʻyicha koʻrsatkichlarni har chorakda taqdim etsin.
5. Tarmoq klassifikatsiyasining belgilangan xalqaro standartlariga oʻtilishi, yalpi ichki mahsulot tarkibini hisoblashning jahonda umumiy qabul qilingan metodikasining joriy etilishi, 2012 — 2016-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadli parametrlaridagi oʻzgarishlar munosabati bilan Dasturga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012 — 2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida” 2012-yil 10-maydagi PQ-1754-son qarorining 4, 5-bandlarida nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilishi qoʻllansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-fevral,
55-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 9-son, 89-modda, 27-son, 326-modda; 2017-y., 15-son, 257-modda, 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)