Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.12.2021
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining
buyrug‘i
Ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 28-dekabrda 2746-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 2-dekabrdagi 21-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3340, 03.12.2021-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-avgustdagi 232-son “Ochiq ma’lumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir X. MIRZAXIDOV
Toshkent sh.,
2015-yil 27-noyabr,
141-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2015-yil 27-noyabrdagi 141-mh-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash
reglamenti
Ushbu Reglament O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-avgustdagi 232-sonli “Ochiq ma’lumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali (bundan buyon matnda Portal deb yuritiladi) — Internet tarmog‘idagi O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) ochiq ma’lumotlarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan, ochiq ma’lumotlarni e’lon qilishda va ulardan foydalanishda Portal operatori, ochiq ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi dasturiy va apparat vositalarining yig‘indisidan iborat axborot resursi;
ochiq ma’lumotlar — ko‘p marotaba, erkin va bepul foydalanish maqsadida mashinada o‘qiladigan formatda Internet tarmog‘ida joylashtirilgan davlat organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot;
mashinada o‘qiladigan format — ma’lumotlarni dasturiy qayta ishlanishini ta’minlovchi, ushbu ma’lumotlarni taqdim etishning elektron formati;
ochiq ma’lumotlar to‘plami — ochiq ma’lumotlarning bir turdagi elementlari va ularni tavsiflovchi atributlar majmui;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasporti — ochiq ma’lumotlar to‘plamini bir xil identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ushbu to‘plam to‘g‘risidagi ma’lumotlar majmui;
Portal operatori — Portaldan foydalanish bo‘yicha faoliyatni, shu jumladan Portal ma’lumotlar bazalaridagi axborotni qayta ishlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs — O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi;
ochiq ma’lumotlarni yetkazib beruvchi (bundan buyon matnda yetkazib beruvchi deb yuritiladi) — Portal operatoriga Portalda joylashtirish uchun ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini taqdim etuvchi davlat organi;
foydalanuvchilar — Portaldan foydalanib ochiq ma’lumotlardan foydalana oluvchi jismoniy va yuridik shaxslar;
ochiq ma’lumotlar to‘plamlarining reyestri — avtomatlashtirilgan rejimda ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini qidirish va ularning asosiy parametrlarini, shu jumladan ochiq ma’lumotlar to‘plamlaridan foydalanish uchun zarur bo‘lgan havolalarni olish imkonini beradigan ochiq ma’lumotlar to‘plamlarining tizimlashtirilgan ro‘yxati;
“Ochiq ma’lumotlar” bo‘limi — faqat ochiq ma’lumotlar to‘plamlari e’lon qilinishi amalga oshiriladigan davlat organlarining rasmiy veb-saytidagi bo‘limi.
2. Ochiq ma’lumotlar davlat organlari tomonidan, o‘z funksiya va vakolatlarini bajarishlari munosabati bilan yaratiladi, jamlanadi va saqlanadi.
2-bob. Portal operatorining asosiy vazifalari
3. Quyidagilar Portal operatorining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Portalning uzluksiz ishlashini, shu jumladan axborot xavfsizligi sohasidagi talablarga muvofiq ochiq ma’lumotlarning Portalda saqlanishi va himoyalanishini ta’minlash;
yetkazib beruvchilar tomonidan shakllantirilgan ochiq ma’lumotlar to‘plamlari Portalda mashinada o‘qiladigan formatda, ochiq ma’lumotlardan takror foydalanishga to‘sqinlik qiladigan cheklovlarsiz joylashtirilishini ta’minlash;
Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlar foydalanuvchilari uchun doimiy ravishda foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
ochiq ma’lumotlar to‘plamlarining pasportlarini tuzish, rasmiylashtirish va Portalda e’lon qilish;
Portalning dasturiy-texnik vositalari yordamida tushgan foydalanuvchilarning axborot xabarlarini tegishli yetkazib beruvchilarga, xabarlar foydalanuvchidan olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay qayta ishlash va ko‘rib chiqish uchun yuborish;
Portalda e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar to‘plamlari dolzarbligining doimiy monitoringini olib borish;
Portaldagi talab kuchli bo‘lgan ochiq ma’lumotlar to‘plamlari statistikasining e’lon qilinishini ta’minlash;
Portaldagi ochiq ma’lumotlar to‘plamini yangilash muddati kechiktirilgan taqdirda yetkazib beruvchini xabardor qilish.
3-bob. Ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini rasmiylashtirish formatlari va qoidalariga, shuningdek ularga kiritiladigan axborotning tarkibiga qo‘yiladigan talablar
4. Ochiq ma’lumotlar to‘plamlari lotin alifbosidan foydalanilgan holda davlat tilida taqdim etiladi. Ochiq ma’lumotlar to‘plamlari ularni joylashtirish imkoniyati va texnik vositalar mavjud bo‘lganda qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.
5. Ochiq ma’lumotlar to‘plamlari ularni rasmiylashtirish formatlari va qoidalarining quyidagi talablariga javob berishi kerak:
mashinada o‘qiladigan formatda (XLSX, CSV, XML, JSON, PDF) e’lon qilinishi kerak. CSV formatida yassi jadval shakliga ega ma’lumotlar e’lon qilinishi kerak, bunda yozuv tarkibida satrni ko‘chirish simvolidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murakkab iyerarxiyali ma’lumotlarni XML formatida e’lon qilish zarur;
katta hajmlar, tez-tez yangilanishlar yoki spetsifik tanlovlarni shakllantirish zarur bo‘lgan hollarda, e’lon qilingan spetsifikatsiyaga ega bo‘lgan dasturiy interfeys orqali taqdim etilishi kerak. Bunda ochiq ma’lumotlar to‘plamidan avtomatik foydalana olishni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lgan ochiq ma’lumotlar to‘plami sahifasida dasturiy interfeysning to‘liq tavsifi (bayonnomalar spetsifikatsiyalari, ma’lumotlar formati, servisdan foydalana olishning birlamchi parametrlari va boshqalar) keltirilishi kerak;
ochiq ma’lumotlar to‘plamlaridagi ma’lumotlar ulardan dasturiy interfeys orqali avtomatik foydalana olish imkoniyati bilan ta’minlanishi kerak;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining saqlanadigan versiyalari soni foydalanuvchilarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, saqlash uchun resurs imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi;
ochiq ma’lumotlar to‘plamlarining tuzilmasi ochiq ma’lumotlar to‘plamining har bir axborot maydoni tavsifini namoyish etishi kerak;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining tuzilmasi o‘zgartirilganda tuzilmaning versiyaliligi va bu versiyaning ochiq ma’lumotlarning keyingi to‘plamlariga mos kelishi ta’minlanishi kerak. Ochiq ma’lumotlar to‘plamlari tuzilmasining har bir saqlanadigan versiyasi havolaga ega bo‘lishi kerak;
ochiq ma’lumotlar to‘plami har bir tuzilmasining atributlari ingliz tilidagi nomlar yoki qisqa transliteratsiya matni ko‘rinishida ingliz tilida ko‘rsatilishi kerak.
6. Portalda ochiq ma’lumotlar to‘plamlarida e’lon qilinadigan ma’lumotlar “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining talablari asosida shakllantiriladi.
7. Ochiq ma’lumotlar to‘plamiga kiritiladigan axborot quyidagi talablarga javob berishi kerak:
jismoniy shaxslarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalana olishni ta’minlamasligi kerak;
davlat, bank, tijorat, soliq yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni, shuningdek maxfiy axborotni oshkor qilmasligi kerak;
noto‘g‘ri ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasligi kerak;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasligi kerak.
(7-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
4-bob. Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasportini rasmiylashtirish formatlari va qoidalariga qo‘yiladigan talablar
8. E’lon qilinadigan ochiq ma’lumotlar to‘plamlariga Portal operatori tomonidan 2010-yil versiyasidan past bo‘lmagan MS Word formatida tuziladigan va rasmiylashtiriladigan ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasporti ilova qilinishi kerak.
9. Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasporti lotin alifbosidan foydalanilgan holda davlat tilida tuzilgan bo‘lishi kerak. Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasporti qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham tuzilishi mumkin.
10. Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasporti quyidagi axborotni o‘z ichiga olishi kerak:
Portal operatori tomonidan beriladigan ochiq ma’lumotlar to‘plamining identifikatsiya raqami (kodi);
ochiq ma’lumotlar to‘plamining to‘liq nomi;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining tavsifi;
yetkazib beruvchining nomi;
ochiq ma’lumotlarning to‘plamlarini Portalda e’lon qilish masalalari bo‘yicha yetkazib beruvchining mas’ul shaxsi (bundan buyon matnda mas’ul shaxs deb yuritiladi) bilan bog‘lanish ma’lumotlari (F.I.O., telefon raqami, “UZ” domenli elektron pochta manzili);
boshqa veb-resurslardagi ochiq ma’lumotlar to‘plamiga havola;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining formati;
ochiq ma’lumotlar to‘plami tuzilmasining tavsifi. Bunda ochiq ma’lumotlar to‘plami tuzilmasining tavsifini o‘z ichiga olgan faylga havola kiritilishi lozim;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining birinchi e’lon qilingan sanasi, shu jumladan boshqa veb-resurslarda;
oxirgi kiritilgan o‘zgartirishlar sanasi;
oxirgi kiritilgan o‘zgartirish mazmuni;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining avvalgi versiyasiga havola;
ochiq ma’lumotlar to‘plamini yangilash davriyligi;
ochiq ma’lumotlar to‘plamining mazmuniga mos keluvchi kalit so‘zlari.
11. Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasporti quyidagi uni rasmiylashtirish formatlari va qoidalariga qo‘yiladigan talablarga javob berishi kerak:
shrifti — “Times New Roman”;
shrift o‘lchami — 14;
joylashishi — sahifaning chap tomoni bo‘yicha.
12. Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasportini to‘ldirish namunasi ushbu Reglamentga ilovada keltirilgan.
5-bob. Ochiq ma’lumotlarni Portalda joylashtirish va Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlar bilan ishlash maqsadida Portal operatori, yetkazib beruvchilar va foydalanuvchilarning o‘zaro hamkorligi, shuningdek ochiq ma’lumotlarni Portalda joylashtirish tartibi
13. Ochiq ma’lumotlarni Portalda joylashtirish va Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlar bilan ishlash maqsadida Portal operatori va yetkazib beruvchilarning o‘zaro hamkorligi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-avgustdagi 232-sonli “Ochiq ma’lumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini Portalda e’lon qilish uchun mas’ul shaxs data.gov.uz veb-saytida ro‘yxatdan o‘tadi.
15. Mas’ul shaxs ro‘yxatdan o‘tgandan keyin yetkazib beruvchi Portal operatoriga ochiq ma’lumotlar to‘plamini Portalda e’lon qilish uchun mas’ul shaxsning ma’lumotlarini ko‘rsatgan va zarur materiallarni ilova qilgan holda rasmiy so‘rov yuboradi.
16. Etkazib beruvchidan rasmiy so‘rovni olgandan keyin Portal operatori mas’ul shaxsga ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini e’lon qilish uchun Portalda shaxsiy kabinetga kirish imkoniyatini taqdim etadi.
17. Mas’ul shaxs ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinetga kirish imkoniyatiga ega bo‘lganidan so‘ng Portalda ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini e’lon qiladi.
18. Har bir foydalanuvchi Internet tarmog‘i orqali data.gov.uz veb-saytida Portaldagi ochiq ma’lumotlardan foydalanish huquqiga ega.
19. Foydalanuvchilar Portal operatoriga Portalning dasturiy-texnik vositalaridan foydalangan holda uning faoliyat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha va yetkazib beruvchilarga Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlar to‘plamlari yuzasidan axborot xabarlarini yuborishga haqlidir.
20. Ochiq ma’lumotlar to‘plamini Portalda joylashtirishda majburiy tartibda ochiq ma’lumotlardan foydalanish shartlari yoki ularga bo‘lgan havolani ko‘rsatish zarur. Bunda ochiq ma’lumotlardan foydalanish shartlari foydalanuvchilardan yetkazib beruvchilar bilan biror-bir shartnoma tuzilishini talab qilmasligi va foydalanuvchilarni ochiq ma’lumotlarni notijorat va (yoki) tijorat maqsadlarida qo‘llashini cheklamasligi kerak.
21. Ochiq ma’lumotlardan foydalanish bepul asosda amalga oshiriladi.
6-bob. Ochiq ma’lumotlar to‘plamini va ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasportini Internet tarmog‘ida joylashtirish qoidalari
22. Ochiq ma’lumotlar to‘plamini va ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasportini Internet tarmog‘ida joylashtirish, Portalda joylashtirishdan tashqari, davlat organining rasmiy veb-saytida amalga oshiriladi.
23. Ochiq ma’lumotlar to‘plamini va ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasportini davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtirish uchun quyidagilar zarur:
ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini mashinada o‘qiladigan formatda e’lon qilish uchun “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limini yaratish;
veb-saytning bosh sahifasida “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limiga vizual farqlanadigan havolani kiritish;
“Ochiq ma’lumotlar” bo‘limida ochiq ma’lumotlar to‘plamlarining alohida sahifalariga havolalardan iborat ochiq ma’lumotlar to‘plamlarining reyestrini ko‘rsatish.
24. Ochiq ma’lumotlar to‘plamini va ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasportini Internet tarmog‘ida joylashtirish qo‘shimcha ravishda boshqa veb-resurslarda ham ixtiyoriy shaklda amalga oshirilishi mumkin.
7-bob. Yakuniy qoida
25. Ushbu Reglament talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash reglamentiga
ILOVA
Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasportini to‘ldirish
namunasi

Ochiq ma’lumotlar to‘plamining pasporti

T/r

Xarakteristikasi

Tavsifi

1.

Ochiq ma’lumotlar to‘plamining identifikatsiya raqami (kodi)

17-16

2.

Ochiq ma’lumotlar to‘plamining nomi

Oliy ta’lim muassasalari to‘g‘risida axborot

3.

Ochiq m�’lumotlar to‘plamining tavsifi

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi asosiy axborot

4.

Ochiq ma’lumotlarni yetkazib beruvchining nomi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

5.

Mas’ul shaxs bilan bog‘lanish ma’lumotlari

F.I.O.,

Telefon: +99800-000-00-00,

Elektron pochta manzili: xxxx@xxx.uz

6.

Ochiq ma’lumotlar to‘plamiga havola

http://edu.uz/___________________

7.

Ochiq ma’lumotlar to‘plamining formati

XML, CSV

8.

Ochiq ma’lumotlar to‘plami tuzilmasining tavsifi

http://edu.uz/___________________

9.

Ochiq ma’lumotlar to‘plamining birinchi e’lon qilingan sanasi

kk.oo.yyyy

10.

Oxirgi o‘zgartirish kiritilgan sana

kk.oo.yyyy

11.

Oxirgi o‘zgartirish mazmun�

Ayrim oliy o‘quv yurtlarining nomi o‘zgartirilgan

12.

Ochiq ma’lumotlar to‘plamining avvalgi versiyasiga havola

http://data.gov.uz/___________________

13.

Ochiq ma’lumotlar to‘plamini yangilash davriyligi

Har oy

14.

Ochiq ma’lumotlar to‘plami mazmuniga mos keluvchi kalit so‘zlar

Oliy o‘quv yurti, institut, universitet, kafedra

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 52-son, 648-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)