Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qonun loyihasi koʻrib chiqilayotganda qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillarining ishtirok etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Qonun loyihasi tayyorlanayotganda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari qoidalarining qiyosiy tahlilini oʻtkazish uslubiyotini tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qonun loyihasi koʻrib chiqilayotganda qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillarining ishtirok etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1-ilova);
Qonun loyihasi tayyorlanayotganda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari qoidalarining qiyosiy tahlilini oʻtkazish uslubiyoti (2-ilova).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida koʻrsatilgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlariga, senatorlarga, qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlmagan davlat organlariga, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti muhokamasiga qonun loyihalarini yoki yangi qonun hujjatini qabul qilish, qonun hujjatiga oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritish, shuningdek amaldagi qonun hujjati yoki uning bir qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish zarurligi toʻgʻrisida takliflar kiritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolarga Qonun loyihalari tayyorlanayotganda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari qoidalarining qiyosiy tahlilini oʻtkazish uslubiyotini qoʻllash tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qoʻshma qaror tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatining tasdigʻiga kiritilsin.
4. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-sentabr,
220-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-sentabr,
KQ-41-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining 2015-yil 15-sentabrdagi № 220-III/KQ-41-III-sonli Qoʻshma qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qonun loyihasi koʻrib chiqilayotganda qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillarining ishtirok etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qonunlarga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) qonun loyihasi koʻrib chiqilayotganda qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillarining (bundan buyon matnda vakillar deb yuritiladi) ishtirok etish tartibini belgilaydi.
2. Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining qonunchilik tashabbusi tartibida oʻzi kiritgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish masalalari yuzasidan Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro hamkorligi uning vakillari Qonunchilik palatasi, uning Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalari majlislarida, shuningdek Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi (bundan buyon matnda deputatlar birlashmalari deb yuritiladi) majlislarida ishtirok etishi orqali taʼminlanadi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining qonunchilik tashabbusi tartibida oʻzi kiritgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish masalalari yuzasidan Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro hamkorligi taraflarning kelishuviga koʻra boshqa usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi oʻzi kiritgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini belgilaydi. Qonunchilik tashabbusi huquqining boshqa subyektlari ham (Qonunchilik palatasi deputatlaridan tashqari) qonun loyihasi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini tayinlashi mumkin.
4. Vakillar tarkibi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining tegishli qarori bilan belgilanadi.
Vakillar tarkibiga, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda masʼul xodimlari, shuningdek olimlar, mutaxassislar va ekspertlar kiritiladi. Bunda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek fuqarolar vakillar tarkibiga oʻz roziligiga koʻra kiritiladi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining yoki qonun loyihasini ishlab chiquvchining yoxud boʻlajak qonun bilan tartibga solinadigan masala oʻz faoliyati sohasiga kiradigan boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organining vakili vakillarning rahbari etib tayinlanishi mumkin.
2-bob. Qonunchilik palatasida qonun loyihalari koʻrib chiqilayotganda vakillarning ishtirok etishi
5. Vakillar:
qonun loyihasi koʻrib chiqiladigan barcha bosqichlarda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining manfaatlarini ifodalaydi;
qonun loyihalari Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining nuqtai nazarini asoslaydi, kiritilgan qonun loyihalarining qoidalarini tushuntiradi;
qoʻmitalar, komissiyalar, deputatlar birlashmalarining taklifiga binoan ularning majlislarida, shuningdek Qonunchilik palatasi va uning Kengashi majlislarida ishtirok etadi;
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari huzurida tashkil etilgan va tarkibiga oʻzlari ham kiritilgan ishchi guruhlarning yigʻilishlarida ishtirok etadi;
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlarda qonun loyihalarini maromiga yetkazish jarayonida taklif va mulohazalar bildiradi;
Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining yoki deputatlarning soʻrovlariga koʻra zarur xulosalarni, statistika maʼlumotlarini va boshqa maʼlumotlarni tayyorlaydi hamda taqdim etadi;
qonun loyihasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalardan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektini xabardor qiladi;
ikkinchi va uchinchi oʻqishga tayyorlash chogʻida maromiga yetkazilgan qonun loyihalarining qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti bilan kelishib olinishini taʼminlaydi.
Qonunchilik palatasida qonun loyihalari koʻrib chiqilayotganda vakillar qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining rasmiy nuqtai nazaridan farqli fikrlarni bildirishga va gʻoyalarni ilgari surishga haqli emas.
6. Vakillardan birining Qonunchilik palatasi, uning Kengashi, qoʻmitasi, komissiyasi, deputatlar birlashmasi majlisida ishtirok etish imkoni boʻlmagan taqdirda vakillar rahbari (u yoʻqligida — vakillardan biri) bu haqda qoʻmita, komissiya raisini yoki deputatlar birlashmasi rahbarini, shuningdek qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining rahbarini hozir boʻlmaganlik sababini koʻrsatgan holda oldindan xabardor qiladi.
7. Qonun loyihasiga doir xulosalar, tuzatishlar va rasmiy fikr-mulohazalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining nuqtai nazarini himoya qilish uchun qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining tegishli qarori bilan alohida vakil yuborilishi mumkin.
8. Qonun loyihasiga kiritilgan barcha konseptual oʻzgartish va qoʻshimchalar vakillar rahbari tomonidan qisqacha asoslangan qiyosiy jadval tarzida qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga koʻpi bilan besh kun muddatda yuboriladi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining tegishli qaroriga koʻra konseptual oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha qiyosiy jadval qonun loyihasini ishlab chiquvchiga, shuningdek qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha hamkor ijro etuvchilarga ushbu oʻzgartish va qoʻshimchalar yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining yagona nuqtai nazarini belgilab olish uchun yuboriladi.
Maromiga yetkazilgan qonun loyihasiga doir xulosalar, tuzatishlar va rasmiy fikr-mulohazalar loyihalarini tayyorlash qonun loyihasini ishlab chiquvchi va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan, qoida tariqasida, topshiriq kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda amalga oshiriladi. Bunda yanada tigʻiz muddatlar belgilangan taqdirda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining tegishli tarkibiy boʻlinmasi maromiga yetkazilgan qonun loyihasi yuzasidan xulosalar, tuzatishlar va rasmiy fikr-mulohazalar loyihalari koʻrsatilgan muddatlarda tezkorlik bilan tayyorlanishni tashkil etadi.
Qonun loyihasiga doir xulosalar, tuzatishlar va rasmiy fikr-mulohazalar loyihalari qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga faqat qonun loyihasini ishlab chiquvchi tomonidan kiritiladi.
Qonun loyihasiga doir xulosalar, tuzatishlar va rasmiy fikr-mulohazalar loyihalari boʻyicha kelib chiqqan kelishmovchiliklar qarama-qarshi fikrlarga ega boʻlgan organlar va tashkilotlarning rahbarlari ishtirokida qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan koʻrib chiqiladi.
9. Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining qonun loyihasiga doir xulosalari, tuzatishlari va rasmiy fikr-mulohazalari qonun loyihasini kiritgan organning rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi hamda Qonunchilik palatasiga yuboriladi.
10. Tegishli vakilni almashtirish zarur boʻlganda Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining tegishli qarori yuboriladi.
3-bob. Qonunchilik palatasida qonun loyihalarining oʻtishi yuzasidan monitoring
11. Qonunchilik palatasida qonun loyihalarining oʻtishi yuzasidan monitoring, shuningdek taqdim etilgan axborotlarning hisobini yuritish qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining tegishli boʻlinmasi va yuridik xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
12. Vakillarning rahbari qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan kiritilgan qonun loyihasining oʻtishi haqida qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining rahbarini yoki uning oʻrinbosarlarini muntazam ravishda xabardor qilib boradi.
13. Vakillarning rahbari Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan yoki rad etilgan barcha qonun loyihalari yuzasidan ushbu hujjatlar qabul qilingan yoki rad etilgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga:
qonun loyihasi birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻqishlarda qabul qilingan sana toʻgʻrisidagi;
qonun loyihasi qaytarilgan sana va oʻqish bosqichi, shuningdek qonun loyihasini qaytarish (u qaytarilgan taqdirda) uchun asos boʻlgan sabablar toʻgʻrisidagi;
qonun loyihasiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, shu jumladan ular bilan bogʻliq qoʻshimcha moliyaviy xarajatlar, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlar toʻgʻrisidagi;
qaytarilgan qonunda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga ziddiyatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotni yuboradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Vakillar qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinganidan keyin qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan zarur oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi.
15. Vakillar qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish masalalari yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining Qonunchilik palatasi bilan samarali oʻzaro hamkorligini taʼminlash uchun ushbu Nizomga muvofiq masʼul boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining 2015-yil 15-sentabrdagi № 220-III/KQ-41-III-sonli Qoʻshma qaroriga
2-ILOVA
Qonun loyihasi tayyorlanayotganda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari qoidalarining qiyosiy tahlilini oʻtkazish
USLUBIYOTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Uslubiyot “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining (bundan buyon matnda ishlab chiquvchi deb yuritiladi) topshirigʻiga binoan yoki oʻzlarining tashabbuslari bilan davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar, ekspertlar va mutaxassislar, shuningdek qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining tashabbusi boʻyicha tashkil etilgan ishchi guruhlar (komissiyalar) tomonidan qonun loyihasi ishlab chiqilayotganda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari qoidalarining qiyosiy tahlilini (bundan buyon matnda qiyosiy tahlil deb yuritiladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek tayyorlanayotgan qonun loyihasida aks etgan munosabatlarni tartibga soluvchi xorijiy mamlakatlarning qonun hujjatlari qiyosiy tahlilning predmetidir.
3. Qiyosiy tahlilni amalga oshirish chogʻida, koʻproq, tayyorlanayotgan qonun loyihasi tartibga soladigan sohaga oid quyidagi hujjatlar oʻrganib chiqiladi:
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari (BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, Yevropa Ittifoqi, ShHT, EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlarning hujjatlari);
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
AQSh, Kanada, Yaponiya, Koreya Respublikasi, XXR, Singapur, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining, shu jumladan Buyuk Britaniya, GFR, Fransiya, shuningdek MDH ayrim mamlakatlarining qonun hujjatlari.
4. Shuningdek xalqaro hujjatlarni va xorijiy mamlakatlarning qonun hujjatlarini amalga oshirish tajribasi, qabul qilish holatlari va sabablari, olimlar, mutaxassislar, ekspertlar va jamoatchilikning mazkur qonun hujjatlari toʻgʻrisidagi fikri oʻrganilishi lozim.
2-bob. Qiyosiy tahlilga doir ishlarni tashkil etish
5. Qiyosiy tahlil ishlab chiqilayotgan qonun loyihasining har bir asosiy qoidasi boʻyicha oʻtkaziladi.
6. Qiyosiy tahlil oʻtkazilayotganda oʻrganilayotgan mamlakatlardagi tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning usullari oʻrganilib, bunda ijobiy tajriba ham, salbiy tajriba ham hisobga olinadi.
7. Qiyosiy tahlilga doir ishlar ishlab chiquvchi tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) qoʻyilgan vazifani aniq-tiniq anglab olish hamda oʻrganilayotgan masalaga oid hujjatlarni toʻplash;
b) milliy tajribani oʻrganish va umumlashtirish, milliy huquqiy tartibga solishdagi boʻshliqlar va muammolarni aniqlash;
v) xalqaro hujjat va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari matnining aniqligini tekshirish, shu jumladan kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda tekshirish;
g) ishlab chiqilgan qonun loyihasi qoidalarini xalqaro hujjatlarning va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarining normalari bilan qiyoslash;
d) xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarining prinsiplari, qoidalari va mazmunining batafsil tahlili bayon etilgan tahliliy qiyosiy jadvalini tayyorlash;
e) tayyorlangan hujjatlarni zarur boʻlgan hollarda manfaatdor tashkilotlar bilan, shuningdek olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning keng doirasini jalb etgan holda muhokama qilish.
8. Qonun loyihasi qoidalarining xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari normalari bilan qiyosiy tahlil qilinayotganda ishlab chiquvchi oʻtkazilayotgan oʻrganishning maqsadlariga mos keladigan eng dolzarb normalarni aniqlaydi va tizimlashtiradi.
9. Xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarining qiyosiy tahlili oʻrganilayotgan mamlakatlarning iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, milliy va boshqa xususiyatlari hisobga olingan holda, qonun loyihasining predmetidan kelib chiqib oʻtkaziladi.
10. Ishlab chiquvchi qiyosiy tahlil oʻtkazayotganida solishtirilayotgan normalarning oʻxshashligiga va farqlariga, shu jumladan:
huquqiy jihatdan tartibga solishning predmeti, vositalari va usullariga;
taqqoslanayotgan huquqiy tizimlar, hujjatlar va boshqalarda foydalanilayotgan yuridik tushunchalar va atamalarga eʼtibor qaratishi lozim. Bunda xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarida ifodalangan bir xil yuridik atamalar har doim ham bir xil maʼnoga ega boʻlmasligini hamda oʻxshash normalar turli vazifalarni bajarishi mumkinligini qayd etish lozim.
11. Qiyosiy tahlilni oʻtkazish jarayonida ishlab chiquvchi muayyan muammoning bir nechta mamlakat qonun hujjatlaridagi yechimi masalalarini tadqiq etishi, mamlakatlarning qonun hujjatlariga xos boʻlgan, tartibga solishning oʻzaro farqli usullarini aniqlashi mumkin.
12. Ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari normalarining aynan takrorlanishidan qochish lozim.
13. Jamiyat va davlat hayotining oʻta muhim va turgʻun masalalarini tartibga soluvchi qonun loyihasi boʻyicha qiyosiy tahlil oʻtkazilayotganda ushbu tahlilda ishtirok etishga xorijiy olimlar va amaliyotchilarni jalb qilish, shuningdek ular bilan boshqacha (axborot almashinuvi, oʻzaro xizmat safarlari yoki malaka oshirish, maslahatlashuvlar, konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari) shakllarda hamkorlik qilishni taʼminlash tavsiya etiladi.
3-bob. Yakuniy hujjatni tayyorlash
14. Qiyosiy tahlil natijalari xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarini oʻrganish boʻyicha tahliliy qiyosiy jadvalda (bundan buyon matnda qiyosiy jadval deb yuritiladi) aks ettiriladi.
15. Qiyosiy jadval tayyorlanayotganda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarining, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining tegishli qoidalari, tegishli xalqaro tajribaning Oʻzbekiston Respublikasi sharoitlarida qoʻllash maqbulligi toʻgʻrisidagi asosli takliflar tadrijiy tartibda koʻrsatib oʻtiladi.
16. Qiyosiy tahlil vaqtida oʻrganilgan materiallarning hajmi va mazmunini hisobga olgan holda, xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarini oʻrganish yakunlari boʻyicha tahliliy maʼlumotnoma ham tayyorlanishi mumkin.
17. Xalqaro shartnoma matnini va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarini milliy qonun hujjatlari yoki qonun loyihasi matni bilan yagona jadvalda qiyoslash imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, qiyosiy jadvalda oʻrganilgan normalarning asosiy mohiyati koʻrsatib oʻtiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 9-son, 359-modda)